background
logotype

Komiljon Aslonov (1987)

Komiljon Aslonov 1987 yilda tug‘ilgan.

VATAN

Uzoq ketsang, turolmasang tinch,
Kelganingda rohat olsa tan.
Yosh keltirsa ko‘zingga sog‘inch,
Bilginki sen –
Bu dargoh – VATAN.

UMR

Kimdir yuksaladi.
Kimdir tushar past,
Kimgadir baxt kelsa, kimgadir sinov.
Kimdir olmoq uchun yursa goho qasd,
Mehrga zor bo‘lib sog‘inar birov.

Azizim…
Shu ekan “besh kunlik” umr,
Shu ekan sinovli dunyoning holi.
Yashagan umringni eslasang bir-bir,
Aqlli ko‘rinar ba’zan chumoli

ONA QUDRATI

Jonzodlar ichida oliy odamzod,
Dunyoda yaralgan ONA MEHRIdan.
Insonlar qalbini aylaguvchi shod,
Bulbullar xonishi ALLA sehridan.

Borliqqa nur ato etguvchi quyosh,
Va tunni ziyoga almashguvchi oy.
Olgandir ONANING MEHRIdan otash,
Ona kulgusidan olgandir chiroy.

Ona bilan go‘zal bu yorug‘ olam,
Ona bilan go‘zal shoir she’rlari.
ONA SUTIDANdir hayot ramzi ham,
VATAN ham tebrangan beshik IZLARI.

SOG‘INDIM

Bahorim ochilmay nahot bo‘lsa kuz,
Nahot go‘zallikni ko‘rmas endi ko‘z
Qalbim tub-tubini kuydirar bir so‘z:
«Sog‘indim»…

Go‘yo quvonchlarga berilgan barham,
Iforin taratmas endi gullar ham
Dudoqlar shivirlar, ko‘zlar bo‘lib nam:
«Sog‘indim»…

Ko‘kdagi oftob ham endi bermas nur,
Sayrga chorlamas qushlar ham deb yur
Kuylaydi yaproqlar faqat bir shivir:
«Sog‘indim»…

Xasta dil yiglaydi, oqshomlar beun,
Yil bo‘lib cho‘zilgay bedor qaro tun
Soatlar chiqqillar bir so‘z deb uzun:
«Sog‘indim»…

Quvonchlar chekindi, baxt ketdi yiroq,
Diydordan boshqa yo‘q, taskin yaxshiroq
So‘nmagan umidlar tinmay der biroq:
«Sog‘indim»…

Dunyoda shodligim, baxtim o‘zing bil,
Intizor kutmoqda bir oshufta dil,
Istasang gul bo‘lay, poyingga tez kel
«Sog‘indim»…

SEN HAM MENI SOG‘INDINGMI?

Uchib ketgan qushlar yana ortga qaytdi,
Ko‘ngilginam ko‘rib juda og‘rindingmi?
Dunyo yana hijron alyorini aytdi,
Sog‘inganim,
Sen ham meni sog‘indingmi?

Ochilibdi
Qara sen sevgan qizg‘aldoq,
Seni kutib qon bo‘libdi boshdan adoq,
Aytgin chiday, men bu holni ko‘rib qandoq
Eslab bugun sen ham bizni sog‘indingmi?

Ortda qoldi, o‘sha baxtli shirin damlar
Qalbdan ketdi quvonch, qoldi faqat g‘amlar,
Sizga boylik bo‘lsa bo‘ldi, eh odamlar
Sog‘inganim,
Sen ham meni sog‘indingmi?

Sho‘rlik Zuhro Tohiriga yetolmadi,
Kumushbibi dunyodan shod ketolmadi,
Bu dunyoda Mehrning o‘zi qolmadi,
Sog‘inganim,
Sen ham meni sog‘indingmi?

Qo‘y o‘ksima, ikkimizga yo‘qdir gunoh,
Sevgimiz sof, mana bizga Olloh guvoh,
Diydor so‘rab, bedor tunlar yulduzdan goh,
Sog‘inganim,
Sen ham meni sog‘indingmi?

Nechun hijron yo‘limizga bo‘ldi to‘siq,
Nechun faqat bizga otdi, armonlar o‘q,
Sen yig‘lama, dunyo shunday vafosi yo‘q
Sog‘inganim,
Sen ham meni sog‘indingmi?

