background
logotype

Vahobjon Rahimov

Vahobjon Rahimov 1987-yili Xorazm viloyatining Urganch shahrida tug`ilgan. 2004-yil Urganchdagi Nizomiy nomli 1-sonli maktabni, 2007-yil Akademik litseyni va 2011-yil Toshkent shahridagi Nizomiy nomidagi Pedagogika universitetini tamomlagan. She`rlari viloyat va resublika gazetalarida hamda “Yaproq yozdi binafsha”  almanaxida chop etilgan. 
 
 
***

Yo`lingizda sargardon bu
Oyoqlarim qonadi
Yuragimni tirnayverib
Tirnoqlarim qonadi
Ismingizni aytaverib
Dudoqlarim qonadi
Ehtimol, mening qismatim 
Alamlargamu tortiq
Yirtiq bo`lsa - to`nim yirtiq
Ko`nglim podshodan ortiq
 
Mendan bo`sa olar har kun
Ilojsizlikning labi
Ko`zlarim ham qurib borar
Orol dengizi kabi
Sizga bo`lgan muhabbatim
Matonatning maktabi
Chekinishdan Nadomatga
Qo`lbola ko`nglim tortiq
Yirtiq bo`lsa - to`nim yirtiq
Ko`nglim podshodan ortiq
 
Qisqa umr, Qora Qismat
Qalb qo`rimda piqillar
Qachon qaramang mendan
Qaygu kular, qiqirlar
Shul sababdan majruh tilim
Hamma yoqda “q” , “q” lar
Bahorimning yaproqlari
Yoz qolib kuzga tortiq
Yirtiq bo`lsa - to`nim yirtiq
Ko`nglim podshodan ortiq
 
“Meni yo`qotgansan” demang
Buni inkor qilaman
Lablarimda yig`laymanu
Ko`zlarimda kulaman
O`ttizinchi fevral kuni
Siz qaytasiz, bilaman
Bilganlarim hali-hanuz
Bilmaganimga tortiq
Yirtiq bo`lsa - to`nim yirtiq
Ko`nglim podshodan ortiq
 
Kecha hayot, erta o`lim
Bugun tayyorgarlikmi
Peshonamga yopishtirdim
“Tarki…”  degan yorliqni
Kecha Ertani kutib
Endi intizorlikmi?
Intizor ko`zlarimga
Shashqator yoshim tortiq
Yirtiq bo`lsa - to`nim yirtiq
Ko`nglim podshodan ortiq
 
Yoningizda erkinlikdan
Hijolatligim ko`proq
Men bir yotman. Bog`ingizga
Shamol keltirgan yaproq
Siz itqitgan Vaxobjonni
Bag`riga olar tuproq
Men ketyapman. To`nim yirtiq.
U yoq abadiy hordiq
Ko`nglim podshodan afzal
O`lim ko`ngilimdan ortiq
 

***

Shahringizda begonaman
Qishlog`imga qaytgim keldi
Oydan Yerga tushar chog`im
Tilimdagin aytgim keldi
 
Ortimda Tamom yig`laydi
Oldimda Salom yig`laydi
O`ngimda Janon yig`laydi
So`limdagin aytgim keldi
 
Ey siz, gungim, ko`rim, karim
Sizda hamma narsa yarim
Unutaman endi barin
Qo`limdagin aytgim keldi
 
Poyingizni boshlar bosdi
Bag`ringizni toshlar bosdi
Ko`zlarimni yoshlar bosdi
Yo`limdagin aytgim keldi
 
Ketay endi ko`ngli tog`im
Kutib qoldi tul qishlog`im
“Salom” deyman ketar chog`im
Dilimdagin aytgim keldi…
 
Ketmay turib qaytgim keldi…
 

***

Baxtni nedan yasamoq mumkin
Asfalt, beton yoki temirdan
Kimlar uchun esa baht topish - 
Sug`urgandek qilni hamirdan
 
Maysalarni kuldirib turib
So`ng qoshida yig`lasang yomon
Doshqozondek katta ko`ngilga 
Birgina baht sig`masa yomon
 
Ohlarimdan Jabroilingni
Quloqlari bitib ketdimi
Menga soyang tushadigan payt
Yaqinmi yo o`tib ketdimi
 
Ko`nglimga qo`l solmoqchi edim
Chok - chokidan sitilib ketdi
So`rayverib bandasidan baht
Tizzalarim titilib ketdi
 
Titilgani tizzam ekanku
Nega buncha fig`onu nola
Sen sezmagan bahtim, hayotim
Endi o`sha qizga havola
 
Nazarimda, shu bugun keldi
Butun umr o`ylaydigan payt
Sen bermagan bahtni, tol`eni
Bir qiz bera olarmikan, ayt!
 

