background
logotype

Muhammad Shayboniy (1451-1510)

Shayboniyxon, Sulton Muhammad Shayboniyxon (1451— 1510) — shayboniylar sulolasi asoschisi. Abulxayrxonning nabirasi, Shohbudog‘ sultonning o‘g‘li. Abulxayrxon unga Shohbaxt deb laqab qo‘ygan. Otasining erta vafotidan so‘ng, bobosining qaramog‘ida qolgan Sulton Muxammad Shaybon Boyshayx otalig‘ida voyaga yetgan.
 U 15-asr 80-yillarida Abulxayrxon vafotidan so‘ng Dashti Qipchoqning asosiy hududida o‘z hukmronligini o‘rnatmoqchi bo‘lgan. Shayboniyxon 1490 yillardan o‘zaro kurashlar va ichki nizolar tufayli tobora zaiflashib borayotgan Temuriylar hududi bo‘lgan Movarounnaxrda ham o‘z hukmronligini o‘rnatish uchun harakat boshlagan. 15-asr oxiri — 16-asr boshlarida Movarounnahrga qilgan yurishlari natijasida hokimiyat boshqaruvi uning qo‘liga o‘tgan.
U o‘zbek, fors tillarida g‘azal, ruboiylar ham bitgan. Uning ana shu g‘azal, ruboiylaridan ayrimlari va «Bahrul xudo» nomli dostoni, o‘g‘li Temur sultonga atab yozgan pand-nasihatlardan iborat kitobi (yagona nusxasi Turkiyada saklangan) bizgacha yetib kelgan.
Shayboniyxon Turkistonning Sig‘noq, Sabron, Yassi shaharlarini ham o‘z qo‘l ostiga kiritgan. 1504 yili Hisor, Qunduz, Badaxshon, Balx, 1505 yilda Xorazm, 1507 yilda Hirot ham Shayboniyxon qo‘l ostiga o‘tgan. Keyinroq Eronning Mashhad va Tus shaharlarini ham egallagan. 1510 yilda Marv yaqinidagi Mahmudobod qishlog‘ida Eron shohi Ismoil Safaviyning 12 ming kishilik askari bilann Shayboniyxon qo‘shini o‘rtasidagi jangda uning qo‘shinlari mag‘lubiyatga uchragan va Shayboniyxonning o‘zi ham halok bo‘lgan. Uning boshsiz tanasi Samarqanddagi Baland Sufaga dafn qilingan. Baland Sufa Registon maydonida Tillakori va Sherdor madrasalari o‘rtasidagi burchakda joylashgan bo‘lib, bu yerga keyinchalik boshqa shayboniylar ham dafn etilgan.

* * *

Qurding bari sultonlar bu iydi qiyomatni
Men nechaki tortarmen, ey shayx, riyozatni.

Ey hojiyi mavlono tingla, bu na g‘avg‘odur
Bu ravzai davlatdur, chol iydi saodatni.

Bu iydi saodatda keldi bari sultonlar
Jomi mayi ishrat tut, ur tabli bashoratni.

Ko‘rding bizi iyd oyi betobmizu log‘ar
Zohid bila sufiyga qildi bu ishoratni.

Aybu mayu ma’ni na so‘fiy sanga odatdur
May ichgilu inson bo‘l, qo‘y so‘fiy bu odatni.

Tasbeh ridosinda, ey shayxi malomatpo‘sh
Tut domi mayi sofiy qo‘ygil bu alomatni

Qad qomating ey mukriy Shayboniyga hech boqmas
Ey soqiyi gulchehra ko‘rsat qadu qomatni.

Haq berdi sarofroziy Shayboniyga kam tun kun
Bosh uzra qo‘yubdur ul bu toji ibodatni.

* * *

Dard g‘am bechora ko‘nglum sori oqildi yana,
Meni ko‘rub ishq o‘ti boshtin yana keldi yana.

G‘unchadek ko‘nglum g‘am hijronidin qon bog‘lodi,
Mujdayi vaslin eshitib, ko‘nglum ochildi yana.

Hajr o‘tinda notavon jismim firoqing kechasi,
Sham’dek boshtin-ayoq firqatda yoqildi yana

Qezlob erdim ishqini eldinu lekin naylayin,
Holatim Majnun kibi olamg‘a yoyildi yana.

Firqat otidin yeqildim, yor keldi so‘rg‘oli,
Ey Shayboniy, yor dardingg‘a davo qildi yana.

* * *

Yuzungni ko‘rdum ul chortoq ichinda,
Ochilmish toza gul yoproq ichinda.

Tabassum qilsang ul g‘uncha labingdin,
Degaysen bol tomor qaymoq ichinda.

Necha ko‘zloding, ey ra’no g‘izolim,
Meni yondurmog‘il avloq ichinda.

Qaram qilg‘il, kel emdi, ey azizim,
Uturg‘il didayi mushtoq ichinda.

Jahonning ko‘zi hargiz ko‘rmishi yo‘q„
Na qildi lablaring so‘rmoq ichinda.

Kel ey soqiy, yukunub bir ayoq tut,
Mango dilbar bila qishloq ichinda.

Mango javr aylading, ey bag‘ri toshim,
Ko‘ngulni soqlomay dil toq ichinda.

Muxolif Vaxshni qishlab tururda,
Turush bermay turur turmoq ichinda.

Cherikning gardini ko‘rmoy qochiptur
Masaldur:—Qul qochor o‘rmoq ichinda.

Shayboniyg‘a beribtur nusratin qaq,
Qovub men xusrav(ni) chaqmoq ichinda.

* * *

Ey oqilon, ey oqilon, tark et, sen emdi bu jahon,
Jon bulbuli parvoz etar manzilgohidur osmon.

Butxonani vayron qilib, mayxona obodon qilib,
Gulxan emasdur manziling, gulshan havas qilg‘il ravon-

Barham uroyin aqlu hush, vayron qiloyin nafsi xush,
Begonani oshno qilib, tun-kun kuzaygil baxti xon.

Qo‘nglum g‘amin beg‘am qilib, haq dardini mahram qilib-
Bo‘lsa jarohat em qilib, bo‘lg‘il tabibi mehribon.

Tortib Samarqand lashkarin, yurub mo‘g‘ul ustiga men,
Islom tig‘in tez etib, barham uroyin qolmoqon.

Islom men-islom men, kufforu kufri naylasun,
Kuffor bexin kesoyin, qolmosun andin hech nishon.

Shahboz bo‘ldi chingizi, semurg‘u anqo qoydadur.
Men-men muhitning javhari-javharni bilmas insujosh

Ey qahrabo, ma’mur etay ko‘p durru marjonlar to‘kub.
Ey dilbarning dardi bila o‘tqa yonar men har zamon.

Shayboniy, so‘zing qisqa qil, yurur yo‘lingni rost qil,
To‘ti so‘zi shakkar turur, murdor qarg‘a nokason.

RUBOIY

Gar bo‘lsa kishi qoshi qarosi birla,
So‘z yaxshi turur jigar yarosi birla,
Zulfu yuzi vasfini biturman tunu kun,
Oltun varaq ichra ko‘z qarosi birla.

TUYUQ

Sug‘d ichinda o‘ltururlar yobular
Yobularning mingan oti yobular
Yobularning ilgidin el tinmadi
Yo bular bo‘lsin bu yerda yo bular.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.