background
logotype

Majzub (XVIII-XIX asr)

Majzub Namangoniy (taxallusi; asl ismi Abdulaziz) [18-asrning 2-yarmi, Qarshi — 1849 (1857), Namangan] — shoir. O‘zbek tasavvuf adabiyotining yirik namoyandalaridan biri. Buxoro madrasalarida tahsil ko‘rgan. Shu yerda Xalifa Husayn Yangiqo‘rg‘oniydan tasavvuf ta’limini olgan.
Majzub tasavvufda zikri jahriya (oshkora zikr) yo‘lining o‘ziga xos uslubini tatbiq etgan. Uning qalamiga mansub «Devon»ga kirgan «Soqiynoma» (181 sahifa) so‘fiylarning suhbatlarida maxsus maqom bilan o‘qilgan. Bu esa, o‘z navbatida, zikr vazifasini ham o‘tagan. Unga ergashuvchilarni majzubiylar deb atashgan. 19-asrda Turkistonda majzubxonlik keng tarqalgan. Majzub asarlari o‘z davrida va keyinchalik ham ko‘plab qo‘lyozma manbalardan o‘rin olgan, to‘plamlar holida bir necha bor nashr etilgan va keng tarqalgan.
Majzubning o‘zbek va fors tillarida alohida-alohida «Devon»i bo‘lib, ularning asosiy qismini g‘azal, muxammas, qasida, soqiynoma tashkil etadi. Bundan tashqari, Majzubning fors tilida yaratilgan «Tazkirai Majzub Namangoniy» nomli asari ham bor. Bu tazkira tasavvuf shayxlari va sufiyona istilohlar mazmuniga bag‘ishlangan. «Devoni Majzub», «Tazkirai hazrati Majzub Namangoniy» asarlari O‘zbekiston FA Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanadi (inv. №1018; 2662, 2125,2567, 1481).

* * *

Uyqu chog‘i tunda chiqdi mohi tobon o‘zgacha,
Kun muzayyan bo‘ldi yer sahni guliston o‘zgacha.

Ishqi sho‘r angez yomg‘ir to‘kdi dard aflokdin
Mubtalolar nolasi bo‘ldi namakdon o‘zgacha.

Oftobi ma’rifatni sen quyoshga tenglama
Ko‘rki, osori tutun oy bahri Kan’on o‘zgacha.

Sarv buklandi, sihi sindi sanubar hamlada
Chun malohat nahli qad ingach namoyon o‘zgacha.

Yor vaslini tilab hayron, hazin, zor elni ko‘r
Sut tilab yig‘lar kichiklar sa’yi mardon o‘zgacha.

Bevatan sarsonlig‘i ham xastalarni nolishi
G‘am yetim go‘dakdadur, shomi g‘aribon o‘zgacha.

Yorga yetmoq hazin ushshoq dog‘i jon aro
Lek zavqi muddaoyi ahli davron o‘zgacha.

Yor vasliga yetishgan ranjlikka bor shifo
Bedavo darddur yetishmay yo‘lda qolg‘on o‘zgacha.

Bu shariat ichra garchi ajralik ish to‘la bor
Lekin bir ko‘ngli buzuqni ko‘nglin olg‘on o‘zgacha.

Jon berib jononga yetmoq dema har kimning ishi
Tuxm savdo tarbiyat qilg‘uvchi dehqon o‘zgacha.

Har kishi o‘z suyganicha ko‘nglida suygoni bor
Matlabi chug‘z o‘zgacha ra’yi andalibon o‘zgacha.

Yor kelmakchi edi, yo‘l bermadi unga raqib
Dilrabolar yo‘lini to‘sguchi shayton o‘zgacha.

Der junun ahliga pand ahli pariga berma dil
Naylasun duch kelsa bir kokil parishon o‘zgacha.

Ko‘p gunoh etguchi ko‘rdim orqasidin tavbasi
Rahmating seli digargun, manda isyon o‘zgacha.

Har viloyat shoiri bir tarz she’r insho etar
She’ri nomarbut Majzubi Namangon o‘zgacha.

* * *

Ketmas ko‘ngildin aslo Maxmur elini dog‘i,
To sunmasa parivash mayxonadin ayog‘i.

Yurgachki, zoru hayron hajringda mubtalolar
Bo‘lg‘ayki ob joriy, ko‘z yoshining bulog‘i.

Majnundir batar qil, vodiyda darbadar qil
O‘lsa gadoligingda hech bo‘lmag‘ay so‘rog‘i.

Qilsam bayon holim kirmas qulog‘i yora
O‘ldurdi ham kuydurdi jononaning bu dog‘i.

Kilsun sani malomat Majnun debon haloyiq
Boshingni pora qilsun malomatning butog‘i.

Tark ayladi sharobin mayxona ahlidin kim
Yondurdi tashnalarni la’li labing mazoqi.

Gulchehra qildi g‘avg‘o Maxmur elini yorab
Majnunni qildi rasvo Laylini ishtiyoqi.

Shirin-shakar takallum Farhoddin bitarman
Ko‘p yig‘ladim parivash qon bo‘ldi ko‘zni oqi.

Hijron o‘tig‘a kuydim, yoz g‘amga hamdam o‘ldim
Qoldi yurakni dog‘i ro‘zi jazog‘a boqiy.

Dunyoyi dung‘a berma hargiz ko‘ngulni Majzub
Ishq ahlig‘a kerakmas dunyoni ayshi chog‘i.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.