background
logotype

Dilkash (XIX-XX asr)

* * *

Yona-yona, ey sabo, sarvi xiromondin gapur,
O‘zgalar vasfini etma, menga jonondin gapur.

Do‘stlar, pand aylamang, shaydo ko‘ngulga mehr etib,
Ishq yo‘lida anga o‘tlug‘ biyobondin gapur.

Etma zebin lolayu rayhonu nasrin, sarvi gul,
Tarkin ayla barchasin, ul sho‘xi davrondin gapur.

Necha cheksun zorliqlar sabru toqat jism aro,
Bu gudozlarga karam qil, sho‘ru to‘fondin gapur.

Xasta jismim poymoli o‘lsa nogah ishq aro,
Ey ko‘zim, esor uchun yuz durri g‘altondin gapur.

Rohat olur ul nafasdin beadad dil choklar,
Tan huzuri chun bu dam anfosi pirovdin gapur.

Navhadin matlab ne ermas, so‘zi dildin ne murod,
Oh Dilkash, etma hargiz davri hijrondin gapur.

* * *

O‘lubman xastai mahjuri zoring,
Qayu zoring, asiru beqaroring.

Labingdin bir eshitmay shakkarin so‘z,
Bo‘lub boshdin-oyog‘im intizoring.

O‘qub ad’iya ixlos ila derman,
Ziyoda husnung o‘lsun, baxt yoring.

Necha mahbub eli sandek diloro,
Emas ermish dedi, bir xoksoring.

Muarrixlar agar sursa qalam ko‘p,
Bitolmas oncha vasfi gul uzoring.

Etib majnunlug‘umni toza hardam,
Havoyi tal’ati neku shumoring.

Ne bo‘lg‘ay davlati manzuring o‘lsa,
Hazin Dilkash qatori jonsiporing.

* * *

Kishi mahv o‘lur dilrabosi uchun,
Farahlar topar ko‘p jafosi uchun.

Bo‘lur chun arodin qachon javri kam,
Tilar yonakim xun bahosi uchun.

Yo‘q aylar o‘zini bukim fikr aro,
Ki qilg‘on labining imosi uchun.

Asiri bo‘lur yo shahid ul zamon,
Jabin janbig‘a domu dosi uchun.

Yururlar bu yo‘lda necha notavon,
Aning qilg‘ali ko‘p duosi uchun.

Aning tig‘idin su so‘rab jismu jon,
Badan za’fining chun davosi uchun.

Taajjub bu yo‘l Dilkashu ham aziz,
Bo‘lub mahv men jon fidosi uchun.

* * *

Ishq ichra seni dedimu, dilbar, o‘la yozdim,
Rahm ayla bu holimga sitamgar, o‘la yozdim.

Xo‘b o‘ldi tag‘oful bila etding meni bexud,
Devona bo‘lub, vahki, qalandar, o‘la yozdim.

O‘t tushdi nihodimga ko‘rub mohvashimni,
Shavqin o‘tida misli samandar o‘la yozdim.

Bag‘rim yarasi, novaki mujgon adadi yo‘q,
Qosh yolaridin necha muqarrar, o‘la yozdim.

Dardim ko‘p o‘lur fikri agar kelmasa dilga,
Chun kelsa ajab volayu besar o‘la yozdim.

Dilkash ne deb o‘ldung g‘ami ishq ichra giriftor,
Boshimga solib qismi muqaddar, o‘la yozdim.

* * *

Sof husni dil firibu, ko‘z qarosi shunchalar,
Novaki mujgonlaru ham qoshi yosi shunchalar.

Ibtilolar har tarafdin yor vaslidin yetar,
G‘urbatu kohish uza hijron balosi shunchalar.

Lu’bati chindek agar chin solsa chindin, ohkim,
Alhazar go‘yo ajalning domu dosi shunchalar.

Hayrat ichra qoldi yodek har kishi gar ko‘rsa bir,
Dedi ahbob elga — mahbublar sarosi shunchalar.

Xoradin o‘tsun nigoh, paykon tanidin tig‘i hajr,
Kechayu kunduz budur oshiq duosi shunchalar.

Aylar ul oncha sho‘rish, man hamesha nolasoz,
Gul uchun gul vaqtida bulbul navosi shunchalar

Nechakim mahfil sori aylar xiromin chog‘ida,
Jonni hadya, ko‘z yoshi Dilkash fidosi shunchalar.

