background
logotype

Karimbek Kamiy (1865-1922)

Kamiy (taxallusi; asl ism-sharifi Karimbek Sharifbek o‘g‘li) (1864— Toshkent — 1923) — o‘zbek shoiri, ma’rifatparvar. Toshkentdagi «Beklarbegi» madrasasida o‘qigan (1880 yildan). 1916 yilgacha shu madrasada mudarris. 1890 yillardan shoir sifatida tanilgan, bayozlar tuzgan.

Sidqiy Xondayliqiy, Xislat, Miskin, Tavallo kabi ko‘pgina shoirlar Kamiyning shogirdlaridan bo‘lgan. Oktyabr to‘ntarishidan keyin «Turon» kutubxonasida, savodsizlikni tugatish kurslarida ishlagan.
Kamiy mumtoz she’riyatning ko‘pgina janr va mavzularida ijod qilgan. Muqimiy, Furqat bilan yaqin aloqada bo‘lgan, mushoiralar qilgan. Kamiy ijodi murakkab, dunyoqarashi ziddiyatli. Ko‘pchilik she’rlarida xalqni ma’rifatli bo‘lishga da’vat etgan («Temir yo‘l xususida», «Dilki millat g‘amida qon o‘ldi...», «Soldi beilmlik xatolarg‘a va b.).
19-asr oxiri, 20-asr boshlarida Toshkentda nashr etilgan bayozlarning deyarli hammasida Kamiy she’rlari uchraydi. Ijodidan namunalar «Turkiston viloyatining gazeti» va boshqa vaqtli matbuotda e’lon qilingan.

G‘AZALLAR

* * *

Azizi Misri xo‘besan, nazokat izzu johingdur,
Ko‘ngul bir qatra qon birlan murassa’ taxtgohingdur.

Nigohi chashm ila, ey ko‘zlarim, dodingga gar yetmas,
Ayog‘in ostig‘a tifli sirishking tashla, shohingdur.

Soching, ya’ni sipohi husn sardori — kamandi jon,
Ko‘ngul ma’murasin g‘oratgari chashmi siyohingdur.

Latofat osmonining hiloli vusmalik qoshing,
Sabohat burjining badri muniri ro‘yi mohingdur.

Agar hijron yukin chekmoqni da’vo aylasang, ey dil,
Anga ikki bukilg‘on qomating odil guvohingdur.

Muanbar xattu zebo qad nigori nozaninimg‘a.
Na nisbat, ey chaman, ra’nolig‘ing cho‘bu giyohingdur.

Kamiy vahm etmag‘il bedardlarning ta’nasidinkim,
Xarobot ahli pirin dargahi farrux panohingdur.

* * *

Mani etti bir sho‘xi dilbar asir,
Edi dilrabolar aro benazir.

Hamida xisolu sutuda fiol,
Pazira af’olu ravshan zamir.

Muxammar vafo birla zoti aning,
Hayovu adab sori shug‘li kasir.

Damidin Masiho erur munfail,
Yuzidin xijil mehru mohi munir.

Xarobi iki chashmi fattoniman,
Ajab ohuyekim, erur shergir.

Uzun bo‘lsun umriyu fazli ziyod,
Ilohi, anga tangri bo‘lgay nasir.

Niyoz ayla uzr ila mamduhingga
Ki, bas, ey Kamiy, madhin etting qasir.

* * *

O‘rtadi jonimni ishqing otashi, ey mahliqo,
Yona kuydirmak firoq-anduhidin ermas ravo.

Orazing bog‘ida gullar ochti naxli qomatin,
Ko‘zlarimning jo‘yboridin topib nash’u namo.

Zohir aylab subhi vasling — hajr shomini yorut,
Umrlardur ro‘zgorim tiyravu baxtim qaro.

Mahvasho, ming hasratu armon bilan ketti degil,
La’li nobing sharbatidin topmayin o‘tsam davo.

Xoki roh o‘ldumki, domoningga yetgaymanmu deb,
Bosib o‘t, jonoki, bo‘lsun toki hosil muddao.

Ayladim boshimni nazru jon nisori mujdasi,
Yorijonim jonibidin ber xabar san, ey sabo.

Nozanino, bul Kamiy ko‘rdi jahon mahvashlarin,
Lek sendek ko‘rmadi husnu adab ichra raso.

