background
logotype

Abdulaziz Muborak (1976)

Abdulaziz Muborak (Raimov Abdulaziz Abduvaxobovich) 1976 yil 24 martda Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani Langarbobo qishlog‘ida tug‘ilgan.
1999 yili O‘zbekiston milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan.
She’rlari respublika matbuotida chop etilgan. "Tongdagi shabnam" nomli kitobi she’riyat ixlosmandlariga havola etilgan.

YOLG’IZIM

Qoshingday qoraydi qaro tun,
Yulduzdek uchdingmi, yulduzim.
Necha ming aylandi bu gardun,
Men hamon yolg‘izman, yolg‘izim.

Gavharim, gavharga chopdingmi,
Bir dunyo bo‘lardim men o‘zim?
Tengsizim, tengingni topdingmi,
Men hamon yolg‘izman, yolg‘izim.

Suymadim boshqa bir sanamni,
Yo qalbim ko‘r bo‘lgan, yo ko‘zim.
Men yolg‘iz o‘g‘liydim onamning,
Men hamon yolg‘izman, yolg‘izim.

Sen erka o‘g‘lingni erkala,
Tizzamni quchoqlay men o‘zim.
Ko‘ksimda yig‘laydi bir nola,
Men hamon yolg‘izman, yolg‘izim.

YURAGINGGA YAQINROQ BORSAM

Yo‘l yurib, mo‘l yurib keldim olisdan,
Ming yil axtarganim yonimda borsan.
Yonimda borsanu battar yolg‘izman—
Koshki yuragingga yaqinroq borsam.

Qo‘l cho‘zsam, zulfingga yetar bemalol,
Balki quchishimni kutyapsan, zorsan.
Qo‘llarim halvirab tushar bemajol,
Koshki yuragingga yaqinroq borsam.

«Qo‘y yurak, siltanma, oshiqma bekor.
Buncha shoshqaloqsan, bunchalar torsan?»
Buncha bechoraman, bunchalar nochor -
Koshki yuragingga yaqinroq borsam.

Qaysi yo‘ldan boray, kimdan so‘ray, ayt?
Qaysi toshga urib boshimni yorsam?
So‘rab-ku Makkani toparman bir payt,
Koshki yuragingga yaqinroq borsam.

QADRDONDIR

Ko‘z o‘ngimda xatolarning changi hamon,
Bo‘ynimdagi gunohlarim yangi hamon,
Ketmas sira hijronlarning rangi hamon,
Yuzimdagi sorig‘larim qadrdondir.

Men hech kimni axtarmadim do‘stdan boshqa,
Izim to‘lib boraverdi ta’na, toshga.
Ne savdolar tushmadi-ya sho‘rlik boshga,
Boshimdagi yoriqlarim qadrdondir.

Muhabbatni ermak bildim, yoronlarim,
Qancha dilni vayron etdi yolg‘onlarim.
Endi bo‘lsa iztirobu armonlarim,
Ko‘ksimdagi og‘riqlarim qadrdondir.

Ot aylanib qozig‘ini topar bu kun,
Men o‘zimga keldim mana —ko‘rkam, durkun.
Topgan obro‘, davlatlarim bari bir pul—
Qirq yamoq chorig‘larim qadrdondir.

2001 y.

QASDIM BOR SHOSHQALOQ DUGONANGIZDA

Tor ko‘cha. Titroq qo‘l. Alangli ko‘zlar.
(Ismim jimirlaydi ro‘molchangizda.)
Eh, qayga shoshilar bu shaddod qizlar,
Qasdim bor shoshqaloq dugonangizda.

Aqalli eng so‘nggi so‘zlarimni ham,
Aytolmay qolganim qiladi alam.
Holi qo‘ymadilar bir nafas, bir dam,
Qasdim bor shoshqaloq dugonangizda.

Qo‘lingizdan tutdim, toldim xayolga
Ular chidolmadi bunday iqbolga,
Shikoyat qilishdi qo‘shni ayolga,
Qasdim bor shoshqaloq dugonangizda.

Ketdingiz. Xo‘rsindim. Kuldilar rosa,
Oshiq yuragimga o‘t bosa-bosa,
Dardimni qildilar elga ovoza,
Qasdim bor shoshqaloq dugonangizda.

Bu qaysar bolaku qasdidan kechar,
Gar ismi bitilsa peshonangizga.
Shoshilgan qizlarning holi ne kechar,
Bir eslatib qo‘ying dugonangizga.

1994 y.