* * *

Xayolingdur ko‘ngulni xonasida,
Oning nuri ko‘zum koshonasida.

G‘amingdin kecha-kunduz telba voram,
Nazokatlar emish mastonasida.

Muazzabmen, balo xayli tuzub saf,
Fig‘ondin o‘zga yo‘q devonasida.

Tutoshib oh o‘ti bag‘rimda pinhon,
Bu bekasning dili vayronasida.

Chamanda misli guldek qon yutarman.
Bu rasm ila jafo davronasida.

Bo‘lub bexud jafo birla alamdin,
Ajab sarmast o‘lub mayxonasida.

Navo topmas kishi ham bargi ummid,
Borib to yotmayin ostanasida.

Qadi xamdin hazar qilmoq emish xo‘b,
Kamon bil oh o‘qi parronasida.

Alamdin ohlarkim necha, Dilkash,
Chekib pinhoni otashxonasida.

* * *

Tuzmadi zebin chaman to sarvi ra’no bo‘lmasa,
Tinmadi ko‘nglum nazarda qaddi zebo bo‘lmasa.

Ayladim rangin badanning ko‘zni ashki olidin,
Ul sumanbo‘ning xayoli dilda paydo bo‘lmasa.

Joyi bor andog‘ ko‘zumg‘a ro‘zi ravshan kechadek,
Jubbalar zebi uchun zulfi mutarro bo‘lmasa.

Yillar o‘tmishdur nigoron ko‘zlarim nur shavqida,
Yo‘lda hayrondur nigohim ul diloro bo‘lmasa.

Xo‘b erur, xunob daryosida qolsun doimo,
Xush xiromidin bo‘lak ko‘zga tamosho bo‘lmasa.

O‘lsa yaxshi ishq eli, ko‘rguzsa xo‘blar jabhasin,
Aqrabi dargoh emas, qoshlarda imo bo‘lmasa.

Nolalar Dilkash chekib, andog‘ kecha vuslat yo‘li,
Nega ochilsunki to hijron shinoso bo‘lmasa.


MUXAMMAS

Damodam xudoni etib yodlar,
O‘qurman hamisha bu avrodlar,
Gahi g‘am kelur chun, gahi shodlar,
Buzulg‘ay hammasi bu bunyodlar,
Bu ijodlardur, bu ijodlar.

Meni tab’imi gul furush aylamish,
Labin zikrida jon xurush aylamish,
So‘zi g‘orati aqlu hush aylamish,
Chaman sarvidek to yurush aylamish,
Bu kayyodlardur, bu kayyodlar.

Ko‘zumdur g‘ariqi jigar qonida,
Ko‘ngullar fido raxshi javlonida,
Turaolmayin ishq maydonida,
Yetushmas ulug‘ qasru ayvonida,
Bu faryodlardur, bu faryodlar.

Ajab tund o‘lub, qosh uza chin solib,
Agar chin desam g‘orati din solib,
Muhiblar diliga necha kin solib,
Tamosho elig‘a ne tahsin solib,
Bu jallodlariur, bu jallodlar.

Ki g‘amzang o‘qin ot vafo ahlig‘a,
G‘ami hajr aro pur jafo ahlig‘a,
Yo‘lingda hama benavo ahlig‘a,
Nigah naqshin ur ko‘p fano ahlig‘a,
Bu noshodlardur, bu noshodlar.

Iki fitna bir yonu zulfi kamand,
Etar ishq eli jonini saydu band,
Yana qatl uchun tig‘ abru davand,
Nihon aylabon yuzni mushkin parand,
Bu sayyodlardur, bu sayyodlar.

O‘tub gohi yuz sho‘ru g‘avg‘o bila,
Kishiga ko‘z ochmay tamanno bila,
Muningdek hamag‘a tamosho bila,
Yirog‘din turub men tavallo bila,
Bu ustodlardur, bu ustodlar.

Kishi ko‘rma(mishdi) muningdek pari,
Parilar sarosiyu sar daftari,
Ko‘ngullar olurg‘a ajab dilbari,
Chaman navrasiday ani qadlari,
Bu ozodlardur, bu ozodlar.

