background
logotype

Maxtumquli (1733–1790)

Turkman klassik adabiyotining otasi, zabardast lirik shoir va mutafakkir Maxtumquli Firog‘iy Turkmanistonning Qoraqala degan joyida shoir Davlatmamed Ozodiy oilasida tug‘ildi. Avval qishloq maktabida, keyinchalik Xiva madrasalarida tahsil oldi. Shu yillarda u turkman, o‘zbek va fors-tojik klassiklari ijodini tinmay mutolaa qildi.
Maxtumqulining ijodi klassiklarga ergashib, lirik she’rlar yozishdan boshlandi. Sharq klassik poeziyasini, ayniqsa Alisher Navoiy ijodini yaxshi o‘rgangan shoir sekin-asta o‘zi ham o‘ynoqi, ravon g‘azallar ijod qilishga kirishdi.
Maxtumquli poeziyasida didaktika kuchli. Uning she’rlarida axloq va odob to‘g‘risida bayon etilgan fikrlar, shubhasiz, o‘z zamonasi uchun progressiv ahamiyatga ega edi.
Maxtumquli g‘azallari o‘zbek xalqi orasida ko‘pdan beri keng tarqalgan. Xalq uning qo‘shiqlarini havas bilan sevib aytadi.
Maxtumqulining she’rlar to‘plami o‘zbek tilida bir necha marta nashr ettirildi.


RAYGON AYLADI

Qayg‘u-g‘amda aziz umrim so‘ldirib,
Shum falak azobim raygon ayladi;
Yozgan kitoblarim selga oldirib,
Ko‘zlarim yo‘lida giryon ayladi.

G’aflatda u dushman oldi elimni,
Tarqatdi har yonga do‘stu tengimni,
Besh yil bo‘yi yozgan kitob-she’rimni
Qizilboshlar olib, vayron ayladi.

Bir nechamiz qo‘li bog‘li qul bo‘lib,
Nechalar piyoda sarg‘ayib-so‘lib,
Kimni berib, uning bahosin olib,
Har kimga belgili baho ayladi.

Shum falak azobin menga bildirdi,
Yig‘lamoqdan gul yuzlarim so‘ldirdi,
Qo‘l yozma kitobim selga oldirdi,
Dushmanimni Jayhun daryo ayladi.

Nechalar dunyoda bo‘ldi bir kishi,
Nechaning tomog‘in to‘ydirmas oshi,
Nechaning motamdan qutulmas boshi,
Kecha-kunduz vovaylato ayladi.

Kuydirar shum falak jabru jafosi,
Inonmang, yolg‘ondir ahdu vafosi,
Maxtumquli, yo‘q bu so‘zning xatosi,
Falak alif qaddim duto ayladi.


KERAKMAS

Falak, menga mol berarsan, ul ganji-kon kerakmas,
Go‘zal yorim ko‘rmasam gar, foniy jahon kerakmas.

Boqqa kirib naylayin men qulf urgan anbarin,
Bulbulim yesir qilibsan, go‘zal rayhon kerakmas.

El-yurtim xoru zordir, kelsin davlat lashkaring,
Dinni hadar aylabsan-ku, ajab qur’on kerakmas.

Bizning elning shoh, gadosi, falak, senga yuk bo‘lar,
Har kim o‘ziga sultondir, xonu sulton kerakmas.

Bu zaminni larzon qilib, osmon, junbush aylading,
Oxiri zamon sari surding, mohitobon kerakmas.

Majlis qilar bo‘ldi bu kun elu yurtning barchasi,
Kelmagin sen, bas, bosh qo‘shib, bizga mehmon kerakmas.

Qilg‘il umrimizni ziyod, darkor emas boshqasi,
Bu ajoyib chog‘larimda ajal paymon kerakmas.

Charx ustida bino qilib, bizlarni sen joylading,
Qoyil bo‘lay bu joyingga, ammo gardon kerakmas.

Har kimga sen baxsh etibsan yaxshi-yomon bir gulni,
Ul gullardan boshqa bizga sohibijon kerakmas.