TUSHKUNLIK
(«Ruhiyat» turkumidan)

Tun...
Olisdan oyning xira nurlarida ko‘rinib turgan daraxtlar orasidan boyqush sayraydi.
Tun...
Chigirtkalarning dilni g‘ash etguvchi ovozlariga, olis-yaqindan itlar ovozi jo‘r bo‘ladi.
Tun...
Derazaortidan bog‘ oralab jildirab oqib o‘tayotgan ariqdagi suv, oyning nularida yiltillab so‘zlaydi.
Tun...
Quloqlarim ostidan uchib o‘tgan pashshalar qalbimga horg‘inlikni chorlaydi. Takror holatlar, bir xil kunlar...Qalbim shu damda biryupanch – YOLG‘IZLIKni qo‘msaydi. Tinchi bor olisga ketgim keladi.

Yolg‘izman…
Xonamda, oy nuri xira,
Olisdan keladi itlar ovozi
Ruhimda horg‘inlik uyqum yo‘q sira
Bir yupanch izlaydi yuragim hozir.

Yotibman…
Uxlolmay to‘lg‘onib notinch,
Boshimda aylanar ming bita xayol.
Menga begonadir quvonch va sog‘inch,
Menga begonadir hayot (ehtimol).

Kecha…
Bugun…
Erta, yana shu holat,
Takror hayotimga yetib keladi.
Har bir kun tuyilar menga jaholat,
Yolg‘iz, olislarga ketgim keladi…


TO'RTLIKLAR

Qilg'usi har ishda miyor bo'lsa gar,
Hattoki malhamdir bemorga zahar.
Boriga shukr qil, ko'pni ko'zlama,
Keltirur falokat oltin-u gavhar.

* * * 

Shoh bo'lib tug'ilmas hech kim dunyoda,
Hayot o'zi xo'rlar, aylar ziyoda.
Shuning-chun har qilgan ishiga qarab,
Kimdir yurar otda,kimdir piyoda.

* * *

Rost so'zlashni o'zingga qil sen hamroh,
Lek yolg'onni rost dema og'ir gunoh.
Hatto shod etmoqqa ishlatsang yolg'on,
Bu ishingni kechirmagay bil Olloh.

* * *

Har kimga dil siring ayta berma sen,
Hattoki chin do'stlar sotmog'i tayin.
Itni vafodor deb ishonma unga,
Itligin qiladi ertami-indin.

* * *

Olis tog' ortida inson yo'q joyda,
Ma'danlar yotadi qorishib loyda.
Bilimimg bo'lsa-yu qo'llay bilmasang,
Aytgin bu bilimdan senga ne foyda?

* * *

Ey o'glon gapimga quloq sol bir dam,
Istasang sog'liqni uxlagin kam.
Taoming miyorda so'zlaring kamroq,
Demakki tan sog'liq senga do'st-hamroh.

* * *

Ozodlik ishqida bechora jonzod,
Qafasda qilardi tun-u kun faryod.
Inson-chi noladan bo'lib bahramand,
O'z ko'nglin ko'tarib etar edi shod.

* * *

Ko'kdagi bulutni bo'lmaydi tutib,
Shamollar bo'ladi ketadi o'tib.
Umr ham o'tguvchi bulut misoli,
O'qigin, izlangin o'tirmay kutib.

* * *

Har ishni vaqtida bajarmoq darkor,
Fursati o'tgach, so'ng bo'lma aybdor.
Bemor vafot etgach malham dorining,
Aslo foydasi yo'q, olsangda bisyor. 

* * *

Qalbimni chulg'adi alam iztirob,
Ahvolim tang etdi, so'ng qildi betob
Dardimni to'kkandim qog'ozz qalamga,
Qog'ozlar to'ldi va yaraldi kitob.

* * *

Falokat keltirar sharob-u aroq,
Dinda man etilgan, deymiz yur yiroq.
Eng ezgu tilaklar tilab Ollohdan,
Makruhni ichamiz simirib biroq.

* * *

Ko'p o'qigin, lekin gapirgin kamroq,
Ilm olishda sen bo'lmagin qo'rqoq.
Olim bo'lay desang hech bo'lmaganda,
Donolar gapidan tinglagin ozroq.

* * *

Yomonlik qilsang agar sen birovga
Yo'liqasan o'zing ham shu baloga.
Yaxshilik qil doim esingda bo'lsin,
Olloh seni ulug'lagay ey banda.

* * *

Agar ish qilmoqchi bo'lsang ey inson,
Keksalar gapiga quloq sol har on.
Ularning o'gitin yodingda saqla,
Chorlar seni chunki to'gri yo'l tomon.

* * * 

Kimki agar senga yomonlik qilsa,
Yaxshilik qil unga qo'lingdan kelsa.
Kuni kelgach ishidan afsus qilib.
Yordam qo'lin cho'zar ko'maging bilsa.

