background
logotype

Atoiy (XV asr)

Atoiy (15-asr, Balx) — shoir. Yassaviy avlodidan. Samarqand, Buxoro va Balxda yashagan. Turkiy, fors va arab adabiyotlarini chuqur o‘rgangan. Turkiy va fors tillarida ijod qilgan. Navoiy («Majolis un-nafois») Atoiy hayoti va ijodi haqida to‘xtalib, «Mavlono Atoiy Balxda bo‘lur erdi. Ismoil ota farzandlaridindur, darveshvash va xushxulq, munbasit (ochiq chehrali) kishi erdi. O‘z zamonida she’ri atrok (turkiy tilda so‘zlovchilar) orasida ko‘p shuhrat tutti. Bu matla’ aningdurkim:
Ul sanamkim suv yaqrsinda paritek o‘lturur, 
G‘oyati nozuklukindin suv bila yutsa bo‘lur.

...Mavlono ko‘p turkona (sodda, ravon) aytur erdi...», deydi. Navoiy «Nasoim ul-mahabba min shamoim ilfutuvva» («Muhabbat shabadalari») asarida Ismoil ota Ahmad Yassaviyning inisi Ibrohim otaning o‘g‘li ekanini aytadi. Atoiy devonining muqovasida va qo‘lyozmaning oxirida «Devoni Shayxzoda Atoyi» deb qayd etilishi ham Atoiyni shayxlar oilasidan kelib chiqan deyishga asos beradi. Navoiyning xabar berishicha, Atoiy Ulug‘bek saroyi shoirlari orasida ham bo‘lgan.
Atoiy g‘azalnavis — lirik shoirdir. Uning g‘azallarida muhabbat mavzui bilan bir qatorda may ham kuylanadi. Mayda hayot zavqi, uning barcha go‘zalliklari va lazzatlari vasf etiladi. May Atoiyda Umar Xayyom ruboiylari va Hofiz g‘azallaridagi kabi hayot timsolidir.
Atoiy lirikasida xalq iboralari, ta’birlar, maqol va matallar, ertak mavzulariga oid so‘zlar ko‘p. G‘azallarini asosan aruzning ramal bahrida yozgan; vazni yengil, misralari qisqa, so‘zlari oddiy, uslubi sodda va ravon. Shuning uchun ham uning she’rlari xalq qo‘shiqlariga aylanib ketgan. Atoiy tajohuli orifona, laf va nashr kabi tasvir vosita va usullari ham yaratgan. Shoir ijodi bizgacha to‘la yetib kelmagan. Devonining taxm. 16-asrda ko‘chirilgan, 260 g‘azalni o‘z ichiga olgan qo‘lyozma nusxasi Sankt-Peterburgda saqlanadi.

 

              * * *

Necha jonimg'a sendin dardu g'amdur?!
Magar mehring jafo,lutfung sitamdur.

Muhiblarg'a jafo qilmoq yozuqsiz,
Muhabbat yo'lida bisyor kamdur.

Manga dushvor erur sensiz tirilmak,
Sanga men bo'lmasam,ey jon,na g'amdur?!

Necha jonimg'a tekding va'da birla,
Kechar dunyo,vafo qil,dam bu damdur.

Ko'zung,zulfung bila og'zing g'aminda
Vujudim hosili ayni adamdur.

Gunah qildimki,hajringda tirildim,
Vale mendin gunah,sendin karamdur.

Atoiy ushbu yo'lda xok bo'lsa,
Murodi xo'blardin bir qadamdur.

              * * *

Ul sanamkim,suv yaqosinda paritek o'lturur,
G'oyati nozuklukindin suv bila yutsa bo'lur.

To magarkim,salsabil obina javlon qila,
Keldi jannat ravzasindin obi kavsar sori hur.

Ul ilikkim,suvdin oriqtur.yumas oni suda,
Balki suvni pok bo'lsun deb ilik birla yuyur.

Emdi bildim rost emish,balki ko'rdim ko'z bila,
Ulki derlar,suv qizi goh-goh ko'zga ko'rinur.

Qoshlaring yosin Atoiy ko'rgali husn ichra toq,
Subhidam mehroblarda surai yosin o'qur.