***

Na uzoq turibsiz menga, na yaqin
Uzoq bilan yaqin orasidasiz
Dunyo bir ayvon-u hona degani
Ayvonida men-u, honasida siz
 
Yolg`iz yashayverib zerikib ketdim
Nega kirolmayman, nega chiqmaysiz
Ahir, sizsiz qanday yashay olaman
Ko`zimga nurdaysiz, qorachiqdaysiz
 
…Birgina zamindan qochmoqchi edim
Quyosh, yulduz, oyga yaqinlashibman
Sizga uzoq joydan uzoqlashgandim
Sizga yaqin joyga yaqinlashibman…
 

***

Bola edim. Ko`ngil toza paytlar edi…
Otam doim bitta gapni aytar edi…
“Yaxshilardan yamonlik chiqmaydi, bolam, 
Yaxshi bo`lsang, yaxshilik ham qaytar” - derdi
Bola edim. Ko`ngil toza paytlar edi…
Otam meni osongina aldar edi…
 
Yillar o`tdi. Soy oldinga oqmay qo`ydi
Zamon kimga boqdi, kimga boqmay qo`ydi
Yaxshiliklar qilib qancha pandlar yedim
Shundan beri nasixatlar yoqmay qo`ydi
Endi otam ham “yaxshilik qil” demaydi
Biladi-da, bolasini aldamaydi…
 

***

Men dunyodan nim tabassum so`ragandim
Ho`ngir-ho`ngir yig`i berdi dardga o`rab
Ho`ngir-ho`ngir yig`lab taqdir ko`chasida
Haligacha o`ltiribman kulgu so`rab…
 
Men dunyodan yarim umid so`ragandim
Umidlarim ketdi jonim to`g`rab-to`g`rab
Tushkunlikning eng tubiga tushib olib
Haligacha o`ltiribman umid so`rab…
 
Men dunyodan bir yaqin do`st so`ragandim
Tushlarimda so`rab chiqdim alahsirab
Uch yuz oltmish besh dushmanning orasida
Haligacha o`ltiribman chin do`st so`rab…
 
Men dunyodan bir qultum suv so`ragandim
Olmoqchiydim tomog`imni bir pas ho`llab
Oqib turgan Amudaryo sohilida 
Haligacha o`ltiribman tomchi so`rab…
 
Men dunyodan nimanidir so`ragandim…
 

***

Bo`ldi, Ona! Aytib qo`ying odamlarga
Tamorqamni payhon qilib yurmasinlar
Orzulardan bo`lak mol-u dunyoyim yo`q
Dunyo so`rab ostonamda turmasinlar
 
Aybim nima? Haqiqatni aytdim holos
Haqiqatni aytish menga Haqdan meros
Nima bo`lgan bo`lsa barin menga ro`y-rost
Gapirtirib so`ng  og`zimga urmasinlar
 
Dildan bo`lak yot do`stim yo`q, yot g`anim yo`q
Dilim sotdim, vijdonimni sotganim yo`q
Sharob ichib ko`chalarda yotganim yo`q
Barmoqlarin bigiz qilib kulmasinlar
 
Bu dunyoga mehmonmanku, bilishsin-da
Mehminligim hurmatini qilishsin-da
Yigirma besh yildan buyon qil ustinda
Turgan jonim nimta - nimta qilmasinlar
 
Bo`ldi, Ona! Aytib qo`ying odamlarga
Men ketaman…
So`ng ortimdan kulmasinlar…
 

***

Ichimda jang borar. Tuyg`u va aql
Tuyg`ular baribir yo`l berar ekan
Tag`in eskilardan qolgan bir naql:
Yurt sevgan yigitni - qiz sevar ekan
 
Bo`ldi. Endi shoir bo`laman, ona
Odamlar shoirga dil berar ekan
Yurtimning boshida bo`lay parvona
Yurt sevgan yigitni - qiz sevar ekan 
 
Ozgina ko`chirdim Iqbol Mirzodan
Chiroyli jumlalar ruh berar ekan
Maqtov ham eshitdim Yulduz, Zebodan
Yurt sevgan yigitni - qiz sevar ekan
 
Muhammad Yusufdan soddalik oldim
Soddalik qizlarga hush kelar ekan
Qayta va qaytalab jumlalar soldim 
Yurt sevgan yigitni - qiz sevar ekan
 
Eshqobil Shukurning falsafasini
Biroz o`zlashtirsang she`r “kelar” ekan
Yod qilib olgandim moziy sasini -  
Yurt sevgan yigitni - qiz sevar ekan
 
To`rt yonimga nazar tashlayman sekin
O`zim bilan o`zim kelisholmadim
Qizlar sevgisiga erishdim, lekin
Yurtning sevgisiga erisholmadim.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.