Maxtumquli, sen so‘zlagil, deydi mardlar majlisi,
Sen baxshisen bu majlisda, boshqa doston kerakmas.


BO’LMAS

Har ahmoqqa aytma dardu so‘zingni,
Hasrat o‘ti jisming yoqqancha bo‘lmas.
G’ussa bilan dona-dona ko‘zingdan
Achchiq yoshlaringni to‘kkancha bo‘lmas.

Qanoatda, izzatda tut o‘zingni,
Tama’ qilib, sarg‘aytirma yuzingni,
Har nomardga hayf aylama so‘zingni,
So‘zingning binosin yiqqancha bo‘lmas.

Mag‘rur bo‘lib kezma umring guliga,
Duch bo‘larsan bir kun xazon yeliga,
Yuz yil yashab tushsang ajal qo‘liga,
Chapingdan o‘ngingga boqqancha bo‘lmas.

Ko‘ngli qora bilan bo‘lmanglar ulfat,
Yuqar undan turli-tuman kasofat,
Ko‘mirga har necha aylasang izzat,
Manglayga qorasi yuqqancha bo‘lmas.

Maxtumquli hargiz topmadi omon,
Yemon tilning zahri tig‘lardan yomon,
Yomon til yonida zahri ko‘p ilon,—
Chaqsa-da, bir chivin chaqqancha bo‘lmas.


BO’LARSAN

Baland tog‘lar, buyuklikda gerdayma,
Xumchada suv bo‘lgan zardek bo‘larsan.
Teran daryo, haybatingga kekkayma,
Vaqting yetsa, qurib yerdek bo‘larsan.

Toglarning arsloni, bobir, falangi,
Oxiri teng bo‘lar fil, pashsha jangi,
Jayhun daryosi-yu, Nilning nahangi,
Quloqdan urilgan xardek bo‘larsan.

Qiyomatdan bir so‘z dedim boyoqda,
Aks zarb bor bevaqt urilgan tayoqda,
Zolimlar xor bo‘lar, qolar oyoqda,
G’arib, sen yig‘lama, sherdek bo‘larsan!

Yaxshi bedov mingan, xo‘b go‘zal quchgan —
Birga eltgan bormi boqiga ko‘chgan?
Haqiqiy nomarddir imonsiz kechgan,
Imon bilan borsang nordek bo‘larsan.

Yaxshilar yoninda yurgil sen o‘zing,
Dur bo‘lsin doimo so‘zlagan so‘zing,
Olimlarni uqsang, ochilar ko‘zing,
Johilni tinglasang, ko‘rdek bo‘larsan.

Luqmondek har ishning chorasin bilsang,
Rustamdek devlarga farmonlar bersang,
Iskandardek yerning yuzini olsang,
Yakson bo‘lib, baribir yerdek bo‘larsan.

Maxtumquli, qarab so‘zla doshingni,
Joyin bilib tortgil, bo‘lsa oshingni,
Komil topsang, qo‘y yo‘lida boshingni,
Er ketida yursang erdek bo‘larsan.


BORMI?

Jahongashta devonalar,
Men kabi hech yongan bormi?
Ishq qurboni, parvonalar,
U olovdan qongan bormi?

Biron eshikdan o‘tmagan,
Maqsadiga hech yetmagan,
Aqlu hushi fikr etmagan,
Alam ichra to‘lgan bormi?

Bodi sabo kelar bo‘ldi,
Har joyda bir qolar bo‘ldi,
Qiyo nazar solar bo‘ldi,
Adolatli sulton bormi?

Huv degil, ummon suzarsan,
Dashtdan qo‘lingni uzarsan,
Barcha suvlarni kecharsan,
Bir ishratli makon bormi?

Zaboni shirin asalli,
Xuddi to‘lgan oy jamolli,
Oyday yuzi hindu xolli,
Munosib bir jonon bormi?

Sabo deyman men pinhonda,
Yoqdi meni, kuydi jon-da,
Kezibsan foniy jahonda,
Izlayman, Menglixon bormi?

Sayr etar bo‘lding qoshida,
Qamarida, quyoshida,
U qarigan tog‘ boshida
Yomg‘ur bilan tuman bormi?

