background
logotype

Boborahim Mashrab (1640-1711)

Mashrab (taxallusi; asl ism-sharifi Boborahim Mulla Vali o‘g‘li) (1640, Namangan — 1711, Balx) — shoir va mutafakkir. Mashrab nomi 18—19-asrlarda tuzilgan tazkira va tasavvufiy yo‘nalishdagi asarlarda (masalan, Bade Samarqandiyning «Muzokir ul-ashob» va b.) zikr etiladi. Ammo ularda shoir hayoti va ijodiy faoliyati haqida keltirilgan ma’lumotlar nihoyatda kam. Mashrabning qoldirgan adabiy merosi xususida ham aniq ma’lumot beruvchi manba yo‘q. Uning o‘z asarlarini to‘plab, devon yoki biror majmua tuzganligi ma’lum emas. Faqat «Devoni Mashrab», «Devonai Mashrab», «Eshoni Mashrab», «Hazrati shoh Mashrab» nomlari ostida xalq orasida qo‘lyozma va toshbosma shaklida tarqalgan qissalardagina (ularning kim tomonidan va qachon tuzilganligi noma’lum) shoirning hayot yo‘li va ijodiy faoliyati ma’lum tartib va izchillikda bayon etiladi, shu jarayonda asarlaridan namunalar ham keltiriladi. Qissalar keyinchalik o‘zgartirish va tuzatishlarga duch kelgan, turli to‘qimalar, yangi-yangi rivoyat, naqllar, sarguzasht va latifasimon lavhalar bilan to‘ldirila borilgan. Natijada qissalarda tarixiy Mashrab va uning ijtimoiy va ijodiy faoliyati xalq tasavvuridagi to‘qima Mashrab hamda u haqidagi sarguzasht — rivoyatlar bilan qorishib ketgan. Shunday bo‘lsada, Mashrab haqidagi qissalar shoir hayot yo‘lini nisbatan to‘la va bosqichma-bosqich bayon etuvchi, shuningdek, yaratgan asarlarining ko‘pgina qismini o‘zida jamlovchi adabiytarixiy manba sifatida ilmiy ahamiyat kasb etadi.
Mashrab otadan yosh yetim qoladi, oilaning moddiy qiyinchiliklari yanada ortadi. Onasi ip yigirib tirikchilik o‘tkazadi. Mashrab din asoslari va falsafadan yaxshi xabardor bo‘lgan So’fi Eshon Mulla Bozor Oxund (xo‘ja Ubaydullo) qo‘lida diniy ta’lim oladi, so’fiy tariqatlar bo‘yicha bilimini oshiradi, forsiy tilni o‘rganadi.
Taxminan 1665 yillarda Mulla Bozor Oxund tavsiyasiga ko‘ra, o‘sha zamonda katta obro‘ga ega bo‘lgan yirik din arbobi qashqarlik Hidoyatullo Ofoq Xoja eshon huzuriga boradi. Shoir adabiy merosidagi diniy mazmun va tasavvufiy yo‘nalish ruhidagi she’rlarning ko‘pchilik qismi Ofoq Xoja dargohida va uning targ‘ibot-saboqlari ta’sirida yaratilgan. Ofoq Xoja shaxsiy xislat-fazilatlarini madh etuvchi, uni «piru rahbar» deb tan oluvchi baytmisralar mujassam bo‘lgan g‘azal va muxammaslar ham («Koshki», «O‘zum» radifli g‘azallar, «Qolmadi» radifli muxammas) shu muridlik yillari mahsulidir.
Mashrab taxminan 1672—73 yillarda Ofoq Xoja dargohini tark etadi. Qissalarda qayd etilishicha, bunga Mashrabning piri dargohidagi kanizaklarning biriga ko‘ngil qo‘ygani, sevib-sevilgani sabab bo‘lgan. Ammo Mashrabning og‘ir jismoniy jazolanib quvilishi zaminida pir bilan murid o‘rtasida jiddiy g‘oyaviy ziddiyatlar bo‘lgan deyilsa, haqiqatga muvofiq bo‘ladi.
Mashrab piri dargohidan ketgach, deyarli 40 yillik umrini doimiy safarda, turli o‘lkalarda darbadarlikda o‘tkazadi. Qo‘nimsiz hayotga yuzlangan shoir, asosan, ijodiy ish bilan shug‘ullanadi. Oddiy xalqning qashshoq hayoti, zulmu sitam ostidagi ohu nolasi shoir qalbini larzaga soladi («Dili tig‘i sitamdin pora bo‘lg‘on xalqni ko‘rdum»...).
Mashrab asarlarining aksariyati chuqur ijtimoiy yo‘nalishga ega bo‘lib, o‘sha davr hayoti, jamiyatdagi voqea-hodisalar bilan chambarchas bog‘liq. Xususan, u ba’zi ruhoniylarning kirdikorlari va hiylagarliklarini fosh etadi, tekinxo‘r mulkdorlar va johil amaldorlarning zo‘ravonlik faoliyatlarini tanqid qiladi. Mashrabning bu tur asarlari qo‘ldan qo‘lga, og‘izdan og‘izga o‘tib, tez tarqalgan. Xuddi shuning uchun ham Mashrabning biror qishloq yoki shaharga kelishi izsiz qolmagan, odil kambag‘al xalq uni quvonch-xursandchilik va qiziqish bilan qarshi olgan. Shoir qo‘nimsiz hayotining so‘nggi manzili Balxda ham hokim tabaqa va mutaassib shayx-mullalar Mashrabni jisman yo‘qotish payiga tushadilar. Shu teskarichi guruhlarning rasmiy fatvosi va Mahmudbiy Qatag‘onning hukmi bilan dorga osiladi.
Mashrab qoldirgan badiiy meros hajm va janrlar jihatidan hanuzgacha aniqlangan emas. Ammo bizga hozircha ma’lum asarlarining o‘zi ham Mashrabning favqulodda noyob iste’dod egasi ekanligidan dalolat beradi. Mashrab ijodi she’riyatning yanada kengroq ijtimoiy mazmun va jangovar ruh kasb etishida, adabiyotdagi xalqchillik va dunyoviylikning chuqurlashuvida, lirik turlarning takomillashuvi hamda badiiy san’atning kamolotga erishuvida yangi bir yuqori bosqichni tashkil etadi.
Mashrabning mohiyatan inson qadri-sharafi va ma’naviy kamolotini ulug‘lashga, ezgulik va go‘zallikni madh etishga bag‘ishlangan she’riy merosida g‘azal, mustazod, murabba, muxammas, musaddas, musabba, masnaviy, ruboiy, ta’rix kabi janr turlarida bitilgan yetuk namunalarni uchratamiz. Ammo Mashrab avvalo mohir g‘azalnavis hamda ko‘plab sho‘x va jarangdor mustazodlar, o‘ynoqi va jozibador murabba hamda xalq g‘amu hasratiga hamdardlik hissi bilan yo‘g‘rilgan muxammaslar ijodkori sifatida keng dovrug‘ chiqargan. Mashrabning juda ko‘p g‘azallari xalq qo‘shiklaridek sodda va jarangdor, jo‘shqin va ta’sirchandir.
M. o‘zbek adabiyoti tarixida eng ko‘p mustazod yozgan ijodkorlardan biri. Shoir mustazodlari ham, xuddi g‘azallari kabi, sho‘x va jarangdor, nafis va zavqbaxshdir.
Mumtoz she’riyatda murabba turining uzil-kesil mustahkamlanishi va takomilida Mashrab ijodining o‘rni katta.
Mashrabning romantik ko‘tarinkilik ruhi ufurib turgan asarlarini adabiyot tarixida murabba turida yaratilgan eng yetuk namunalar jumlasiga kiritish mumkin. Mashrabning g‘azal, mustazod va murabbalarida ishq-muhabbat, vafosadoqat mavzui yetakchi o‘rinda tursa, muxammas va musaddaslarida chuqur ijtimoiylik ustunlik qiladi, taqdirning kemtikligi va hayotning nosozliklaridan, davr (charx, falak) va adolatsiz muhitning shaxs boshiga tinimsiz keltirayotgan jabru jafosidan shikoyat, ta’qibtazyiqidan norozilik dardli mieralarda, ammo qat’iy va keskin ifodalanadi. Mashrab qoldirgan ijodiy merosda diniy va tasavvufiy g‘oyalar ham, o‘sha zamonda keng tarqalgan qalandarlik tariqatining ayrim ohangta’kidlari ham sezilarli o‘rin egallaydi. Shoir she’rlarida Allohning mavjudligi, boru birligi, barcha jonli va jonsiz mavjudotni yaratganligi uzil-kesil va qatiy tan olinadi, Xudoning kuch-qudrati, taqdirning o‘zgarmasligi va Mahshar kuni haqidagi ta’limot to‘la-to‘kis qabul qilinadi.
Mashrab fors tilida ham bir necha she’riy turlarda yetuk namunalarni yaratgan. Mashrab ijodi keyingi asrlar adabiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. Nodira, Huvaydo, Qoriy, Furqat, Hamza kabi shoirlar uning g‘azallariga taxmis va naziralar bog‘lashgan.
Mashrab qoldirgan adabiy meros to‘la aniqlanib, o‘rganilgan emas. Ba’zi tadqiqotchilar juda ko‘p she’riy hikoyat va g‘azallarni o‘zida jamlovchi «Mabdai nur» nomli yirik asarni shoirga nisbat beradilar.
Mashrab hayoti va ijodi haqida bir necha badiiy asarlar (roman, qissa, dostonlar va sahna asarlari) yaratilgan, shoirning asarlaridan namunalar qator xorijiy tillarga tarjima qilingan. Mamlakatimizning turli shahar va viloyatlarida Mashrab nomida istirohat bog‘lari va kinoteatrlar, maktab va kutubxonalar, ko‘chalar va jamoa xo‘jaliklari bor.

