background
logotype

Sherzod Rustamov

Sherzod Rustamov 1986-yilda Samarqand viloyati Payariq tumanidagi Qo’shtegirmon  qishlog’ida tug’ilgan. 2004-yil shu yerdagi umumiy o’rta ta’lim maktabini tamomlagan. 2005-2009 yillarda O’zDJTU da tahsil olgan. 

 

SHUKRONA
  
Tunlar osoyishta olarman rohat, 
Tong chog’i uyg’onsam tanimdir sihat, 
Shukrona qilmog’im lozimdir behad, 
Baxtli hayot bergan Parvardigorga. 
  
Tushkunlik joy olsa dilimdan nogoh, 
Yaxshilar yetaklab ko’rsatadur roh, 
Ming shukr dilim qon bo’lgan o’shal chog’, 
Ulkan najot bergan Parvardigorga. 
  
Dunyo ekan dilni o’rtaguvchi sir, 
Iqbolga yetish bor qilinsa sabr, 
Shukrona qilmasam gunoh-ku axir, 
Menga sabot bergan Parvardigorga. 
  
Ikki qanotim bor ucharman baland, 
Onam alla aytgan, otam aytgan pand, 
Behad shukr bo’lsin va behisob hamd, 
Shunday qanot bergan Parvardugorga!

 

BAXT

Sen menga begona eding u zamon.
Taqdir ikkimizni uchratguncha to.
Men seni ko’rdimu so’ngra o’shal on
Seni sevishdayin baxt berdi Xudo.
 
Yurak sevaverdi toqat-la beun
Goh to’ldi shodlikka, goh darddan kuydi.
Garchi huzuringda tursamda bugun,
Seni sog’inishday baxt berib qo’ydi.
 
Hayot charxpalagi tinmay aylanar,
Qismatga bitilgan ish bo’lar ekan,
Vaslingga yetmoqlik armon bo’lsa gar
Seni unutishday baxt berarmikan?!


SEVGI ARMONI

Ko’rganimda, sevgilim, sizni
Hayajondan titrardi lablar.
Aytar edim: hech qachon bizni,
Ayirolmas g’iybati gaplar.
 
Yulduzlarga tikilib har kun,
Surar edik shirin xayollar,
Bog’da bizni kutib sokin tun,
Kuzatardi tonggi shamollar.
 
Mayingina sochingiz silab,
Sevishimni takror aytardim.
So’ngra sizga cheksiz baxt tilab,
Uyim tomon asta qaytardim.
 
Istamasdik also hijronni,
Sevgimizga so’rardik panoh.
Qoplagandek bulut osmonni,
Ishq qasrimiz nuradi nogoh.
 
Ig’vo qildi g’anim, otdi tosh,
Bizlar esa paymonni buzdik.
Sinovlarga berolmasdan dosh,
Visoldan ham umidni uzdik.
 
Qaramasdan qo’ydim men zinhor,
Siz ham boqmay qo’ygandingiz hech.
Aybimizga bo’lganda iqror,
Uzr uchun juda edi kech.
 
Ikki yurak yig’ladi zor-zor,
Ikki juft ko’z bo’ldi shunda nam .
Sizsiz juda qiynaldim, dildor,
Qiynaldingiz meningsiz siz ham.
 
Dilda sevgi kuylari tindi,
Cho’kdi g’am ishq koshonamizga.
Yig’lamoqdan foyda yo’q endi,
Shu yozilgan peshonamizga.
 

TUYG’ULARIMIZ

Dilda garchi ishq otli ziyo,
Visol bo’ldi sarobu ro’yo.
O’tib ketdi birzumda. Go’yo-
Shamol bo’ldi tuyg’ularimiz.
 
Endi o’ylar umidlar turli,
Sen-la edi hayotim nurli,
Nahot endi shirin va sirli
Xayol bo’ldi tuyg’ularimiz
 
Ko’zim berdi ayriliqqa dosh,
Lek dilimdan oqayotir yosh.
Qay devorga urmoq kerak bosh???
Savol bo’ldi tuyg’ularimiz.
 
To’qib turli bahona, ertak
Qilarmishman men seni ermak,
Tosh otildi- kimgadir ,demak,
Malol bo’ldi tuyg’ularimiz.
 
