background
logotype

Anbar Otin (1870-1906)

Anbar Otin Farmonqul qizi (1870 — Qo‘qon — 1906) — o‘zbek shoirasi. Otasi Uvaysiyning jiyani. Onasi Ashurbibi oddiy kosib qizi. Anbar Otin Dilshod otin maktabida tahsil olgan. Anbar Otin she’rlar ijod qilish bilan birga mahallasidagi yosh qizlarga ta’lim va tarbiya bergani tufayli Otin nomiga ega bo‘ladi. 
Anbar Otin o‘zbek va tojik tillarida ijod qilgan. Ijodda ko‘proq Uvaysiyga ergashgan. Navoiyni birinchi ustoz hisoblagan. Zamondoshlari Muqimiy, Furqat, Zavqiylar bilan tanish bo‘lgan. She’rlarida ularga murojaat qilgan, ular bilan bahslashgan. O‘zbekcha she’rlari (48 ta)dan devon tuzgan. Undan 41 g‘azal, 4 muxammas, 1 qit’a, 1 masnaviy, 1 mustazod o‘rin olgan (1905). 70-yillarning boshida shoiraning 40 ga yaqin she’rdan iborat yana bir qo‘lyozma devoni, «Qarolar falsafasi» risolasi, 160 misralik «yakka bayt»lari topildi, tojikcha g‘azallaridan devon tuzish niyati bo‘lgan, ammo bor-yo‘qligi hozir noma’lum. 
Anbar Otin she’rlari aksariyat ijtimoiy mavzuda. Zamona adolatsizligidan, mehnatchi xalq og‘ir ahvolidan so‘z ochadi, ma’rifatni ulug‘laydi. «Qarolar falsafasi» asarida ayollarning og‘ir qismati haqida hikoya qilinadi. Anbar Otin asarlari qo‘lyozmasi O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanadi (inv. ? 1647).

Begali Qosimov

* * *

Ey go‘zal Farg‘ona, o‘zingni kel emdi, shod qil, 
Har g‘azalni boshida, sen, o‘z otingni yod qil, 
Qaydi bandni pora aylab, o‘zlugung ozod qil, 
Qayg‘ulik qunlarni kuydur, barchasin barbod qil, 
Emdi Turkistonda haqgo‘ylik ila faryod qil.

Bog‘laring pajmurda bo‘ldi zog‘larning poyidin,
Ko‘kraging sadpora bo‘ldi daydilarning yoyidin,
Katra-qatra qon tomodur o‘q teshkon joyidin,
Kip-qizil qonlar oqodur jabr ko‘rgon soyidin,
O’z qo‘ling birla bu yurtingni o‘zing obod qil.

* * *

Adab irfon ilmi ichradur sham’.

* * *

Ulg‘ayursan, sanda bor bo‘lsa adab, 
Ulg‘ayursan, sanga yer ulsa adab, 
Odam ersang, tashqi surata berma zeb, 
Ona yurtingni hamisha ayla zeb.

* * *

Odami aqlu nazokatda suluv, 
Bo‘lsa axloqi sadoqatda suluv.

* * *

Jahon ravshan ziyoyi ilmdandur, 
Ko‘ngil sofi safoyi ilmdandur.

* * *

Murodingni hayoting ichra axtar, 
Ki mavhum ilm ichinda bo‘lma axgar.

* * *

Dunyoni bilmakka idroking garov, 
Zehn quymoqqa dili poking garov. 
Yaxshi ish qilmoq uchun yo‘qsa o‘quv, 
Sanga lozimdur o‘quv birlan o‘quv.

* * *

Kasb etar ohista-ohista kishi fazlu hunar, 
Bog‘aro bulbul bolasi xushnavo kam-kam bo‘lur. 
Murg‘i vahshini qilolmas hech kim yakbora rom, 
Donayu domini qurding, mubtalo kam-kam bo‘lur.

* * *

Kimki ma’rifatni etsa e’zoz, 
Ani irfon etar, albatta, mumtoz.

* * *

Har kimki o‘zin uyladi, eldin xabari yo‘q, 
Ul ablahi bedin ila savdo qila ko‘rma.

* * *

O’z gunohingni so‘rab eldin o‘tin, 
Nafrat uti ichra bo‘lmasdin o‘tin.

* * *

Kimki el g‘amidadur suxansanj, 
Aning har so‘zi dunyoda ulug‘ ganj.

* * *

Odam ersang tashqi suratga berma zeb, 
Ona yurtingni hamisha ayla zeb.