* * *

Dunyo boyliklarin yig'ib qilsa jam,
Hatto yer yuzini tuhfa qilsaham.
Darkor emas menga ular hech bir,
Baridan azizsiz, ulug'siz ONAM! 


FARZAND BURCHLARI

Senga aytay men farzaning burchlarin,
Bu dunyoda ado et ular barin.
Ota - onang oldida sen baqirma,
Ismlarin aytib zinhor chaqirma.
Maslahat bergandaular har mahal,
Gaplarin barchasiga qilgin amal.
Dillariga zarracha berma ozor,
Bu ishni sen o'zing uchun bilgin or.
Ko'ngillarida paydo bo'lganda g'am,
Doimo qidirgin dardiga malham.
Tanbehlarin hech qachon yomon bilma,
Aytganlarin mutlaqo sen rad qilma.
Qilmoqchi bo'lsang agar uzoq safar,
Duo ol har ishda bergaydir zafar.
Taom uchun yozilganda dasturxon,
Yuz qo'lingda tahorat bo'lsin har on.
Avvallo uy to'ridan to'shab sen joy,
Ota-onang o'ltirgach keltirgin choy.
Yeb bo'lsangda hammadan oldin ovqat,
Hamma bo'lgunicha sen qilgin toqat.
Omin o'qilgandan ,so'ng turib darhol,
Barcha narsalarni tezda yig'ib ol.
Ota-onang birla yursang keng yo'lda,
O'tib qaytma oldidan o'ng-u so'lda.
So'zlaganda gaplarini bo'lma hech,
"Otilgach o'qni qaytaish bo'lar kech"
Fikringni etmoqchi bo'lsang sen bayon,
O'ylab shirin so'zlar ila ayt ravon.
Qalblarin har dam, har yer yerda ayla shod,
Qilg'usi ishlaring bitar tez obod.
Bu foniy dunyoda ishlarning sozi,
Ota-onasin qilmoqlikdir rozi.
Sen ham ota-onang aylagin rizo,
Shunda u dunyoda ko'rmaysan jazo.
Doim narsaning ozi shirin bo'l
Senga aytmoqchi bo'lganlarin shular.
(13.11.05)
 

ONALAR OYOG'I OSTIDA JANNAT


Go'daklarning aytgan ilk so'zi ONA
Ular bor,uyimiz doim koshona.
Volidasiz uy gar qasr bo'lsa ham,
Farzand uchun bu joy go'yo vayrona.
Tunlari uxlamay tebratib beshik,
Betob bo'lsak yurar kezib har eshik.
Biz uchun kuyinib dori axtarib,
Onamiz o'stirdi bizni ko'tarib.
"Onalar oyog'I ostida jannat"
Hadis-u sharifda bordir bu hikmat.
Hikmatning mag'zini chaqmoq biz uchun,
Ham og'ir, ham dardli, hamda mashaqqat.
Kimki rpzi qilsa ota-onasin,
Olloh nurga to'ldirgay bil ostonasin,
Bo'laylik ularga doim parvona,
Farzandni hamisha Tangri qo'llasin.


QAYTAR DUNYO
 
I

Aytib beray rivoyat,
Eshiting qiziq g'oyat.
Qadim o'tgan zamonda,
Oils o'rmon tomonda.
Yashardi kampir-u chol,
Hamda bolasi Jamol
Har kun ertalab kampir,
Qilardi undan xamir.
Xamirdan so'ng qilib non,
Bezar edi dasturxon.
Yurtiga tilab tinchlik,
Chol qilar dehqonchilik
Yashar edi shod xurram,
Yo'q edi tashvishu g'am.
Oqar suvdek shu zayl,
O'tdi o'n oy-u o'n yil.
Bu orada Jamolbek,
O'sdi pahlovon sherdek.

II

Shu yurtda bor edi bir shoh,
Shoh emas go'yo ahmoq.
Ba'zan qilardi hukm,
Xalqni dunyodan mahkum.
Kunlardan bir kuni u,
Elga bo'lib ro'baru
Chiqardi o'z qarorin:
"Yo'q qiling chollar barin
Eb yotar ertayu kech, 
Qo'lidan kelmas ish hech .
Biz ularni qilib yo'q,
Xalqni aylaylik tez to'q.
Bazm qilib har oyda,
O'zlari ko'rar foyda
Shohni yomon der ekan,
Qani endi shunday ekan.
Yashirsa otasin kim,
Unga o'limdir hukm".
Tarqaklgan qaror shu dam,
Yetib keldi cholga ham.
Bu xabarni tezda chol,
Aytdi o'gliga darhol:
"Mana bugun ey o'glim
Qayg'u bosdi shod dilim.
To'platib ko'p olomon,
Shoh chiqardi bir farmon.
O'ldirib u chollarni,
Yig'latib bolalarni.
Yurtni qilarmish obod,
Boshlarmish yangi hayot."
Bu gaplarni eshitib,
Olloh nomin yod etib.
O'gil ko'p o'yga to'ldi,
So'ng charchab uxlab qoldi.

