background
logotype

Hoziq (XVIII asr – 1843)

Hoziq (taxallusi; asl ism-sharifi Junaydullo Islomshayx o‘g‘li) (18-asrning oxiri, Hirot — 1843, Shahrisabz) — shoir, tarjimon. 19-asr o‘zbek adabiyoti namoyandalaridan biri. 1793— 1800 yillarda Buxoroga kelgan va madrasada tahsil ko‘rgan, tib ilmini o‘rgangan, she’rlar mashq qilgan. «Hoziq» taxallusini ham shu yerda olgan. Madrasani tugatgach, shu madrasada imomlik qilgan va Amir Haydar saroyiga yaqinlashgan. 1818 yil saroy ayonlari bilan kelisha olmay, Qo‘qonga ketgan. Umarxon uni yaxshi kutib olgan. Hoziq Buxoroda boshlagan «Yusuf va Zulayho» dostonini tugallab, xonga tortiq qilgan. Bu yerda ham xon atrofidagi saroy ahli bilan kelisha olmay, 1825 yilda Buxoroga qaytgan, so‘ng Xorazmga borgan va Munis, Ogahiy boshchiligidagi adabiy guruh ta’sirida bo‘lgan. Munis vafot etgach, Olloqulixon (1825—42) topshirig‘i bilan «Ravzat us-safo» asarining 1-jildi tarjimasini nihoyasiga yetkazgan. So‘ng yana Qo‘qonga qaytgan. Nasrullaxon 1842 yil Ko‘qonni bosib olgach, Hoziq uning ta’qibidan Shahrisabzga qochgan va u yerda amirning yollangan odamlari tomonidan o‘ldirilgan.
Hoziq o‘zbek va fors tillarida ijod qilgan. Navoiy, Fuzuliy, Bedil, Zebunniso she’rlariga muxammaslar bog‘lagan. Lirikasi mavzui rang-barang, unda zamon norasoliklari, johil va odil hukmdorlar haqida mulohazalar bildirilgan, sevgi va muhabbat tarannum etilgan. She’rlarida zamonasidagi hukmdorlarni adolatga undagan.
«Yusuf va Zulayho» doetonida o‘zining ijtimoiy-falsafiy mulohazalarini, zamon va hukmdor haqidagi fikrlarini bayon etgan. «Voqeoti islomiy» va «Avlodlar shajarasi» risolalari tarixiy-biografik xarakterda. Mahmud Chag‘miniy (11-asr)ning tibbiyotga oid arab tilida yozgan «Qonuncha» asariga fors tilida «Tahqiq ul-qavoid» («Tabobat asarlarini o‘rganish», 1822) nomli sharh yozgan.
Hoziqning o‘zbekcha va forscha she’rlaridan tuzilgan devoni Rossiya Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti Sankt-Peterburg bo‘limida, «Yusuf va Zulayho» ning 7 qo‘lyozmasi O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida, 2 devoni Xo‘jandda, Konibodom shahridan topilgan kulliyoti esa xo‘jandlik adabiyotshunos E. Shodiev qo‘lida, ayrim she’rlari O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutidagi qo‘lyozma bayoz va majmualarda saqlanadi.

Begali Qosimov



G‘AZALLAR

Dimog‘im illatin, bag‘rimni dog‘in may iloj etmaz,
Kavokib gardishidindur bu g‘am vaz’in mizoj etmaz.

Dema toji erur shahning g‘am o‘di boshina chixmish,
Bu ma’ni joniga kim ravshan o‘lsa taxtu toj etmaz.

Namozu ro‘zadin bag‘rin o‘lan oshiqlari so‘rma,
Nechukkim podshoh vayron o‘lan yerni xiroj etmaz.

Fano ahlig‘a xavfi vormu shayton birla tangridin,
Ki o‘g‘ri muflisi toroj qilmas, shoh boj etmaz.

Kel, ey Hoziq, bu dunyoni taloq et, kimsa er o‘lsa
Er o‘lub bu taliqa-la bisoti izdivoj etmaz.


* * *

Muhabbat mehnatin bilgan knshi rohat pisand etmas,
Achiq may istagan maxmur tab’i mayli qand etmas.

Bu shaydo ko‘nglimi chun bog‘ladi zunnori zulfi-la,
Kishi devonani zanjir ila bu nav’ band etmas.

Asoe notavon ko‘nglumg‘a berdi qomating shavqi
Bu yanglig‘ nola jurat yo‘qsa mandek dardmand etmas.

Senu kavsar ziloliyu, menu oning labin zavqi
Netay, ey zohid, andin o‘zga yeuv ko‘nglum pisand etmas.

Kel, e, noseh eshnt pandim o‘zing, devona bo‘lmishmen,
Nechunkim bilmading devonalarga sud pand etmas.

Tabassum gar labidin ko‘z tutarsen, yig‘lag‘il, Hoziq,
Bulut oquzmaguncha yoshini gul no‘shxand etmas.


* * *

Yuzung ko‘rgach ko‘rolmam, toqate ashkim hujuminda,
Nechukkim tob qilmas mehrdin gardun nujuminda.

Xayoling birla sensiz do‘sh shirinkom bo‘lmishdim,
Magarkim vasl taryoki edi hijron samuminda.

Sening husning kibi zulfing ila nazzora ko‘rgan yo‘q,
Na kokil shom zanginda, na oraz subh ruminda.

Nechukkim subhidam rangi quyoshning panjasin o‘pmish,
Sarafroz et, sabo, tufrog‘ini yorim quduminda.

Achiq-suchuk so‘zi bila yorimdin emin bo‘lmog‘im dushvor,
Erur no‘shig‘a nish andoqki bo‘lmish shahd mo‘minda.

