background
logotype

Abdukarim Jumaboyev (1956)

Abdukarim Jumaboyev 1956 yili Tojikistonning Nov tumanida dunyoga keldi. Farg’ona davlat Universitetini bitirgach, Marg’ilon shahrida ishlay boshlaydi. Ayni paytda farg’ona viloyati ko’zi ojizlar maktabi direktori.

Abdukarim aka hokisor shoir, dilkash suhbatdosh, samimiy inson. Garchi ko'zlari ojiz bo'lsa-da o'z mehnati bilan, shijoati bilan hayotda o'z o'rnini egallagan. Ularning o'tli she'rlarini ko'pchilik hayrat bilan o'qiydi, 100 dan ortiq she'rlari qo'shiq bo'lib ulgurgan. Mavluda Asalxo'jayeva, Anvar G'aniyev, G'iyos Boytoyev, Kamoliddin Rahmatov, Umida Mirhamidova kabi bir qator qo'shiqchilar ijodida Abdukarim akaning she'rlari ko'p uchraydi.

Abdukarim Jumaboyev ijodining asosiy qismi muhabbat mavzusiga bag'ishlanadi. U kishining hozirda 3 ta kitobi nashr qilingan. Oilali, 1 o’gil va uch qizning otasi.

 

SAN'ATIM

Ko`zimga qatra yosh ilingan chog`lar,
Ko`ksim tikanlarga tilingan chog`lar,
Ayriliq azobi bilingan chog`lar,
Suyanchim sen bo`lding, aziz san'atim.

Dunyo g`amlaridan sabrim bitsa ham,
Qalbimni quzg`unlar zog`lar titsa ham,
Ishongan do`stlarim tashlab ketsa ham,
Ishonchim sen bo`lding, aziz san'atim.

Telba dunyo mani ming kuyga solsa,
G`arazli nigohlar yoqamdan tutsa,
Bechora bu ko`nglim yolg`izlab qolsa,
Tayanchim sen bo`lding, aziz san'atim.

Boshimga yog`dirib turfa balolar,
Ko`nglim siyoh qilsa ko`ngli qarolar,
Mehribon onamdek qilib duolar,
Yupanchim sen bo`lding, aziz san'atim.

San'atim qadringni ayt kimlar bilur,
Ko`ngli ishq dardidan yarimlar bilur,
Seni jondan sevgan Karimlar bilur,
Quvonchim sen bo`lding, aziz san'atim.


AJAB DUNYO

Azim dunyo, sehrli dunyo,
Halim dunyo, mehrli dunyo,
Zolim dunyo, qahrli dunyo,
Ajab dunyo, ajab dunyosan.

Kenglarga keng, torlarga torsan,
Yo`qsilga yo`q, borlarga borsan,
Bog`larda gul, tog`larda qorsan,
Ajab dunyo, ajab dunyosan.

G`ami ado bo`lmas dunyosan,
Kami ado bo`lmas dunyosan,
Ketgan qaytib kelmas dumyosan,
Ajab dunyo, ajab dunyosan.

Koshonasan, kimga vayrona,
Kimga oshno, kimga begona,
Chin dunyoga o`zing ostona,
Ajab dunyo, ajab dunyosan.


ADASHDIM

Yosh edim yoshligim o`tmaydi depman,
Bu masrur lahzalar bitmaydi depman,
Ota-onam aslo o`tmaydi depman,
Adashdim, eyvoh, adashdim.

To abad qalbimni g`ashlab ketdilar,
Chorasiz ko`zlarim yoshlab ketdilar,
Bir-birin baqoga boshlab ketdilar,
Adashdim, eyvoh, adashdim.

Ko`nglimda g`amlarning adosi qoldi,
Kimnidir faryodu nidosi qoldi,
Onamning so`nggi bor duosi qoldi,
Adashdim, eyvoh, adashdim.

Hasratim dunyoga sig`maydi, yorab,
Armonim bag`rimni tig`laydi, yorab,
Yetimlik Karimdek yig`laydi, yorab,
Adashdim, eyvoh adashdim.


ERKA QIZ

Yuzingiz oydekkina,
Qoshingiz yoydekkina,
Hech kimga parvo qilmay 
O`tasiz boydekkina.

Dadasiga erka qiz,
Ayasiga erka qiz,
Ishqingiz yuragimni
Qildi tilka-tilka qiz.

Qaramasangiz bizga,
Nima ham derdik sizga,
Mag`rur bo`larkan qizlar,
Kirganda o`n sakkizga.

