background
logotype

Muhayyir (1842-1918)

Muhayyir (taxallusi; asl ismi Muhammadqul Muhammadrasul o‘g‘li) (1842, Qo‘qon — 1918, Rishton tumani) — shoir, tarjimon va xattot. O‘zbek va fors-tojik tillarida ijod qilgan. 1875—85 yillarda Buxoro madrasalarida o‘qigan.
Muhayyirning o‘z qo‘li bilan ko‘chirgan mukammal devonining 2 nusxasi mavjud. Devonida 350 g‘azal, 35 muxammas, 3 musaddas, 6 murabba, 2 tarje’band, 73 ruboiy va «Qirq hadis»ning she’riy yo‘l bilan qilingan tarjimasi bor. Muhayyir, shuningdek, «Saloti Mas’udiy» nomli fiqh ilmiga oid forscha kitobni o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
1870 yilda Alisher Navoiyning terma devonini ham nasta’liq xatida ko‘chirgan. Muqimiy, Furqat, Muhyi, Zavqiy, Nodim Namangoniy va Muntazirlar bilan yaqin ijodiy munosabatda bo‘lgan. Lutfiy, Jomiy, Hofiz Sheroziy va Alisher Navoiy g‘azallariga muxammaslar bog‘lagan, naziralar yozgan.
She’riyatida tasavvufiy ohanglar, ramz va ishoralar ham bor. Ijodiy merosining umumiy hajmi 10000 misradan oshiqroq. 3 qo‘lyozma devoni O‘zbekiston FA Sharqshunoslik instituti (inv. №7493, 19111) va O‘zbekiston FA Davlat adabiyot muzeyida saqlanadi (inv. №241).


G‘AZALLAR

Faqr shohimen, adam mulki musaxxardur manga,
Mehnatu anduhu kulfat xayli lashkardur manga.

Masnadim gulxan kuli, kunji qanoat maxzanim,
Bo‘ryo taxtu, buzuq vayrona kishvardur manga.

Bu dili mahzun bila ilgimdagi sing‘on safol,
Chiniyi Fag‘furu, ko‘zguyi Skandardur manga.

Tang‘a jul kisvat, namad bo‘lsa kulohim or emaz,
Kim alar rashki qabou toji qaysardur manga.

Juz yomonlig‘ nomai a’molima sabt o‘lmadi,
Hosili umrim sarosar qora daftardur manga.

Kasratimni g‘arq qildi garchi to‘foni fano,
Lek vahdat taxtasi kishtiyyu langardur manga.

To sochi zanjirig‘a band o‘ldi bu shaydo ko‘ngul,
Dambadam bosh uzra nur savdoyi mahshardur manga.

Ahli davron, yaxshiliq ummid qilmang charxdin,
Kim o‘shal javru jafo qilg‘on sitamgardur manga.

Yor lutf aylab, behamdillah, Muhayyirni demish
Oshiqi devona bo‘lgan ul qalandardur manga.

* * *

Nechakim rasmu shioring zulm ila bedod erur
Jumlasi, ey shah, bu qulg‘a lutfu, adlu, dod erur.

Yuz o‘gurmam ishqing ichra yetsa sendin yuz alam
Kim hazin jonim jafou javringga mu’tod erur.

Men bila bulbulni teng tutma jahon bog‘idakim
Manga doyim, anga bir oy nolau faryod erur.

Voizo, panding bila borur yo‘lumdin yonmag‘um
Kim mening ko‘nglumda ham mundek fusunlar yod erur.

So‘z demoq shohi zamondin yo‘q adab, de shunchakim,
Tavba qilmasdin muridi tolibi irshod erur.

Ey xush ulkim, dayr piri ilgidin bir jomi may —
No‘sh aylab, ikki olam qaydidin ozod erur.

Gar Muhayyir nazmi bahri o‘tsa Omudin netong
Anga bu yo‘lda Lutfiy ruhidin imdod erur.

* * *

Bog‘u bo‘stonda agar sarvu agar shamshod erur,
Sanga qullug‘din qachon, ey nozanin, ozod erur.

Sen kabi laylivashu shirin nasabni ishqida
Zor ko‘nglum bir ajab Majnun hasab, Farhod erur.

Men kabi bir gul asiri bo‘lmasang, ey andalib,
Bu chamanda ne uchun tun-kun ishing faryod erur.

