background
logotype

Fazliy (XVIII-XIX asr)

Fazliy Namangoniy (taxallusi; asl ismi Abdulkarim, 18-asr 2-yarmi — 19-asr 1-yarmi, Namangan) — shoir, adabiyotshunos. 19-asr boshlarida To‘raqo‘rg‘on va Namanganda turli mansablarda ishlagan. Umarxon hukmronligi yillari (1810—22) Qo‘qonga kelgan. She’riy iste’dodi tufayli xonning marhamatiga sazovor bo‘lib, tez orada saroy shoirlarining boshlig‘i — «malik ush-shuaro» nomini olgan. Umarxonning hayoti, faoliyati, harbiy yurishlari, hukmronligi davridagi voqealarni «Umarnoma» dostonida tasvirlagan. Xon topshirig‘iga ko‘ra, Fazliy «Majmuai shoiron» («Shoirlar majmuasi», 1821) tazkirasini tuzgan. O‘zbek adabiyotshunosligi tarixida ilk marta she’riy yo‘l bilan yaratilgan mazkur tazkirada 19-asr boshlari Qo‘qon adabiy muhitining 100 dan ortiq vakillari haqidagi qimmatli ma’lumotlar va asarlaridan namunalar mavjud. Shu jumladan, unda Fazliyning qasida va g‘azallari, shoira Mahzuna bilan mushoirasi ham bor. Fazliyning «Devon» tuzgani ma’lum, ammo u topilmagan. Uning o‘zbek va tojik tillarida yozilgan g‘azal, masnaviy, muxammas, ruboiy va tuyuqlari turli majmua va bayozlarda uchraydi.
Fazliyning «Majmuai shoiron» tazkirasi 19-asr va 20-asr boshlarida qo‘lyozma va toshbosma nusxalarda keng tarkalgan, asar adabiyot ahli orasida katta shuhrat topgan. Uning mukammal qo‘lyozma nusxalari Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanadi (inv. ? 7510, 9914 va b.). Fazliy Umarxon vafotidan so‘ng (1822), Namanganga ketgan va o‘sha yerda vafot etgan.

Rustamjon Tojiboyev.



«DEVON»DAN

G‘AZALLAR


Gul yuzungda zulfungni bog‘ aro namoyon qil,
Lola birla sunbulni dog‘ etib parishon qil.

Lolagun qabo jaybing tugmasin ochib gohe,
Gul yaqosini chok et, g‘uncha bag‘rini qon qil.

Davlati visolingga shukr etmaganlarni,
G‘am o‘tig‘a dog‘ aylab, mubtaloyi hijron qil.

Soqiyo, yuzung aksi qildi bodani gulgun,
Lola rang sog‘ar tut bazmni guliston qil.

Ey ko‘ngul xarobingga kelsa yoshurun dardi,
Voqif o‘lmasun mardum ko‘z uyida mehmon qil.

Oshiqi talabgoring mardlarni shohidur,
Bo‘sai dahoningdin nazri shohi mardon qil

Fazliyo, Umar sulton dargahiga yo‘l topsang,
Ko‘zlaringga tufrog‘in surmai Sulaymon qil.


* * *

Gul chog‘i xushdur qilib sayri guliston o‘ynamoq,
Yor ila gulshanda sarmastu xiromon o‘ynamoq.

Yor la’li birla o‘ynab bo‘lmas, ey shaydo ko‘ngul,
Bas degil insof ila osonmudur jon o‘ynamoq.

Turfa sarkashdur samandi noz surma tund ani,
Kim anga odat erur qilg‘onda javlon o‘ynamoq,

Halqai zulfungga chindur ko‘ngul o‘ynab berganim.
Yo‘qsa ishq oyinida bordurmu yolg‘on o‘ynamoq,

Bok emas gar tarqasa ashkim yuzum atrofina,
Yoshlarg‘a rasmdur haryon parishon o‘ynamoq.

Keldi yoding ko‘ngluma ashkim yugurdi har taraf,
Tiflg‘a odat erur kelganda mehmon o‘ynamoq.

Ey ko‘ngul, vayronalig‘lar birla xush tut xotirin,
Gar sening birla tilar ul tifli nodon o‘ynamoq.

Ishq osondur va lek jon o‘ynamoq dushvor erur
Bulhavas ham o‘ynar erdi bo‘lsa oson o‘ynamoq.