BOLALIK

Bolalik. 
O‘rtog‘im kapalak, sabo.
Quvalash o‘ynardik namozshomgacha.
Yo‘limga chiroqlar yoqqancha samo,
Meni chorlar edi 
tonggacha...

Saharlar mast edim, asov o‘ylarim,
Osmonu falakda qanot yoysalar.
Jimgina o‘tlagan qo‘ylarim...
Billur sirg‘a taqqan maysalar...

Esimda 
zilol suv qo‘shiq aytganda,
Ko‘zni yumgancha bosh chayqagan yalpiz.
Ko‘cha supurgani chiqqanda,
Hech ishi unmagan qo‘shni qiz.

Rayhon to‘la hovli. 
Paxsa devorlar.
Va qo‘shni tomonga bo‘ylagan daraxt.
Bog‘ ichra taralgan alyorlar,
Devorni buzamiz degan buyuk ahd.

Keyin...
Keyin birdan ko‘kka tutashdi yo‘lim,
Qo‘shni tomonlarda bo‘ldi yor-yorlar.
Esga tushsa hamon buzilar ko‘nglim,
Hamon buzilmagan eski devorlar.

1998 y.

SOG’INGAN BO’LSAM

Hamon ovunmadi musofir ko‘nglim,
Yillarday cho‘zilib ketdim yo‘llar ham.
Yo‘l qarab onamday ichikkan singlim-
Rayhonni sog‘indim, sog‘ingan bo‘lsam.

Bir payt baliqday pok, beg‘ubor edim,
Suvday tiniq edi, o, ko‘ngilginam.
Men yolg‘iz quyoshga xaridor edim, 
Ummonni sog‘indim sog‘ingan bo‘lsam.

Shamollarni quvgan burgut edim men,
Chaqmoq tug‘ilardi nigohlarimdan.
Yomg‘irdek pokiza, yurak bag‘ri keng,
Osmonni sog‘indim sog‘ingan bo‘lsam,

Bu zabun holimdan kimga arz etay,
Kim ham tushunardi yig‘lasam, kulsam?!
Bir insonni izlab yuribman, netay,
Insonni sog‘indim, sog‘ingan bo‘lsam.

2000 y.

SEVGIMNI TAN OLMASLIGING YOMON EDI

Oyruxsorim, qalbim senga osmon edi.
Oyyuzingda orzularim nihon edi.
Ko‘rsam ko‘zim quvonardi, shodon edi,
Aftoda bu holim senga ayon edi,
Sevgimni tan olmasliging yomon edi.

Izlaringni izlar edi ko‘chalarim,
Hayoling-la kechar edi kechalarim,
Oh, ismingni necha minglab hijjaladim,
Ko‘nglim yig‘lar edi, rangim samon edi,
Sevgimni tan olmasliging yomon edi.

Shaffof nurlar o‘ynar edi. tirnog‘ingda,
Qaroqlarim kuyar edi firog‘ingda.
Seni menday kim sevardi qishlog‘ingda?
Oshiqligim elu yurtda doston edi,
Sevgimni tan olmasliging yomon edi.

Kimdir g‘iybat qilar edi, kimdir hasrat,
Kimlar havas qilar senga, kimlar hasad.
Mag‘rurliging xushyoqardi menga faqat,
Do‘stu dushman hammasi men tomon edi,
Sevgimni tan olmasliging yomon edi.

Sochlaridan tortardim sho‘x, sabolarning,
Erkatoyi edim yeru samolarning.
Rangi qayga ketdi endi dunyolarning,
O‘, u kunlar qanday go‘zal zamon edi?!
Sevgimni tan olmasliging yomon edi.

1997 y.

SENGA

Dilbar, dil bariga ko‘nikib qoldi...
Sog‘inchning pinjida qaltirab dir-dir,
Seni o‘ylamasdim sevmasdan oldin,
Men seni o‘ylamay sevdim bari bir.

Dilbar, sho‘r peshonam sahro tap-taqir,
Qumga tilim bilan ismingni yozdim.
O‘, seni o‘ylamoq naqadar og‘ir —
Aqldan ozdim...

Dilbar, dil dardlarning og‘ushida jim,
Ertaklar to‘qiydi ertamni o‘ylab.
Men ketgan tomondan yuz burdi singlim,
Ajallar qaridi qaytishim poylab.

Dilbar, qaysar yurak orqaga tortmas,
Sendan ko‘ngil so‘ray olsam, qaniydi.
Sening quvonchlaring o‘zingdan ortmas,
Meni anduhlaring yaxshi taniydi,
Dilbar anduhingdan aylanay, Dilbar...