          * * *

Xasta ko'nglumdin xayoling bir zamon ketmas,begim,
Nechakim,vasling etakiga qo'lum yetmas,begim.

Netayin,darmonda bo'ldum men bu ko'nglum ilkida,
Sensizin hech yerda bir lahza qaror etmas,begim.

Garchi sen dashnom etarsen,men duochiman senga,
Oshiqi sodiq jafodin elini chetmas,begim.

Sen meni ta'zim etib qulllar soninda tutmag'il,
Itlaring xaylinda bo'lsam,ne manga yetmas,begim?!

Ta'nadin qovmas Atoiyni eshikindin raqib,
Hech gadoy it ursa eshikni qo'yub ketmas,begim.

        * * *

Kel,ey dilbarki,bo'ston vaqti bo'ldi,
Gul ochildi,guliston vaqti bo'ldi.

Qilay nola,boqib guldek yuzungga,
Chu bulbullarg'a afg'on vaqti bo'ldi.

Gulu bulbul bikin gulbunlar ichra,
Nishotu ayshi pinhon vaqti bo'ldi.

O'qub gul baxtini majlisda har dam,
Bo'lub sarxush,gulafshon,vaqti bo'ldi.

Turub mahbub olida muhibg'a,
Chu gul choki giribon vaqti bo'ldi.

Mug'annilarg'a bulbullar bikin zor,
Hazoron nav'I alhon vaqti bo'ldi.

Bu damkim,gul qilur bulbulg'a altof,
Atoiyg'a ham ehson vaqti bo'ldi.

                      * * *

Oh,o'lturdi firoq ul gul uzorimdin yiroq,
Lola yuzluq,sarv bo'yluq to'g'ri yorimdin yiroq.

Nola qilsam har zamon ayb etmang,ey ushshoqkim,
Andalibi benavomen lolazorimdin yiroq.

Ixtiyor ettim ul oyni ikki dunyodin, vale
Netayin soldi falak o'z ixtiyorimdin yiroq.

Sa'y etar zohid meni jannatning eski bog'ina,
Men borurmenmu yuzungdek navbahorimdin yiroq.

Menda ham sabru qaroru aqlu hushe bor edi,
Ne baloliq ishq edikim,soldi yorimdin yiroq.

Gar falak o'ltursa yuz qatla meni,hech bok emas,
Bu o'lumdurkim,o'ladurmen nigorimdin yiroq.

Ketmagay o'lsam Atoiydek bo'yung sarvi uchun,
To qiyomat sayayi rahmat mozorimdin yiroq.

   * * *

Ay gul chehralik sarvi ravonim,
Fido bo'lsun senga jonu ravonim.

Sulaymon mulkudur ham Nuh umri
Saning bila kechurgan bir zamonim.

Agar zulfung uchun chopsang boshimni,
Yuz evursam maning bo'ynumg'a qonim.

Belingda garchi bir qilcha gumon bor,
Vale og'zingda yo'qtur hech gumonim.

Jamoling oyatidur husn ichinda,
Ne hojat bu mening sharhu bayonim.

Bu dog'e kim,qo'yar jonimg'a hajring,
Ajab qolg'ay mening nomu nishonim.

Yuzung mehrinda jon berdi Atoiy,
Demading bir kun: 'O'ldi mehribonim:'

                        * * *

Bovujudi orazing bargi samandin kim desun?
Loladin kim so'zlasun,ham nastarindin kim desun?

Dunyoni tutti saning husnung bila dardim so'zi,
Yusufu Ya'qub ila Baytul-hazandin kim desun?

La'lingiz birla dam urmas zarra sarrofi aql,
Ore,yaxshi bor ekan,asli yamondin kim desun?

To visolingdin yiroqmen, yovumas hech kim manga,
Joye uldur,ayb emas,jonsiz badandin kim desun?

Zulfu xolingdin muattar bo'ldi olam,ba'dazin
Nofayi ohuyu Totoru Xo'tandin kim desun?

Makru fan aylab meni,sayd etti derlar el seni,
Men azaldin mubtalomen,makry fandin kim desun?

Eshikingdakim,shahanshahlarga anda bor yo'q,
Bu Atoiydek gadoyi bevatandin kim desun?