Shirin orzu qilib tolmadik,
Hajrni hech esga olmadik,
Afsus, uni saqlab qolmadik,
Uvol bo’ldi tuyg’ularimiz.
 

ALAM QILADI

Nechun dunyo yaralgan bir kam?
Yuragimni armon tiladi.
Visolingga, ey go’zal erkam,
Yetmaganim alam qiladi.
 
Sho’ng’ib xayollarning qa’riga,
Ko’nar edim sharting bariga,
Qo’ling tutmoqlikdan nariga,
O’tmaganim alam qiladi.
 
Sevgi, axir, visol demakdir,
O’rtamizda bo’lsin,- deya,- sir,
Lablaringdan to’yib-to’yib bir,
O’pmaganim alam qiladi.
 

UNUTMADIM SEN QIZNI

O’sha yo’lg’on va’dalar,
Qildi meni adolar,
Senday qizlar, bilib qo’y,
Bevafo deb atalar
Yolg’on so’zlarding doim,
Yolg’on kulib turarding,
Sen meni sevmagansan
Faqat yaxshi ko’rarding.
 
Ketsa ham ko’p yil o’tib,
Bo’lmaydi hech unutib, 
Hamon o’zni aldayman,
Armonli she’rlar bitib,
Yuragimni kuydirib
Soching mayda o’rarding,
Sen meni sevmagansan,
Faqat, yaxshi ko’rarding.
 
Dilginamni lol qilib,
Olganding es-hushimni,
Endi yolg’iz qoldirib 
Orttirding tashvishimni,
Oromimni o’g’irlab 
Tushlarimga kirarding
Sen meni sevmagansan
Faqat, yaxshi ko’rarding.
 
Unutmadim sen qizni,
Yonginamda bordaysan.
Sen “ hali ham men sizni-
Sevaman” deb aldaysan.
Sevganingda onamga 
Erka kelin bo’larding.
Sen meni sevmagansan
Faqat, yaxshi ko’rarding.
 
Yuragimni bu qismat 
Aylantirdi muzlarga 
Netay hecham erimas
Endi o’zga qizlarga.
Hamon seni sog’inib ,
She’rlar bitib turaman.
Lek men ham sevmayapman
Faqat, yaxshi ko’raman.


HASRAT

Bir kam dunyo, kaming ko’p,
Sinovga boy daming ko’p
Nechun buncha g’aming ko’p?
Ularni ko’tarmoqqa 
Bir bosh kamlik qilyapti.
 
Mingta sinov yo’limda,
Goh chiqar g’ov yo’limda,
Hasratim ko’p dilimda,
Ishonib dil yormoqqa 
Sirdosh kamlik qilyapti.
 
Ayon, meni kutar baxt,
Yetmoqlikka etdim axd
Goh tashvishdan so’nar shaxd,
Netay, chidab bermoqqa 
Bardosh kamlik qilyapti.


* * * 

Yo’limni yo’qotib, yo’l izlab qoldim,
Bir najot beruvchi qo’l izlab qoldim,
Taqdirning toshlari boshimga tushgan-
Alamli kunlarda yolg’izlab qoldim.
 
Qalbimda iztirob, chehramda xanda,
Tushunib bo’lmas bir og’riq bor tanda,
Yaqinlar yo’qlovi bo’lmoqda kanda,
Alamli kunlarda yolg’izlab qoldim.
 
Baxt yo’lin hamisha bir g’ovi bo’lgan,
Iqbolga yetishning to’lovi bo’lgan,
Aslida, Allohning sinovi bo’lgan,
Alamli kunlarda yolg’izlab qoldim.


TILAK

O’z qo’lingda bugun o’z erking,
Musaffodir, Vatanim, ko’king,
Yashnatadi dillarni ko’rking,
Tarovating manguga bo’lsin!
 
Yetmish yil sen chekding dard-alam
Keldi senga g’am ustiga g’am,
Bugun esa har kuning bayram,
Halovating manguga bo’lsin!
 
Osmoning tinch, sokindir tuning,
Shodliklarga to’lgan har kuning,
Qo’lingdadir erkingu dining
Ibodating manguga bo’lsin!
 