O‘ynag‘il Fazliy vafo nardin qurub jon naqdini
Gar tilar bo‘lsa saningla tab’i jonon o‘ynamoq.


* * *

Soqiyo, sensiz manga bo‘ldi bu oqshom kom talx,
Dambadam la’ling xumoridin icharman jom talx.

Nargising aylar nigohi tund, la’ling zahrxand,
Vah nadindur bu chamanda pistavu bodom talx.

Zulfu simin soidu maygun labing hijronida,
Boda yo‘qkim qon yutarman subhdin to shom talx.

Zahri g‘am yutmak labing hajrida odatdur manga,
Kim emas maxmurlarga bodai gulfom talx.

Hajr og‘usidin ikroh etmazam la’ling tilab,
Necha may talx o‘lsa bilmas oni may oshom talx.

Sarva ko‘rguzma qadingni, gulg‘a arz etma jamol,
Qilma gulshan ayshini, ey sarvi gulandom, talx.

Nash’ai sahbo kabi Fazliy guvorodur manga,
Garchi bordur yor shirin la’lidin dashnom talx.


* * *

Ey sabo, kel bog‘ aro ko‘rgan tamoshodin gapur,
Sarv ila guldin dema, ul sarvi ra’nodin gapur.

Pistavu bodomdin dam urmag‘il, ey bog‘bon,
Ul labi xandondin aytib, chashmi shahlodin gapur.

Topsang, ey shaydo ko‘ngul, nogah ani ko‘yig‘a yo‘l,
Ul pari olida bu Majnuni rasvodin gapur.

Yor zulfidin girih ochmoq hunardur, ey nasim,
Nuktadonlar ichra bu mushkil muammodin gapur.

Zuhd ta’rifini qil zohidg‘a bo‘lsang hamnishin,
Rindlar bazmida sog‘ar birla minodin gapur.

Xudnamolikdin mukaddardur ko‘ngul, ey mayfurush,
Urma dam oyinadin, jomi musaffodin gapur.

Ey mudarris, ishq darsini ramuzidur daqiq,
Muxtasar qil ushbu so‘zni «Sharhi mullo»din gapur.

So‘zla ey Fazliy, Umar sulton shukuhi adlidin,
Men qachon aydim Skandar birla Dorodin gapur.


* * *

Sham’ boshi yona keldi yona tob ustindadur,
Bu jihatdindurki «shin» doim shabob ustindadur.

Oncha ul bemor ko‘z hajrida log‘ar bo‘ldi tan,
Boshim anda nuqtaidurki xarob ustindadur.

Mehri ruxsor ustida payvasta qoshingdur sening,
El gumon aylarki «madde» oftob ustindadur.

Ko‘zga qo‘yg‘aymu qadam deb bir kun ul chobuk suvor,
Egma qaddim rokibi doyim rikob ustindadur.

Sarvdek yaktosen, ey shamshod qadlar sarvari,
Qomatingdur ul «alif» kim intixob ustindadur.

Terlagan ruxsoring uzra lolagun burqa’mudur.
Yo tarovat birla gul bargi gulob ustindadur.

Ko‘zlari maqtulini Fazliyga te’dod etgali,
Qoshi ul «he» sargahidurkim hisob ustindadur.


* * *

Biravkim ul guli ra’no visolini xayol etmish,
Sarig‘ aylab yuzini ashk selobini ol etmish.

Tarab sham’ini ravshan aylab ul oy chehra tobidin,
Ko‘zum mardumlarini mahrami bazmi visol etmish.

Ravo qil hojatni, aylar duo, tund o‘lma, ehson qil,
Labingdin kom istab bo‘sae ko‘nglum suol etmish.

Gul andomeki ra’no qad bila har dam xirom etgach,
Chamanda sarvu gulni soya yanglig‘ poymol etmish.

Yuzungdin qatra-qatra xay tarovat shikor etgach,
Hayo gul shabnamini g‘arqi bahri infiol etmish.

Ko‘rub gul bargi ruxsoringniyu shahdi kalomingni,
Tahayyur bulbulu to‘tini gulshan ichra lol etmish.

Yuzin ko‘rmakka ko‘z mushtoq, hojatmand edi ko‘nglum,
Nadur vajhi bukun oyinakim arzi jamol etmish.

Manga sen anbaru sunbul isin ey bod, kelturma,
Nasimi nakhati zulfi meni oshifta hol etmish.

