background
logotype

Husayniy (1438-1506)

Husayn Boyqaro, Husayniy (to‘liq nomi Husayn ibn Mirzo Mansur binni Mirzo Boyqaro) (1438— Hirot — 1506) — Xuroson hukmdori (1469—1506), shoir. 15-asr o‘zbek mumtoz adabiyotining namoyandalaridan. Temuriylardan Umarshayx mirzoning evarasi. Onasi Feruzabegim temuriylardan Mironshohning nabirasi. Husayn Boyqaro, Bobur ta’riflaganidek, ikki tomonlama ulug‘ («karim ut-tarafayn») bo‘lgan.
14 yoshda Abulqosim Bobur saroyiga xizmatga kirgan. 1454 yil Abulqosim Boburning Samarqandga — Abu Said Mirzoga qarshi yurishida qatnashgan. Abulqosim Bobur yengilgach, sulh tuzib, Hirotga qaytgan. Husayn Boyqaro esa onasining tavsiyasi bilan Abu Said Mirzo saroyida qolgan. Ko‘p o‘tmay, qamoqqa olingan. Feruzabegim uni qutqarib, Hirotga olib kelgan. Shoh vafot etgach, Husayn Boyqaro Marv hukmdori Sulton Sanjar xizmatiga kirgan va uning qizi Beka Sultonbegimga uylangan. Sulton Sanjar Husayn Boyqaroni o‘z o‘rniga qo‘yib, Mashhadga yurish qilgan. Bu orada Marvda Husayn Boyqaroga qarshi fitna uyushtirilib, u ovga chiqqanda, shahar darvozalari berkitib olingan. Husayn Boyqaro 1457 yil qishni Marv bilan Xiva oralig‘idagi biyobonda o‘tkazgan. 1458 yilda 300 kishilik qo‘shin bilan Sulton Sanjarning yaqinlaridan Bobo Hasan qo‘shinini yengib, Niso viloyati, so‘ng Astrobodni egallagan. 1459 yilda Husayn Boyqaro huzuriga Abdurazzoq Samarqandiy elchi bo‘lib kelgan. 1460 yilda vaziyat taqozosi bilan Husayn Boyqaro Astrobodni tashlab chiqishga majbur bo‘lgan. Ammo 1461 yil shaharni qaytarib olgan. Shu yil yoz oxirlarida Hirotga yurish qilgan. Biroq Abu Said Mirzoga bas kelolmay, orqaga chekingan, buning ustiga, Astroboddan ham mahrum bo‘lgan. Amudaryo orqali Xorazmga o‘tib, Vazir shahriga — Mustafoxon huzuriga elchi yuborib, Abu Saidga qarshi birgalikda kurashishga da’vat etgan. Lekin elchi kelguncha, uning og‘asi Pir Budog‘ bilan kelishib, Mustafoxonga qarshi yurish qilishgan, lekin Vazir shahrini ololmay, bitim tuzganlar. Husayn Boyqaro Adoqqa borib, 1461 yil oxirlarigacha o‘sha yerda qolgan. Adoqda turib, Astrobod, Gurgon va Eronning boshqa tumanlariga hujumlar uyushtirgan, mag‘lubiyatga uchraganida, shu yerdan panoh topgan. Mustafo zulmiga qarshi ko‘tarilgan isyondan foydalanib, avval Vazirni, 1462 yilda Urganch va Xivani qo‘lga kiritgan. Oradan 1 yil o‘tmay, Abu Said uni Xorazmdan surib chiqargan. 1463—64 yillarda Urganch, Xiva, Hazorasp, Tirsakni qo‘lga kiritgan. Shu yerda kuch to‘plab, yana Xurosonga hujum qilgan. Ammo Abu Said qo‘shinlari Xivani egallaydi. Husayn Boyqaro uni qaytarib oladi. 1467 yilda yana Urganchni egallaydi. Shu yili u o‘zbeklar xoni Abulxayrxondan yordam so‘rab, Dashti Qipchoqqa boradi. Xon yordam va’da qiladi, lekin betob bo‘lib qolganligi tufayli, bu va’da amalga oshmaydi. 1469 yil martigacha Xorazm va Buxoro o‘rtasida sarson-sargardon yurgan Husayn Boyqaro, Abu Said vafot etgach, Hirotni egallab, Samarqanddan do‘sti Alisher Navoiyni maxsus yorliq bilan chaqirib oladi va muhrdorlik vazifasiga tayinlaydi. Navoiy do‘stini taxtga chiqishi bilan qutlab, unga «Hiloliya» qasidasini taqdim etgan.
