background
logotype

Nodira Usmonova

MUHAMMADNING UMMATLARI...

Kalimani ayta olmay musulmonman deysiz, ey voh,
Amalingiz g`ayridiniy, dilda bo‘lsin deysiz Olloh,
Javon to`la qator kitob QUR`ON bormi uyingizda?
Ertak o`qib o`sayapsiz, Muhammadning ummatlari.

Dasturxonga non qo`yasiz, fotihadan ham qochasiz,
Ta'rifini ko‘p keltirib qimmat aroqlar ochasiz.
Gazak deysiz harom-harish, cho`chqa go`shti hamisha bor,
Halol luqma yemayapsiz, Muhammadning ummatlari.

Farzandlarga pul tutqazib, yoshlik deysiz sursin davron,
Erta kunda boshingizda o`qirlarmi bitta QUR`ON,
Qiyomatda bir savobin sizga berishi begumon
Din o`rgatib o`tmayapsiz, Muhammadning ummatlari.

Mayxonalar qo`nog`ingiz, sarxush qaytasiz kechada,
Borgansizmi, bilasizmi masjidingiz qay ko`chada.
Taxlam-taxlam turar gilam, topilgaymi bir joynamoz
Namoz bilmay o`tayapsiz, Muhammadning ummatlari.

Tavba uchun kech bo`lmasin kechirgay Ollohingiz
Joyingizni jahannamdan qilmasin gunohingiz.
Qiyomatdan payg`ambarlar hatto qo`rqib turibdi
Sizlar qanday ummatsiz, Muhammadning ummatlari

12.05.2005

SEVIB-SEVIB NIMA BO‘LDIM...

Tutab-tutab kuyib boldim yonolmayman,
olloh dedim , lekin sendan tonolmayman,
Ayblarimni filga ortsam yurolmaydi,
Tavba qilib sajdaga bosh qoyolmayman.

Sevib-sevib nima bo‘ldim bilolmayman,
Ruhim o`lgan jismim bilan qololmayman.
Ko`chalarga tashlab ketsang panoh so‘rab,
Ollohimning oldiga ham borolmayman.

Yig‘lab-yig‘lab ado bo‘ldim o`lolmayman,
Tavba uchun bir qatra yosh to‘kolmayman.
Hur malaklar qaramasa maylikuya,
Qaro yerdan bir qarich joy ololmayman.

Yutib-yutib xun bo‘ldim dil ocholmayman,
Siylovlaring uchun sendan o`ch olmayman.
Ollohga dil berganda ham dilimdasan,
Sendan, yelkamdagi shaytondek voz kecholmayman....

Sevib-sevib nima bo‘ldim bilolmayman...

MUHABBATNING ARKIDA

O`xshab qoldimmi deyman daraxtlarning bargiga,
Uchayapman yetolmay muhabbatning arkiga,
Qay ko`chaga burilsam yollarimdan tosh chiqdi.
Hech eshikda malham yoq ko`hna ishqning dardiga.

Boshim egib qoldimmi telba ko‘ngil aybiga,
Ketolmayman qaramay muhabbatning arkiga.
O`zimdek har qarasam dilafgorlar yoliqdi,
Hech birida chora yoq ishqning qattiq zarbiga.

Egilib quloq solsam hijronning har gapiga,
O`laman borolmayman muhabbatning arkiga.
Mayli muslimlar mendan yuz ogirib ketsinlar
Iymon keltirib bo‘ldim sevgilimning qalbiga.

Ruhimni buyursinlar qaro yerning qa'riga,
Yetmasdan o`lolmayman muhabbatning arkiga.
Yomg`irlar ham yog`masin, unsa gullar qabrimdan
Sevinchim yoshlaridan suv tutaman bariga.

Faqat o`lmay yetmasdan muhabbatning arkiga...

MEN KETAMAN

Manzil yiroq, manzillarlar yiroq,
Hayollarim uzundan uzun.
Balki tushsa sochingizga oq
Men ketaman bir kunmas bir kun.