Labi la’ling tishing ila so‘zungning obu rangidin
Sochar javhar tanurinda, terar gavhar nuzuminda.

Erur ko‘rgach zamon bermoq oshiqlarg‘a ham vojib,
Qon ichmak gar halol o‘lmish parivashlar rusuminda.

Muhabbat shu’lasidin bo‘lmag‘ay yuz dog‘i dunyoning
Qani bir sham’ rux munda, qani bir lolabo‘ munda.

Netong ermish agar Hoziqni kilkidin shakar tomsa,
Chu yo‘q vasfi xatingdin o‘zga mazmune ruquminda.


* * *

Vah nadindurkim bu yanglig‘ anbarafshon etti yel,
Yo sahar chog‘i esib zulfin parishon etti yel.

Dedi bog‘ ichra ul og‘zi g‘unchaning so‘zin magar
Kim urub gul o‘tig‘a bu rang domon etti yel.

O‘yla zulfi yodidin ohim muattarkim bu nav’,
Ko‘rmadim deb sayr etib yuz sunbuliston etti yel.

Vaslining payg‘omini kelturdi la’lidin yana,
G‘unchadek ko‘nglumg‘a ul so‘zdin berib jon etti yel.

Terlag‘an husnin ko‘rub ul sarv qoshidin kelur,
Yo‘qsa nechun shabnam ashki birla giryon etti yel.

Bog‘ aroki sarvinozimni gulin so‘rdum gahe
Sunbulin topdim isin andin chu har yon etti yel.

Mavj urur Hoziq yana ashkim ani paygomidin,
Go‘iyo bu bahrni qilmoqqa to‘fon etti yel.


MUXAMMAS

Eyki, xoling la’ling uzramay bila taryok emish.
Xay, jamolingki quyoshni chashmasidin pok emish,
Paykaring oydin katon ko‘nglakda oydinroq emish,
Sarvi ra’no qaddidin ra’no qading cholok emish,
Otashin guldin guli ruxsoring otashnok emish.

Men kabi ushshoq ichinda xastau g‘amnok emas,
Ishq asrorin ne bilg‘ay ul ki ko‘ngli pok emas,
Bilmasa ag‘yor agar oshiqni holin bok emas,
Ulki aytur ko‘nglaking ul oy g‘amidin chok emas,
Anglamaydur ne gam ul g‘ofilki ko‘ksim chok emish.

May ichib guldek qizartti chehrai tobonini,
Ravshan etti tiyra ko‘nglum kulbai vayroninl,
Jon berur demang olur oshiqlarini jonini,
Bir nadin usruk chiqib to‘kdi ulusni qonini,
Ahli dil, qochingki ul chobuk ajab bebok emish.

Yorimi Uzrou Shirindek demak yo‘qtur tilim,
Men kimu ishq ichra Vomiq qaysiyu Farhod kim,
Gar Navoiy desa debdur bo‘yla Hoziq dema kim,
Tushda Majnunni hazinu zor ko‘rdim angladim,
Kim bir oy hajrida ul ham men kabi g‘amnok emish.


NAVOIY G‘AZALIGA MUXAMMAS

Boshima solmish ne savdolar muhabbat mehnati,
Bosh-oyog‘im sham’dek yondurdi ul oy furqati,
O‘lsam oson bo‘lur erdi hajrning bu kulfati.
Jong‘a chun dermen na erkin kuymag‘ung kayfiyati,
Derki bois bo‘ldi jism ichra marazning shiddati.

Chun marazning shiddati kuydurdi jonim ro‘zu shab,
Toqatu tobimni kundin-kunga oldi tobu tab,
G‘am o‘tining hiddatidin damba-dam aylab g‘azab,
Jismdan so‘rsamki bu za’fingga ne erdi sabab,
Der anga bo‘ldi sabab o‘tlug‘ bag‘irning hirqati.

Bilmadimkim, qaysi g‘am xirmandin o‘t tushti menga,
Jaybdin tarmashti yo domandin o‘t tushti menga,
Topmadimkim qaysi bir gulxandin o‘t tushti menga,
Chun bag‘irdin so‘rdum, aytur tandin o‘t tushti menga,
Kim bag‘irga shu’la soldi ishq barqi ofati.

Xasta jonga chun itob ettimki, ey holi taboh,
Muncha jismim kuydurursen kecha-kunduz solu moh,
Dedi, ko‘nglumdin mening ham ro‘zgorimdur siyoh,
Ko‘ngluma qilsam g‘azab ayturki, ko‘zdindur gunoh.
Ko‘rmayin ul tushmadi bizga bu ishning tuhmati.

Bilmadimki qaysi uzvim birla qilsam mojaro,
Kim mening jonimni kuydirmish bu yanglig‘ g‘am aro,
Dardi hijron shiddatidin har nafas men benavo,
Ko‘zga chun dermenki, ey tar domani yuzi qaro,
Sendin o‘lmish xasta ko‘nglumning balou mehnati. .

Bo‘lmasang gar sen ul oy ruxsorig‘a oyinavor,
Muncha ko‘nglum bo‘lmas erdi shavq o‘tidin beqaror.
Ravshan o‘ldikim mening jonimg‘a sen urdung sharor.
Yig‘lab aytur ko‘zki, yo‘q erdi manga ham ixtiyor,
Kim ko‘rindi nogahon bir sho‘x mahvash tal’ati.

Hoziq, oxir ko‘z bu so‘zni chin dedi, o‘lguncha kuy,
Bir-birig‘a har biri sen-sen dedi, o‘lguncha kuy,
O‘rtadin ishq ofati men-men dedi, o‘lguncha kuy,
Ey Navoiy, barcha o‘z uzrin dedi, o‘lguncha kuy,
Kim sanga ishq o‘ti o‘q ermish azalning qismati.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.