* * *

Qutulmoq, ey hazin jon, istama javru jafolardin,
Ko‘ngil uzmoqni imkoni yo‘q erkan dilrabolardin.

Asiri turrai miskin kamandi, ey dil, o‘lmishsan,
Sahar bu xushxabar yetti menga bodi sabolardin.

Sumanbar sarvi qadlar ishqidin, ey bulbulu qumri,
Degilkim, qoldimu men chekmagan ohu navolardin.

Mayi la’li tamannosi-la maxmur o‘ldum, ey soqiy,
Karam-la bir qadah sung‘il labi yetgan shifolardin.

Xiromu g‘amzasi jonim olib, dinim taloshurlar,
Ne mehnatlarni chekmishman ko‘zu qoshi qarolardin.

Ilohi, yetmasun bodi xazon gulzori husn ichra,
Ijobat ayla, yo rab, ishq eli qilgan duolardin.

Ne xush tole’ erurkim, lutf aylab o‘sha xo‘bonim,
Kamiy quldur, desa, ko‘yimdagi yurgan gadolardin.

* * *

Ey, sening husnung jahon ichra solubdur sho‘rlar,
Davlati vaslingni istar jannat ichra hurlar.

Sen bilan bo‘lg‘onda bir bazm ichra, ey olijanob,
Kosh bo‘lg‘ay erdi anda bodavu tanburlar.

La’li nobing yod etib qonlar yutarman, ey pari,
Achchig‘-achchig‘ boda ichmak rasmidur maxmurlar.

Aylading, jono, meni muncha yo‘lingda intizor,
Rahm qilkim, termulub ketti ko‘zumdin nurlar.

Marhamat,  shohim, saning lutfingdin  istar  bu gado
Kim, nazr tobsa Sulaymondin, ajab yo‘q, mo‘rlar.

Xoru zor o‘ldum, base, chektim mashaqqatlar, darig‘,
Bir nazar ham qilmadilar husnig‘a mag‘rurlar.

Ey nishot ahli, mani mahjur deb ta’n aylamang,
Sizni  ham  bir  kun visolidin falak mahjurlar.

Nozanin, vasfingda bu matla’ Kamiy takror etar,
Ey, sening husnung jahon ichra solubdur sho‘rlar.

* * *

Sabrim olg‘on dilbarim hajrida oh aylay bu kun
El ko‘zig‘a emdi olamni siyoh aylay bu kun.

Aylabon maydoni ishqingda shijoatpeshaliq,
Xasmi badxohimni umrini taboh aylay bu kun.

Yuz o‘gurdim sayri gulshandin, yumub guldin ko‘zum,
Ey yuzi gul, kel, jamolingga nigoh aylay bu kun.

Bermading insof, ey a’doya, zolim zulm etib,
Dargahi yora qochib adlin panoh aylay bu kun.

Xotirimda bor emish ishqingda shahliq orzusi,
Xayli g‘am, dardu alamlardin sipoh aylay bu kun.

O‘ynatib chiqg‘il samanding noz ila, ey nozanin,
Chustu chobuk man ham o‘zni xoki roh aylay bu kun.

Nozu istig‘no-la yoring ko‘yidin quvmish seni,
Ey Kamiy, gulxan kulin oromgoh aylay bu kun.

BAYTLAR

Har kishida ilmu san’at bordur, 
Baxtu davlat ul kishiga yerdur.

* * *

Qilmagan ilm sari kimsa nazar, 
Xalq behud kasb mayl aylar.

Qolmadi hech qadri ilmu hunar, 
Ko‘rdi beilm qavm necha zarar.

* * *

Bo‘lsa gar ilmu hunardin xoli ul, 
Ey Kamiy, olamda bilkim, xordur.

* * *

Xush ulkim, suhbati nojinslardin, 
Qochib ulturgali zindona yaxshi.

Hayoyu sharmu odobu tavoze’, 
Emas hayvonakim, insona yaxshi.

Qarindosh nomuvofiq oshnodin, 
Muvofiq yetti begona yaxshi. 

Muqarrar do‘steki bo‘lsa nodon, 
Ki andin dushmani farzona yaxshi.

Musofir dili shikasta mehmonning, 
Dilini shod aylamoq mehmona yaxshi.

Hakimi hoziqu bodiyonat, 
Jami ahli bemorona yaxshi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.