background
logotype

Gulnoza Abulqosim qizi

Do’sting agar dushmanlik qilsa
 
Yuragingni tirnaydi alam,
Quchog’iga olar qayg’u g’am,
Ko’zingga tor ko’rinar olam
Do’sting agar dushmanlik qilsa.

Sen joningni berishga tayyor
Zotdan benaf kutding nomus, or,
Bu dunyoda kimga ishonch bor?
Do’sting agar dushmanlik qilsa.

Bu kunlar ham o’tadi, beshak,
U uyalib qolsa ham kerak,
Lek kunlaring qanday kechajak,
Do’sting agar dushmanlik qilsa.

Suyanganing singanday nogoh,
Tekis yo’lda chiqqaniday choh,
Benaf bo’lar qancha cheksang oh,
Do’sting agar dushmanlik qilsa.

Sig’inganim ishonch shevasi,
Sadoqatdir uning mevasi,
Bitmas singan ko’ngil shishasi,
Do’sting agar dushmanlik qilsa…


Ketaman…

Bu ko’ngilda dardlarim-ku ko’p,
Marjon-marjon satr qilaman.
Ishq bog’ida sarhush tentirab,
Shul bog’larga ketib qolaman.

Charx uradi turfa xil o’ylar,
Bilmam… ular nelarni so’ylar.
Hayollarim ro’yoni bo’ylar
Yo’llariga ketib qolaman.

Armonlarim bo’ldi-ku xirmon,
Orzularim bosh uzra osmon.
Otam qo’llariga tutgan ul ketmon,
Dalalarga ketib qolaman.

Qaytarsizmi qon yig’lab mohim,
Yo, samoga yetdimi ohim?
Kelayotgan mening bahorim,
Nav-niholga ketib qolaman.


Muhabbat

Men uchun bulbulmas, soya bo’lsang ham,
Olisdagi mag’rur qoya bo’lsang ham.
Barin bilib turib, his qilib har dam,
Men seni sevaman, sevaveraman.

Aslida qalbimni cheritgan tori o’zing,
Xasta yuragimni etgan zor o’zing,
Dunyoda yagona, tengsiz yor o’zing,
Men seni sevaman, sevaveraman.

Kimgadir “sevdim” deb, aytar bo’lsang ham,
Qo’lidan tutib ketar bo’lsang ham,
Ishq sirim bepisand sotar bo’lsang ham
Men seni sevaman, sevaveraman.

Muhabbat dardida so’lgandir yuzim,
Yoshlanib-yoshlanib so’qirdir ko’zim.
Lek yurak qurg’urga o’tmaydi so’zim,
Men seni sevaman, sevaveraman.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.