Topolmas muddao Fazliy xayolidin halal hargiz,
Nedinkim xizmati Kayxisravi sohib jamol etmish.


* * *

Ul pari paykarki majnunman ani savdosidin,
Bir boqib holimni so‘rmas, o‘ldum istig‘nosidin,

Har necha mahkam edi sabrim binosida asos,
Qolmadi obod hijron xaylini yag‘mosidin.

Qoshlari yoyiga qurbon erdi ko‘nglum nogahon,
G‘amza paykoni qadaldi nargisi shahlosidin.

Yor azmi gulshan etdi bordi keynidan raqib,
Umr borgandek shitob aylab o‘lum orqosidin,

Xo‘blar mehrini tark et, dema, ey nosih, manga,
Telba o‘lg‘aymu parilar ishqini da’vosidin.

Dahr bog‘i bevafodur, ne uchun, ey andalib,
Ko‘ngul uzmassen bu gulshanning guli ra’nosidin.

Shayx zuhdidin malul erdim xusho, piri mug‘on,
May bila qutqordi ul iblisni vasvosidin.


* * *

Ko‘ngul dog‘in dedim ishq ibtilosidin nishondur bu,
Ko‘zum aydiki mandin sachragan bir qatra qondur bu.

Tanimda ko‘r o‘qung zahmini ko‘p qilma taajjubkim,
Erur ul dard tog‘i g‘am qushig‘a oshiyondur bu.

Qadalgan novakingni chekma ko‘ksum zahmidin o‘lmay,
Nedinkim notavon jismim aro ruhi ravondur bu.

Hujmi xat g‘uborin la’lidin so‘rdum, kulib aydi
Badaxshon mulkiga kelgan xitoyi korvondur bu.

Dedim zulfung na yuzdin orazingda pechutob aylar,
Dedi o‘t shu’lasida iztirob etgan ilondur bu.

G‘amingda bu sarig‘ ruxsor ila andog‘ zaif o‘ldum,
Gumon aylar meni ko‘rgan kishi bir par somondur bu.

Degay ahboblarg‘a o‘qugon lavhi mazorimni,
Shahidi novaki bir dilbari abru kamondur bu.

Agar g‘am lashkaridin bo‘lsa maqsuding amon topmoq,
Harobat ichra manzil aylakim dorul-omondur bu.

G‘urur etma nasab piroyasiga, hosil et ma’ni,
Na sud andin degaylarkim falon ibni falondur bu.

Xirad ahli junun ko‘yida ahvolimni ko‘rganda,
Demishlar oshiqi devonai husni falondur bu.

Taarruz aylama ey muddaiy Fazliy kalomig‘a,
Radifi shohbayti xisravi sohibqirondur bu.


* * *

Chiqti tun kish bo‘rkini egri qo‘yub qosh ustina,
Sham’dek o‘tlar tutashti shavqidin bosh ustina.

Gar tazallum zohir etsam solma chin qosh ustina,
Surma gavhar mavjidek tig‘i g‘azab bosh ustina.

Ikki zolim qoshlaring bosh endurub qatlim uchun,
Ro‘baro‘ o‘lturdilar bir yerga kengosh ustina.

Baski gulgun to‘n kiyib raxsh uzra javlon aylading,
Qon o‘lub chiqti jigar pargolasi yosh ustina.

Ko‘zni husnung xonidin o‘z yoshi qildi benasib,
Bo‘lsa betoli’ yatim burni qonar osh ustina.

Notavon ko‘nglumda g‘amlardur sanamlar javridin.
Qo‘ydilar yuz tog‘ni bir dona xashxosh ustina.

Tira dillarga jamoling tobidin yuz xiraliq,
Javr o‘lur xurshed partav solsa xuffosh ustina.

Yer qattig‘ ko‘ngli ashkimdin muloyim bo‘lmadi,
Sud qilmas har necha yomg‘ur yog‘ar tosh ustina.

Shahsuvorikim erur ko‘k toqidin kursi anga,
Sahl himmatdur agar o‘ltursa Ko‘ktosh ustina.

Shohlardur xirmani ehsonidin ummidvor,
Ore har yerda gadolar g‘avr etar josh ustina.

To abad bo‘lg‘ay muxallad davlati Sulton Umar,
Soya soldi ra’fati Fazliyi qallosh ustina.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.