Turishlariga gap yo`q,
Kulishlariga gap yo`q,
Tovus kabi sallona
Yurishlariga gap yo`q.

O`rgilay fe’lingizdan,
Achchiqroq tilingizdan,
Mehringizni qozonib 
Joy olay dilingizdan.

Chidaymiz nozingizga,
Nozu arozingizga,
Qishlardan omon chiqsak
Yetarmiz yozingizga.


ONAJON

Har gal bahor kelsa nur sochib,
Qorlar ketar tog`larga qochib,
So`zlay desam ko`nglim ochib,
Sizni qaydan topay, onajon.

Mehringizga bir to`yay desam,
Erkalanib bir suyay desam,
Ko`ksingizga bosh qo`yay desam,
Sizni qaydan topay, onajon.

Izlab, izlaringiz ahtarib,
Ortingizda qoldim sarg`arib,
Endi men ham, dunyo ham g`arib,
Sizni qaydan topay, onajon.

Sizsiz qandoq qilay onajon.
Oh, yo`q ekan ajalga omon,
Endi bag`rim tindalar armon,
Yo`qligingiz bilindi yomon,

Sizni qaydan topay onajon.
Qalbimda tig` urgan bu dunyo,
Azoblarim ko`rgan bu dunyo,
Sizni sig`dirmagan bu dunyo,

Sizni qaydan topay, onajon.
Sizsiz qandoq qilay, onajon. 

EY KO‘NGIL

Ey ko‘ngil, sevgining hijronlaridan, 
Manglayga bitilgan armonlaridan. 
Taqdirning beayov farmonlaridan, 
Sen hamon yig‘larsan, men yig‘lab bo‘ldim.

Bu bir kam dunyoda kimning kami yo‘q? 
Bu bir kam dunyoda kimning g‘ami yo‘q? 
Bu bir kam dunyoda dil malhami yo‘q, 
Sen hamon izlarsan, men izlab bo‘ldim.

Endi rashk otashi bag‘rimni yoqmas, 
Endi visol menga qayrilib boqmas. 
Hatto hijron kelib eshigim qoqmas, 
Sen hamon kutarsan, men kutib bo‘ldim.

Karvonlar ortidan yo‘l qolgusidir, 
Sahroyi bahordan cho‘l qolgusidir. 
Behuda yongandan kul qolgusidir, 
Sen hamon yonursan, men yonib bo‘ldim.

Cho‘qqilar cho‘kmagay - qor ketgan bilan, 
Ilk sevgi ketmagay yor ketgan bilan. 
Dardlaring tugamas soz chertgan bilan, 
Sen hamon kuylarsan, men kuylab bo‘ldim.

Quyoshdan ayrilib yig‘lamas ko‘zim, 
Bulutlar to‘ssa-da oyu yulduzim. 
Ranglarga zor buldi kecha-kunduzim, 
Sen hamon bo‘zlarsan, men bo‘zlab bo‘ldim.

Parvarish yetmadi ishk niholiga, 
Xazondek to‘kildim kuz shamoliga. 
Ey ko‘ngil, to hanuz Karim holiga, 
Sen hamon kularsan, men kulib bo‘ldim.


AYOL

Derlar quyosh kulgani yaxshi, 
Dunyo nurga to‘lgani yaxshi. 
Go‘zallikning tengi yo‘q naqshi, 
Ayol, ayol bo‘lgani yaxshi.

Tiriklik deb chorlasa yo‘llar, 
Qop ko‘tarmish bu nozik qo‘llar. 
Kaydasiz, ey, bag‘ritosh dillar, 
Ayol, ayol bo‘lgani yaxshi.

Ey beparvo noshud erkaklar, 
Avlodlarga bo‘lmang ermaklar. 
Aytmang tenglik degan ertaklar, 
Ayol, ayol bo‘lgani yaxshi.

Dunyosini tor etmang uni, 
Yomonlarga zor etmang uni, 
Bozorlarda xor etmang uni, 
Ayol, ayol bo‘lgani yaxshi.

Mayli taqdir izmida bo‘lsin, 
Goh yig‘lasin, gohida kulsin, 
Bag‘ri o‘g‘il-qizlarga to‘lsin, 
Ayol, ayol bo‘lgani yaxshi.

Farzandlarga alla aytsinlar, 
To‘planishib yalla aytsinlar. 
Tezroq ayollikka kaytsinlar, 
Ayol, ayol bo‘lgani yaxshi.