                      * * *

Kuyar jonim,netay,dilxoh unutti,
Ko'ngul ahvolidin ogoh unutti.

Falakka yetsa ohim ne ajabkim,
Meni ul Zuhra ko'zluk moh unutti.

Qani bir mushfiqekim,yod bersa,
Gadoyi muxlisin ul shoh unutti.

Bu qulg'a bor ekan bis'yor lutfi,
Ne kamlik bo'ldikim,nogoh unutti.

Ne yo'lsiz keldi mendinkim,munungdek,
Azaldan jon ila hamroh unutti.

Firoqingda manga tasbih bo'ldi
Bu so'zkim: 'Oh unuttu,oh unutti!'

Atoiy xayma ur mulki adamda,
Chu sendin ul buti xirgoh unutti.

                  * * *

Shaho,bizga nazar qilsang ne bo'ldi?
Gadoni mu'tabar qisang ne bo'ldi?

Ko'ngul yuz poradur gul,g'uncha yanglig',
Sabodek bir guzar qilsang ne bo'ldi?

Qaro baxtim bikin hijron kechasin
Visolingdin sahar qilsang ne bo'ldi?

Boqib usruk ko'zungdin,nosihimni
Meningtek bexabar qilsang ne bo'ldi?

O'tar ohim o'qi to'quz falaktin,
Vafo birla sipar qilsang ne bo'ldi?

Baloqqedur raqib,oxir balodin,
Xudoy uchun hazar qilsang ne bo'ldi?

Keturdi mohazar jonin Atoiy
Qabuli mohazar qilsang ne bo'ldi?

                   * * *

Yuzung xurshedtek tobanda bo'lsun,
Jamoling to abad poyanda bo'lsun.

Takallum qil,sochilsun durri gavhar,
Tabassum qil,jahon purxanda bo'lsun.

Yuzungdin burqa' olg'il bir zamone,
Uyolsun oyu kun,sharmanda bo'lsun.

Meni o'lturgali g'amzang qilichi,
Ko'zungdek kofiri burranda bo'lsun.

Pari ruxsorlarning xusravisen,
Seningtek joni shirin qanda bo'lsun?

Agar o'lsam tilarmen tengridinkim,
G'aming jonimg'a,darding tanda bo'lsun.

'Faloni qullarimdindur' demushsen,
Atoiy ushbu so'zga banda bo'lsun.

* * *

G’animat tut jamolu husn davrin, 
Masaldurkim: «Yana bu dam topilmas». 
Vafo qilkim, yigitlik bo‘stoni, 
Hamisha tozayu xurram topilmas...

* * *

Ishq ramzidin agar bir qilcha fahm etsa faqih, 
Tark etar erdi qamuq fatvoyu qilu qolni.

* * *

Murodim bo‘lmasun hargiz muyassar, 
Ko‘ngulda sendin o‘zga bo‘lsa matlub.

* * *

Zinhor ishq ishin usal tutma, ey ko‘ngul, 
Osoni mushkul erur aning mushkilottin.

* * *

Ko‘zlaring gar to‘ksa qonim, jon anga bo‘lsin fido, 
Kim, jafo ayni vafodur yerg‘a sevgan yeridin.

* * *

Oshiq ermas ul mahvashkim, tilar zar birla vasl.

* * *

Otoyig‘a bihishti jovidondur, 
Sevar yeri birla bir lahza diydor.

* * *

Men netay bog‘u bihishtu qasri xuldu hurni, 
Chun menga bir dam visoling yaxshiroqtur boridin.

* * *

Tilar el mansabi oliy va lekin, 
Otoyi sarvi ozodingga banda.

* * *

Kishi jahonda rizo birla tarki jon etmas, 
Magarki sendin ayirg‘ay, begim, qazo bizni.

* * *

Yuzing xursheddek tobanda bo‘lsin, 
Jamoling to abad poyanda bo‘lsin.
Takallum qil, sochilsun durru gavhar 
Tabassum qil, jahon purxanda bo‘lsin.

* * *

Tabassum qilsa la’ling jon bag‘ishlar, 
Magar Isoyi Ruhulloh sensen.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.