Abdurashid Abdug‘afurov

 

O’RTAR

Agar oshiqlig’im aytsam, kuyub jonu jahon o’rtar, 
Bu ishq sirrin bayot etsam, taqi ul xonumon o’rtar.

Kishiga ishq o’tidin zarraye yetsa, bo’lur giryon, 
Bo’lub besabru betoqat, yurak-bag’ri chunon o’rtar.

Nechuk toqat qilay, do’stlar, bu dard ila bo’lub hayron, 
G’amim boshqa, alam boshqa, yuragimni fig’on o’rtar.

Meni bexonumon tinmay kuyub har dam firoqingda, 
“Nigoro!” deb oting aytsamki, shavqingdin zabon o’rtar.

Qayu til birla, ey jono, sening vasfing bayon aylay, 
Tilim lolu ko’zum giryon, so’ngaklarni nihon o’rtar.

Na qattig’ kun ekan, dilbar, visolingdin judo bo’lmoq, 
Mening ohim o’tig’a bul zaminu osmon o’rtar.

Yurakda dardu g’am qat-qatki, menda qolmadi toqat, 
Agar bu zarrasin bul vaqt desam, ishqi bayon o’rtar.

Bu dard ila xarob o’ldum, kelib holimni so’rmassan, 
Unum chiqsa yurakdin, bu tanu jon, ustixon o’rtar.

Bu Mashrab dardini, jonoki, hech kim boshig’a solma, 
Agar mahsharda oh ursam, bihishti jovidon o’rtar.

XOHI INON XOHI INONMA

Sensan sevarim, xohi inon, xohi inonma, 
Qondur jigarim, xohi inon, xohi inonma.

G’am shomi firoqingda kabob etti falakni
Ohi saharim, xohi inon, xohi inonma.

Nogah sari zulfung sori bo’ldum sanga moyil, 
Ey toji sarim, xohi inon, xohi inonma.

La’ling g’amidin ko’nglum erur g’uncha kibi qon, 
Gulbargi tarim, xohi inon, xohi inonma.

Zahri g’ami hajring meni o’ldurg’ali yetti, 
Ey labshakarim, xohi inon, xohi inonma.

Mashrab, bo’lubon ko’yinga chun barqi tajalli, 
Qolmay asarim, xohi inon, xohi inonma.

MASHRABMAN

Sanamning ishqida tinmay yurub, ovvora Mashrabman, 
Ko’zi yoshlig’, qadi xamlig’, dili sadpora Mashrabman.

Ko’ngulda zarracha dunyoni mehri bo’lmayin menda, 
Seni deb ikki olamdin kechib, bezora Mashrabman.

O’lib ketsam, lahad ichra so’ngakdin ketmagay darding, 
Jahonda topmadim choraki, men – bechora Mashrabman.

Anodin qay kuni bo’ldum, sening ishqingda oh urdum, 
Muhabbat dashtida yurgan bo’lub ovvora Mashrabman.

Muhabbat jomidin may tuttilar, ichmasga choram yo’q, 
Ko’zumdin qon yoshim tinmay oqar, xunbora Mashrabman.

Boshimga ming balo kelsa, tilarman vaslin, ey zohid, 
“Tilim kessang, to’yorim yo’q, - degan, - diydora” Mashrabman.

Xaloyiqlar meni quvlar, yomon deb har shahar borsam, 
Ajab mardud, ajab maxrum, ajab sangsora Mashrabman.