MUHABBAT

Muhabbat kuydirsa kuydirsin,
Azobi jonimdan to‘ydirsin. 
Ne bo‘lsa muhabbat bo‘ldirsin, 
O‘ldirsa muhabbat o‘ldirsin.

Yoritmang bu tiyra shomimni, 
Telba deb atanglar nomimni. 
Qo‘sh qo‘llab topshiray jonimni, 
O‘ldirsa muhabbat, o‘ldirsin.

Osinglar Mashrabning so‘ziman, 
O‘yinglar Ro‘dakiy ko‘ziman. 
Oh desam nomardning o‘ziman, 
O‘ldirsa muhabbat, o‘ldirsin.

G‘iybatchi, g‘iybating qilaver, 
Boshimga balodek kelaver. 
Bag‘rimni burdalab tilaver, 
O‘ldirsa muhabbat, o‘ldirsin.

Sevgim bor hech kimga aytmagan, 
Yorim bor manglayga bitmagan. 
Zorim bor tangriga yetmagan, 
O‘ldirsa muhabbat, o‘ldirsin.

Tosh otmang bu erka qushimga, 
Zo‘rg‘a bir kirganda tushimga. 
Ey Karim, kelmasdan hushimga, 
O‘ldirsa muhabbat, o‘ldirsin.


BAHORIM

Go‘zalim hammadan go‘zalsan,
Shirinsan, shakarsan, asalsan, 
Sevgiga bitilgan g‘azalsan, 
Bahorda tug‘ilgan bahorim.

Komating navbahor niholi, 
Yuzlaring gullarning jamoli, 
Lablaring gul g‘uncha misoli. 
Bahorda tug‘ilgan bahorim.

Termulib to‘ymayman yuzingga, 
Aslo ko‘z tegmasin ko‘zingga, 
Erkalik yarashgan o‘zingga, 
Bahorda tug‘ilgan bahorim.

Kulishing o‘t yoqar jonimga, 
Tug‘yonlar sig‘maydi qonimga, 
Bir nafas o‘ltirgin yonimga, 
Bahorda tug‘ilgan bahorim.

Bilaman bir kuni ketarsan, 
O‘zga bir manzilga yetarsan. 
Gulingni kimgadir tutarsan, 
Bahorda tug‘ilgan bahorim.

Sen fakat yoshliging unutma, 
Bag‘ringni toshligin unutma, 
Zor qolgan oshig‘ing unutma, 
Bahorda tug‘ilgan bahorim.


MENI SEVMAYSIZ

Osmonlarda yagona oy qiz, 
Yulduzlarga dugona oy qiz, 
Faqat menga begona oy qiz, 
Siz baribir meni sevmaysiz.

Sizni sevib suyganim bilan, 
Sizga bino qo‘yganim bilan, 
Otashlarda kuyganim bilan, 
Siz baribir meni sevmaysiz.

Sizga asir, maftun bo‘lsam ham, 
Bir bedavo majnun bo‘lsam ham, 
Azoblarga mahkum bo‘lsam ham, 
Siz baribir meni sevmaysiz.

Siz quyoshim, yulduzim, mohim, 
Xayolingiz sodiq hamrohim, 
Falaklarga yetsada ohim, 
Siz baribir meni sevmaysiz.

Armonlarda yonsa bu yurak, 
Taqdir ekan chidashim kerak. 
Sirdoshim yo‘q, Karimdan bo‘lak, 
Siz baribir meni sevmaysiz.


KETAMAN

Keladi deb o‘ylama, qaytib, 
Majnun misol sahroda daydib, 
Dardim yolg‘iz Xudoga aytib, 
Men qalbingdan ketaman butkul.

Ketgan bo‘lsam joningta tegib, 
Suratingni ko‘zimga tugib, 
Armonlarga boshimni egib, 
Men qalbingdan ketaman butkul.

Kiprigingdan tomgan yosh bo‘lib, 
Tog‘dan ajrab tushgan tosh bo‘lib, 
Alamlarga o‘zim bosh bo‘lib, 
Men qalbingdan ketaman butkul.

Xayr endi, ey, go‘zal sanamim, 
Karim yozsin, dardu-alamin. 
Aso qilib qo‘lda qalamim, 
Men qalbingdan ketaman butkul.


IQBOL

Men seni sevdim-u ne gunoh uchun, 
Adashdim hijronning so‘ngsiz yo‘lida, 
Sirli olam ichra yuribman sarmast, 
Taqdirim jilovi sevgi qo‘lida.