Oyoqni loyga botirgan,
Olov uzra bir o‘tirgan,
Bu falakni boplab urgan
Foniyda bir mardon bormi?

Sayr etarsan kun-oylarni,
Ne ajoyib saroylarni,
Ko‘rarsan har bir joylarni,
U joylarda qur’on bormi?

Bir xulqi bordir so‘zida,
Hikoyat bordirko‘zida,
Mengli yorning gul yuzida
Bizga qarshi kamon bormi?

Maxtumquli, so‘zlading oz,
Dard zihirin qilding bayoz,
Qo‘l ichida maylisda g‘oz,
Bizlar uchun vatan bormi?

J. Sharipov tarjimalari 

KEL, KO’NGLIM, SIDQ ILA YOLBOR ALLOHGA

Kel, ko‘nglim, sidq ila yolbor Allohga,
Yaratgandan hech yashirin ish bo‘lmas.
Rizq bir muqaddardir shohu gadoga,
Qalam birdir, bunda yozgan besh bo‘lmas.

Bir nechalar yo‘rtar kecha yotmayin,
Birov yotar o‘ydan jafo tortmayin,
Taqdiri azaldan hargiz ortmayin,
Kezgan ortiq bo‘lib, yotgan bo‘sh bo‘lmas.

Bir bo‘z yigit yolg‘on dunyoga kelsa,
Qiliq, qilich, nonu dasturxon bo‘lsa,
Foniy yurtda obro‘y ham iymon bo‘lsa,
Yetmish, sakson, yuzdan ortiq yosh bo‘lmas.

Kimlardir davlatmand, kimlardir g‘arib,
Kimlar-chi, xayr etib, zakotin berib,
Kimlari umrinda non deya horib,
Kimlardadir yostiq, to‘shak, osh bo‘lmas.

Maxtumquli, bu kuningga shukr ayla,
Allohning qudratin ko‘rib, fikr ayla,
Rizq uchun g‘am yema, Haqni zikr ayla,
Azalda yozilgan sendan tash bo‘lmas.


IYMON PAYDO


Kelsa navro‘z olamga, rang qilar jahon paydo,
Bulutlar ovoz urib, tog‘ qilar tuman paydo,
Bejonlarga jon kirib, etarlar dahon paydo,
Ko‘karmagan giyohlar ko‘karib ravon paydo,
Etarlar hayvonotga ham sud, ham ziyon paydo.
Yer yuziga yoyilib, yurarlar nihon-paydo,
Vobasta dahon qushlar qilarlar zabon paydo.

Cho‘l tarafin berkitib, dar ochar suvga xarchang,
Zamin sabzazor bo‘lib, tanidan ayrilar zang,
Jonivorlar mast bo‘lib, go‘yo ichmish aroq, bang,
Har ashyoning o‘ziga o‘z ovozi bo‘lar gang,
Sabza ichra sanduvoch yuz tilda qilar ohang,
Zamin xizrpo‘sh bo‘lib, gul ochibdir rang-barang,
Xurujga kelib olam, qilarlar fig‘on paydo.

Surudu sado birla jahon yuzi oboddir,
Bo‘lma surudga mag‘rur, oqibati barboddir,
Haq ishqinda zinda jon, biling, boqiy hayotdir,
Har tandaki ishq yo‘qdir, ro‘zi azal mamotdir,
Yoz o‘tguncha Yeru Ko‘k kundan-kunga ziyoddir,
Bir hashri qiyomatdir, bir yavmi arosatdir,
Dahr ichra bo‘lar har dam, jahon ichra jon paydo.

Zarbofga zavqing qo‘yma, baqo yo‘qdir davlatda,
Umringni yelga berma, sen bu dorul-mehnatda,
Yetar senga erta-kech, ne yozilsa qismatda,
Joningga jafo aylab, buncha kezma hasratda,
Savob yaxshi amalda, yoxud yaxshi niyatda,
Olam barcha xizmatda, odam yotar g‘aflatda,
Hosiling otash bo‘lgay, aylasang yomon paydo.