O’zingniki sultoning, taxting,
Lol qoldirar olamni shahding,
Tinchliging bu eng oily baxting,
Saodating manguga bo’lsin!
 
Muhtoj bo’lsa biror qardoshing ,
Qo’l cho’zadi darhol Yurtboshing,
Bo’lib yeysab nochor-la oshing,
Sahovating manguga bo’lsin!


QISHLOG’IM BAHORI

Bog’larida bodom gullaydi,
Maysalari ko’taradi bosh.
Dehqonlari bir zum tinmaydi,
Nurin sochib boshlagach quyosh.
 
Nihol yana bo’yin cho’zadi,
Daraxt yana chiqarar kurtak.
Osmonida bulut suzadi,
Atrof go’zal go’yoki ertak.
 
Go’zal qizlar  yurar sevinib,
Tol bargidan yasab uzun soch.
Qishlog’imga sevinch ilinib 
Uchib kelar yana qaldirg’och.
 
Ariqlari suvga to’ladi,
Bosh ko’tarar yana yalpizlar.
Yana hamma o’ynab kuladi,
Barno yigit va lobar qizlar.
 
Tandirlari to’la ko’ksomsa,
Qozonlarda qaynar sumalak.
Yomg’ir agar bir tomchi tomsa,
Bezak berar ko’kka kamalak.
 
Shunday qilin mening yurtimda,
Bahor o’tar juda o’zgacha ,
Also o’tib ketmas bir zumda,
Davom etar hatto kuzgacha.
 
Ahil yurtdan bahor ketmaydi,
Hatto, uzoqlashmaydi zinhor.
Abad bizni u tark etmaydi.
Qishlog’imning har fasli bahor!


* * *

Kel dunyoning g'amlarin unut
Baxt quyoshing to'smasin bulut,
Saqlamasdan qarshimda sukut
Bir ayt meni sog'inganingni.

Visolingiz etsin deb nasib,
Dil chigilim tashlagin yozib.
Va bag'ringga turgancha bosib,
Bir ayt meni sog'inganingni.

Hayajondan qizarsa yuzlar,
Bir-biriga to'ymasa ko'zlar,
Izlamasdan chiroyli so'zlar,
Bir ayt meni sog'inganingni.

Shunda baxtni yetay men anglab,
Ololmasdan hushimni o'nglab ,
Mast bo'layin shu so'zni tinglab,
Bir ayt meni sog'inganingni.

Men- umringning bahor, yoziman,
Muhabbatning dardli soziman,
Sevishingni aytma roziman.
Bir ayt meni sog'inganingni!!!

 

TO'RTLIKLAR

Biling bamisli binafsha bog'imda bitta borimsiz
Baxtimning belgisi bo'lgan beqiyosim, bahorimsiz,
Benihoya baxtiyor bo'lgayman birga bo'lolsak biz
Borliqda bittayu bitta bilganim beqarorimsiz.

* * *

Umr go'yo jo'shqin suvdayin
tinim bilmay oqib bhorarkan,
Orzularing o'skani sayin,
Tashvishlaring ortib borarkan.

* * *

Belimdan kuch ketib bukilganda ham,
Payt kelib tishlarim to'kilganda ham,
Yumilar chog'ida hatto ko'zlarim,
Sizlarni eslayman, aziz do'stlarim!

* * *

Yana shamol turdi, yana keldi kuz.
Yana to'kiladi daraxt barglari,
Yana bir yosh sari qadam qo'ydik biz,
Yana yaqinlashdik qaro yer sari.


SHU QIZ

Bir go'zalni ko'rardim yaxshi,
Juda go'zal kulardi shu qiz.
Bilmaslikka olsa ham garchi,
Buni yaxshi bilardi shu qiz.

Yurar edi oy kabi to'lib,
Shaydo bo'lgan yurakni tilib.
Sevasanmi?,- desam gar kulib,
Lablarini burardi shu qiz.


Sizga sodiq yor bo'lgum derdi,
Sizsiz, axir, men o'lgum derdi,
Eh, otasi majburlab berdi,
Meni yaxshi ko'rardi shu qiz.