1995 y.

AGAR SEN SEVMASANG...

Ketaman
Bu yerdan bosh olib,
Majnunni siylagan sahroga.
Ketaman 
Ko‘zimga yosh olib,
Yulduzlar vatani— samoga.

Bo‘lmasa,
Harsangga bog‘lanib,
Cho‘kaman tubi yo‘q ummonga
Yoki ko‘kkaptarga aylanib,
Uchaman Ko‘hi Qof tomonga.

Do‘st tutib tongdagi shabnamni,
So‘ng singib ketaman tuproqqa 
Ketaman
Yig‘latib onamni,
«Borsa kelmas»dan ham yiroqqa.

Ketaman
Baribir ketaman,
Shu mening eng so‘nggi qarorim.
Suymasang suykalib netaman?!
Alvido!!!
Suyukli dildorim, 
Ke-ta-mannn!!!

1994 y.

VATAN HAQIDA QO‘SHIQ
(Xorijdagi o‘zbeklarga)

Ko‘ksimda ko‘kargan ohim bor.
Oh, desam ko‘k ko‘ksi tirnalar.
Olisda ohimdan bexabar
Bahorga aldangan turnalar.

Borliq bir kamalak — aldamchi,
Bo‘g‘ilmay bo‘ynidan olsamchi?!
Osgani osmonda arg‘amchi —
Bahorga aldangan turnalar.

Turfa xil to‘ni bor osmonning,
Zamin har lahzada turlanar...
Sarbonsiz sargardon karvonmi,
Bahorga aldangan turnalar?

Tongda yel yig‘laydi shabnamni:
«Ori yo‘q olifta olamni!»
Yangidan yangilar yaramni,
Bahorga aldangan turnalar.

To‘rt fasl temirtan tayyora,
Samoda sudralib sur chalar.
Kuz kelsa bevatan, ovvora,
Bahorga aldangan turnalar.

Shahd etib taqdirni olmay tan,
Ketolsam bu karvonsaroydan,
Men boplab bahorni aldayman,
Bahorga aldangan turnalar,
Bahorga aldangan turnalar.

1995 y.

TILAK

Osmon 
tog‘ suvidek tiniq, beg‘ubor,
Fusunkor kamalak sim-sim taraldi,
O‘o‘o‘, Tangrim, hikmating bunchalar bisyor—
O‘n sakkiz ming olam boshdan yaraldi.

Olisdan yugurib keldi boychechak,
Iziga solgancha momiqday yelni.
Tushimmi, o‘ngimmi?! 
Qirq mingta malak
Samolarga eltdi cho‘kkan ko‘ngilni.

Osmonday kengayib ketdi-yu ko‘ksim,
Ko‘nglim to‘lib toshdi ezgu tilakka:
Qaldirg‘och, qadaming xayrli bo‘lsin,
Dehqon hovuchidan yog‘sin baraka...

Yomg‘ir, ko‘ngillarni yuvgin birma-bir,
Qo‘hna g‘uborlarni arit butunlay,
Biz ham odamlardek yashaylik, axir,
So‘nggi nafasgacha o‘lgimiz kelmay...

1998 y.

YOLG‘ONCHI KO‘ZLARGA TUSHMASIN KO‘ZIM

Har tunda yulduzli samoga qarab,
Xudodan so‘rayman sabr va to‘zim.
Aldandim, yolg‘onchi dunyoda yashab
Yolg‘onchi ko‘zlarga tushmasin ko‘zim.

«Men seni yurakdan sevaman», degan 
Go‘zallarda azal vafo yo‘q ekan...
Ko‘nglimni olganu qaytib bermagan
Yolg‘onchi ko‘zlarga tushmasin ko‘zim.

Titranar, alamdan ingrar yuragim,
Ayriliq kuyini tinglar yuragim.
Xudodan tilagan yolg‘iz tilagim
Yolg‘onchi ko‘zlarga tushmasin ko‘zim.

Yo‘q ekan dunyoda sevgi, muhabbat,
Sadoqat topilmas, ko‘pdir xiyonat.
Mayli toq o‘tayin dunyodan, faqat
Yolg‘onchi ko‘zlarga tushmasin ko‘zim.

Yolg‘onchi qizlarga tushmasin...

1993 y.

NIGOHI OG‘IR QIZ

Mening ko‘nglim og‘ir, ko‘tarolmaysiz,
Biroq ko‘nglimdanam gunohim og‘ir.
Undan-da og‘irmi nigohlaringiz,
Nigohi og‘ir qiz, nigohi og‘ir?..