Maxtumquli, yig‘larman bu baxti siyohimdan,
Qo‘rqarman jon ofati – qo‘l-oyoq guvohimdan,
Umidim hosil bo‘lmas, bu umri tabohimdan,
Jon kuydi jasad ichra, bu otashi ohimdan,
Qo‘lim cho‘zib, tilarman hojatim Allohimdan,
Bandaman, umid shulki Ul karamli Shohimdan,
Aylagay arosatda gul kabi iymon paydo.


OTA-O’G’IL DARDLASHUVI

Ozodiy:
- Oshkor et siringni, saqlama pinhon,
Ammoki, so‘zimdan chiqmagil, o‘g‘lim!
Kunda yuz o‘y kelar-ketar bu boshga,
Og‘ritma ko‘nglimni, yiqmagil, o‘g‘lim!

Maxtumquli:
- Uyalardim, sirim fosh aylamasdim,
Oshkor qil, deb so‘rar bo‘lsang, Ozodim!
Yuz o‘y kelar-ketar har kun bu boshga,
Istak bordir, safar qilsak, Ozodim!

- Jafo qilma o‘zing, chaqir Mavloni,
Orzu qilma xonni, bekni, sultonni,
Basdir bizga avval Tangri bergoni,
Qoldirma ko‘nglimni, ketmagil, o‘g‘lim!

- Ketgimiz yo‘q olti bilan, besh bilan,
Sayron etsak necha tengu to‘sh bilan,
Magar shunda Qamgin ko‘nglim xush bo‘lar,
Ko‘ngil qalqar, qaror etmas, Ozodim!

- Varzishing yo‘q, yoshsan, keta bilmassan,
Shovur bor, shovqin bor, chiday bilmassan,
Har ishga bosh qo‘shib, eta bilmassan,
Ketmoqlik da’vosin qilmagil, o‘g‘lim!

- Kishi so‘zlamasa, siri fosh bo‘lmas,
Yaxshini, yomonni bilgan yosh bo‘lmas,
Shu kez yubormasang, ko‘nglim xush bo‘lmas,
Ra’yimiz qaytarma, qo‘ybor, Ozodim!

- Bizni nechuk bunday tark etgusing bor?
Bu yo‘l behudadir, chin ketgusing bor.
Bas, ketmagil, sendan ko‘p tarsishim bor, 
Qayg‘u, alamlarga botmagil, o‘g‘lim!

- Qalbimga kiribdir Islom havasi,
Tangadir, dirhamdir xalqning tama’si,
Ko‘nglim malul etma, qo‘rquv nimasi? – 
Bir safar ishidir, qo‘ybor, Ozodim!

- Qur’on o‘qib yurgil, yaxshi Kalomdir,
Dushman berahmdir, dining Islomdir,
Yo‘llar qaroqchidir, o‘g‘ri-haromdir,
O’lgungmi, qolgungmi, ketmagil, o‘g‘lim!

- Sinayin, ko‘rayin bu kun iqbolim,
Yaxshi kun, yaxshi vaqt, kelganda solim,
Qasd etib jonimga, yetsa ajalim,
Bu yerda bo‘lsa ham, topar, Ozodim!

- Bilib olay, o‘zing qayon otarsan?
Qandoq ishdir, buni bundoq tutarsan?
Aytgil, axir, kimning bilan ketarsan?
Oh chekib, har yonga boqmagil, o‘g‘lim!

- Jilovdori bo‘lgum Yosirxon pirning,
Ko‘ngil qushi parvoz urar faqirning,
Bu kun yetti kundir, "Alhamd" o‘qirmen,
Shod ayla ko‘nglimni, qo‘ybor, Ozodim!

– Ozodiy der: birga safo suraylik,
Yo‘qsa, yuboraylik, sinab ko‘raylik,
"Omin!" deb tur, o‘g‘lim, duo beraylik,
Bir Alloh yor bo‘lsin senga, bor, o‘g‘lim!

– Maxtumquli aytar: qolmisham chog‘dan,
Ko‘ngil qushi talvos urar yiroqdan,
Har yerda Sog‘ligim tila Ul Haqdan,
Duo qilib, Haqqa yolbor, Ozodim!..