KETIB QOLAMAMAN

                "Ketaman men xafalar qilsang"
                                  Bobur BOBOMUROD                                

Kuydiray deb pardoz aylasang,
Husning ko'rib o'yga tolaman.
Aytib qo'yay, ko'p noz aylasang,
Olislarga ketib qolaman.

Jazolamoq emas maqsadim,
Bir sen uchun sevgim asradim,
Kotarolmay dardu hasratim,
Olislarga ketib qolaman.

Tushinmading zinhor dardimni,
Yo sinading mening sabrimni,
Bir o'tkazay deya qadrimni,
Olislarga ketib qolaman.

Barham berib xayollarimga,
Va javobsiz savollarimga,
Sen qolarsan uvollarimga,
Olislarga ketib qolaman

Chidayolmay bunday xo'rlikka,
Qo'ymasang gar nuqta o'rlikka,
La'nat o'qib sevgi sho'rlikka,
Olislarga ketib qolaman

UMIDVOR KO'NGIL

Sevgi dilga dard berdi ko'p yil
Lek sevgidan bezganimcha yo'q
Sendan hamon umidvor ko'ngil
Sendan ko'ngil uzganimcha yo'q.

Bir-biriga intizor dillar
Boray desam ayrodir yo'llar
Yelday o'tib bormoqda yillar
Sendan ko'ngil uzganimcha yo'q.

Sevdim,sevgi bog'larin kezdim
Hatto, dilga surating chizdim
Goh yashashdan umidim uzdim
Sendan ko'ngil uzganimcha yo'q.

Dilim vayron, xayol parishon
Chin sevgidan shu erur nishon
Seni hamon sevaman,ishon
Sendan ko'ngil uzganimcha yo'q.


XAYRLASHUV

Ne ham derdim, o'zga yorni kutar bo'lsang
Biz g'aribni bahrimizdan o'tar bo'lsang
Baxtiyorman,agar baxtga yetar bo'lsang
Yuragimni qaytarib ber ketar bo'lsang!

Senu mening tinchimizni buzib yurgan
Ayriliqni ko'p oldindan sezib yurgan
O'sha-o'zing rahm qilmay ezib yurgan-
Yuragimni qaytarib ber ketar bo'lsang

Ko'zda yoshu, dod solishga yo'q ovozim,
Yig'layotir ko'ngildagi dardli sozim
Senga so'nggi o'tinch, so'nggi iltimosim-
Yuragimni qaytarib ber ketar bo'lsang.

Baxt bezasin endi yurar izlaringni,
Chidaymizda sog'ingandi yuzlaringni,
Xayolimdan olib ketu ko'zlaringni,
Yuragimni qaytarib ber, ketar bo'lsang. 


QO'LIM YETMAYDI

Meni qiynayotir ishq degan tuyg'u,
Kechalar ko'zimga kelmaydi uyqu,
Bilmadim,taqdirmi yo sinovmi bu,
Sen tomon uzatsam qo'lim yetmaydi.

Xayolim bilmaydi chegarayu chek,
Goh ko'kda uchaman kapalaklardek,
Goho gul teraman senga deya, lek,
Sen mendan yiroqsan gulim yetmaydi.

Yo'q... Yiroq emassan, yuraging yiroq,
Sevgingiz chinmi deb aylarsan so'roq,
Isbot deb jonimni berardim,biroq,
Sevgim isbotiga o'lim yetmaydi.

Sen tomon uzatsam, qo'lim yetmaydi...

IZHOR

                        D.ga
Dilda nelar berayotir yuz,
Ko’kdan yulduz tera boshladim.
Seni o’ylab kechayu kunduz,
Seni tushda ko’ra boshladim.

Xayolimdan ketmaysan bir on,
O’ylarimni olgansan chulg’ab.
Seni sevib qolganim pinhon,
Olmayapsan, nahotkim ilg’ab?!

Yuragida ish ochgan ildiz,
Men bir oshiq, devona, g’arib.
Yashayapman aytgan har og’iz,
Gaplaringdan mehr axtarib.

Muhabbat- bu ilohiy tiyg’u,
Telbalik deb atash kerakmas.
Sen-la bo’lsam menda yo’q qayg’u,
Sensiz menga yashash- kerakmas!!!


