background
logotype

Mushrif (? – 1825)

Mushrif (taxallusi; ismi Mirzo Qalandar) (? — Isfara — 1825) — shoir va olim. Qo‘qon madrasasida o‘qigan. 1818 yildan Umarxon saroyida lashkar qozisi vazifasini bajargan. Muhammad Alixon davrida Isfarada qozi bo‘lgan. Forsiy va turkiyda ijod qilgan. G‘azal va qasidalarida Umarxonni madh etgan, tabiat go‘zalliklarini tasvirlagan, insof va adolatni ulug‘lagan.
Mushrif Umarxon taklifi bilan «Shahnomayi nusratpayom» («G‘alabadan xabar beruvchi Shohnoma») asarini yozgan (1822). Asar Fazliyning «Umarnoma» dostoni asosida yaratilgan. Unda Umarxonning bolalikdan vafotiga qadar hayoti aks ettirilgan. Asar 19-asr Qo‘qon adabiy muhitini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega.
Mushrif she’rlaridan namunalar Fazliyning «Majmuai shoiron» tazkirasida uchraydi. «Risolayi askariy» kitobi hamda diniy mavzudagi «Daloyil ul-hayrot» asarining arabchadan forsiyga qilgan tarjimasi hali topilmagan. «Shahnomayi nusratpayom»ning qo‘lyozmasi Rossiya FA Osiyo mamlakatlari institutining Sankt-Peterburg bo‘limida (inv. № 471) saqlanadi.

* * *

Manga, ey bodi sabo zulfi sulmansodin gapur,
Jon labimga yetdi ul la’li shakarxodin gapur.

Kavsaru tubiy hadisin dema ey voiz, manga
Ul labi jon baxsh ila bul qaddi bolodin gapur.

Garchi gulshan ichra qo‘yding, soqiyo, maxmurmen
G‘unchai gul vasfin etma jomi miynodin gapur.

Gul ila sunbul so‘zini so‘ylama, ey bog‘bon,
Manga gul ruxsor ila zulfi mujarrodin gapur.

O‘zga butlardan hikoyat qilma, ey qosid manga
Istasang avval o‘shal bebok tarsodin gapur.

Ey ki, aylarsan hikoyat vasfi jononim maning
Avval ul ruxsori ra’no chashmi shahlodin gapur.

Ishq aro ranjurmen unnobi vasfin aylabon
Ey hakim, injitma ko‘p lali masihodun gapur.

Bir kun ul mahvashni ko‘rsang bo‘lma xomush, ey ko‘ngul
Mushrifi devonai majnunu shaydodin gapur.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.