Eyki she’r etting havas, beilm bo‘lmasdur bu ish,
Negakim har fanda sharti a’zam isti’dod erur.

Gar badoe’ gullaridin rangu bo‘yi istasang,
Qil tamoshokim, bu dam tab’im chaman ijod erur.

Soqiyo, bir jom ila men xastani shod aylag‘il,
Kim, base davron elidin xotirim noshod erur.

Gar Muhayyirni so‘zi tutsa Ajam mulkin netong,
Kim Navoiy nazm bobida anga ustod erur.

* * *

Yordin nechuk uzay ummid — zor etgan bilan.
Vasl ummidiga yillar intizor etgan bilan.

Ey falak, orom olurmusan ul oyni ko‘yida,
Bir necha oshiqni besabru qaror etgan bilan.

Ey ko‘zum yoshi, yugurmoqdin dami ting‘aymuding,
Sirri ishqim el ichinda oshkor etgan bilan.

Xotiri pokingg‘a yetgaymu malolat, ey pari,
Baytul-ahzonim sari gohi guzor etgan bilan.

Monii vasl o‘lmag‘ay, ey sho‘x, davron bog‘ida,
Sizni gul yanglig‘ qilib, haq bizni xor etgan bilan.

Soqiyo, davringda g‘amginman, dilim topmas farah,
Bir-iki joming bilan raf’i xumor etgan bilan.

Bu Muhayyir dargahingda topsa, ey sho‘x, e’tibor,
G‘am yemasdur dahr eli bee’tibor etgan bilan.

* * *

Xalos o‘lmoq tilar bo‘lsang agar davron jafosidin,
Unut o‘zlukniyu, o‘t odamiliq muddaosidin.

Qachonkim yor ko‘yida gadolig‘ dodini berdim,
Umid uzdim jahon sultoniyu farmon ravosidin.

Nigorikim, aning bir lahza javridin xalos ermam,
Mahol ishdur manga ummid tutmog‘liq vafosidin.

Salomat ahli, ayb etmang malomatdin g‘amim yo‘qsa,
Ki qo‘ymaymen hazin jonimg‘a minnat el azosidin.

Bilay desang agar vayronu dog‘ o‘lg‘on ko‘ngul holin,
Kelib so‘rg‘il bu bo‘ston chug‘ziyu bag‘ri qarosidin.

Bihamdillahki, undi mehr o‘ti, parvarish topdi,
Ko‘ngul bog‘ida ohi ashkimi obu havosidin.

Qarorg‘on ko‘zlarimga to‘tiyo qilmoq uchun keltur
G‘ubori, ey menga ul nozanin ko‘yi fazosidin.

Qulingmen, soqiyokim, bir qadah may birla qutqording,
Meni lab tashna maxmuringni xudbinlik balosidin.

Muhayyir tiyra baxtin ko‘rki rohat orzu qilsa,
Yetar ozor g‘amlik jonig‘a o‘z oshinosidin.

* * *

Bir noma manga kelmadi ul qoshi qalamdin,
Qaddim bukulub nol kabi bo‘ldi bu g‘amdin.

Ul huri parizodg‘a holimni bayon et
Ey bodi sabo, o‘tsang agar bog‘i eramdin.

Xunxor ko‘zi qonmadimu elni qilib qatl,
Kim qon to‘karu der yana bu saydi haramdin.

Qon yutdi, alam chekdiyu g‘am bo‘ldi nasibi
Darkimki vujud olamig‘a keldi adamdin.

Desangki topay rohatu, ko‘rmay sitam eldin
Tutmehru vafo rasmiyu chek elni sitamdin.

Devona qazo qismatig‘a ulki rizodur,
Shukr aylagayu so‘z demagay lou naamadin.

Harchand gunah lavsidin oluda etakmen
Ummid bukim toza o‘lam bahri karamdin.

Ey soqi, dami boda Muhayyirg‘a karam qil
O‘tkarmay aning vaqtini davringda bu damdin.

* * *

Manga qaydadur birdam sensiz, ey sanam, uyqu,
Ko‘runur firoqingda ko‘zuma adam uyqu.

Tongla loyiqi diydor etsa haq tong ermasdur,
Ushbu tunda gar bo‘lsa qaysi ko‘zda kam uyqu.

Hajr tunlari chekkan kulfatim nechuk bilg‘ay,
Ulki suygani birlan aylagay baham uyqu.