O’zumni xalq aro ixfolig’imni hech kishi bilmas, 
Dilu jonim fido aylab, ajab ayyora Mashrabman.

Meni devona Mashrabga muhabbatdin bayon aylang, 
Namozu ro’zadin forig’ bo’lub sayyora Mashrabman.

MEN NOLA QILAY SHOMU SAHAR…

Men nola qilay shomu sahar dod, eshigingda, 
Jonimni beray, sho’xi parizod, eshigingda.

Ul lolavu rayhonu suman, toqa qizil gul, 
Ham sarv bukuldi, qadi shamshod eshigingda.

Xo’boni jahon bo’lsa taqi Yusufi Kan’on, 
Sultonu amir bandayo, ozod eshigingda.

Zulfing seni bu jonima yuz domi balodur, 
Jonim qushi sayd o’ldi chu sayyod eshigingda.

Olam borisi lazzati husnungni topibdur, 
Giryonu fig’on, nolavu faryod eshigingda.

Savdoyi muhabbatga tushubman seni izlab, 
O’lturdi g’aming, ko’zlari jallod, eshigingda.

Ashkim to’kubon hajru g’amingda kecha-kunduz, 
Vayrona vatan – manzul obod eshigingda.

Ul husnu jamoling o’ti Mashrabg’a tushubdur, 
Parvonasifat quydi, parizod, eshigingda.

MASHRABI MO’TABAR O’ZUM

Gulshani bog’i dahr aro bulbuli nag’magar o’zum, 
Bir buti bebadal uchun oshiqi darbadar o’zum.

Ko’yunga dam-badam borib, navhavu zorlar qilib, 
Shomu sahar fig’on etib, hofizi xush asar o’zum.

Yo shahi mehribonmusan, yo mahi osmonmusan, 
Yer bila ko’kni kuydurub kavkabayu qamar o’zum.

Jomi mayi luob ichib, majnuni benavo bo’lub, 
Nozu karashmalar qilib, layliyi ishvagar o’zum.

Sham’i jamoling o’rtadi jonu dilimni, ey sanam, 
Bolu parimni kuydurub, bedili navhagar o’zum.

Vaslingni istab, ey sanam, kechayu kunduz mudom, 
Saharda bedor o’l dedingki, doyayi sahar o’zum.

Xisravi komron bo’lub, Rustami doston bo’lub, 
Bir zo’r pahlavon bo’lub, Hamzayi raxnagar o’zum.

Olimi nuktadon manam, piri hidoyaxon manam, 
Shuhrati she’r bobida Mashrabi mo’tabar o’zum.

ESHIT ARZIMNI, EY DILBAR

Azaldan to abad ko’nglum qutulmas ishq balosidin, 
Yurokim rahnalar bo’ldi, bu ishqning mojarosidin.

Xayolimda sening vasling, topolmasman, meni hayron, 
Magar vaslingga yetsam piri komilning duosidin.

Eshit arzimni, ey dilbar, yurak-bag’rim kabob o’ldi, 
Raqiblar shodmon bo’ldi nigorimning jafosidin.

Sanam, sensiz bu dunyoda tiriklik qilmog’im mushkul, 
Kel, ey ko’ngul, kecholi bu tiriklikning baqosidin.

Sanam, ishqing o’ti oxir meni bexonumon etti, 
Kuyarman dam-badam tinmay bu dardi bedavosidin.

Xarob o’ldi mening ko’nglum, kishim yo’qturki, roz aytsam, 
So’ngoklar raxnalar bo’ldi dilimning ohi bosidin.

Seni ishqing bila yig’lab, agar mahsharda oh ursam, 
Kuyarlar mo’minu kofir bu Mashrabning navosidin.

TANBUR

Setor demang, holi dilim so’rg’uchi tanbur, 
Ko’nglum girehin, g’amlarini surg’uchi tanbur.

Bir necha raqiblar so’zidin g’amzada bo’lsam, 
Hamdard bo’lubon og’ushima kirguchi tanbur.

Ko’tohnazar el buni hech qadrini bilmas, 
Dargohi azaldin xabare berg’uchi tanbur.

Gar yor jamolini ko’rub pardag’a solsam, 
Nag’masi oni siynaxarosh etg’uchi tanbur.

Ham yor jamolidek oni nash’asi bordur, 
Hayrat o’tidin mahzi sanam qilg’uchi tanbur.

Oshiq yuragidin chiqib, o’ttek kelibon ul, 
Bir uchqunig’a jumlani kuydurg’uchi tanbur.

Mashrabni tamom aqlin olib ul buti xunrez, 
Jonimni yoqib siynaxarosh etg’uchi tanbur.

OSHIQ BO’LIBSAN, BO’LMAG’IL G’OFIL

Malaksan yo bashar, yo huru g’ilmonsan, bilib bo’lmas, 
Bu lutfu bu nazokat birla sendin ayrilib bo’lmas.

Ajab berah dilbarsan, ajab sho’xi sitamgarsan, 
Charog’I husni ro’yingdin ko’ngulni ham uzub bo’lmas.

Yuzungni oftobini ko’rub hayron bo’lub qoldim, 
Falakka qul uzotib, shamsi anvarni olib bo’lmas.

Yuzung misli qizil guldur, ko’ngul chun bulbuli shaydo, 
Bu gulning ishqidin bulbul chamandin ayrilib bo’lmas.

Kel, ey Mashrab, agar oshiq bo’libsan, bo’lmag’il g’ofil, 
Bu g’aflat uyqusidin, ey yoronlar, uyg’onib bo’lmas.

KELDI

Namangan shahridin, do’stlar, mening yoronlarim keldi, 
Otam birla onamni bilguchi mehmonlarim keldi.

Shijoat bobida har qaysisi bir Rustamu Suhrob, 
Adolat taxtig’a mingan bu kun sultonlarim keldi.

Inoyatli, diyonatli, yana ham murshidi komil, 
Hama orif, hama sodiq, hama irfonlarim keldi.

Alarming xoki poyi ko’zlarimga to’tiyo, Mashrab, 
Charog’imni munavvar qilg’uchi xoqonlarim keldi.

TUSHTI SAVDOYI MUHABBAT BOSHIMA

Tushti savdoyi muhabbat boshima, 
Or etar mardum kelurg’a qoshima.

Vah, muhabbat ko’yida qon yig’ladim, 
Yeti iqlim g’arq bo’ldi yoshima.

Sajda aylar zohid ul mehrobig’a, 
Men qilurman sajda egma qoshima.

Qil hazar, albatta, jonon, qahrdin, 
Uzru zorim senga – bag’ri toshima.

Muhtasib to’kturdi soqiy bodasin, 
Yetmadi aqli aning sirdoshima.

