background
logotype

Dilshodi Barno (1800-1905/06)

Dilshod Otin, Barno, Dilshodi Barno (taxalluslari; asl ism-sharifi Dilshod Rahimqul so‘fi qizi), (1800, O‘ratepa — 1905/06, Qo‘qon) — shoira, ma’rifatparvar. Otasidan savod o‘rgangan. Maktabdorlik qilgan — xotin-qizlarga xat-savod o‘rgatgan. Anbar Otin Dilshodi Barnoning iqtidorli talabalaridan bo‘lgan. Dilshodi Barno g‘azal, muxammas, masaddas, chiston va boshqa bilan birga xotiranomalar ham yaratgan. Uning 91 ta o‘zbekcha va 51 ta tojikcha she’ri, «Tarixi muhojiron» («Muhojirlar tarixi») badiiy-tarixiy asarining o‘zbekcha va tojikcha 3 qo‘lyozma nusxasi («Tazkirai Barno», «Sabot ul-bashar maa tarixi muhojiron» — «Inson matonati va muhojirlar tarixi», «Muntaxab al-ash’ori Barno» — «Barnoning tanlangan she’rlari») bizgacha yetib kelgan. Bularda o‘zaro urushlar, xalqning turmush sharoiti va boshqa ijtimoiy-siyosiy voqealar o‘z ifodasini topgan. Turkistonni chor Rossiyasi bosib olishiga bo‘lgan munosabatda shoira zamondoshlaridan ilgarilab, bu hodisaning barcha oqibatlarini to‘g‘ri tushungan. Shu jihatdan Dilshodi Barno she’riyati xalq taqdirining badiiy yilnomasi darajasiga ko‘tarildi. Shu bilan birga shoira baxtiyor zamon, yaxshi kunlar kelishiga ishondi («Bu jabru zulmat albat muvaqqat...», «Farg‘ona» va boshqa), turkistonliklarni do‘st-inoq yashashga undadi («Xaloyiq, borsangiz...», «Tarixi muxosara» va boshqa). Dilshodi Barno lirikasida muhabbat va sadoqat mavzui, vatan va inson ozodligi masalasi uyg‘unlashib ketgan («Sochim sunbul deyurlar...», «Falakda suzuvchi oy...» va boshqa).
Dilshodi Barnoning «Tarixi muhojiron» asarida 19-asr Qo‘qon xonligidagi tarixiy, ijtimoiy-siyosiy voqealar aks etgan. Ayollarni ma’rifatli, erkin, jamiyatning teng huquqli a’zolari bo‘lishga chorlagan. Shuningdek, asarda O‘ratepa va Qo‘qonda yashagan 30 dan ortiq shoir va shoiralar ijodi haqida ma’lumot keltirilgan. Dilshodi Barno asarlari qo‘lyozmasi O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi (inv. ? 1207). Asarlari o‘zbek va tojik tillarida nashr qilingan.

Begali Qosimov



G'AZALLAR

Bu muhabbat jomidur, deb dahrdin chiqdi nido,
“Yor aksin mayday ko’r”, deb jomdin chiqdi sado.

Xonaqoh ahlig’a aytdim: “Alvido, ey so’filar”,
Dayra kirdim, rindliqni emdi qilg’um ibtido.

Man ichib ishq bodasini, boy berdim mazhabim,
Har na bo’lsa ko’rsa ko’zim, jon anga bo’lsin fido.

Bu qadah ichra ko’rundi orazi ul yorning,
Zanjiri ishqini soldi bo’ynuma, ermish rido.

Oshiqini g’ul urub band aylasa ma’shuq agar,
Shukr qilg’ay, bo’lmasam deb, bandidin hargiz judo.

Jannatu do’zax barobar oshiqi zor oldida,
Ishq imomig’a hamisha aylamishdur iqtido.

Garchi Barno zordur bir orazi yor oldida,
Ishq imomig’a hamisha aylamishdur iqtido.


* * *

Odam aytibdur avval ulug’ nurg’a qarab,
Bir marta kulgil, ey nur, qaro yerg’a qarab.

Xovar boqibdur ul dam anvor mehr ila,
Zulfin etib parishon, soyu qirg’a qarab.

Yer aylanib turibdur, parvona xovar uzra,
Hayo teri oqibdur Amuyu Sirg’a qarab.

Chiqganda dona-dona buloq ko’zidin ul ter,
Hayratda xovar o’lmish ul on dirg’a qarab.

Siru Amu oqibdur, kishvari kokilidek,
Nazar solmabdur also adirg’a qarab.

Odam qo’lida oxir o’libdur rom jayhun,
Ta’zim etibdur ul dam ul Sirg’a qarab.

Inson payravi bo’l, Dilshod o’lg’aysan,
Ta’zim etma hargiz begu mirg’a qarab.


* * *

Keling, qizlar, chalaylik daf ila soz,
Bir osoyish zamonni chorlaylik boz.

Diyorimizni ta’rif aylamakka
Hamma maqsadni birga aylaylik soz.

Qo’shiqni Nodira she’rig’a bog’lab,
Bo’layluk sozig’a bizlar hamovoz.

Uvaysiy birla Mahzuna qoshida
Turaylukluk suhbat aylab birga damsoz.

G’azallar pardasini har qanoti,
Hayotlik ko’nglimizda etsa parvoz.

Kimiki misli ma’dan ersa rangin,
G’azallar husni ermas, balki pardoz.

Jamoli misra asli ersa, Barno,
O’qug’an odam aylar oncha e’zoz.


* * *

Qalam tekkizma qoshingga, buzilmasun bu xat,
Falakdin oy misoli uzilmasun bu xat.