1469—70 yillar Shohrux mirzoning avlodlaridan Yodgor Muhammad Mirzo va Abu Said Mirzoning o‘g‘li Sulton Mahmud Mirzo taxt da’vogarlari sifatida maydonga chiqadilar. Yodgor Mirzoning tarafdorlari, xususan, onasi Poyanda Sultonbegim Hirot ichkarisida zimdan ish olib borgan. 1470 yilning iyulida Husayn Boyqaro qo‘shin bilan dushmanga qarshi jangga ketganda, poytaxtda sotqin bek va amaldorlar Yodgor Mirzo nomiga xutba o‘qitganlar. Husayn Boyqaro 1 oydan so‘ng Navoiyning tadbirkorligi bilan Yodgor Mirzoni qo‘lga olib, taxtni qayta egallagan va umrining oxirigacha hukmdorlik qilgan. Saltanatiga Xorazm, Seyiston, Qandahor, Balx, G‘aznadan Domg‘ongacha bo‘lgan yerlar kirgan. Yurak xastaligidan vafot etgan Husayn Boyqaro o‘zi qurdirgan madrasa ichidagi maqbaraga dafn etilgan. Hozir maqbara vayron bo‘lgan, qabr va uning ustiga o‘rnatilgan «Sangi haft qalam» saqlanib qolgan.
Husayn Boyqaro temuriylar orasida ancha shijoatli va ma’rifatli, shariatga qat’iy amal qilgan hukmdor bo‘lgan. Husayn Boyqaro Xurosonda hokimiyatni egallagach, asosiy e’tiborni mamlakatda tinchlik, osoyishtalikni qaror toptirish, ichki hududiy nizolar, ziddiyatlarni bartaraf etish va markaziy hokimiyatni mustahkamlashga qaratgan. U o‘lkada madaniy-ma’rifiy va obodonchilik ishlarini rivojlantirishga alohida rag‘bat ko‘rsatgan: iqtisodiy hayot yuksalib, savdo-sotiq rivojlangan, yuzlab karvonsaroylar, rabot, ko‘prik, maktab, madrasa, masjid, xonaqoh, hammom, tabobatxona, yetimxona, suv havzalari qurilgan, kanallar qazilgan, bog‘lar barpo etilgan.
Husayn Boyqaro davrida Hirot Sharqning fan, madaniyat, hunarmandchilik rivojlangan yirik markaziga aylangan: turli mamlakatlardan iste’dod sohiblari Hirotga panoh axtarib kelganlar. Til, adabiyot, tarix, tasviriy san’at, xattotlik, kitobat san’ati, tabobat, handasa, musiqa, qog‘oz tayyorlash, tomosha san’ati va b. sohalar rivojlangan. Hirot, Mashhad, Marv, Nishopur singari shaharlarda ko‘plab noyob obidalar barpo etilgan. Mahalliy hunarmandlar ishlab chiqargan mahsulotlar Xurosondan tashqarida ham mashhur bo‘lgan. Husayn Boyqaro, Navoiy va Jomiy ko‘plab iste’dodlarni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlaganlar; o‘z davrining zabardast shoir, olim, muarrix, musiqachi, xattot, naqqoshlari xuddi shu zamonda yetishib chiqqanlar va faol ijod qilganlar.
Husayn Boyqaro turkiy tilda yozishni rag‘batlantirgan va shunga da’vat qilgan. O‘zi ham badiiy ijod bilan shug‘ullanib, «Husayniy» taxallusi bilan she’rlar yozgan, she’riyat majlislari tashkil etib, shoirlarga rahnamolik qilgan. Undan bizgacha she’rlar devoni va navoiyga bag‘ishlangan «Risola» asari yetib kelgan. «Risola» asari 1945 yilda turk olimi Ismoil Hikmat tomonidan topilib, ilmiy muomalaga kiri-tilgan. Shoh shoirning hozirgacha 202 g‘azal, Navoiy gazaliga bog‘langan 3 muxammas, 6 ruboiy, shuningdek, fors-tojikcha 2 g‘azal. 1 ruboiy va bir necha baytlari ma’lum. G‘azallarining barchasi ramal bahrida. Lekin ular Husayn Boyqaroning tab’i baland, didi nozik shoir bo‘lganligini ko‘rsatadi. Navoiy «Majolis un-nafois» tazkirasining 8-majlisini to‘liq Husayn Boyqaro ijodida bag‘ishlab, uning devonidagi 164 g‘azalning matla’ini keltiradi va u qo‘llagan badiiy timsollar, she’riy san’atlar, nozik ma’no va ohorli tashbehlar xususida fikr yuritadi. Husayn Boyqaro g‘azallari tilining musiqiyligi va jarangdorligi bilan ajralib turadi.
Husayn Boyqarodan 14 o‘g‘il, 11 qiz qolgan. Badiuzzamon Mirzo, Shohg‘arib Mirzo, Muhammad Husayn, Ibrohim Husayn kabi o‘g‘illari badiiy ijod bilan ham shug‘ullanishgan. Keyinchalik o‘zaro ichki urushlar, Husayn Boyqaro va saroy amaldorlarining maishatga berilib ketishi oqibatida Xuroson davlati zaiflashgan. Uning vafotidan so‘ng Hirot shayboniylar tomonidan zabt etilgan (1507).