Kunda yuz ming jabr qilsang, o’rgulay, 
Qo’y qarab g’am toshina bardoshima.

Mashrabi devonaman hayron qilib, 
Ne sababdin kelmading bir qoshima.

SIG’MAMDUR

Ajab majnun erurman, dasht ila sahrog’a sig’mamdur, 
Dilim daryoyi nurdur, mavj urub dunyog’a sig’mamdur.

Shariat ham, tariqat ham, haqiqat mendadur mavjud, 
Chu sultoni azaldurmanki, arshi a’log’a sig’mamdur.

Xaliloso bu yo’lda otashi Namrud – me’rojim, 
Hamon durri haqiqatmanki, har dunyoga sig’mamdur.

Rizo mulkidaman, halqumni tuttum tig’I Akbarga, 
Bu yo’lda siynai poki Zabunullog’a sig’mamdur.

Agarchande ziyorat qilmadim men Ka’bayi zohir, 
Tariqat hojisidurmanki, Baytulloga sig’mamdur.

Gahi bo’ldum faqiru, gohi shohu, gah gadodurman, 
Ajab devonaman, fardoki mahshargohg’a sig’mamdur.

Maqomi hayrat ichra gohi xudman, gohi bexudman, 
Junun bozorida mastmanki, istig’nog’a sig’mamdur.

Gah o’rus, gohi cherkas, gohi mo’min, gohi tarsoman, 
Ne kavnayni miyoni lou illollog’a sig’mamdur.

Mudom miskin erurman chun g’uloming – Mashrabingdurman, 
Meni bechora bu dunyo bilan uqbog’a sig’mamdur.

O’TTUM

Ishq vodisidin bir kecha men “hay-ha”lab o’ttum, 
Monandi nayiston gulig’a o’t qalab o’ttum.

Ofoqni bir lahzada kezdim, na ajabdur, 
Mino tog’idin akkasifat hakkalab o’ttum.

Ottim fashi-dostorini devonalig’ aylab, 
Parvonasifat jonimi o’tqa qalab o’ttum.

Bildimki, vafosi yo’q ekan ushbu jahonni, 
Mardona bo’lub, balki, etak siltalab o’ttum.

Dunyo yasanib, jilva qilib oldima keldi, 
“Borg’il nari!” deb (ketig’a) bir shattalab o’ttum.

Bildimki oni, dushmani makkorayi ayyor, 
“Lo” tirnog’I birla yuzini tirmalab o’ttum.

Mardoni xudo dediki: “Dunyo mayi achchig’”, 
Achchig’ligini bilmak uchun bir yalab o’ttum.

Nafs kofiri birla tunu kun qildim urushni, 
Tanho qilichi birla urub, qiymalab o’ttum.

Xomush pichog’in har dam oning bo’g’ziga qo’ydum, 
Cho’g’ nayzasi birla ko’zini nayzalabb o’ttum.

Devonayi Mashrab, bu so’zung dardga davodur, 
Oshiq elining ko’nglig’a bir o’t qalab o’ttum.

CHIDAYOLMAS

Ishq mazhabiga taqviyu toat chidayolmas, 
Tasbehu sano, zuhdu ibodat chidayolmas.

Kim ko’rsa o’shal dilbari ra’noni bayakbor, 
Betoqat o’lub, ayshi farog’at chidayolmas.

Faryodu fig’onlar qiladurman kecha-kunduz, 
Hayratda qolib, qad ila qomat chidayolmas.

Adhamsifat ul kirsa kishi faqr yo’liga, 
Osoyish ila xayri saxovat chidayolmas.

Arbobi muhabbatga yetib bo’yi sanamdin, 
Aqli ketibon sabru qanoat chidayolmas.

Ey zohid, agar ko’rsang o’shal mohliqoni, 
Zuhdu vara’u kashfi karomat chidayolmas.

Devona qilar ishqi sanam vasli chu Majnun, 
Nomusu hayo, aybu qabohat chidayolmas.

Kim jomi muhabbat mayidin jur’aye ichsa, 
Shohona hasham, izzatu hurmat chidayolmas.

Bu ishq elining har dam etar valvalasig’a, 
Beshubha, biling, dasti irodat chidayolmas.

Mashrab, kelibon ko’ngul ila raqsi samo’ qil, 
Ishq mazhabida obi tahorat chidayolmas.

DARDI SIRIMNI KAVLAMA

Ey sabo, g’ambodadurmen, bistarimni kavlama, 
Chun shafaqoludaman, xokistarimni kavlama.

Har zamone Laylidin manga kitobatlar kelur, 
Senki Majnun bo’lmasang, sardaftarimni kavlama.

Xonavayronlar bilur aftodalarning holini, 
Eyki, mahram bo’lmasang, chashmi tarimni kavlama.

To kishiga dard tegmay, bo’lmadi bag’ri kabob, 
Dilda darding bo’lmasa, dardi sirimni kavlama.

Hajr toshidin zarru ofat boshig’a yetgan o’zum, 
Kishtiyi motamdadurman, langarimni kavlama.

Yeti do’zax o’rtanur aftodalarning ohidin, 
Otashi hajrida kuygan mijmarimni kavlama.

Lomakonning shahrini bu hu bila sayr ayladim, 
Jabrayil, borg’il nari, bolu parimni kavlama.

Bahri rahmatga kirib, qildim vujudimni adam, 
Ma’rifatdin bexabarsan, daftarimni kavlama.

Durri daryoyi maoniy bo’ldi chun Mashrab, vale 
Diydabino bo’lmasang, ko’z gavharimni kavlama.

TO KIYDI QIZIL…

To kiydi qizil o’zini zebo qilayin deb, 
O’t yoqti jahon mulkida g’avg’o qilayin deb.

Mastona xirom ettiyu ko’rguzdi qadini, 
Mendek necha devonani shaydo qilayin deb.

Zebo sanamim gul yuzidin parda ko’tardi, 
Olam hama ko’z bo’ldi tamosho qilayin deb.

Zulfini tarab, qosh uchurub jilvalar etti, 
Oshubi balo, fitnani barpo qilayin deb.

To ayladim oldig’a borib arzi niyozim, 
Chin soldi jabinig’a tamanno qilayin deb.

Mastona samand sekrata keldi shahi xunrez, 
Shamshiri jafoni yana burro qilayin deb.

Ko’p yilki, bu qul xizmatini qilmadi barjo, 
Keldiki g’azab birla chu sazo qilayin deb.

Boshimni kesib olg’ilu xushhol bo’lub ket, 
Qonimni to’kub, lolayi sahro qilayin deb.

Xanjar qo’lida Mashrabin o’ldurg’ali keldi, 
G’avg’oyi qiyomatni huvaydo qilayin deb.

