background
logotype

Mavlono Lutfiy (1366-1465)

Lutfiy (1366 - Hirot - 1465), Mavlono Lutfiy — o‘zbek shoiri, orif va mutafakkir. O‘z zamonining «malik ul-kalomi». Yaqin vaqtlargacha Lutfiyning tavallud topgan va vafot etgan joyi Hirotning Deqikanor mavzei deb ko‘rsatib kelingan. Shayx Ahmad Taroziyning Mirzo Ulug‘bekka bag‘ishlab yozilgan «Funun ul-balog‘a» asari topilgach, undagi «ma’dan ul-latoyif Lutfiyi Shoshiy» jumlalariga asoslanib, Lutfiyning ona vatani Toshkent bo‘lgan, degan fikr ham ilgari surildi.
Lutfiyning hayot yo‘li singari, ijodiy taqdiri ham juda ibratli: u 99 yil yashagan. Umrining asosiy qismi o‘qish, o‘rganish va badiiy ijod mehnati bilan o‘tgan. Navoiyning «Majolis un-nafois» tazkirasida ma’lumot berilishicha, Lutfiy umrining oxirlarida «oftob» radifli bir she’r yozgan, o‘sha zamonning ko‘p shoirlari unga tatabbu’ qilganlar, ammo ulardan hech biri Lutfiyning «panjasiga panja» ura olmaganlar. Navoiyning yozishicha, Lutfiy 90 yoshdan o‘tganda, Abdurahmon Jomiy otig‘a radifi «suxan» saj’ qasidae aytib erdiki, zamon xushgo‘ylari barcha xo‘bliqqa musallam» tutmishlar («Nasoyim ul-muhabbat»).
Lutfiy ham zohiriy-dunyoviy, ham diniy-tasavvufiy ilmlarni chuqur egallagan, davr va zamoniga ochiq nazar bilan qarashga qodir, haqiqat va ma’rifatga sodiq ijodkor edi. Navoiy so‘zi bilan aytganda, u «forsiy va turkiyda naziri yo‘q» shoir bo‘lgan. Lutfiy garchi o‘z ona tili — turkiy tilda yaratilgan she’rlari bilan mashhurlikka yetishgan bo‘lsada, forsiyda ham o‘zining shoirlik iqtidori va mahoratiga ko‘pchilikni iqror eta olgan. Ikkinchidan, Lutfiy she’riyat bilan tariqatni, majoz bilan haqiqatni uyg‘unlashtirgan edi. Ammo u so‘nggi nafasigacha shoirlik burchi va ilhomiga sodiq qolib, o‘zbek she’riyati xazinasini biri biridan qimmatli nazm durdonalari bilan boyitdi. Shu bilan bir qatorda, shoirlik nechog‘lik «ma’ruf va mashhur» bo‘lmasin, «darveshlik tariqini dag‘i ilikdan» (Navoiy) chiqarmagan edi. Xuddi shu narsa uning nafaqat o‘z zamondoshlari va ijod ahli orasida, balki davr hukmdorlari oldida ham yuqori mavqega ko‘tarilishiga bir asos bo‘lgan.
Haqiqatan qam Lutfiyning she’riyati — xilma-xil shakllardan tarkib topgan mazmundor, rangin she’riyat. Bizgacha shoirning 16—20-asrlar mobaynida ko‘chirilgan turkiy devonining 33 qo‘lyozma nusxasi yetib kelgan bo‘lib, ular Toshkent, Dushanba, Istanbul, Tehron, London, Parij, Sankt-Peterburg kutubxonalari va qo‘lyozma fondlarida  saqlanadi. Olim E. Ahmadxo‘jaevning aniklashi bo‘yicha, Lutfiy kalamiga mansub mavjud she’rlarning umumiy miqdori 2774 bayt yoki 5548 misradan ortiq. Ularning katta qismi (2086 bayti) g‘azal janrida yozilgan. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Lutfiy g‘azalnavis sifatida Sharq adabiyotida barqarorlashgan adabiy-estetik an’analar bilan xalq og‘zaki ijodiyoti tajriba tamoyili va usullarini nihoyatda mohirlik bilan muvofiqlashtirgan. Shu boisdan ham uning g‘azallarida milliy his-tuygular nurlanib, insoniy dard, armon, qayg‘u va shodlik tasviri takrorsiz bir ta’sirchanlik kasb etgan. Lutfiy nainki gazallarida, ruboiy, tuyuq, qit’a, fardga o‘xshash boshqa janrlardagi she’rlarida ham nafosat hissi shakllangan, did va saviyasi baland kishilarning — zukko va hayotsevar xalq vakillarining fikru tuyg‘ularini tarannum etgan. Shoirning:
Sensan sevarim, xoh inon, xoh inonma,
Qondur jigarim, xoh inon xoh inonma, —
kabi misralarini o‘qiganda, ularning bundan bir necha asr muqaddam yozilganiga ba’zan ishonish ham qiyin bo‘ladi. Chunki ular shu darajada sodda, og‘zaki nutqqa yaqin va kitobiy bezakdorlikdan yiroq va samimiydir.
Lutfiy devonidagi bosh mavzu ishq va asosiy maqsad oshiqning hasbu holini tasvirlashdan iborat bo‘lsada, shoir deyarli har bir she’rida mavzuga yangicha yondashib, betakror ohanglar yaratadi, mohiyatiga mos poetik obrazlar topadi, bir-biriga o‘xshamaydigan badiiy san’atlarni qo‘llaydi. Lutfiy devonida tashbeh, talmeh, tazod, iyhom, xususan, irsoli masal san’ati namoyon bo‘lgan. Lutfiy ruboiy, tuyuq, qit’alarini ham san’at namunasi maqomiga ko‘tara olgan.
Yaqin-yaqingacha «Gul va Navro‘z» dostoni Lutfiy asari deb kelingan edi. Keyingi tadqiqotlar natijasida bu doston muallifi Haydar Xorazmiy ekanligi aniqlandi. Lutfiy — turkiy she’riyatda maktab yaratgan san’atkor. Bu ijod maktabidan Alisher Navoiy va Mirzo Bobur saboq olishgan. Roqim, Amiriy, Sultonxon to‘ra Ado, Tabibiy singari shoirlarning devonlaridan.
Lutfiy g‘azallari ilhomida bitilgan muxammaslar joy olgan.
Lutfiy she’riyatining ta’siri faqat O‘rta Osiyo bilan chegaralanib qolmasdan, Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlariga ham yetib borgan. Atoqli turk olimi M. F. Ko‘prulizodaning e’tirof etishicha, Lutfiyning she’rlari yolg‘iz chig‘atoy shoirlari orasida emas, balki «Xarobot» muallifi Ziyo Poshoga qadar bo‘lgan usmonli turk shoirlari orasida ham zavq bilan o‘qilgan.