* * *

Xirad elig‘a kuksin tutdi qog‘oz, 
Ham irfon ishqida qon yutdi qog‘oz.

* * *

Odam ersang ma’ni bil dona-dona, 
Vatan erur senga ikkinchi ona. 
So‘zlamasdin oldin so‘zingni sina, 
Har bir so‘zdir umring ichinda sina.

* * *

Foydasiz so‘zlamasa qaysi til, 
Ona til bo‘lg‘ay o‘sha til — ona til.

* * *

Tanga ozuqdur hamisha to‘g‘ri lafz, 
Millatu tilga xiyonat o‘g‘ri lafz.

* * *

Yaxshi odamlar ishidan ibrat ol, 
Ibratomuz xizmat aylab, izzat ol.

* * *

Chun qadam quyding bu yo‘lg‘a bo‘lma bematlab vale, 
Faxri zillat bo‘l, talashma g‘urbati mansab vale.

* * *

Qoshki, kulbam aro yakbora yorim kelsalar, 
Yo‘llarig‘a jon nisor aylay nigorim kelsalar.

* * *

G’arazgo‘y ag‘yorlar so‘zig‘a bovar qilmakim, 
Dilsiyohlik keltirur o‘rtada g‘ammoz ozgina.

* * *

Zulm bo‘lgon o‘lkada qolmaydi fayz, 
Tonggacha kun nuridin olmaydi fayz.

* * *

Jahongir qo‘shinlarga qo‘ysa otash, 
Aning boshig‘a bo‘lg‘usi balokash.

* * *
Kimekim mard erur insof lozim, 
Bilurg‘a so‘z durin sarrof lozim.

* * *

Mehnatu aqlu vujud ittifoq,
Odamiyda bo‘lsa gar yaxshi tilak
Xalq uchun tebratgusi doim bilak.

TARJIMAI HOL

Otam – Farmonquliyi Marg’iloniy,
Onam – Ashurbibiyi Qo’qoniy.
Alar belboqchi – bo’zchi erdi kasbi,
Hamisha makkayidin erdi noni.
Ki, “bo’zchi yolchimas belboqqa” doim,
Yana juft bo’lmas erdi choponi.
Bizoat bo’lmag’ach uy erdi notinch,
Sanab bo’lmas edi janjal soni.
Hayit kelsa hamisha g’avg’o bo’lg’ay
Ki, yo’qdur yangi engildin nishone,
Arafa- iydi qurbon kechasida,
Ota-onam qo’pordi g’alayone.
Namoz kuni ikkisi ayrilishdi,
Bir uycha-hovlicha sotdilar oni.
Man ham ikki ukam bila bizlar,
Onam birla bo’luvdik sarsoni.
Onam birla qolib biz ko’chalarda,
Otam ketdi ba shahri Marg’iloni.
Onam bir erga tegdi Beshqovoqqa,
Uni bor erdi chitgarlik do’koni.
Yana bog’I bor erdi bir tanobcha,
Ikki tanobcha yerda dehqoni.
Mani tarbiyat aylab, ham ukamni,
Hamisha berdi bizga bug’doy noni.
Onam ko’rdi yeti farzand andin,
Biri ko’rqori bo’ldi ko’zi oni.
Mani uyga chiqardilar shaharga,
Zohidxo’ja degan novvoy Qo’qoniy.
Ul niyz qashshoq edi avvalda o’zi,
Qari katta onosi-moli, joni.
Qiyinroq bo’ldi, novvoy o’zi tanho,
Kunimiz o’tdi andak: choyi, noniy. 
Mani farzandlarim to’rt bo’ldi-yu bas,
Mo’minxo’jam edi andak yomoni.
Bibixon – rohati, jonim anisim,
G’ariblik, dardmanlik darmoni.
Yetib qoldim, murabbim bo’ldi shu qiz,
Aning birla topib jonim omoni.
Usmonxo’jam-halimu qobilimdur,
O’qutdi ustod Xayrulloxoni.
Mani dardimga qo’shdi ming alamlar,
Vafoti etkan qizim Ominaxoni.
Shu dard birla ado bo’ldim, yoronlar,
Bu yosh bog’im bo’lib tezda xazoni.
Na rohat ko’rdimu, na orzuni
Ki, man yig’lab g’azal yozdim nihoniy.
Ayollar ishq so’zini demakdin,
G’azal yozmoqdin o’zi erdi foniy.
Sahhofga yolborib necha varaqni,
Kitob ichiga joylab qo’ydim oni.
Kimeki ko’rsa, yod etsa zora,
Yorug’lik bo’lsa ul dunyoyi soniy.