HECH KIMA MA’LUM EMAS

Hech kima ma’lum emas holi parishonim mening, 
Osmonni tiyra qildi ohu afg’onim mening.

Men nechun shod etmayin bul xasta ko’nlumni bugun, 
Keldi xolimni so’rab ul sho’x jononim mening.

Ey sitamgar, kelgilu emdi shahid etkil meni, 
Mavj ursun Karbalo dashtida bu qonim mening.

Chun Surayyo bormusan, aflokdin bolomusan, 
Bu falakda ko’rmadim, ey ko’zi cho’lponim mening.

Nozu istig’no bila ketgil, meni holimni so’r, 
Termulib doim yo’lungda chashmi giryonim mening.

Tobakay jabru sitam birla yurursan, ey rafiq, 
Chiqti, Mashrab, ushbu g’amdin bu aziz jonim mening.

NOGOH KO’RUNUB KO’ZLARI SHAHLO

Nogoh ko’runub ko’zlari shahlo boqa qoldi, 
Parda ko’tarib qoshini ul dam qoqa qoldi.

Oshiq ekanimni bilib ul dilbari ra’no, 
Aqlimni olib, jonima o’tlar yoqa qoldi.

Ruhum eritib yoshini, vah-vah, yuzi otash, 
Ishq chaqmog’ini jonima, naylay, chaqa qoldi.

Tarsobachani ko’rdimu din ketti qo’lumdin, 
Qil sajda debon bo’ynuma zunnor taqa qoldi.

Men oning uchun kechayu kunduz yugururmen, 
Yorim kelibon birgina holim so’ra qoldi.

Aydi: “Ne tilarsan?” Dedim: “Sham’I jamoling!” 
Ko’rsatti yuzin, maqsud hosil eta qoldi.

Mashrab bu jahonda yurubon topmadi bir mard, 
Yuz shukrki, oning bila ulfat bo’la qoldi.

OSHIQ ULDUR TO DILIGA SAQLASA ASRORINI

Oshiq uldur to diliga saqlasa asrorini, 
Barham ursa yo’lig’a olamda y’o’qu borni.

To o’zungga dard tegmay, aylanib kelmas davo, 
Bas, bu ma’nodin hakimlar ko’p so’rar bemorni.

Garchi osiyman, aning dargohidin navmid emam, 
Bir gul uchun suv berurlar sad hazoron xorni.

Oxiri manzilga yetmasdur kuduratlik ko’ngul, 
Dilga jo bermoq na hojat dushmani g’addorni.

To dilingga ma’rifatdin nuri imon bo’lmasa, 
So’filar, bir hug’a almashlang ani – dastorni.

Xotiri pokingni mashg’ul qilma hargiz dunyog’a, 
Dil g’uboroluda bo’ldi, ul ko’rolmas yorni.

Avliyolardek muazzam bo’layin desang, vale
Mashrabo, hech kanda qilma dildin istig’forni.

XUDODIN O’ZGASI BARCHA G’ALATDUR

Bu tani xokiniyu ruhi ravonni na qilay?! 
Bo’lmasa qoshimda jonona, bu jonni na qilay?!

Yorsiz ham bodasiz Makkaga bormoq ne kerak? 
Ibrohimdin qolg’an ul eski do’konni na qilay?!

Urayinmu boshima sakkiz bihishti do’zaxin, 
Bo’lmasa vasli menga, ikki jahonni na qilay?!

Arshning kungurasin ustiga qo’ydum oyog’im, 
Lomakondin joy olibman, bu makonni na qilay?!

Zarraye nuri quyoshdek bu jahon ichra tamom
Oshkoro bo’lmasa, sirri nihonni na qilay?!

Bir xudodin o’zgasi barcha g’alatdur, Mashrabo, 
Gul agar bo’lsa qo’lumda, ul tikonni na qilay?!

QALANDAR BO’L, QALANDAR BO’L

Murodingga yetay desang, qalandar bo’l, qalandar bo’l, 
Sitam ahlin yutay desang, qalandar bo’l, qalandar bo’l.

Og’izdin dur sochay desang, sharobi ishq ichay desang, 
Yomonlardin qochay desang, qalandar bo’l, qalandar bo’l.

Fasod ahlin quvay desang, (ketiga) bir uray desang, 
Bu dargohdin suray desang, qalandar bo’l, qalandar bo’l.

Riyozatsiz bo’lay desang, tanim ozod yuray desang, 
Jahonni sayr etay desang, qalandar bo’l, qalandar bo’l.

Razolat kuyduray desang, zalolat o’lduray desang, 
Hamasin supuray desang, qalandar bo’l, qalandar bo’l.

Bu taqvodin kechay desang, xonaqohdin qochay desang, 
Haqiqatni ochay desang, qalandar bo’l, qalandar bo’l.

Guharrezlik qilay desang, hamani kulduray desang, 
Chu Mashrabdek bo’lay desang, qalandar bo’l, qalandar bo’l.

MEHRIBON ONAM

Jamoling ko’rgali keldim, ayo ey mehribon onam, 
Mening uchun ado bo’lg’an yuragu bag’ri qon onam.

Xo’tan dashtiga tushtum bul falakning gardishi birlan, 
Eshitkil arzi holimni, men aytay senga, jon onam.

Ajoyib mehribonimsan, meni oromi jonimsan, 
Murodi du jahonimsan, bihishti jovidon onam.

Meni bir jodu ko’zluk bul jahon ichra xarob etti, 
Qadi sarvu sanavbar, qoshlari misli kamon, onam.

Boshimga tushti bul savdo, bo’lubman bulbuli shaydo, 
Shabistoni jahonda qumridek shakkarfishon onam.

Bu ishq o’ti xarob etti, yurak-bag’rim kabob etti, 
Meni xoki turob etti yuzi mohi tobon onam.

Seni ko’p intizor ettim firoq o’tig’a, ey Ka’bam, 
Tavofi Ka’bayi maqsuda keldim, dilkashon onam.

Iloho, avf qilg’aysan bu Mashrabning gunohini, 
Tufayli onayi zorim, g’aribu notavon onam.

O’ZGINAM

Ishq o’tiga o’rtanib devona bo’lgan o’zginam, 
Kuya-kuya kul bo’lub biryona bo’lgan o’zginam.

Oshiqi diydorman, ey yor, bilmassan magar, 
Mansuri Xallojdek dorga osilgan o’zginam.

Kuya-kuya kul bo’lub dunyodin o’tkan bormukin, 
Ishq yo’lida ming o’lub, ming bor tirilgan o’zginam.

Chok siynamni qilib mahsharda aylarman fig’on, 
Ul kuni diydor deb mahsharni buzgan o’zginam.