KUTISH

                    D.ga
Aylading bir so’zga intizor,
Nahot aytmoq shunchalar dushvor,
Ko’nglim uchun bo’lsa ham bir bor,
“Sizni yaxshi ko’raman”- deb qo’y!

Shu gapingni aytganing ondan,
Shod bo’lgancha kechardim jondan,
Chindan emas mayli yolg’ondan.
“Sizni yaxshi ko’raman”- deb qo’y!

Ko’rsang menga shu gapni ravo,
Dil dardimga bo’larding davo,
Sendan nima ketdi, Dilrabo,
“Sizni yaxshi ko’raman”- deb qo’y!

Aslida-ku sevasan rostdan,
Yuragingda pinhon tutmasdan,
Kutdirmasdan, uzoq kutmasdan,
“Sizni yaxshi ko’raman”- deb qo’y!


ORZU

Sirdoshing-ko'kdagi yulduz bilmagan,
Qalbing sirlarini men bilsam edi,
Kongil hislarimdan ogoh bo'lmagan,
Ko'zingga bir to'yib termulsam edi.
 
Goh yolg'on goho rost tabassum aylab,
Meni rishtalarsiz qo'yolgan boylab,
Asrori dilingni yurgan avaylab ,
Ko'zinga bir to'yib termulsam edi.
 
Yonimda bo'lsang har shomu saharda,
Bor bo'lsa o'rtada mehrdan parda,
Yana yuz yil yashab, so'ng jon berarda,
Ko'zingga bir to'yib termulsam edi.
 
Bepoyon ko'klarga qarab tolmagan,
Shu ko'z ardog'ida men bo'lsam edi.
Meni sog'inmagan, sog'inolmagan-
Ko'zingga bir to'yib termulsam edi!!!


ILK SEVGI

Bolaligim o'tdi baxtiyor,
Ulg'ayganim qolibman sezmay.
(O'rtamizda yo'q edi devor)
Qo'shni uydan ko'zimni uzmay.

O'yinchoqlar bo'lgandi unut,
Dilda o'zga hislar yashardi.
Xayolimda bir Institut,
Va...
       ba'zibir qizlar yashardi.

Bola edim shoirtabiat,
Dilda zarra g'ubor yo'q edi.
Qo'shni qizcha yoqardi behad,
O'rtamizda devor yo'q edi.

Uydan chiqish vaqtini poylab,
So'ng maktabga birga ketardim.
Do'stlarimdan ajrab ataylab,
Darsdan keyin yana kutardim.

Yana birga qaytardik.Men jim.
Uyga yetar u mendan avval.
Sevgidan so'z kelardi ochgim,
Dugonasi berardi halal.

Har gal shunday juftlardim og'iz,
Ortidan payt poylab yurardim.
Uni sira qo'ymagan yolg'iz,
Dugonasin yomon ko'rardim.

Qancha yillar yurdik shu zayl-
Dillar yaqin, o'zimiz yiroq.
Ulg'ayardik kun o'tgan sayin,
Va chalindi so'nggi qo'ng'iroq.

To'y bo'lmasin bunda men qolib,-
Deb eng yaqin dugonasiga.
Jo'natim so'ng hujjatlar olib,
Oltin davr ostonasiga.

Ro'yob bo'ldi ulkan orzular,
Menga ochdi quchog'in Poytaxt.
Boshlangandi baxtiyor kunlar.
Talabalik.Oh qandayin baxt!

Tuzar edim turli rejalar,
Lek ular ham o'zimday sodda.
O'y surardim goho kechalar,
Hamon o'sha qo'shni qiz yodda.

O'n sakkiz yosh-muhabbat fasli.
Sevgi o'shal chog' unar ekan.
Bilmas edim o'shanda asli,
U ham meni sog'inar ekan.

Bo'y qizi bor eshikka odat-
Sovchilarga ochilmoqlik lang.
Bir lahza ham bermasdan rohat
Ko'ndiribdi otasin.Attang!!!

Sovchilarin yuborgan tinmay,
Shu yigitga zo'rg'a ko'nibdi.
Men asragan hech kimga bermay,
Ilk sevgimnijng guli sinibdi.

Ayon edi Xudoga yolg'iz.
Bor dardimni ichga yutgandim.
Tushlarimda yig'lar qo'shni qiz:
O'shanda...
               men sizni...
                           kutgandim...

