background
logotype

Annaberdi Og‘aboyev (1938)

ASHXOBODNING SAHARI

Ona osmon oppoq ko‘ylak kiyinar,
Qushlar sayrab, boshlab berar saharni.
Tili shirin dutor bilan uyg‘onar
Ashxobodim — oshiqlarning shahari.

Sayrab, dutor, sen shahrimni uyg‘otgin,
Sayrab, dutor, saharimni uyg‘otgin.
Ashxobodim — ishq obodim — Vatanim,
Qalb torimni dil toringdek so‘ylatgin.

* * *

Ona tuproq, sening saxiy qo‘yningda
Ming roziman, manglay terim to‘kilsa.
Ataganman senga butun umrimni —
Ko‘krak kermay nechuk, yurtda baxt kulsa?!

Bolg‘alarning o‘t chaqnagan zarbini
To‘ygan qalbim senda qolsin, tuprog‘im.
Qo‘shiqlarim har so‘ziyu harfini
Sendan topib, qalbda yonsin, tuprog‘im.

Keksaysam ham, senikidir bu tanim, —
So‘nggi damim, suyak-sochim — hammasi.
Ona Zamin, bor yo‘l!
Ammo hech mahal —
Yuzginangga mening qonim tommasin!
Ona tuproq, sening saxiy qo‘yningda
Ming roziman, manglay terim to‘kilsa...

Normurod Narzullayev tarjimasi.

2004-2018 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.