Ibrohim Haqqulov

G'AZALLAR

* * *

Ko'zung qorasi fitna, vale oqi balodur,
Jonlar oladur,vah, ne balo ko'zi qarodur?

Ko'z ustida jon olg'uvchidur xoliyu qoshi,
Bir-birga bari fitna qotilg'an ne balodur?

Hamdardtur aytay anga holimkim,inong'ay,
Gulshandin o'shul bulbuli miskin,ki judodur.

"Bosh o'ynayinu jon berayin vasl uchun" - ayttim,
Xush-xush kulub aytur mangakim:"Yaxshi bahodur!"

Ko'p qilma aning javridin,ey Lutfiy,shikoyat,
Kim,husn elining shevasi payvasta jafodur.

* * *

Jonim chiqadur dard ila, jononima ayting,
Men xasta gado holini sultonima ayting.

O'rtanmagu ko'z yoshiyu o'lmakturur ishim,
Bu qissani ul sham'i shabistonima ayting.

Qat-qat yuragim bog'ladi qon g'uncha meng'izlik,
Bu dardi dilimni guli xandonima ayting.

Qon yoshim erur yux uza yulduz kabi sonsiz,
Ul ko'zlari cho'lpon,mahi tobonima ayting.

Lutfiyi dilafkor tilar hajr eliding dod,
Ahvolini ul begimau xonima ayting.

* * *

Meni shaydo qiladurg'on bu ko'nguldur,bu ko'ngul,
Xoru rasvo qiladurg'on bu ko'nguldur,bu ko'ngul.