Ul sirot al-mustaqim oldida barcha yig’lashur, 
Ishqni rahbar qilibon andin o’tkan o’zginam.

ZAMONGA SIG’MADIM

Onqadar nurga to’libman osmonga sig’madim, 
Toqi arshu kursiyu lavhu jinonga sig’madim.

Kimga soyam tushsa, bir nuri yaqin bo’ldi u ham, 
Daftari ruhi qudsdurman, zabonga sig’madim.

Jannatu kavsar manam, ham do’zaxu saqar manam, 
Bir o’zumdurman bu dam, haft osmonga sig’madim.

Soyayi odamg’a keldim, nuri ma’ni izladim, 
Jannatul firdavsdek oliy makonga sig’madim.

Bor edim Nuh vaqtida, g’arq etmadi to’foni ham, 
Hamrahi Muso bo’lub Turi Sinong’a sig’madim.

Ellik yil Iso bilan yurdum o’lukni tirguzub, 
Boisi bir nuqtadin Mashrab zamonga sig’madim.

BOSHIMNI DORG’A TUTA QOLDIM

Dunyog’a kelib, loyig’a bilmay bota qoldim, 
Darmon yo’qidin necha og’iz so’z qota qoldim.

Ko’rdumki ani, dushmani ruhu tan ekandur, 
“Lo” o’qi bila ikki ko’zig’a ota qoldim.

Mayxonag’a kirdim, bila qoldim kuyarimni, 
Masjidg’a kirib zohidi yaxdek qota qoldim.

Zohid, menga bir shishada may, senga namozing, 
Ming taqvini bir kosayi mayg’a sota qoldim.

To telbaligim shuhrati olamni tutubdur, 
Bir jilvasig’a ikki jahondin o’ta qoldim.

Vahdat mayini piri mug’on ilkidin ichtim, 
Mansur kabi boshimi dorg’a tuta qoldim.

Ayb aylamangiz Mashrabi bexudni, yoronlar, 
Naylayki, bu g’urbat ko’chasidin o’ta qoldim.

YANA G’URBATZADA, KETTIM

Dunyo sorig’a bir kelibon, g’amzada kettim, 
Bir lahza dam olmay turubon, lahzada kettim.

Bir mushfiqi hamroz jahon ichra topolmay, 
Hasrat o’tidin kuydimu motamzada kettim.

Surtmay bu qaro yuzni borib ravzalarig’a, 
Armonda yurub lek buzug’ kulbada kettim.

Har jon kelaru ketgusidur, bilsam oni ham, 
Ketmascha yurubon yana g’urbatzada, kettim.

Horis bo’lubon dunyoda yurdi necha gumroh, 
Uryon kelibon munda, yana arbada kettim.

G’ofil kishilar kechayu kunduz tilagay mol, 
Dunyo ila dinni sotibon g’amzada kettim.

To yorni xayol ayladi Mashrab, ko’zni ochti, 
Yuz dardu alam birlaki, mehnatzada kettim.

BIR NUQTADA MING MA’NO

To olami zohirg’a kelib man guzar ettim
Tark ayladimu jumlani, qat’i nazar ettim.

Ahvoli dilim aytg’ali bir mahrame topmay, 
Zulmingni qarindoshu g’amingni padar ettim.

Bir qushki, cho’loq, sen sori parvoz etayin deb, 
Hajr o’qlarini jonga suqub bolu par ettim.

Dushmanga chu harb etmak uchun chora topolmay, 
Do’stum qo’lini tuttimu tig’u tabar ettim.

G’am shomida qalbimg’a guzor etti xayoling, 
Ko’z yosh, yurak qoni bilan mohazat ettim.

Savdoyi sari zulfung uchun necha mahaldur, 
Jon kishvarini buzdimu zeru zabar ettim.

Bir martabada turmas emish shoh ila darvesh, 
Bas, jandani kiydim, o’zimi darbadar ettim.

Ko’tahnazar el bilmasa deb xasta bu Mashrab, 
Ming ma’nini bir nukta bila muxtasar ettim.

SHARH AYLASAM ISHQ DAFTARINI

Sharh aylasam ishq daftarini, jon chidayolmas, 
Ham jonu jahon, odamu hayvon chidayolmas.

Avrodi muhabbat o’qubon masjida kirsam, 
Masjid kuyaru toqi farozon chidayolmas.

Mayxona kirib, vasli sanamdin xabar olsa, 
Zohid kuyaru oqilu nodon chidayolmas.

Mahshar kuni gar barq urubon chiqsa nigorim, 
Do’zax kuyaru jannatu rizvon chidayolmas.

Ishq daftaridin gar o’qusam sura bayakbor, 
Beshubha, biling, oyati qur’on chidayolmas.

Gar nar’a urub tavsani himmat mina qolsam, 
Olamg’a tushub sho’rishi afg’on chidayolmas.

Mashrab, sen agar da’viye ishqi sanam etsang, 
Billohki, anga jisming ila jon chidayolmas.

MENI YO’QLAR KISHIM BORMU?

Namangondin ketar bo’lsam, meni yo’qlar kishim bormu? 
G’ariblik shahrida o’lsam, meni yo’qlar kishim bormu?

Qani qavmu qarindoshim, bu yo’lda bo’lsa yo’ldoshim, 
Ko’zumdin oqizib yoshim, meni yo’qlar kishim bormu?

Muhabbat sharbatin ichtim, qazondek qaynabon toshtim, 
Bu foniy dunyodin kechtim, meni yo’qlar kishim bormu?

Tushubdur boshima savdo, ramuzu ishqdin g’avg’o, 
O’ziga ayladi shaydo, meni yo’qlar kishim bormu?

Turarga toqatim yo’qtur, yurarga holatim yo’qtur, 
Yurakda ishq o’ti cho’qdur, meni yo’qlar kishim bormu?

Qarorim yo’q turay desam, Namangonda yuray desam, 
Jahonni sayr etib kezsam, meni yo’qlar kishim bormu?

Bu miskin zor Mashrabni kishi holini bilmaydur, 
Bu yerdin bosh olib ketsam, meni yo’qlar kishim bormu?

XUDO BERSUN PANOH

Nafsi sarkash muddaosidin xudo bersun panoh, 
Bul zamona muttakosidin xudo bersun panoh.

Hirqayi bechora kiymoqlikmu rohi bandalik, 
So’fini dalqi riyosidin xudo bersun panoh.

Jomayi malla kiyib, qilg’on ishi hiylavu makr, 
Shayx noqis xonaqosidin xudo bersun panoh.

O’zlari komilsifat, har luqmasi haqqi sag’ir, 
Yurtni ul sohib duosidin xudo bersun panoh.