G'AZALLAR

Jahon-og’uga kelgan Anbar otinman,
G’amu qayg’uga kelgan Anbar otinman.

Yamon soatda keldim man jahonga,
Ini jodug’a kelgan Anbar otinman.

Adab ahli oyoq ostida xordur,
Chunin yog’dug’a kelgan Anbar otinman.


* * *

Ey do’st, jaholat ahlig’a oshno bo’la ko’rma,
To kelguncha baxtu saodat shaydo bo’la ko’rma

Har kimki o’zin o’yladi, eldin xabari yo’q,
Ul ablahi bedin ila savdo qila ko’rma.

Ilmeki adab, ishqu muhabbatga yiroqdur,
Bilgilki san ul ilmni also bila ko’rma.

Har kim amali el foydasig’a jori emasdur,
Oning yuzini umringda san bir yo’la ko’rma.

Har mug’bacha daf cholsa, ayo Anbari xushro’y,
To oshiq emas, ishqida bag’ring tila ko’rma.


ALIFBO

Alif
Odam ersang ma’ni bil dona-dona,
Vatan erur sanga ikkinchi ona.
So’zlamasdin oldin so’zingni sina,
Har bir so’zdur umring ichinda sina.

Be
Ulg’ayursan sanda bor o’lsa adab,
Ulg’ayursan sanga yor o’lsa adab.
Odam ersang, tashqi surat berma zeb,
Ona yurtingni hamisha ayla zeb.

Te
Bir ish qilki, el ichra bo’l bohurmat,
Ikki dunyo noming bo’lur boizzat.
Hayonsiz ersa ming jafo mashaqqat,
Ul ish deyilmagay el ichra mehnat.

Jim
Xarobat elda sultonlar olur boj,
Adolat ilkida yakson o’lur toj.
Kimki el g’amidadur suxansanj,
Aning har so’zi dunyoda ulug’ ganj.

Chim
Qayu sulton adolatga qo’yar sinch,
Qo’l ostida eli doim bo’lar tinch.

H-huttiy
Butun umrimda yer edim g’ami subh,
Dam oxirida keldi bu dami subh.
Umidim subhidamdin boshlanur sulh,
Diyorimg’a suyunib toshlanur sulh.

X
Falak kajravlig’idin shom erur talx,
G’amu qayg’u chekishdin kom erur talx.

D-dol
Basharni tarixi qonuni ajdod,
Aningdin ilm topg’usi har avlod.
Bu yo’qsul el hayoti garchi barbod,
Bo’lur avlodini ro’zg’ori obod.
Hayot tarixi elda nekiyu bad,
Na tavsif bildirur, na xatti abjad.

Z-zol
Manga xalq ro’zg’ori bo’ldi ustoz,
Na sifat kitobi van a taku toz.
Xirad elig’a ko’ksin tutdi qog’oz,
Ham irfon ishqida qon yutti qog’oz.

R –re
Kishi o’z taqdirig’a o’zi ma’mur,
Na ma’murlar yaratgan ro’zi ma’mur.
Murodingni hayoting ichra axtar,
Ki, mavhum ilm ichinda bo’lma axgar.
Mashaqqatsiz hunardin chiqmag’ay dur,
Hayonsiz ilm durridin ko’b erur dur.
Kimiki ko’bni rangin etdi za’far,
Ikki dunyoda bo’lmaydi muzaffar.
Ming yil armonu hasratda oqar Sir,
Muzaffar elga sirini ochar Sir.

Z-ze
Kimki ma’rifatni etsa e’zoz,
Ani irfon etar albatta mumtoz.
O’zingni elga xizmatkor etkil,
Ishing anjomig’a yetguncha yetkiz.

S-sin
Shahanshohi nomvar afzal bo’lmas,
Har adli ham zulmidin xoli bo’lmas.
Mani so’zimni tinglang, ayuhannos,
Kelur avlod davri o’ziga xos.
Azaldin adl ila zulm erdi nojins,
Zulmni pasha qildi, kimki nojins.
Bilingki, o’ziga qo’ymas bino kas,
Takabburlik o’tida kuydi nokas.

Sh-shin
Darig’okim, hamisha ko’nglim g’ash,
Charoki, ko’p xaloyiq ko’ngli g’ash.
Hukmron zulm tobora qilur ish,
O’zin jismiga ko’p yaro solur nish.
Jahongir qo’shnilariga qo’ysa otash,
Aning boshiga bo’lg’usi balokash.