Begali Qosimov

G'AZALLAR

* * *

Bo'ldi gul vaqtiyu men dardu g'amida mubtalo,
Ishq o'tidin loladek bag'rimda yuz dog'i balo.

Holi zorin,men kibi sultondin ayru tushgali,
Yaproq ermas, guldakim yuz til bila aylar ado.

Men bilur erdimki, yo'qtur intiho ishqimda hech,
To guli vasling bila qildim muhabbat ibtido.

Loladek may jomini tutgil g'animat,gul chog'i.
Xosaikim,ishrat urdi bulbuli bedil sado.

Gar husayniy,topmadi barge jamoling bog'idin,
Bu chamanda,ey guli navras,sanga bo'lsun baqo.

* * *

Firoqingda xasta ko'nglum qatra-qatra qon erur,
Olloh-olloh, bu ne hajri behadu poyon erur?

Har sari yuz zahm erur jismimda, vah, nozij bila
Hajr o'qidin har jarohat ichra bir paykon erur.

Ko'z qilur bu vajhdin tunlar duri ashkin nisor -
Kim, xayoling jon uyida bir kecha mehmon erur.

Xanjari javring durur o'tlug' ko'ngul osoyishi,
Suv nechukkim, tashna lablar dardig'a darmon erur.

Ey Husayniy, hajr aro bexudlug'um ayb etmagay,
Har kishikim bir pari ishqida sargardon erur.

* * *

Ey ko'ngul, ul dilraboning o'zga yori bor emish,
Vah, sanga dushman bo'lub, ul o'zgalarga yor emish.

Har zamon yuz bor dil ozoridin ko'nglumdadur,
Bahkim,ozori buzuq ko'nglumda muncha bor emish.

Dardi ishqing sharhini ko'zumga degach to'kti yosh,
Vahki, oni yor sog'indim, ul vale ag'yor emish.

Zor o'lub ishqida ozori kelurni bilmadim,
Zorlarg'a ishqdin kelgan nasib ozor emish.

Yuz ochib o'rtar meni, vah, ishq o'tidin ne gila -
Kim, manga o't solg'uchi ul otashin ruxsor emish.

Hajrida bechoralig'din oh-vovaylo ne sud -
Kim, balolig' ishq ila bechoralig' nochor emish.

Ey Husayniy,der eding ul dilraboni bevafo,
Men ham ani mubham etibmenkim,oncha bor emish.

* * *

G'unchani og'zing desam, naylay aning guftori yo'q,
Sarvni qadding desam, netay aning raftori yo'q.

Oyni ne yanglig' sanga nisbat qilurkim,husn aro
Sarvdek ham qaddi yo'q,ham gul kibi ruxsori yo'q.

Zulfunga sunbulni ne nav' aylagay tashbihkim,
Ham diloso atri yo'q,ham jon rishtasidek tori yo'q.

Ayta olmon la'lingga yoqut o'xsharkim, oning
Ham chuchuk ta'mi-yu ham jonbaxshliq osori yo'q.

Gar raqibingdin meni o'ksuk ko'rarsen tong emas,
Kimki oshiq bo'ldi itdin kam ham oning ori yo'q.

Istasang ko'nglumga osoyish qadah tut, soqiyo,
Kim dame yo'qkim ulusdin yuz tuman ozori yo'q.

Ko'yida itti Husayniy ko'ngli, tong yo'q, istasa -
Kim, bo'lubtur onda bir devonai afgori yo'q.

* * *

Chun junun zanjiriga bo'ldum giriftor, ey ko'ngul,
Bo'lg'asen men telba holidin xabardor, ey ko'ngul.

Qochsam ul zanjir ila ovoralig' sahrosiga,
Qilma holimni xirad ahlig'a izhor, ey ko'ngul.

Qo'yki davronning jafo oyin eli bedodidin,
Bo'lmasin hargiz alar ichra padidor, ey ko'ngul.