Umidvor boqaman yo‘lingga har tong, 
Ranj emas, orom bor intizorlikda, 
Agar hayot qaytsa, sevardim seni, 
Umrim o‘tsa hamki, senga zorlikda.

Zor bo‘lay, yo‘lingda intizor bo‘lay, 
Mayli orzularim topsalar zavol, 
Mayli sevmasang ham faqat bilib qo‘y:
Sendek qizni sevmoq o‘zi bir iqbol.


SOG‘INCH

Sog‘inaman va bu sog‘inchdan
Ruhim ma’yus tortib ketadi. 
Hijron esa yigit boshimga. 
G‘am yukini ortib ketadi.

Kimdir ko‘nglim ko‘tarmoq bo‘lib, 
Dardim bilmay aytadi davo, 
Jilmayadi kiftimga qoqib, 
O‘kinma, der bu bir kam dunyo.

Ko‘zlarimga ishora etib – 
Essiz yigit, deydilar pinhon. 
Bilmaydilar: ko‘zlar dard emas, 
Sendan ayru o‘rtaguchi jon.

Kayga boqmay seni ko‘raman, 
Qayga bormay xayoling yo‘ldosh. 
Faqat o‘rning bosolmas, hatto —
Qalbim ichra yoqsalar quyosh.


TAQDIR

Miltiragan yog‘du ko‘rinmas, 
Ko‘zlarimga zim-ziyo olam
Yashar ekan yorug‘ dunyoda, 
Ajab, nurga zor bo‘lib odam.

Atrofimda motamsaro rang,
Go‘yo quyosh o‘chay degan sham. 
Yashar ekan zulmatga ko‘nib, 
Taqdiriga tan berib odam.

Gohi yig‘lab, gohi ovunib, 
Yurak-bag‘rin ezganda alam – 
Chidar zkan aldab o‘zini 
Nimadandur umidvor odam...

Yaxshiyamki dilda muxabbat, 
Va yonimda sen borsan sanam. 
Yaxshiyamki ezgu tashvishlar, 
Turfa o‘ylar bilan band odam.

Bo‘lmasang sen bu zulmat ichra, 
Majol qolmay quymoqqa qadam, 
O‘tar edim bir sharpa yanglig‘, 
Taqdirimga tan berib men ham,


YOMG‘IR

Tongga qadar yomg‘ir yig‘ladi, 
Yer ko‘ksini to‘ldirdi yoshga. 
Chaqmoq bo‘lib ko‘kni tig‘ladi, 
Suv quyildi sabru bardoshga.

Ko‘chalarda birov qolmadi, 
Derazalar yopildi taq-taq. 
Hech kim unga quloq solmadi, 
Guldurosga to‘lsa-da falak.

Sukut saqlar borliq, mavjudot, 
Yomgir yig‘lar bekas^darbadar. 
Eshik ochmas biror bir jonzot, 
Barcha uxlar g‘ofil, alhazar.

Yomg‘ir yig‘lab ketdi. Tong otib, 
Nurga to‘ldi, kuldi – tabiat. 
O‘zi shunday: yig‘lagan qolib, 
Kulganlarni ko‘ramiz faqat.


O‘T TUSHSIN

Suymaganni suydirgan o‘sha, 
Vujudimni kuydirgan o‘sha. 
G‘am alamga to‘ydirgan o‘sha, 
Muhabbatga o‘t tushsin, Tangrim.

Majnunlarga Vatan bo‘lgan cho‘l,
Yosumanning qo‘lidagi gul, 
Gunohlarga boshlaguvchi yo‘l, 
Muhabbatga o‘t tushsin, Tangrim.

Menga sevgi madhin yozdirgan, 
Dildan, tildan, yo‘ldan ozdirgan, 
O‘lmay turib qabrim qazdirgan, 
Muhabbatga o‘t tushsin, Tangrim.

Ko‘zlarimdan yosh bo‘lib oqqan, 
Hijronlari ilondek chaqqan. 
Tirik tanim do‘zaxdek yoqqan, 
Muhabbatga o‘t tushsin, Tangrim.

Muhabbat yo‘q, muhabbat sarob, 
Sadoqat yo‘q, sadoqat xarob. 
Agar bo‘lsa berardi javob, 
Muhabbatga o‘t tushsin, Tangrim.

