background
logotype

Miskin (1880-1937)

Miskin (taxallusi; asl ism-sharifi G‘ulomxalil Toshmuhammad o‘g‘li), (1880—Toshkent—1937) — shoir. Otasi temirchilik, mixchagarlik bilan shug‘ullangan. Balandmachitdagi maktabda, so‘ng «Ko‘kaldosh» madrasasida o‘qigan. Dastlabki she’rlari muhabbat mavzuida. Ko‘p o‘tmay, she’riyatiga zamon sadolari kirib kelgan. Xalqimizning milliy-ijtimoiy uyg‘onishida katta xizmat qilgan «Shuhrat» gazetasini she’r bilan quvvatlab chiqqan.
Miskin she’rlarida xalq ommasini asriy jaholatdan uygonishiga chaqirgan. Xalqqa erk va ozodlik ruhini singdirish, ularni haq-huquq uchun kurashga uyg‘otishda o‘z hissasini qo‘shgan. Miskinning avtobiografik she’rlari shoir hayotining og‘ir va murakkab kechganini ko‘rsatadi.
Miskin she’rlaridan 2 devon tuzgan. 200 sahifadan ko‘proq 1-devondan 1925 yilgacha yozilgan va chop etilgan she’rlari joy olgan. So‘nggi she’rlari esa 2-devonda jamlangan bo‘lib, 160—170 sahifani tashkil qilgan. Biroq ularning taqdiri noma’lum. 70 ga yaqin she’rlarigina saqpangan. Ushbu she’rlar shoirning o‘z qalamiga, o‘z ovoziga ega bo‘lgan, adabiyotimiz tarixida sezilarli iz qoldirgan iste’dod sohibi ekanligini ko‘rsatadi. She’rlari shu paytga qadar to‘plangan, o‘rganilgan emas. Toshkentda Miskin nomida ko‘cha va mahalla bor.


G‘AZALLAR

* * *

Anodin yangi tuqqandek ko‘zim ochdim jahon ichra,
Ajoyib hur zamon bo‘ldi, ko‘ring, yoron, jahon ichra.

Tazallum toju taxti yer bila yakson bo‘lib oxir,
Adolat nuri barq urdi ezilgan bu jahon ichra.

Bo‘lib bizlarga yo‘lboshchi Ishtirokiyun firqasi rahbar,
Hukmron ayladi ishchi bila dehqon jahon ichra.

Necha yuz ming meningdek bor edi olam aro Miskin,
Alarga qildi shafqat inqilobkim bu jahon ichra.

* * *

Yig‘lamay naylay bu kun, devonadurmen, ayrilib,
Sabru hushu, aqldin begonadurmen, ayrilib.

Volau shaydo bo‘lub, aylar ishimni bilmayin,
Telbalardek xalq aro mastonadurmen, ayrilib.

Siyna choku, diyda g‘amnoku parishon hol o‘lub,
Jon hazin, xotir g‘amin giryonadurmen, ayrilib.

Fursatim go‘yo bir oyu soatim bo‘lmishki yil,
Bu judolig‘ dardig‘a hayronadurmen, ayrilib.

Xotirim vos-vos o‘lub, so‘zlar so‘zum bexud-g‘alat,
Elga mundog‘ kulku ham afsonadurmen, ayrilib.

Ohkim, sen birla yurganda edim bir podshoh,
Naylay, endi bekasu g‘amxonadurmen, ayrilib.

Nola aylarmen kuyub, hajringni otashgohida,
Kecha-kunduz Miskini so‘zonadurmen, ayrilib.

* * *

Bizni tashlab qayga ketdi ul qaro qoshim mening?!
Telmurib yo‘liga ko‘zdin oqadir yoshim mening.

Chorasiz qoldim, netay, hijron o‘tiga o‘rtanib,
To‘ldi hasrat birla kuygan bu ichu toshim mening.

Yor ketar vaqtida menga qayrilib bir boqmadi,
Yig‘lasam, ayb aylamang, qavmu qarindoshim mening.

Menga aydilar raqiblar, unga dil bergan eding,
Bir kelib holimni so‘rmas, yoru yo‘ldoshim mening.

Bedavo dardim ilojin kimga izhor aylasam,
Yig‘lagayman ishq dardi qonidin oshim mening.