Eyki bahra istarsen tur saharki, topmas fayz
Kimni odati bo‘lsa vaqti subhidam uyqu.

Ul kishiki har soat bir taoma mayl aylar
Ne ajab agar tutsa oni dambadam uyqu.

Garchi kechalar uymoq el tanig‘a rohatdur,
Lek menga bo‘lmishdur sarbasar alam uyqu.

Mutribo, chekib sozing, tuz navog‘a ovozing,
Toki bir zamon ochg‘ay savti zeri bam uyqu.

Hajr qasdi jon aylab, eltsa meni shoyad,
Bir qadah mayi, soqiy, aylasang karam uyqu.

Ko‘nglida vatan yodi o‘gguchi musofirdur.
Kim tutar Muhayyirni yo‘lda lojaram uyqu.

* * *

Labingmu la’lmu, yoqutmu yo quti jondurmu,
Qiyomat jilva qaddingdurmu yo sarvi ravondurmu.

Damodam jonima bedod egib jabru jafo qilmoq,
Degil, ey nozanin, ishqim bilurg‘a imtihondurmu.

Suxanras nuktadonlarni takallum birla lol etgan
Bizi Layli nasablig‘ dilbari shirin zabondurmu.

Butun yuz pora ko‘nglum g‘unchadek diltangdur-bilmon.
Ki ul ra’no yuzidin g‘ayri bazmi gulsitondurmu.

Meni, ey zohido, taklif qilma honaqah sori,
Ki ul yer ushbu dam mayxonadek dorul-amondurmu.

Vafo yo‘qturjahon ham ahlida, gar bo‘lsa vafo anda
Vafosi birnecha kunlik emasmu, jovidondurmu.

Ko‘ngul olmay so‘zim kom istading dunyo arusidin,
O‘zing insof berkim, oni ayshi royigondurmu.

Qarori yo‘q falak mehrini birdam uz umid, ammo
Dema nomehribonmu manga yokim mehribondurmu.

Ko‘rub devonini mazmunidin voqif o‘lan aytur,
Muhayyir nazmidurmu yoki bahri begarondurmu.

* * *

Qaysi bir gul yuz sunabar qadga desam bir qara,
Ko‘z solish birla mani mahzunni aylar masxara.

Emdi bildim shahr ichida e’tiborim yo‘q ekan,
Manga lozimdur nishiman aylasam dashtu dara.

Lola dog‘ini ko‘rib shoyad ko‘ngul topsa qaror,
Bor ekan deb men kabi olamda ham bag‘ri qara.

Yod etib dilbar ko‘zin oqsa yoshimdin chashmalar,
Uchrasa har lolazor ichra agar ohu bara.

Bu biyobonda fano bo‘lg‘on kishilar yoshidur,
Chashma bo‘lsun yoki favvora va yoxud sharshara.

Qoyil o‘lmasdur ajalni panjasiga, voqif ul,
Gar sanga temur uyu fo‘lod bo‘lsun panjara.

Ey Muhayyir, shuqr qil, el ta’nasidin g‘am yema,
Kim bilurki tongla kim siyqaduru kim sara.

* * *

Ey bulut, teva kabi muncha sochib qaf yog‘asen,
Osmon sahnida haryon chekibon saf yog‘asen.

Parcha-parcha yuborib bir-birini orqasidin
Aylabon yerni biyik ustini saf-saf yog‘asen.

Muz masal jola kabi yarqiratib, rahm etmay
Havli, uyum tomig‘a deyki ne taf-taf yog‘asen.

Goh shirg‘oq, gahi zohir etib lak-lak qor
Paxtani zobutidek yer uza laf-laf yog‘asen.

Chopqunu izg‘iriningdin qamatib uyg‘a meni,
O‘t bila muncha dimog‘im qilib jaf yog‘asen.

Ko‘runub ko‘zga xunuk, muncha bu to‘y o‘tguncha,
Shildirab kechalari, kunduzi shaf-shaf yog‘asen.

O‘tmayin to‘y, jadallab nega kelding, ayg‘il,
Tiladimu seni bir xorisi ashraf yog‘asen.

Qish o‘tub fasli bahor o‘lsa, bolub xurramu shod
Sustayib tog‘ ila tuzga cholibon daf yog‘asen.

Na balo bo‘ldi sengakim, bu Muhayyir boshig‘a
Suv tukulgan kabi har lahza shalaflaf yog‘asen.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.