Sevgisiz xor bo‘lsin bu dunyo, 
Visolga tor bo‘lsin bu dunyo, 
Sevganim bor bo‘lsin bu dunyo, 
Muhabbatga o‘t tushsin, Tangrim.

Tonggi otmas tunlarim haqqi, 
Kuni botmas kunlarim haqqi. 
Azoblarim, munglarim haqqi, 
Muhabbatga o‘t tushsin, Tangrim.


O‘TINCH

Ollohdan qatra nur so‘rolsam edi, 
Seni nigohimga o‘rolsam edi. 
Ko‘zingdan ko‘z uzmay turolsam edi, 
Seni ko‘zlarimda ko‘rolsam edi.

Uzoqdan gul yuzing ko‘rsam yetardi, 
Dildagi armonlar, g‘amlar bitardi, 
Bilmadim xudodan nima ketardi, 
Seni ko‘zlarimda ko‘rolsam edi.

Mayli, kunduzlarni ko‘rmasin ko‘zim, 
Mayli, yulduzlarni ko‘rmasin ko‘zim. 
O‘zing izlaganim, o‘zing yolg‘izim, 
Seni ko‘zlarimda ko‘rolsam edi.

Menga bahorlarning rangi kerakmas, 
Sensiz, kechalarning tongi kerakmas. 
Qalbimda bir tilak boshqa tilakmas, 
Seni ko‘zlarimda ko‘rolsam edi.

Diling aytmaganni bilib olardim,
Tiling aytmaganni bilib olardim, 
O‘zingga termulib mangu qolardim, 
Seni ko‘zlarimda ko‘rolsam edi.

Bosh urib boraymu ostonasiga, 
Bag‘ritosh taqdirning peshonasiga. 
Jonimni berardim shukronasiga, 
Seni ko‘zlarimda ko‘rolsam edi.

Taqdir jahonimni, borimni olsin, 
Boshimga ming turfa savdolar solsin. 
Faqat seni ko‘rmoq, imkoni qolsin, 
Seni ko‘zlarimda ko‘rolsam edi.


ARMON

Sen uchrasang jonim, nogohon, 
Yuragimda boshlanar isyon, 
Seni ko‘z-ko‘z qiladi armon, 
Peshonamga sig‘magan yorim, 
Yolg‘on-yolg‘on yig‘lagan yorim.

Yoshlik ekan aylanib qoldim, 
Nozlaringga boylanib qoldim, 
Yo adashdim, aldanib qoldim, 
Peshonamga sig‘magan yorim, 
Yolg‘on-yolg‘on yig‘lagan yorim.

Yor-yor aytib olib ketdilar, 
Uzoq manzillarga yetdilar. 
Seni mendan judo etdilar, 
Peshonamga sig‘magan yorim, 
Yolg‘on-yolg‘on yig‘lagan yorim.

Yo‘llaringda ko‘zlarim qoldi, 
Aytolmagan so‘zlarim qoldi.
Armon qoldi, orzu yo‘qoldi,
Peshonamga sig‘magan yorim, 
Yolg‘on-yolg‘on yig‘lagan yorim.

Qismat ekan yoring bo‘lmadim, 
O‘zgalarni xavas qilmadim. 
Na sen bilding, na men bilmadim, 
Peshonamga sig‘magan yorim. 
Yolg‘on-yolg‘on yig‘lagan yorim.


AYOLLAR

Kamolotga yetar – sohibjamollar, 
Qomatlari shamshod, qoshi hilollar. 
Ofatijon bo‘lar ekan, ayollar, 
O‘ttizdan o‘tsalar, qirqqa yetsalar.

Husnu malohatda yagona bo‘lar, 
Ko‘rku latofatli jonona bular, 
Aqlu zakovatda bir dona bo‘lar, 
O‘ttizdan o‘tsalar, qirqqa yetsalar.

Qoshiga o‘smalar qo‘yganda ko‘ring, 
Ko‘ziga surmalar surganda ko‘ring, 
Ochilib kulganda, yurganda ko‘ring,
O‘ttizdan o‘tsalar, qirqqa yetsalar.

Yuzlariga qarab to‘yib bo‘lmaydi, 
Bebosh bu ko‘zlarni tiyib bo‘lmaydi, 
O‘zi suymaguncha, suyib bo‘lmaydi, 
O‘ttizdan o‘tsalar, qirqqa yetsalar.