Dilkashim yo`q yolg`iz qolganda,
Dardlarimni tinglaydi ay kim?
Qaro tunni oy yoritganda,
Men ketaman bir kunmas bir kun.

Lablarimda soxta tabassum,
Yolg`onlarga bo`lgansiz maftun.
Siz ortimdan yig`lab qolasiz,
Men ketaman bir kunmas bir kun.

Qo`l uzatsak qo`limiz yetmas
Yurak yig`lar chiqarmasdan un.
Qo`llarimdan tutmang bekorga
Men ketaman bir kunmas bir kun.

Achinmayman achinmang siz ham,
Makon topar osmondan ruhim.
Men shunda ham kutib yashayman,
Siz kelasiz bir kunmas bir kun....

siz kelasiz...

“MO`MINMIZ”

Birodarlar safimizni tark etsalar nogohon,
Shivirlab sekingina g`iybat qilgan «mo‘minmiz».
Muslimlarning yelkasidan itarib qo`yib, qarang
Xudosizga non qo`yib, ulfat qilgan «mo‘minmiz».

Payg`ambaring kim desa, nasli, qavmi, otasi,
Muhammaddan boshqa so`zni aytolmagan «mo‘minmiz».
Mavlud kunni o`n yilda bir eslaymizmi bilmadim
O`n kun avval rojdestvoni bayram qilgan «mo‘minmiz».

Kulfat tushsa, Ollohga ta`na malomat qilib,
Sinoviga chidamay, sabr qilmay «mo‘minmiz».
Gunoh qilsak shaytondan deb ayta-ayta o`rgandik,
Aslida shaytondan ham qolmaydigan «mo‘minmiz».

Ilmi dunyo texnikadan nima so`rang bilamiz,
Tuzukroq bir hadisni yodlolmagan «mo‘minmiz».
Dunyoning daholari tuproqqa qaytmoqdalar
Biz shunda ham mo`minlikka qaytolmagan «mo‘minmiz».

25.05.2005

BECHORA ONAM

Eh, meni deb sochlari oqargan onam,
Ketmon chopib, qo‘llari qavargan onam,
Kelar deya kutib, yo‘lda sarg‘aygan,
O‘zimdan ham bechora, bechora onam.

Eh, mening bebaho benazir onam,
Ishongan umidi behizr onam,
Menku tashvishlardan bo‘shay olmayman
Bekatda kutadi... ovvora onam.

Eh, mening qadrsiz qadrdon onam,
Mendan mehr ko‘rmagan mehribon onam
Bu yerda kimni deb yig‘lab yuribman
U yerda ko‘z yoshi favvora onam.

Ey, mening yagona jonkuyar onam
Sendan boshqa dardimni kim olar, onam
Men-chi yuragimni yora olmayman
Yarimta yuragi sadpora onam.

O‘limga imkon yo‘q jon fido onam,
Meni unutmagan bir xudo onam
Qolganlar ko‘chada qoldirib ketdi
Faqat soyamga ham parvona onam.

Nomard boshimni egsa kuymagin onam
Bag‘ringga bos qattiqroq qo‘ymagin onam
Izlaringda o‘lsam ham ruhim izg‘imas 
Mendek bir g‘aribga koshona onam.

Yiqilsam suyanchiq shu xasta onam
Yoningda bo‘lolmadim payvasta onam
Olqishlasa... soxta qarsak bir kunlik do‘stlar
Orqada qolib ketgan pinhona onam.

Eh, meni deb sochlari oqargan onam,
Ketmon chopib, qo‘llari qavargan onam,
Menam yuragimni ochaqolmayman
Men sizdan ham bechora......
Bechora bolam....

21.08.05

NIMA QILAY?

Nima qilay? Unutolmayman,
Xayolimdan ketmaysan sira.
Hamma narsa seni eslatar,
Go‘yo borliq sendan xotira.

Nima qilay? Unutolmayman,
Imkon bermas xatto uyqular,
Qulog‘imda jaranglar hamon,
Men yig‘lasam o‘sha kulgular.