Ikki chiziqda mujassam yosin ayladi pay,
Bu ikki mast qo’yilmay tuzilmasun bu xat.

Qo’shingni ko’rsatib oyg’a, xijolat etma ani,
Yuzingda doira shakli so’zilmasun bu xat.

Yuzungga boqsam o’qurman mashaf oyatini,
Ilohi ishqim o’tidek qo’zilmasun bu xat.

Mujgon o’qi hamisha qoshinggadur mahram,
Qiyomat o’lg’ucha hargiz to’zilmasun bu xat.

Toq uzra tut hamisha ikki qamar yang’lig’,
Jahon nuri yog’urmish ezilmasun bu xat.

“Val-layli val-qamar” oyat yozar ermish Barno,
Xurufi oyat uzra birdek tizilmasun bu xat.


* * *

Orazing, yor, sanga mavzui shior o’lsun,
Qomating diyorimda mavsumi bahor o’lsun.

Forsiy guftam abro’i tu, gar so’zlasam qoshing,
Bog’ aro ikki rasta gulu sabzavor o’lsun.

Turkey aytganim ko’zing, forsiy – chashmi ohuvor,
Kechalarda yuzingga termulub xummor o’lsun.

Novakest mujgonat, forsiy agar go’yam,
Gulshanimda girdogird soqchidek qator o’lsun.

Yuzlaringni tavsifin garchi so’zlasam, yorim,
Bog’ aro zanaxdonim olmau anor o’lsun.

Forsii ba dandonat alqiyos agar oram,
Ar guloyingda sheroza bobi e’tibor o’lsun.

Qo’llaringda sochimning torini sanab boqding,
Soli umri Barnora zulmat oshkor o’lsun.


MUXAMMAS

Yo falak hargiz meni dardimga darmon aylams,
Yo tabibi xoziqimni hech qadrdon aylams,
Mushkulim ko’pdur, aqalli birin oson aylamas,
Orzuyim borasida hargiz imkon aylams,
Manga himmat ilgidin bir yo’la ehson aylamas.

Dod deb qichqirg’animg’a rahm etmaydi falak,
Ishq sirrin o’ylamakdin qong’a to’ldi bu yurak,
Yer ostonig’a yetmoqlig’in dil aylar tilak,
Shum raqiblar dastidin yo’l izlab o’tmoqlik kerak,
Bu tilakning borasida fikr chandon aylamas.

Subhi o’lmaydi tunim, hargiz yorishmas bunda shom,
Bu habashni lashkari oshiqdin olur intiqom,
Saf tuzib kuz manzarida, qo’lida tig’i nayyom,
Telmurub yig’lab turarman, tashnaman, qo’limda jom,
Xovari tun lashkarini nestu yakson aylamas.

Sho’r baxtimg’a azizim yuzni pinhon ayladi,
Va’da qildiyu visolin, bag’rimi qon ayladi,
Yig’latib ishqida ko’zdin abri nayson ayladi,
Oxiri bus hum raqibin qasdi bir jon ayladi,
Hech ma’shuqa oshiqini bo’yla sarson aylamas.

Emdi yorim rahm etib, qiniga solsun tig’ini,
Nogahon bir zarb ila qirqmay muhabbat bixini,
Adl birla o’zi bersun shum raqib ta’zirini,
Shodmon o’lg’um, yo’qotg’um, qayg’u birla yig’ini,
Bu vafoni dilbarimdin o’zga sulton aylamas.

Bu muammo qay kuni hal bo’lg’usi, bilmam hanuz,
Ishq g’olib bo’lmog’I, zulm ketgusi, bilmam hanuz,
Pardayi ismat oxir yirtilg’usi, bilmam hanuz,
Oy ham o’zdin niqobin olg’usi bilmam hanuz,
Naylayin bu matlabim xurshidi tobon aylamas.

Charxi kajrav to’g’ri yursun bu g’arib Barno uchun,
To’g’ri yo’llar nomin aytsun axtarib Barno uchun,
Baxt qonuni yozilsun o’zgarib, Barno uchun,
Ishq vasli ham bo’ladur anqarib Barno uchun,
Bu niyatni emdi Barno hech pinhon aylamas.

BAYTLAR

Odamga faqat husn erur ruyiga zeb, 
Botinda jamil ulmasa, bu husn bekor.

* * *

Bu zamonda hamdami roz o‘lmaga o‘qush kerak, 
Har kitobni o‘qigonda ma’nisin uqish kerak. 
Andin o‘rganib adab ilmin g‘azal to‘qish kerak, 
Norasolikning jahonda tomirini qirqish kerak, 
Ilmsiz afsunchilarga tiri parrondur kitob.

* * *

O’zungni o‘ylama tanho, el ichra sodiq bo‘l, 
Naxo‘dcha yetsa ziyoning, o‘zing hayotdin kech.

* * *

Vatanni shod etish uchun ko‘p qayg‘uring.

* * *

Rostlikka zavol o‘lmas emish, biling, 
Xalqingni halok etmagil, ey yer.

* * *

Yoshlik senga bir yo‘l kelib, yana ketar, 
Qadrig‘a yetib uynamog‘ing darkor.

* * *

Odamdin nur oldi har laylu nahor, 
Tarixning hisobin topg‘on har odam.

* * *

Jahonda yaxshilik inson yuziga ziynatdur, 
Nabot bersa, zaqqum bil, bari yamondin kech.

* * *

Daraxt besamar ulsa bog‘ida, 
Bog‘bon tanida qolmag‘ay halovat.

* * *

El ichra ishla, el birla tirik bo‘lgil amalda, 
Ki, tanho nom chiqarmas yaxshilikda, dedilar ustoz.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.