Farzandiga mexri dunyocha bo‘lar,
Sadokatda Shirin, Laylocha bo‘lar, 
Xonadon yashnagay, nurlarga to‘lar, 
O‘ttizdan o‘tsalar, qirqqa yetsalar.


OTAJON
(Hazil emas)

Yigirmada yigit yoshimda, 
Dunyo ta’zim aylar qoshimda. 
Sevgi degan savdo boshimda, 
Menga oson tutmang, otajon.

Erkin Vohid she’rin yod olsam, 
Qo‘lda kitob xayolga tolsam, 
Chaqirsangiz eshitmay tolsam, 
Menga oson tutmang, otajon.

Dardim so‘rang onajonimdan, 
Yo janjalkash singiljonimdan. 
Qo‘shni qizni sevdim jonimdan, 
Menga oson tutmang, otajon.

Maktublarim cho‘zmaga joylab, 
Hovlisiga otaman poylab. 
Qo‘shni xola chiqar hoy-hoylab, 
Menga oson tutmang, otajon.

Shayton: - Qizdan qolasan, - deydi, 
Olib qochsang, olasan, deydi, 
Buncha bo‘shayg bolasan, - deydi. 
Menga oson tutmang, otajon.


SEN KETSANG

Sen ketsang keng dunyo tor bo‘lar menga, 
Sen qolib, armonlar yor bo‘lar menga. 
Xayoling bir baland dor bo‘lar menga, 
Taqdir qon yig‘latdi, yig‘latgin sen ham.

Sen ketsang oshig‘ing o‘lmog‘i aniq, 
Muhabbat sochlarin yulmog‘i aniq. 
Raqiblar yayrashib kulmog‘i aniq, 
Taqdir qon yig‘latdi, yig‘latgin sen ham.

Nahot kelar yo‘ling kutsa birovlar, 
Nahot qo‘llaringdan tutsa birovlar. 
Nahot ko‘zlaringdan o‘psa birovlar, 
Taqdir qon yig‘latdi, yig‘latgin sen ham.

Ketsang meni qarg‘ab, mendan bezib ket, 
Ko‘ksimga majnun deb, o‘yib chizib ket. 
Jismimni bosib o‘t, yanchib ezib ket, 
Taqdir qon yig‘latdi, yig‘latgin sen ham.

Bu zolim dunyoning jafosi degil, 
Yo taqdir azalning xatosi degil. 
Bemahal sevgining jazosi degil, 
Taqdir qon yig‘latdi, yig‘latgin sen ham.

Seni yeru ko‘kka ishonmas ko‘nglim, 
Kulmasang bir lahza quvonmas ko‘nglim. 
Ey, Karim, bir so‘z ham deyolmas ko‘nglim, 
Taqdir qon yig‘latdi, yig‘latgin sen ham.


TILAK

Zolimsan bunchalar ey, qalam-qoshim, 
Umidim, yulduzim, mohim, quyoshim, 
Rahming hech kelmaydi men oshig‘ingga,
Axir tugadi-ku sabr-bardoshim.

Halovat qolmadi jonu tanimda, 
Rashking olov bo‘lib bag‘rim kuydirdi, 
Alami bor ekan taqdirni menda, 
Sendek bag‘ritoshni nega suydirdi.

Maqsading nima deb qilasan g‘azab, 
Tilagim vaslingdir bu senga ayon. 
Yo‘q, degan tilingdan bir bora o‘pib, 
So‘ng oyoq ostingda qolib ketsin jon.


YOLG‘IZ AYOL

Ko‘zlaringda nega nam demang, 
Yuragingda buncha g‘am demang. 
Davlating ko‘p nima kam demang, 
Yolg‘iz ayol dardin kim bilar.

Kulsang nega kulding deydilar, 
Yig‘lasang ne bo‘lding deydilar. 
Ochilmasdan so‘lding deydilar, 
Yolg‘iz ayol dardin kim bilar.

Yog‘ilganda malomat toshi, 
G‘am-g‘ussadan egilar boshi. 
Yostiqni ho‘l qilar ko‘z yoshi, 
Yolgiz ayol dardin kim bilar.

Yomonlarning so‘zidan ming dod, 
Yomonlarning ko‘zidan ming dod. 
Yolg‘izlikning o‘zidan ming dod, 
Yolg‘iz ayol dardin kim bilar.

Meni havas qilma, jon qizim, 
O‘zing baxtim o‘zing yulduzim. 
Yolg‘izlarga tilaylik to‘zim, 
Yolg‘iz ayol dardin kim bilar.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.