background
logotype

Dilovar (XIX asr)

XIX asrning birinchi yarmida Qo‘qonda yashab ijod qilgan. Saroy xodimlaridan bo‘lgan.

MUHAMMAD ALIXON MARSIYASI
 
Oqar ko‘zdin qaro qonim,
Kuyar jismim ila jonim,
Bo‘lub dilxun ahvolim,
Shahidi begunoh xonim.

Minardi baydari sozi,
Shikor aylab qishin yozi,
Olurdi, qarchig‘ay yuzi,
Shahidi begunoh xonim.

Bo‘lub davrinda kish ar to‘q,
Javohirdin to‘lub sandiq
Hama sila, kamar jabduq,
Shahidi begunoh xonim.

Adadin vahmi yo‘q nori,
Mudom erdi tarab kori,
Salim erdi, yo‘q ozori,
Shahidi begunoh xonim.

Mahol ermish kelar chog‘i,
Aloyiq bo‘ldi bir dog‘i,
Bahodirxon bo‘lub yog‘iy,
Shahidi begunoh xonim.

Madori umr bar xobi,
O‘lub xon xalq betobi,
Yoshimdur misli selobi,
Shahidi begunoh xonim.

Onasi birla berdi bosh,
Bo‘lub xon o‘g‘li ham yo‘ldosh,
To‘kar Farg‘ona ko‘zdin yosh,
Shahidi begunoh xonim.

Aning amri tufangu to‘y,
Sipohi erdi birlik ko‘p,
Noxush xoni jahon oshub,
Shahidi begunoh xonim.

Topib davrinda mulk orom,
Ichar suv barcha oltin jom,
Birikmay ishqi qildi xom,
Shahidi begunoh xonim.

Bo‘lib bazm ahliga ustod,
Zamoni xon shahr obod,
Tarab angez mardum shod,
Shahidi begunoh xonim.

Bahodir zolim ul zanji,
Topib ul xalqning ganji,
Jazosin bersin Urganji,
Shahidi begunoh xonim.

Haloyiq titrashib larzon,
Zulm aylab Bahodirxon,
Hama sarkardasi nodon,
Shahidi begunoh xonim.

Suyub bir necha barnoni,
To‘kub ko‘p begunoh qoni,
Bahodirxon nodoniy,
Shahidi begunoh xonim.

O‘tar dunyoda yozu qish,
Sanodur ikki kam oltmish,
Ko‘rub Farg‘ona qattiq ish,
Shahidi begunoh xonim.

Xudo izni bilan bo‘lgan,
Barin paymonasi to‘lgan,
Bo‘lub qismat shahid o‘lgan,
Shahidi begunoh xonim.

Dilovar bir namakxo‘ri,
Qilib marsiyasin joriy,
Shahidi oliy miqdori,
Shahidi begunoh xonim.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.