Anda ham qo'ymay topib, 'devonadur', deb bog'labon,
Sudrab eltur bo'lsalar xalqi sitamkor, ey ko'ngul.

Keldi ul mahvash mening jonimg'a bedod etgali,
Emdi mendin lahzae ayrilma zinhor, ey ko'ngul.

Shoyad ul yanglig' tomosho sori mahvshlar bila
Kelgay ul shamshod qaddu mohruxsor, ey ko'ngul.

Ko'rgach oni gar Husayniy yanglig' etsang tarki hush,
Hasratida qilg'asen jonimni iysor, ey ko'ngul.

* * *

Necha kuygay hajr ila farsuda jonim dam-badam,
Hajridin ko'nglumga yuz g'am,g'am uza dardu alam.

Yor bordi ko'zdinu ko'nglimda furqat shiddati,
Hajri bedod ayladi,jonimg'a davron javr ham.

Kecha-kunduz jonima,vahki,balolar yuz qo'yub,
Shom to subh uyqu yo'qdin ko'ngluma yuz ming sitam.

Hajr aro sabrim yo'qi anduh aro ko'p muztarib,
Ashkdin seli balo,oh o'tidin har dam alam.

Barcha bir soriyu yo'qtur yor vaslidin umed,
Topkasen vasl,ey ko'ngul, ul damki bo'lg'aysen adam.

Ey Husayniy,motamim sharhini dedimkim yozay,
So'zidin ham safhag'a o't tushti, ham kuydi qalam.

* * *

Ey sabo bergil xabar,sarvi ravonim keldimu,
Jon isi sendin kelur, ruhi ravonim keldimu?

Hajr dashtida mungrab qolmish erdi xasta jon,
Vah dengizkim, ul g'aribi notavonim keldimu?

Kelgan ermish xo'blar ishq ahli qonin to'kkali,
Ey ko'ngul, ko'rkim mening qatlimga jonim keldimu?

Zulfida sen bandu men ko'yida bemor, ey ko'ngul,
Za'fdin dekim, sanga munglug' zabonim keldimu?

Yor mehmon bo'lsa jism uyiga,jon aylay nisor,
Aytingiz, ey do'stlarkim, mehmonim keldimu?

Rahm etib bir kun Husayniyni itingdin so'rg'asen,
Ul malomat ko'yida itgan yamonim keldimu?

* * *

Bir quyosh hajrida chektim o'tlug' afg'on bu kecha,
Kuymakim dudidin o'ldi charx giryon bu kecha.

Ul quyosh hijronida har bir qarosi shaklidin
Qo'ydilar har bir ko'zum bir dog'i xirmon bu kecha.

Shomi hijronimni bilmonki, bu yanglig' tuyradur,
Yo qilibtur dudi ohim oyni pinhon bu kecha.

To'kti kavkab furqating shomida ko'zum onchakim,
Qoldi gardun yuz tuman ko'z birla hayron bu kecha.

Ey ajal, dodimg'a yetgil bu qatig' holatdakim,
Yo'qturur paydo mening shomimg'a poyon bu kecha.

Parchaming tong yelidin oshufta bo'lmush bu kecha -
Kim, qilibdur ro'zg'orimni parishon bu kecha.

Ey Husayniy, yorning ko'ksimga yetgan novakin,
Jon berib qildim buzug' ko'nglumg'a mehmon bu kecha.

* * *

Voy, yuz ming voykim, sarvi ravonim bordilo,
Sabru hushim mulkidin oromi jonim bordilo.

Rishtai jonim bila vasli aning payvand edi,
Jovidon furqat kelib payvandi jonim bordilo.

Kim bila angizi mehr etkaymen emdi,ey ko'ngul,
Chunki Mehrangiz otlig' mehribonim bordilo.

So'rma jonim holidin,dog'i jahon iqbolidin,
Ey rafiqi mehribon, jonu jahonim bordilo.

Notavon bo'lsam g'arib ermas aning hijronidin,
Ne uchunkim ul g'aribi notavonim bordilo.

Garchi istab topmadim,lekin ko'zumdin borg'ali,
Oni istab yuz sori ashki ravonim bordilo.

Ey Husayniy, hajrida topsam haloki jovidon,
Qilmag'il hayrat, hayoti jovidonim bordilo.

* * *

Vahki, g'am dashtida itgan notavon ko'nglum qani,
Tarki jonim aylagan bexonumon ko'nglum qani?

Ne nishonidin xabar toptim, ne otidin asar,
Hajr vodisinda benomu nishon ko'nglum qani?