III

Tong otmay erta turib,
Otasin sekin urib.
Jamolbek dedi : "Ota,
Dalaga chiqmay poda.
Shoh ko'zidan yashirib,
Keyin tezda shoshilib
Sizni xaltaga solib,
Men toqqa boray olib.
Qani darhol turing siz,
Bu yerdan ketaylik tez."
Chol taqdirga tan berib,
So'ng kiyimlarin terib.
Barin xaltaga soldi.
Ozi ham kirib oldi.
Bu paytda kampir yotib, 
Uxlardi xurrak otib.
Xabari yo'q bu ishdan
Kezardi shirin tushda.

IV

O'g'il qopni orqalab,
Yurdi ariq yoqalab.
Toxtamay u yurgancha
Yurdi xayol surgancha
Ko'p yurib so'ng charchadi,
Issiqdan xo'p chanqadi.
Suv izlab yana yurdi,
Va nihoyat suv ko'rdi.
Ko'diyu bosib qadam,
Yoniga keldi shu dam.
Bu yerda buloq bo'lib,
Oqardi ariq to'lib.
Jamolbek qopni qo'yib,
Suv ichdi to'yib-to'yib.
Ota ham chiqib qopdan,
Ichib oldi bu obdan
So'ng chashmaga termulib,
Ko'zlarin oldi yumib.
Birozdan so'ng ushlab bosh,
Ko'zlariga olib yosh.
Chol so'zga kirdi birdan:
Voqif etay bir sirdan.
O'g'lim eshit so'zlarim,
Ko'rdi barin ko'zlarim
Men ham bir zamonlarda 
Xuddi shu tomonlarda.
Keltirib o'z otamni
Dilda tutdim motamni.
Yillar qo'shig'in aytar,
Bu dunyo "DUNYO QAYTAR" 
O'g'il gaplarni tinglab,
Chol poyiga qo'yib lab
Butun vujudin tig'lab
Yubordi birdan yig'lab.
Bag'rini tig'lab pora,
Uzr so'rab ming bora.
Otasin ushlab qo'ldan,
Yurdilar kelgan yo'ladan.
Jamolbek afsus qilib,
Xato qilganin bilib
Shohga ming la'nat aytdi,
Otasin olib qaytdi. 
( 2005)


NEGA?

Nega bugun shahar oralab,
Bordim o'shal notanish to'yga
Nega bugun qalbim yaralab,
Kelin bo'lding o'zga bir uyga?

Nega bilib sen ahvolimni,
Xarob qilding sevgi otashin?
Bilardingku sensiz holimni,
Tanholikda ado bo'lishin?

Esingdami uchrashuvda biz,
Hazil qilib kulardik xandon?
Bugun esa nega sen mensiz,
Baxtim deding o'shal xonadon?

Aytgandingku men sen uchun deb,
Baxtimiz ham birga deganding.
Nega yana sen tuzlar sepib,
Qalb yaramga og'riq yetkazding?

Nega qilding sevgimiz uvol,
Nechun sabr yetmadi senga?
Meni esa qiynar bir savol:
Nega bo'ldi?Bu nechun? Nega?
 (24.10.07)


MUHABBAT

Dunyoga keldim-u seva olmadim,
Sevganda yurakka quloq solmadim.
Aytdim aytganimdan sira qolmadim,
Seni qo'msaymn men seni muhabbat.

Oh, uzun tunlarim o'tadi bedor,
Har lahza dilimga beradi ozor.
Yo'llaringda doim bo'lib intizor,
Seni qo'msaymn men seni muhabbat.

Nahotki ,zarracha senga yo'q shafqat,
Xasta yuragimda qolmadi toqat,
Qalbimning malhani yolg'iz sen faqat,
Seni qo'msayman men seni muhabbat.

Ko'kda parvoz etar bir juft oq qush,
Muhabbat zavqidan ko'ngilari xush,
Mendachi muhabbat faqat shirin
Seni qo'msayman men seni muhabbat.

Kelishing mushkul-u ketishing oson,
Yurak bag'rimni sen aylading-ku qon,
Toki vujudimda bo'lar ekan jon,
Seni qo'msayman men seni muhabbat!

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.