XULOSA
                                    Do'stim Shuhratga     
Orzu yangi,mashaqqatb qadim,
Bilmam omad qachon kularkan?!
Baxt qushini quvib charchadim,
Tutmoq rosa qiyin bo'larkan.

Hayot yo'li emas hech ravon,
Dushvor ekan yurmoqlik omon,
Baxtga qadar ming bitta dovon,
O'tmoq rosa qiyin bo'larkan.

Nimalarni istamas ko'ngil,
Bu dunyoi ishqda mast ko'ngil,
Orzu qilmoq ekan ko'p yengil,
Yetmoq rosa qiyin bo'larkan.

Kim talpinib ko'kdagi oyga,
Qorisharkan va lekin loyga,
Hayot esa tinimsiz poyga,
Yutmoq rosa qiyin bo'larkan.

Rahm etmasa bu dunyoi dun,
Bo'lar ekan ba'zan yurak xun,
Qachon kelar men istagan kun?!
Kutmoq rosa qiyin bo'larkan...

***

Haq bermoq istasa yo’q,- derlar,- kechi,
Bardosh kerak faqat ul kunga qadar.
Qorong’u bo’larkan oyning o’n beshi,
Ko‘kdagi hilol ham to‘lgunga qadar.

G‘anim kelsa gar sen kutmagan yondan,
Alamlar o’tarkan bu shirin jondan.
Yurmoq kerak ekan turli to’fondan,
Saodat yellari yelgunga qadar.

Goh chiqar qarshingdan shundayin kimsa,
Maqsadi: bir bora yo’lingdan ursa.
Parvolar qilmadim undaylar “hursa”,
It itlik qilar,-deb,- o’lgunga qadar.

G‘animlar ortimdan otar tosh qancha?
Chidab berar ekan bunga dosah qancha?!
Bilmam ko’zlarimdan oqar yosh qancha,
Bag’ritosh omadim kulgunga qadar?!

***

„Seni tushlarimda hamon ko’raman…“
                     Xayrulla NURIDDINOV

Bizga rahm qilmadi firoq,
Oramiz ham endi ko'p yiroq.
Balki meni unutding, biroq,
Tushlarimga hamon kirasan!

Dilsiz yoki bevafolardek,
Barchasiga qo'yib ketding chek.
Sen o'zgani yor aylading, lek,
Tushlarimga hamon kirasan!

Majnunday dil sahrosin kezib,
Yashayapman yashashdan bezib.
Nega mudom bag'rimni ezib,
Tushlarimga hamon kirasan?!

Ishq sharobi totlimas talxdir.
Unut,- deysan,- bu ham bir taqdir.
Qanday seni unutay, axir,
Tushlarimga hamon kirasan???

***

Yuragimda bitmas jarohat,
Tunlar ingrab og'rinayapman.
Hajringizga qilolmay toqat,
Sizni juda sog'inayapman.

Ko'paymoqda qalbimda dardlar,
Yozsam yonar harqanday daftar,
Bugun men yosh boladan battar,
Sizni juda sog'inayapman.

"Bas" dedingiz va bas qildingiz.
Ayting, nedan araz qildingiz???
Unutolmay shodon kulgingiz,
Sizni juda sog'inayapman.

Mendan emas mehrdan tonmang.
Mayli siz ishq o'tida yonmang.
Xoh ishoning, xoh siz ishonmang...
Sizni juda sog'inayapman !!!

***

Muncha qiyin sizni unutmoq,
Tushlarimga hamon kirasiz!
Sevganingiz boshqadir bu chog',
Meni endi yomon ko'rasiz!

Unutgansiz. Hatto ehtimol,
Eslamassiz boshqa hech qaytib.
Yo boshlarmi ba'zida xayol,
Men tomonga bir lahza ayting???

Talabalik suratlarimiz,
Yodingizga meni solarmi?
Bahor chog'i ko'kargan yalpiz
Eslatarmi ilk bo'salarni?..

...Unutmadim menchi hech birin,
Eslayman goh ko'zda yosh oqib.
Faqat, jonim, meni kechiring,
Suratingiz yubordim yoqib...

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.