Nima qilay? Unutolmayman,
Izlaring bor, yursam yo‘limda.
O‘qiy-o‘qiy titilib ketdi,
Maktublaring mening qo‘limda.

Nima qilay? Unutolmayman,
Irodamdan qilaman nafrat.
Gunohim ko‘pmidi shunchalar,
Mahkummanmi, hijronga abad?

Nima qilay? Unutolmayman,
Yetolmayman manziling yiroq.
Taqdirga tan bera qolmayman,
Bu qanday kuch? Bilmayman biroq.

Nima qilay? Unutolmasam,
Hasratlarni qilolmasam bas.
Axir qanday unitib yashay,
Yoding bilan olaman nafas,
Yurak seni so‘rar xar nafas.

NECHUK

Seni jondan suyganim nechuk?
Suyib yana kuyganim nechuk?
Bunga ixlos qo‘yganim nechuk?
Seni jondan suyganim nechuk?

Ayro tushsa, taqdirda yo‘llar,
Tutashmasa sevgida dillar.
Qayda mexr? To‘qnashmas ko‘zlar,
Seni jondan suyganim nechuk?

Kun manosiz, tunlarim bedor,
Naf topolmam, na bir yupanch bor.
Tashvishlarim qilishsa bezor
Seni jondan suyganim nechuk?

Ishqim yursa, o‘zimdek g‘arib, 
Tosh ko‘ksingdan mexr axtarib.
Muruvvat xam tutilsa darig‘,
Seni jondan suyganim nechuk?
Ayro tushsa taqdirda yo‘llar.

14.08.03

SENI IZLAYMAN…

Kuzning mahzunli kunlari o`tdi,
Yo`qotdim men seni xazonlarida.
Shamollar uchirib olib ketdimi
Qo`zg`olib qolganda azonlarida?

Kuz seni axtarib o`tib ketibdi,
Daraxtlardan tillarang nishona oldim.
Qolib ketgan ko`saklardan birma-bir so`rab
Seni topaman deb sovqotib qoldim.

Faqat va faqat seni izlabman,
Uxlab qolgan novdalardan uyg`otib so`rab.
Hech sezmay qolibman, sezmay qolibman,
Atrofni qish sovug`i olibdi o`rab.

Biz o`tirgan o`rindiqqa xiyobondagi,
Borib seni kutdim juda uzoq vaqt.
Unutmaymiz hech qachon deya o`shanda,
Yozgandik suyanchiqqa kichikkina xat.

Yozuvlarni silasam titraydi qo`lim,
Ahyonda tushmay qolgan barglar misol.
Endi unitishning topmayman yo`lin,
Shivirlayman sukunat so`raganday hol.

Yuqoriga qarashni yoqtirardik biz,
Osmonga tikilaman ko`rinmas oftob.
U bulutlar ortiga bekinmas bejiz
Boshim uzra qarg`alar qilmoqda xitob.

Yana yog`ayapti yomg`ir shavalab,
Yuzimdagi yoshlarni yuvaman deya.
Seni izlab yuraman sohil yoqalab,
Mendaku orom yo`q hamrohim soya.

Sen kuzni sevarding bilmadim nega,
Ko`rimsiz qolsa ham hatto tabiat.
Zavq olarding kengliklardan, paxtazorlardan,
Kuzatarding barg to`ksa oddiy bir daraxt.

Ba`zan to`kilgan barglarni olib,
Derding: "Mana shunday uzilib ketsam",
Xazonlarni tepkilab o`tib ketasan,
Qaysi barg bilmaysan mening yuragim".

So`zlaringni eslasam dilim og`riydi,
Shaksiz ko`zimdan yosh tomchilaydi.
Janub deb saf tortgan yuzlab turnalar,
Qaytganda daraging olib kelsaydi.

Qarshimda shovullar betinim dengiz,
Nazdimda ummonga cho`kyapti quyosh.
Kuzdan uni so`rab yolvormayman hech
Tongda qoyalardan ko`taradi bosh.
men buni bilaman,
faqat va faqat seni izlayman…..

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.