S-sod
Biz adabda ko’rgumiz husni qasos,
Xush kunim deb o’tadur ahli asas.
Kim o’zin Namrudg’a aylar qiyos,
Ibrohimni qavmidin tortgay qasos.

Z-zod
Zulm bo’lgan o’lkada qolmaydi fayz,
Tonggacha kun nurini olmaydi fayz.
Mufti el boshig’a solg’ay yangi farz,
O’lmag’ay to bermaguncha elga qarz.

T-itqi
El g’amidin o’zgaroq o’lmas bu xat,
Shuncha qilsam bir yo’li bo’lmas g’alat.
Yo’llarimda jaru(ko’h), qiru qiyot,
Shul sabab yurganda qilgum ehtiyot.

Z-izg’i
Beqiroat so’zlamas ahli voiz,
Har nido qilganda tinglayman g’aliz.
Tanga o’ziqdir hamisha to’g’ri lafz,
Millatu tilga xiyonat o’g’ri lafz.

‘-ayn
Adab irfon ilmi ichradur sham’
Aql oyinasida chehradur sham’

G’-gayn
Bu vujud bir qo’lima berdi yarog’,
Bir qo’lim hodisadin tutdi charog’.
Ajnabiy xayliga yo’l bermadi tog’,
Uchsa ham qo’ng’ali tob etmadi zog’.

F-fe
Ma’rifat shoirini so’zi sadaf,
Harzago’y ahli uchun misli hazaf.
Madhdin voizi ming aylasa lof,
Dinu vajd orasida mingta xilof.

Q-qof
Mehnatu aqlu vujud ittifoq,
Shayxdin bu orag’a solma nifoq.
Garchi bu ahli vujud bo’yni siniq,
Chirkinat ta’siri yo’q, ko’ngli tiniq.
Shayxu pir ko’rsatadi yo’lu-yo’ruq,
Og’zida zikri xudo, o’ngli quruq.

K-kof
Odam ersang, ko’ngling etgil pok-pok,
Sandin etmasdin o’zini ulki pok.
Har nafas mazmun ila o’tsa kerak,
Gar hayot mazmunini bo’lsa yurak.
Odamiyda bo’lsa gar yaxshi tilak,
Xalq uchun tebratgusi doim bilak.

L-lom
Yaxshi odamlar ishidin ibrat ol,
Ibratomuz xizmat aylab, izzat ol.
Kimni ilgidan bor ersa himmati,
Rangu ro’yida ko’rung’ay rahmati.
Har g’azalda yangi mazmun ayla hal,
To qiyomat rangi o’chmas misli hal.
Foydasiz so’zlamasa qaysi til.
Ona til bo’lg’ay o’shal til, ona til.

M-mim
Bosh egib turg’ay hamisha harfi mim,
O’ylamang ta’zimda bor de zarbu bim.
Odamiylik xislatidur ham salom,
Ham bahoyim etmas odamdek kalom.

N-nun
Ona yer shaklidagi bu harfi nun,
Ko’ksida ravnaq topodur har funun.
Vaqti kelguncha takabbur osmon,
Sirni bermay tek tururmish olumon.
Zufununlik hullasi bila kiyin,
Elg’a hikmat sirini aytg’il keyin.
O’z gunohingni so’rab eldin o’tin,
Nafrat o’ti ichra bo’lmasdin o’tin.

V-vov
Odami ahli nazokatda suluv,
Bo’lsa axloqi sadoqatda suluv.
Dunyoni bilmakka idroking garov,
Zehn qo’ymoqg’a dili poking garov,
Yaxshi ish qilmoq uchun yo’qsa uquv,
Sanga lozimdur uquv birlan o’quv.
Boq hayoting lavhasiga, bo’lma quv,
Gar nishoni yaxshilik topilsa quv.

H-havvaz
Qachon yetkurgusi ul kunni Olloh,
Xotunlar xurram o’lsa chekmayin oh.
Qachon baxt o’lg’usi bizlara hamroh,
Ki, tokay band o’lurmiz hamchu gumroh.
Nechun iqbol bizdin muncha sarko’h,
Aning kuyida yermiz shuncha anduh.

I-yoy
Agar irfong’a vus’at bersa bori,
Funun zahmatg’a bergay erdi yori.
Xudo xotunni baxtin ochsa erdi,
Ki xovar o’z nurini sochsa erdi.
Bu Anbar ohini tingla Ilohi,
Zamona ahli ahvolim guvohi.
Chuqur mazmunda bu so’zlar tamomi,
Kelur davronga qoldi itmomi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.