background
logotype

Hoji Miskin

TENGDOSHLARIMGA

Sevgi degan ulug` ne’mat — 
Tangri bergan inoyatdir.
Alloh ishqin anglamaslik —
Bilingki, bu jinoyatdir.

Ishq o‘tida yonib-kuyib,
Raqibingga ozor etma.
Bu o‘tkinchi xayollar-chun,
Tunlaringni bedor etma.

Ulfat bila dildosh bo‘lgin,
Lek sirlaring oshkor etma.
Xor bo‘larsan, bir kun kelib,
Sen do‘stingni ko‘p zor etma.

Alloh bergan sevgi qadrin 
Sen dilingda ardoqlagin.
Ona ishqi dilda bo‘lsin,
Otang tuzin sen oqlagin.


DO‘STLAR

Boyliging bo‘lganda yoningda turib,
Sen-chun kaftlarida tuxum pishganda...
Tashlab ketar ekan “sodiq” do‘stlaring
Boshingga alamli kunlar tushganda.

Hatto oyog‘ingni it kabi yalab,
Sen-chun zarvaraqda doston bitganda...
Qarg‘ab ketar ekan oxir do‘stlaring
Amaling singanda, obro‘ ketganda...

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.