background
logotype

Azimiy (XIX asr)

XIX asrning birinchi yarmida Qo‘qonda yashab ijod qilgan. Asl ismi Azimxo‘ja. Buxoro madrasasida ta’lim olgan. Hijriy 1263 (1846-47) yili Qo‘qonda vafot etgan. "Hikmati Azimxo‘ja" degan kitobi bor.

* * *

So‘rmas holim yorima bir muddao bo‘ldi magar,
Yo o‘zumni shumlig‘im boshga balo bo‘ldi magar.

Aylabon yorni so‘rog‘im darbadarlikda yurub
Tinmadi devona ko‘nglum benavo bo‘ldi magar.

Yorsiz turmoqqa toqat (yo‘q) yetarg‘a holatim
Ko‘rqadurmankim, bu dardim bedavo bo‘ldi magar.

Necha yillardurki istab topmadim yor vaslini
Hajrida o‘lmakligim hukmi qazo bo‘ldi magar.

Dambadam o‘rtar edi o‘tlug‘ firoqi bag‘rimi
Oqibat yiqti mani kam-kam ado bo‘ldi magar.

Jabbani jon birla qo‘yg‘ach yorni dargohiga
Tindi ko‘nglum, ey Azim, sandin rizo bo‘ldi magar.

* * *

Kun o‘lsa eldin o‘zumni kanora aylarman,
Tun o‘lsa zamzamini oshiqona aylarman.

Kuyub tushar to falakda sitoralar tong yo‘q
Bu rohlarga g‘amingdin shabona aylarman.

Yo‘lingda yig‘lay-yig‘lay oqardi ko‘z oxir
El ichra o‘zga marazni bahona aylarman.

Malomat toshi ila ta’n o‘qlari ko‘ksimni
Saning uchun necha yildurki nishona aylarman.

Yo‘luqsa ahli muhabbat urarman oldida oh
Na ohkim, sani darding fasona aylarman.

Maqomi manzili faqr ahli xonaqoh ermish
Aning chu xizmati bu korxona aylarman.

Qalandarona o‘tay deb, Azim, bu olamdin
Hilofi odati ahli zamona aylarman.

* * *

Tokay sani g‘amingda man ohu navo qilay,
Ko‘rsat yuzingni bir yo‘la jonim fido qilay.

Begona etdim hamadin o‘zni ey pari
Hargiz bu telbani demading oshno qilay.

O‘tdi tamom umr sanga arzi hol etib
Hech demadingki, birgina hojat ravo qilay.

Man garchi tole’im badidin so‘rmasang mani
Man qatra jon boricha sanga iltijo qilay.

Tifli bahona chu kabi sansiz yuponmayur
Tokay bu telba ko‘nglim ila mojaro qilay.

Har odameda bosh biru savdosi boshqadur
Man istaram boshni sanga xokpo qilay.

Miskin Azim qulingni qulidur itlaring iti
Topsam alarni izlarini to‘tiyo qilay.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.