Oh, ko‘ngil daftarim titayapsizmi?
Siz ham tushunmaysiz meni baribir.
Mendek baxtingizni kutayapsizmi,
Nigohi og‘ir qiz, nigohi og‘ir?..

Men kimman, bir ko‘ngil quliman xolos,
Dardini she’r qilgan shoirman, shoir.
Nahotki siz menga qilasiz havas,
Nigohi og‘ir qiz, nigohi og‘ir?..

Qancha davralarda o‘qidim ash’or, 
Necha yuraklarni etdimu asir.
Nigohingiz tutmoq bunchalar dushvor,
Nigohi og‘ir qiz, nigohi og‘ir?..

Bir kuni uchrashmoq bordir qaytadan,
Qachondir yo‘limiz bog‘laydi taqdir.
Qolgan gaplarimni keyin aytaman,
Nigohi og‘ir qiz, nigohi og‘ir...

1999 y.

PISAND EMASMI?

Gulni suyib, suykaladim,
tikon bilan siyladi,
Taqdirimga suyandim
armon berib sinadi,
Bedor o‘tgan necha tun
meni bir o‘y qiynadi,
Qalbingdagi muhabbat 
o‘tkinchi bir havasmi?
Yo yigitning sevgisi
qizga pisand emasmi?

Ming noz ila nigohin
tashlab o‘tar ayollar,
Huzuringga yo‘llarim
boshlar daydi xayollar,
Siltanadi yurakka 
sig‘may ming-ming savollar,
Sevgimizni yomonlar
bilsa, yomon qo‘ymasmi?
Yo yigitning sevgisi 
qizga pisand emasmi?

Taqdiring darvozasi 
toshdan, bag‘ritoshligim,
Ostonangda yosh to‘kib 
o‘tdi tillo yoshligim,
Yetdi sevgim boshiga 
mo‘minu yuvvoshligim,
Mohim, ko‘kni kuydirgan 
ohim senga yetmasmi?
Yo yigitning sevgisi 
qizga pisand emasmi?

1993 y.

HOJI OTA

Bo‘g‘zimga tiqildi mushtumday yig‘i,
Ayriliq to‘xtamay ezar diydamni.
Bag‘rimni tiladi armonning tig‘i,
Tuproqqa topshirdik hoji otamni.

Yaxshilar yiqilsa, yig‘lar falaklar,
Zulmat bosib ketar yorug‘ olamni.
Namozga tizildi ming-ming malaklar
Tuproqqa topshirdik hoji otamni.

Tuproqdek xokisor, yelday muloyim,
Qaytib ko‘ramanmi, shunday odamni?
Qabri ham bag‘riday bo‘lsin iloyim,
Tuproqqa topshirdik hoji otamni.

Tushundim dunyoning xiylolariga, 
Bir hikmat titratib o‘tdi tanamni.
Endi zor bo‘lamiz duolariga,
Tuproqqa topshirdik hoji otamni.

Garchi bu judolik og‘irdan og‘ir,
Faqat aytib qo‘yay bitta daldamni,
Sezyapman jannatga ketyapti oxir,
Tuproqqa topshirdik hoji otamni.

Yelkaga tashladi to‘nni tiriklar,
Yig‘lay-yig‘lay oxir ko‘ndi tiriklar.
Ko‘zingizni oching endi, tiriklar..!
Tuproqqa topshirdik hoji otamni.

1999 y.

XOTIRA

Ko‘p qo‘llar boshimni siladi,
Qancha qo‘l menga baxt tiladi.
Sababin bir Xudo biladi,
Onamning qo‘llari boshqacha.

Ko‘p inson men uchun mehribon,
Qanchasi xushfe’lu xushzabon,
Ichimni tirnaydi bir armon,
Onamning tillari boshqacha.

Yo‘lidan adashgan karvonman,
Qayoqqa ketyapman?! Hayronman.
Onamga yetolmay sarsonman,
Onamning yo‘llari boshqacha.

Zor bo‘ldim onamning mehriga,
Borida yetmadim qadriga.
Gul ekay deymanu qabriga,
Onamning gullari boshqacha.

Ruhlari nur sochar yo‘limga,
So‘ng Qur’on tutqazar qo‘limga
«O‘g‘lim, bu xudoning qismati
Yo‘q, la’nat o‘qima o‘limga»!
Onamning dili ham boshqacha...