O'qdayin qomatimizni qora qoshlig'lar uchun,
Muttasil yo qiladurg'on bu ko'nguldur,bu ko'ngul.

Meni yozg'urma "sevar" deb,ki mening haddim emas,
Ul tamanno qiladurg'on bu ko'nguldur,bu ko'ngul.

Borma derlar eshiki sori damo-dam,netayin,
Ko'p taqozo qiladurg'on bu ko'nguldur,bu ko'ngul.

Qora mo'yin havasi birla qorong'u kechada,
Jonni savdo qiladurg'on bu ko'nguldur,bu ko'ngul.

Dushmanu do'st orasinda meni g'ofilni mudom
Be saru po qiladurg'on bu ko'nguldur,bu ko'ngul.

O'zgadin ko'rma,ki ko'zung yoshini, ey Lutfiy,
Ayni daryo qiladurg'on bu ko'nguldur,bu ko'ngul.

* * *

Qadu og'zingg'a boqsam, oh derman,
Seni ko'rgan sayin Olloh derman.

Tilar ko'nglim seni olamdau bas,
Bu nisbatin seni dilxoh derman.

Meni haddim emaski,istasa vasl,
"Ko'z uchi birla boq goh-goh" - derman.

Qusuri tab'din derman seni sarv,
Erur ul noravo bir oh derman.

Etagingga kishining ilki etmas,
Seni bu vajh ila men moh derman.

Sening qadding bila nozik yururda,
Erur o'zga nima hamroh derman.

Jamoling Lutfiy so'zin qildi rangin,
Sening husnungga "shay'anlilloh" derman.

* * *

Nega jonima jafo qilursan?
Vaqti o'ldi agar vafo qilursan.

Jonim chiqadur firoq o'tindin
Dardimg'a qachon davo qilursan?

Ul zulfni solma yuzung uzra,
Kim yuz bila ming balo qilursan.

Bo'ynungda qonim, ki bizni, ey ko'z,
Xo'blar bilan oshno qilursan.

Jondin ilikingni,Lutfiy, yuvg'il,
Chun ishq bila marhabo qilursan:

* * *

Qon bo'ldi ko'ngul firoqingizdan,
Jon kuydi ham ishtiyoqingizdan.

Dinu dilu aql bo'ldi yag'mo,
Jon olg'uvchi ul qaroqingizdan.

O'qtek bo'yimiz egildi yodek,
Ul fitnalik ikki toqingizdan.

Su bo'ldi jonim,vale damo-dam
O'tqa yoqilur dudoqingizdan.

Oltun kabi chehra bo'ldi sorig',
Ul sim tikin saqoqingizdan.

Ko'rsam kerak oyu kun bulutsiz,
Sochni ketoring yangoqingizdan.

Bu Lutfiyi xastani so'rungkim,
Bechora o'lar firoqingizdin.

RUBOIYLAR

* * *

Sensizin ayshu sururim qolmadi,
Yig'lamoqtin ko'zda nurim qolmadi.
Ul quyosh yuzungdin ayrulg'on uchun,
Qayg'udin zarra huzurim qolmadi.

* * *

Sayd qildi bizni jayron ko'zlari,
Delva bo'ldi jon eshitib so'zlari.
Yor agar qilsa inoyat ne ajab,
Qulni chun devona qildi o'zlari.

* * *

Bu ne qoshu g'amzayi ayyor erur?
Bu ne shaklu shevau raftor erur?
Sizga osondur agar men bo'lmasam,
Sensizin lekin menga dushvor erur.

TUYUQLAR

* * *

Garchi qurutmas ko'zumning yoshini,
Haq uzun qilsun ul oyning yoshini.
Yig'lama ko'p, bu vujuding ishq o'ti,
Ne qurug'in qo'yg'usi,ne yoshini.

* * *

Necha dedim:"Ul sanamg'a bormag'in!"
Qilmadi ul tark oxir bormag'in.
Munchakim,xudraylig' ko'rguzdi ul,
Aql hayrat qildi tishlab barmog'in.

* * *

Men sening ishqingdin,ey dil, bandaman,
Vah,qachon eytkayman ul dilbanda man.
Bevafolarg'a meni qilding asir,
Sen menga sultonsan,ey dil, bandaman.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.