Lof urar “Abdoli vaqt-man!” deb, so’zida ma’ni yo’q, 
Bul zamona rahnamosidin xudo bersun panoh.

Mard lashkar yo’sinida qo’liga tasbeh olib, 
Shayxni rangin asosidin xudo bersun panoh.

Muttaqiylik da’vi aylab, o’zlarini pir tutub, 
Oxiri vaqt porsosidin xudo bersun panoh.

Bul qalandar jandasining torida zunnori yo’q, 
Boshiga kiygan kulosidin xudo bersun panoh.

Mashrabi sho’ridani qilg’an duosin qil qabul. 
Ul saharxezni duosidin xudo bersun panoh.

YAXSHI XALQLARNI BIRODAR TUT

Tarozuyi amalni qo’lga ol, so’ngra barobar tut, 
Xatarlik yo’ldasan, to justijo’ qil, yaxshi rahbar tut.

Imoning sham’ini ravshangaridur hamdami qobil, 
Qo’lingdin kelsa, doim yaxshi xalqlarni birodar tut.

Maqomi qurbat o’tig’a agar kirsang – huzur topsang, 
O’zung zahroba yutgil, xalqni komig’a shakkar tut.

Bag’ir qoni, ko’zung yoshi, qadi ham birla oh tortgil, 
Shafoat vaqti bo’ldi, anda domoni payambar tut.

Boshing gardunga yetsa, bo’lmagil zinhor xursande, 
O’zungni har xasu xoshokdin, ey banda, kamtar tut.

Balo ko’rgan kishilar majlisini orzu qilg’il
Ki, har shum lodani ko’rsang, o’zungni munda behtar tut.

Taraddud aylagil, zangi diling shoyadki sof o’lg’ay, 
Hidoyat ko’chasining rindi bo’l, domain mahshar tut.

Ulug’man deb, takabbur pesha qilma mushtiparlarga, 
Sarafrozi topay desang, davomat qiydani tat tut.

Havas bozorini dur aylagil zinhor boshingdin, 
Qo’lungni ikki dunyodin uzub, dilni qalandar tut.

Bahoyimdek yemak-ichmakni sargardoni ko’p bo’lma, 
Kafan bichgil o’zungga, dilda o’lmog’ni muqarrar tut.

Adam sahrosidin dunyoga kelding banda bo’lsam deb, 
Kamar bog’lab belingga, zikri tasbehi eranlar tut.

Bu zindonxonadin o’ttung, ko’rundi jannatul a’lo, 
Baland et himmatingni munda kelding, misli Haydar tut.

O’zini bilmagan bedardlarga ochmagil daftar, 
Xalildek o’tni gulzor aylagil, xo’yi samandar tut.

Bu yerda yori bersa lutfi haqdin garchi iqboling, 
Adolat mulkining sarrishtasini misli Umar tut.

Bu foniy dunyodin, Mashrab, yetishsang boqi uqbog’a, 
Sirotal mustaqimdin o’tting, so’ngra rohi digar tut.

MURABBA’
(Yorga yetar kun bormu, yoronlar)

Hamdu sanolar aytay xudoga, 
Yorga yetar kun bormu, yoronlar? 
Yetgaymu dodim nozuk adoga, 
Yorga yetar kun bormu, yoronlar?

Shum toleimdan ko’rdum jafoni, 
Zolim raqiblar ko’rdi vafoni, 
Holim so’r emdi, bergil davoni
Yorga yetar kun bormu, yoronlar?

Bulbuldayinkim faryod etarman, 
Ishq daftarini bunyod etarman, 
Ko’nlumni bir dam men shod etarman, 
Yorga yetar kun bormu, yoronlar?

Qachon visoling bo’lg’ay muyassar, 
Ishqingda kezdim ham bahru ham bar, 
Dardu alamga to’ldi ko’ngullar, 
Yorga yetar kun bormu, yoronlar?

G’am bahri qildi mavjini bunyod, 
Ishqingda qildim ming ohu faryod, 
O’tti nigorim chun sarvi ozod, 
Yorga yetar kun bormu, yoronlar?

Hajr ahli keldi, tutti yoqamdin, 
Bag’rim tilindi paykoni g’amdin, 
Faryod etarman ushbu alamdin, 
Yorga yetar kun bormu, yoronlar?

Sham’I firoqing ko’ksimda yondi, 
Ko’z yoshim oqib bag’rimga tomdi, 
G’aflatda qolgan Mashrab uyondi
Yorga yetar kun bormu, yoronlar?


DASTINGDAN

Ne g'urbatlarni chektim charx bebunyod dastingdin, 
Mudom motamda qoldim, bo'lmadim dilshod dastingdin, 
Tamomi xonumonim bo'ldi chun barbod dastingdin, 
Qafasdin bo'lmadimki qumridek ozod dastingdin, 
Hama obod bol'di, bo'lmadim obod dastingdin
Ki men har qayga borsam, dod etarman, dod dastingdin.

Dilimning quvvati, ruhi ravonimdin ayirdilar, 
Ko'zimning oqi yanglig' mehribonimdin ayirdilar, 
Azizim, hamdamim, oromijonimdin ayirdilar, 
Jahon gulzorida ul gulistonimdin ayirdilar,
Hama obod bol'di, bo'lmadim obod dastingdin
Ki men har qayga borsam, dod etarman, dod dastingdin.

Chamanda bulbuli sho'ridadurman, oshyonim yo'q,
Misoli chug'dek vayronalarda ham makonim yo'q,
Vafolig' yor deb chiqti, jasadda balki jonim yo'q,
Azizimdin judo bo'ldum, boshimda soyabonim yo'q,
Hama obod bol'di, bo'lmadim obod dastingdin
Ki men har qayga borsam, dod etarman, dod dastingdin.

Meningdek g'amga qolgan, dilparishon o'lmasun hech kim, 
Ko'zi chun termulub yo'llarda vayron o'lmasun hech kim,
Bahori gulshani umri zimiston o'lmasun hech kim,
Bu dunyo diydasig'a torikiston o'lmasin hech kim,
Hama obod bol'di, bo'lmadim obod dastingdin
Ki men har qayga borsam, dod etarman, dod dastingdin.

Umidim bor, etkurgaymusan xurshidi matlabni,
Saodat burjidin ul sha'mi iqbolimg'a kavkabni,
Ko'targaysan boshimdin ikki olamda qaro shabni,
Iloho, sen etur himmat yo'lig'a xasta Mashrabni,
Hama obod bol'di, bo'lmadim obod dastingdin
Ki men har qayga borsam, dod etarman, dod dastingdin

SHODMONLIK IZLAMA

Shodmonlik izlama, ohir boshinga g'am kelur,
Odamining boshiga andishayi motam kelur.