Demakim, joningg'a orom istasang topshur ko'ngul,
Sen burun ko'rgandek, ey oromijon, ko'nglum qani?

Lutflar qilmish jahon rasvosi ushshoqig'a yor,
Vah, muningdek chog'da rasvoi jahon ko'nglum qani?

Sel sochar gulbargi bo'ston ichra ul oy boshig'a,
Bu mahalda tomg'udek har qatra qon ko'nglum qani?

Sen xud aytursenki, ishq ichra kerak ko'nglumg'a sabr,
Sabr etarg'a, ey rafiqi mehribon, ko'nglum qani?

Eyki, dersenkim Husayniy o'zgaga bermish ko'ngul,
O'zgaga bermak uchun, ey badgumon, ko'nglum qani?

* * *

Hech musulmong'a, nigoro,dog'i hijron bo'lmasun -
Kim,visolingdin judo bo'lsa,anga jon bo'lmasun.

Ko'z uchidin novaki javrung bila o'ltur mani,
Domani poking,begim,nogah yana qon bo'lmasun.

Xasta ko'nglum bandi zulfungdin parishondur base,
Jam' qilg'il sunbulingnikim, parishon bo'lmasun.

Jong'a yettim dilbari nodon elindin, oh,oh!
Hech kishining dunyoda mahbubi nodon bo'lmasun.

Jon berurda kelib o'ltur,bir dame ko'ray seni -
Kim,Husayniy ko'nglida, ey do'st, armon bo'lmasun.

ALISHER NAVOIY G'AZALIGA MUXAMMAS

La'li jonbaxshindin ayru obi hayvonni netay?
Hardam ar yuz jon berur, jononasiz jonni netay?
Gar emas manzur yuzing, huru g'ilmonni netay?
Gulshani ko'yungdin ayru bog'i rizvonni netay?
Boshima gar gul sochar, sensiz gul afshonni netay?

Hajri anduhida to gulshan aro qildim guzar,
Sarv bo'yi qomatingning naxlidin berdi xabar,
Lekin oning vaslidin ne bahra topdim, ne samar,
Naxli qadding chun emas giryon ko'zumda jilvagar,
Juibor atrofida sarvi xiromonni netay?

Jismu jonni istamon,billahki,jonondan judo,
Ko'rsang ul mahvashni,holim arz etib ayt, ey sabo,
Lek zinhor ollida bu nav' qilg'aysen ado,
Ul itingga bo'lmasa to''ma navolingda fido,
Za'flik paykarni naylay, notavon jonni netay?

Birdam, ey ahbob, har sori qoshimdan ketmangiz,
Harnakim derman muvajjah bo'lmasa,eshitmangiz,
Buki derman chehradin qonlig' yoshim oritmangiz,
La'lgun ashkim labi hijronida ayb etmangiz,
Ko'z yo'lidin to'kmayin bag'rimdagi qonni netay?

Bu ajabdurkim,sanga ma'lum bo'lmaydur bu sir -
Kim, erurmen la'li shavqidin o'lumga muntazir,
Gar suyungdin har nafas yuz jom bersang,bor muzir,
Zulmati hajrida chashmang vasfin etma, ey Xizr,
Menki umrumdan to'yibmen, obi hayvonni netay?

So'z ilojimdan dema,ey bahri ishq ichra g'ariq,
Kim bo'lubtur deb g'amingdin dog' ila jisming hariq,
Gar manga borsen muhibbu mushfiqu yoru shafiq,
Dog'ima marhamni ko'p taklif qilma, ey rafiq,
Tuttum ul dog'im o'ngaldi, dog'i hijronni netay?

To ayirdi mendin ul mahvashni charxi kajnihod,
Ey Husayniy, telba ko'nglum bo'lmadi bir lahza shod,
Oqibat chun topmadim ul sho'x vaslidin murod,
Yordin ayru buzug' ko'nglumga qildim xayrbod,
Ey Navoiy, o'yla ganj o'lmay chu vayronni netay?

TO'RTLIKLAR

Ko'rsatma chamanda sarvi yo'ldosh manga -
Kim,ko'rganidan ko'zdin oqar yosh manga.
Indursa ne bo'ldi har nafas bosh manga,
Ul sarvi ravonki, bo'ldi bo'ydosh manga.

* * *

Ul sho'xki birdam manga hamdam bo'lmas,
Zaxm ursa firoqi,vasli marham bo'lmas.
Ishqida ko'ngul nasibi juz g'am bo'lmas,
Ko'ngul ko'taray desam, ko'ngul ham bo'lmas.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.