1994 y.

YIGIT YIG‘ISI

Mana oqshom cho‘kdi. 
Xazonli bog‘da
Tillorang yaproqlar unsiz yig‘laydi.
Sezdim— ming yillarcha mendan yiroqda
Sevgisi xo‘rlangan bir qiz yig‘laydi.

Yig‘laydi
Gullar ham ovuta olmas,
Ko‘z yoshi oldida daryolar tomchi
Kimdan alamini olishin bilmas,
Ki o‘zi bevafo, o‘zi aldamchi...

Yig‘laydi
Dunyoni unutib butkul,
Unga sho‘x sabolar begona endi,
Dunyoga aldanib kuygandir ko‘ngil,
Devorga urilgan peshona endi.

Yig‘laydi
Goh behush, gohi hushida
Baxtini taqdirdan qiladi ta’na.
Sevgani opqochib ketar tushida...
Cho‘chib uyg‘onadi, yig‘laydi yana.

... Yana oqshom cho‘kdi.
Kuz cho‘kkan chorbog‘.
Turibman xazonning holini so‘rab.
Yuzimda xazonday tabassum, biroq
Yig‘layman soydagi baliqqa o‘xshab...

1994 y.

YOMG‘IRGINAM

Yo‘llarimga nikohladim nigohimni,
Bo‘ylay-bo‘ylay belga yetdi osmon toqi...
Yomg‘irginam, manim tuman gunohimni,
Saharlarga yuvmoq bo‘ldi shabnam gohi.

Goh sukunat samosida chaqmoq bo‘ldim,
Elas-elas eslab olis sho‘xligingni.
Xazondanam xokisorroq — tuproq bo‘ldim,
Yomg‘irginam, yo‘qlamading yo‘qsilingni...

Olchoq dunyo ko‘zlarimga tortdi parda,
Tuman to‘la ochunda man nima ko‘rdim?!
Sochlarimga soya solgan saharlarda
Shabnamlarga ovunganday yuraverdim,
Yomg‘irginam!...

1996 y.

ZARDA

Mening bor bisotim shu g‘arib ko‘nglim,
Hech kim topolmaydi ko‘nglimni, hech kim.
Parvoyingiz falak, jilmayasiz siz jim,
Ko‘nglim yig‘layapti, axir, odamlar!...

Ko‘zlarim tubida alamlar pinhon,
Sitamlar jonimni o‘rtaydi yomon.
Qarang, kulgularim - qalbaki, yolg‘on,
Ko‘nglim yig‘layapti, axir, odamlar!...

Osmondan qaraysiz—ilmaysiz ko‘zga
(Tushib qolganim yo‘q aslida sizga!)
Hech kim tushunmaydi —Rabbimdan o‘zga,
Ko‘nglim yig‘layapti, axir, odamlar!...

Taskin tilamayman hech qaysi kasdan,
Ko‘nglingiz bexabar bir mungli sasdan.
Qiynalib ketdim-ku, ovutolmasdan,
Ko‘nglim yig‘layapti, axir, odamlar!...

Ko‘nglim ko‘ksimdami? Ko‘ksimni tilib,
Qo‘limdan kelsa-yu otardim yulib...
Onam qaerdalar, yupatsin kelib,
Ko‘nglim yig‘layapti, axir, odamlar!...

Ko‘nglim yig‘layapti, odamlar!...

1998 y.

KECHIKISH

Men seni sevaman deyolmagan qiz,
Yuzingda uyatmi, ko‘zingda afsus?
Meni eslaysanmi olisligingda?
Qo‘msab yig‘laysanmi yolg‘izligingda?

Men seni sevaman deyolmagan qiz,
Olisda yolg‘izlik etmasmi ma’yus?
Ma’yuslik ro‘yingni kuz etmaydimi?
Kuz senga holimni eslatmaydimi?

Men seni sevaman deyolmagan qiz,
O‘, kimlar poyingda tiz cho‘kmadi, tiz.
Haliyam g‘ururing osmondami ayt,
Haliyam men senga yomonmanmi, ayt?

Men seni sevaman deyolmagan qiz,
Nahotki, olamda qoldirmading iz?!
Ismingni eslasam... eslasam edi!
Eng ko‘hna so‘zimni so‘zlasam edi:
-Men seni sevaman!
-Men seni sevaman,
Men seni sevaman deyolmagan qiz,

1998 y.

SINIQ SHE’R

Tun.
Nimta oy.
Chilparchin ko‘ngil.
(Oyyuzligim,elas-elas
Oyyuzingni esladim.)