Qolib Dilkashi dog‘ining dog‘ida,
Ne lola dog‘idek, ne gul bog‘ida,
Ko‘rub to o‘zin ajz tuprog‘ida,
Bularkim emishlar balo tog‘ida,
Bu Farhodlardur, bu Farhodlar.


AMIR G‘AZALIGA MUXAMMAS

Yo‘q sen kabi istasam Ajamni,
Xo‘blikda hadiqai eramni,
Dard uzra ziyod etib yaramni,
Qoshingg‘a teguzmag‘il qalamni,
Bu xat bila buzmag‘il raqamni.

Vaqf o‘ldi g‘aming manga saropo,
Hajring g‘amidek g‘amim yo‘q aslo,
Boshdin-ayog‘ing ajab musaffo,
Butxonalar ichra hech tarso
Bir ko‘rmadi sen kabi sanamni.

Jonlarg‘a g‘izo takallum etgil,
Lutf ila necha tabassum etgil,
Xubon elidin taqaddum etgil,
Oshiqlaringa tarahhum etgil,
Ko‘p aylama javr ila sitamni.

Fikring dil aro muqarrar o‘lsa,
Go‘yoki, jahon muattar o‘lsa,
Ham ko‘zu ko‘ngul munavvar o‘lsa,
Naqshi qadaming muyassar o‘lsa,
Naylay bu jahonda jomi jamni...

Yodida labingni xun ko‘ngullar,
Shod ayla necha bukun ko‘ngullar,
Ishq ichra qilur o‘yun ko‘ngullar,
Yo‘q olam aro butun ko‘ngullar,
Zulfingdin ayirma pechu xamni.

To shahri g‘amingda shoh bo‘ldum,
Nolandau ham pur oh bo‘ldum,
Gohi yo‘q o‘zumda, goh bo‘ldum,
Yo‘lingda g‘ubori roh bo‘ldum,
Boshimg‘a yeturmading qadamni.

Doimki xayolinga asirmen,
Aftoda figoru benazirmen,
G‘am borini chekkali dalirmen,
Sen yordin o‘zga kimga dermen,
Ko‘nglumdagi dard ilan alamni.

Nozuklar elin hariridursen,
Navxatlar aro dabiridursen,
Ham Dilkashu xush zamiridursen,
Iqlimi vafo Amiridursen,
Ey shah, bu gadog‘a qil karamni.


UVAYSIY G‘AZALIGA MUXAMMAS

To‘karmen ishq aro durdona gohi shod, gohi g‘am,
Xurush aylab necha ra’dona gohi shod, gohi g‘am,
Qilay arzi dilim jonona gohi shod, gohi g‘am,
Yurib men turfa bir devona gohi shod, gohi g‘am,
Xirad ahli aro mastona gohi shod, gohi g‘am.

Quyar albatta bu dardi nihonim so‘rsa dard ahli,
Bu hasrat masnadi uzra shukr ham ko‘rsa dard ahli,
Fig‘on chek, g‘unchai la’li hovosinda navo ayla,
Vafo qilsa vafoyu, gar jafo qilsa jafo ayla,
Nedur bul jismi bedarmona gohi shod, gohi g‘am.

Kuyar albatta bu dardi nixonim so‘rsa dard ahli,
Bu hasrat masnadi uzra shukr ham ko‘rsa dard ahli,
Kelib holim so‘rarga bir nafas o‘ltirsa dard ahli.
G‘amim taqriridin andak sabo yetkursa dard ahli,
Deyin anga necha afsona, gohi shod, gohi g‘am...

O‘zung kuydirma, fikri sarvi ozod etma, ey ko‘nglum.
Havoi ko‘yi ul shirin parizod etma, ey ko‘nglum,
Balolar tog‘ida to o‘zni Farhod etma, ey ko‘nglum,
G‘amu shodiga ming shukr ayla, far’yod etma, ey ko‘nglum,
Ki tutkil himmati mardona, gohi shod, gohi g‘am.

Ko‘ngul yakbora oh etma, sevun, qadring bilur, oxir,
To‘k anjum ashki, ey ko‘zlar butun qadring bilur, oxir,
Necha javr ila Dilkash, chekma un, qadring bilur, oxir,
Uvaysiy sabr qil bir necha kun, qadring bilur, oxir,
Kelur boshingga bebokona, gohi shod, gohi g‘am.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.