Miskin ahvoli xarobin kim bilur ul yorsiz,
Ayrilib, hech yerga sig‘mas bul g‘arib boshim mening.

* * *

Na qilay gulshanni, ul gul yuzli jonon bo‘lsa bas,
Xohlamas sunbulni dil, zulfi parishon bo‘lsa bas.

Rag‘batim yo‘q sarv birla sabzalarning sayriga,
Mahvashim ul sarvi qomat, qaddi rayhon bo‘lsa bas.

Menga ta’rif aylamanglar, bazmi Jamshidni netay,
Sevganim bir soate yonimda mehmon bo‘lsa bas.

Boda kayfidan menga, do‘stlar, gapirmang zinhor,
Mast etolmas may meni, ul ko‘zi maston bo‘lsa bas.

Miskin ahvolin ko‘rib, bedardlar nelar demas,
Bok yo‘q el ta’nasiga, o‘zi sevgon bo‘lsa bas

* * *

Ey dilbari jononim, ko‘p nozu itob etma,
Yuz jabru jafo birlan holimni xarob etma.

Mastona ko‘zing birla qoshing qilichin tortib,
Bir-birga imo aylab, qatlimga xitob etma.

Husning haqqi, ey jonon, qilma meni ko‘p shaydo,
Ag‘yor ila may ichib, bag‘rimni kabob etma.

Dod ila fig‘onimga bo‘lgaymu qiyo boqsang,
Zor ila, ayo dilbar, hajringda azob etma.

Qonimni to‘kar bo‘lsang, ey ko‘zlari jallodim,
Qo‘y holima bir soat, o‘ymoqqa shitob etma.

La’lingni zakotidin Miskinga karam ayla,
Kelganda eshigingga sen tarki javob etma.

* * *

Sabo ayg‘ilki, jononim qayondur,
Yuzi gul g‘uncha xandonim qayondur?!

Meni ishqi bila devona qilgan,
Sitamgar ko‘zi cho‘lponim qayondur?

Yotibman dardi hijroni bilan zor,
Etinglar darda darmonim qayondur?

Yo‘lida intizorim haddin oshdi,
Demas holi parishonim qayondur.

Bo‘libman hasratidin misli Ya’qub,
Ushal Yusufi Kan’onim qayondur?

Ko‘rib gullarni derman telbalardek,
Deying sarvi xiromonim qayondur?

Umiding kesma, Miskin, rahmatidin,
Dema ilkimda ehsonim qayondur.


MUXAMMAS

Manam Majnuni ishq, do‘stlarki, bir Layloni izlarman,
Jamoli gul, sochi sunbul, ko‘zi shahloni izlarman,
Ajab bir tiyra dildurman, qamar siymoni izlarman,
Mani ishqida zor etgan qadi zeboni izlarman,
Ushandoq ofati jon sho‘xi beparvoni izlarman.

Asiri gul yuzidurman jahon gulzorini naylay,
Anga ko‘ngulni oldirdim bo‘lak dildorini naylay,
Deyurg‘a sirri mahram yo‘q, bu g‘am izhorini naylay,
Malomat qilsa qilsin el, alar guftorini naylay,
Kechibman ori nomusdin, o‘shal barnoni izlarman.

Yoronlar, bir parivash ishqining devonasi bo‘ldum,
Berib barbod aqlimni, xirad begonasi bo‘ldum,
Ko‘rib husni charog‘ini, yonib parvonasi bo‘ldum,
Netay Miskin kabi xalqi jahon afsonasi bo‘ldum,
Jununim ayb qilmanglar, mahi anqoni izlarman.


MURABBA’

Ko‘rdim xatingiz, zebo sanamlar,
Qatlimga erkan yozgan raqamlar.
Berahm aylab bizga sitamlar,
Rahm aylamaysiz, qoshi qalamlar.

Qosh uzra farqni egri qo‘yarsiz,
Oshiqlaringiz betig‘ so‘yarsiz,
Soqiy bo‘libon maylar quyarsiz,
Rahm aylamaysiz, qoshi qalamlar,

Oshiqlar ichra dilxasta, Miskin,
Ishq bulbulidir, vobasta Miskin,
G‘am domi birla pobasta Miskin,
Rahm aylamaysiz, qoshi qalamlar.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.