 

ADOLAT YAXSHI

Aslo odamzodga achchiq so‘z qilmang,
Faqiru  miskinga  dalolat  yaxshi.
Baxilga uchramang – kular yuz bo‘lmang,
Ishni bitirmoqqa kifoyat  yaxshi.

Yetimni ko‘rganda kular yuz bo‘lgil,
Qo‘ldan kelsa unga taom – tuz bergil,
Hamginni ko‘rganda shirin so‘z bergil,
Chorasiz qullarga himoyat yaxshi.

Yigit uldir, so‘zga aylasa amal, 
Qo‘ldan kelmas ishga etmasa jadal,
Ollohning amriga qilmagil badal,
Bekka – saxo, shohga – adolat yaxshi.

G‘ariblik bir darddir, odam o‘ldirmas,
O‘ldirmas, hayotda lekin kuldirmas,
Bo‘riga ojizlik it ham bildirmas,
Albatta, dushmanga siyosat yaxshi.

Maxtumquli, shukr, shirin til berdi,
Daraxtlar ko‘karib samar, gul berdi,
Go‘ro‘qli Rayxonga qanday yolbordi?
Omonlik deganga diyonat  yaxshi.

Mirzo Kenjabek tarjimalari

OSHIQ BO’LMISHAM…

Ey, yoronlar, bir yuzi gul oya oshiq bo’lmisham, 
Barchalar maqsudi gul-ra’noya oshiq bo’lmisham, 
Bulbulam bog’ ichra, bir g’avg’oya oshiq bo’lmisham, 
O’zi g’oyib, zulflari yaldoya oshiq bo’lmisham, 
Manzilim bog’ ichradir, sahroya oshiq bo’lmisham.

Chun falak soldi bizi ul kun fani tuprog’ina, 
Tushdi sayrim doimo Makka, Madina tog’ina, 
Bulbul bo’ldim, sayradim, kirdim Eramnin bog’ina, 
Poyiband bo’ldim u kun g’am elining tuzog’ina, 
Yuz balo, mehnatli bir savdoya oshiq bo’lmisham.

Jismim ichra yor g’amidur, manzilim sahroda, hey, 
Chekkanim g’am-g’ussadur, man do’nmisham Farhoda, hey, 
Soldi ishqing, dilbaro, jonu jigarim o’ta, hey, 
Vodarig’o, kechti umrim, zoya berdim boda, hey, 
Ohi ko’p, afg’oni ko’p bir kuya oshiq bo’lmisham.

Bilmadim, ne bahri yerdir, ne muazzam tog’idir, 
Oldi ko’nglim, ketdi aqlim, tan mudom nechog’idir, 
Nisbat etib bo’lmas uni, qumri, bulbul, zog’idir, 
Elg’araz har zulfina – etmish ming er tuzog’idir, 
Qaddi-qomati baland zeboya oshiq bo’lmisham.

Do’st, havoyi vaslini men muncha chandon istaram, 
Domi-zulfi qaddina o’zimni zindon istaram, 
Dema: g’amdan bir zamon ko’nglimni xandon istaram, 
Bir g’arib oshiq manam, yor, sani sandan istaram, 
Kecha-kunduzi, biling, huv-hoya oshiq bo’lmisham.

Istamas yorim mani, ul yora zorim yo’q manim, 
Qolmisham hayron bo’lib, g’ayrat-madorim yo’q manim, 
Oldi jonim iasq o’ti, ixtiyorim yo’q manim, 
Kelsa - aqlim tark etar, ketsa - qarorim yo’q manim, 
Kiprigi - o’q, qoshlari - ol oya oshiq bbo’lmisham.

Aytadir Maxtumquli, man unda kona o’g’radim, 
Sayl etib bordim, falakda lomakona o’g’radim, 
Chun meni rasvo qilibdur, ishqi kona o’g’radim, 
Etmish ikki shahr ila ming bir do’kona o’g’radim, 
Shuncha sargardon bo’lib, man zoya oshiq bo’lmisham.

Turkmanchadan o'zbekchaga Xurshid Davron tabdil qilgan

2004-2018 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.