Osmonga etsa boshing misli Muso homush o'l,
Sar daraht nurmeva bolgan songra boshi ham kelur.

Odamiyning asli birdur, bir-biridin farqi bor,
Necha qari o'tgan soghun dunyoga bir odam kelur.

Vahmi mahshardin gapurmang norasoni oldida, 
Goshi kargha haq sozi albatta noforam kelur.

Yighlamoq oson emasdur, ey jigarbandim, eshit,
Mulki dil sadpora bolghan song kozingdan nam kelur.

Olimi ilmiga maghrur, johili isyonga gharq, 
Kas ne bilsun, rozi mahshar kimni toshi kam kelur.

Yoshligingda yolga kirghil, toki topqaysan kamol,
Gar jarohat kohna bolghan songra bemalham kelur.

Mashrabo, siynamdagi dardimni aytsam, arsh kuyar,
Yol hatadur, qorqaman, majlisga nomahram kelur.

KO'RSAT JAMOLING

Ko'rsat jamoling mastonalarg'a,
Ishqingda kuygan parvonalarg'a.

Mendin duodur,sendin - ijobat,
Jonim tasadduq jononalarg'a.

Ey ko'ngli qattig',rahm aylamaysan,
Qilg'il nazar sen bechoralarg'a.

Mashrab seni deb kechti jahondin,
Boshini qo'yub ostonalarg'a.

HAR KISHINI DARDI BO'LSA

Har kishini dardi bo'lsa, yig'lasun yor oldida,
Qolmasun armon yurakda, etsun izhor oldida.

Andalibi benavodek nola-yu afg'on bila
Doimo yig'lab turarman ayni gulzor oldida.

Mansuri Xallojdek ichib sharobi antahur,
Charx urub,yig'lab turarmen ushbu dam dor oldida.

Har kishi bir jur'ae no'sh aylasa bu bodadin,
Ul qiyomatda qilur arzini Jabbor oldida.

Telba Mashrab,qilmag'il sirringni zohidga ayon,
Aytib-aytib yig'lagaysan oshiqi zor oldida.

TUSHTI SAVDOI MUHABBAT BOSHIMA

Tushti savdoi muhabbat boshima,
Or etar mardum kelurg'a qoshima.

Ul muhabbat ko'yida qon yig'ladim,
Etti iqlim g'arq bo'ldi yoshima.

Sajda aylar zohid ul mehrob aro,
Men qilurman sajda egma qoshima.

Muhtasib to'kturdi soqiy bodasin,
Etmadi aqli ani sirdoshima.

Kunda yuz jabr etganingdin o'rgulay,
Qo'y qarab g'am toshini bardoshima.

Mashrabi devonani hayron etib,
Ne sababdin kelmading bir qoshima?

YUZI MOHI TOBON QIZ

Kokulung anbar durur, jon ichida jonon qiz,
Ko'zlaring axtar durur, yuzi mohi tobon qiz.

Lablaring erur la'ldek, yuzlaring qizil guldek,
Barcha sengakim quldek, xizmatingga qurbon, qiz.

Tar orazing gul, soching sunbulki,tishlaring dur,
Sarv qadlig', qosh ko'rung oftobi davron qiz.

Bir ko'rib seni, zolim, qolmadi mening holim,
Tang bo'lubdur ahvolim, bilmadingmu, nodon qiz?

Oy yuzingni ko'rganda, lablaringni so'rganda,
Mashrabing bo'lur banda, qilsang ani mehmon qiz.

KO'RGOLI KELDIM

Ishqing o'tig'a kuygoli keldim,
Oydek yuzungni ko'rgoli keldim.

Savdoi zulfing tushdi boshimg'a,
Sendinn savolr so'rgoli keldim.

Bahringga kirdim g'avvos bo'lay deb,
Bir durri maqsud olgoli keldim.

Mani so'rasang, ey gul'uzorim,
Mahvi jamoling bo'lg'oli keldim.

Qofila ketti,manzilga etti,
Men ham boray deb ketgoli keldim.

Soqiy, qadahni qilg'il muhayyo,
Vahdat mayidin ichgoli keldim.

Rahmat eshigin Mashrabga ochg'il,
Ishqing ko'yida o'lg'oli keldim.

DEVONA BO'LDIM

Ko'rdum yuzungni - devona bo'ldum,
Aqli hushimdan begona bo'ldum.

Tortib jafoni o'lsam ko'yingda,
Qaytmasman hargiz - mardona bo'ldum.

Bo'lib jahonda rasvoi olam,
Yaxshi-yamonga afsona bo'ldum.

Kavsar sharobi yodimg'a kelmas,
La'li labingdin mastina bo'ldum.

Yumdum ko'zumni sendin bo'lakdin,
Kechdim baridin, rindona bo'ldum.

Ko'rdum tushumda sham'i jamoling,
Charx urub ondin parvona bo'ldum.

Ishqing mayini sundi bu jismim,
Ham soqi-yu ham paymona bo'ldum.

Bir qatra erdim, cho'mdum dengizga,
Kirdim sadafga - durdona bo'ldim.

Kuydirmasa o't, bo'lmas yag'och cho'g',
Ishq o'ti birlan hamxona bo'ldum.

Bo'ldum fano men tufrog' ichinda,
Bir dona erdim, ming dona bo'ldum.

Ul yuz o'tida bud bo'ldi nobud,
Jon jong'a kirdi, jonona bo'ldum.

Tegdi ko'zingdin har damda ming tiyr,
Avval edim dasht, gulxona bo'ldum.

Bir necha yildur yordin judoman,
Bilmay o'zumni hayrona bo'ldum.

Kuymas,dedilar, ma'murai ganj,
Obod edim man, vayrona bo'ldum.

Mashrabga may sun mayxona ichra,
Kechtim baridin - rindona bo'ldum.

NOGOH KO'RUBON JAMOLING

Nogoh ko'rubon mahvi jamoling bo'la qoldim,
Oydek yuzingga boqdimu hayron bo'la qoldim.

O't tutashib kuydi yuragim birla jonim,
Parvona bo'lub o'tga yuzimni ura qoldim.

Yuz g'amza bila chiqdi sanam maykasidin,
Zunnor uzub, din bila imon sota qoldi.

Ko'rdumki,ajib ishvagaru dilbari tannoz,
Devona bo'lub ishqida o'tdek yona qoldim.

Diydori jamolini ko'rub ishq yo'lida,
Gulgun yonubon mavhi tomosho bo'la qoldim.

Hojat emas ul Ka'bai jononag'a bormoq,
Men gavhari maqsud bo'loyin deb yona qoldim.

Mashrab boshig'a tushdi o'shal kun g'ami dildor,
Shaydoyi bo'lub jumla havasdin qola qoldim.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.