Yarim tun.
Cho‘kkan dil.
Ushatilgan oy.
(Balki onang sindirgan patir,
Balki onam ilingan kulcha...
Yutindim...)

Oyoqlagan kecha.
Oqsoq oy yotoqda.
Ko‘ngil – darbadar.
(Uyqusi o‘chgan dard yulduzdek uchar...)

Tunlar...
Oylar...
Ko‘ngil, «ko‘n,Gul, ko‘n, Gul»lar...

...Qaybir tun...
Oy—do‘ndiq...
Yarimta ko‘nglimda yoding bus-butun...

1995 y.

UMR

Bir umr men mehr tilab yashadim,
Qalbimga qabrini qazgan zot uchun,
Sochimni o‘z-o‘zim silab yashadim,
Ko‘nglim ko‘tarolmay ingradi ochun.

Bir umr men sehr so‘rab yashadim,
Nayrangini nayga yashirdi navo.
Boshimga ming balo o‘rab yashadim,
Menga vatan bo‘ldi dashti Karbalo.

Bir umr qadrni kuylab yashadim,
Poyimga paypaslab sho‘rlilar keldi.
Sabrimning kosasin siylab yashadim,
Boshimga qulliklar, xo‘rliklar keldi.

Bir umr men qahr tanlab yashadim,
Qahraton nigohlar qadriga yetmay,
Qaro tun qo‘ynida yillab yashadim,
Qiynadi qarosi qarog‘dan ketmay...

Har sahar men umr tilab yashadim...

1994 y.

MAYLIMI?

Maylimi, mohchehra malagim,
Bir lahza yodingda yashasam?
Maylimi, aqalli allakim,
Eng olis kishingga o‘xshasam?

Maylimi, oydanam olisim,
Zamindan ko‘shkingni ko‘zlasam?
Maylimi, men—daydi bir nasim,
Mehringni mozorin izlasam?

Maylimi, tegrangda kun ko‘rib,
Eng og‘ir kuningga yarasam?
Mayliga, maylimni sindirib,
Maylimi, maylingga qarasam?

...So‘rab ham o‘tirma 
sen bo‘lsang...

KO‘NGLIM

Kim ko‘nglim xaridori...
Iqbol Mirzo

Ko‘nglimni qo‘ynimdan izlagan gumroh, 
Qo‘y uni, sensiz ham sadpora, siyoh...
Balki, toshdagi gul, qordagi giyoh—
Ko‘nglim...

Uni samolardan axtarar hilol,
Izlab zaminni zir titratar shamol.
Goho qo‘l somoqchi bo‘lar ehtimol,
Singlim...

Ayt, menga dag‘dag‘a qilmasin ajal,
Jon kerakmi olsin, turmasdan, dangal...
Uni topolmaydi onamdan avval
Hech kim!

1994 y.

YUPANCH

Osmon quchog‘idan uchoqlar qaytdi,
Yerdan ko‘kka hijrat qildi marmar muz.
Hatto tun chorig‘in sudragan paytda
O‘tindim:
—Biz qachon qaytamiz?!

Bisotim xayollar, hilolday tutqin.
Nasibam—samoga sochilgan yulduz.
Maysalar shabnamni quyoshga tutdi,
Yutindim:
—Biz o‘zi qaydamiz?!

Gardunning gardani gunohga lim-lim,
Paymonam to‘la g‘am, anduhim to‘kis...
Dardisar dardlarim — tilsim, til—sim-sim,
Xo‘rsindim:
—Kimgayam aytamiz?!

...Bo‘hton—sig‘inganim sohir sanamga,
Somonday sarg‘ayib qolganim—mish-mish.
Yonganlarim - yolg‘on, ayting, onamga,
Faqat... 
Meni yomon ko‘rib qoldi HUSH...

1995 y.

HAZIN QO‘SHIQ

Ko‘zlarimga cho‘kkan dard,
Buncha mendan olissan?
Jonimdan kechaman, shart,
Qara, jonday yolg‘izman.

Ko‘zlarimga cho‘kkan dard,
Aylanmaysan tilimda.
Ayt, sen nedan bashorat,
Muhabbat yo o‘limdan?!

Ko‘zlarimga cho‘kkan dard,
Ko‘zimdan nur aritmay
Arimaysan, sen nahot,
Qarimaysan, qaritmay?!

Ko‘zlarimga cho‘kkan dard,
Tovonimga oqqin san.
...Onamning tongday begard
Ko‘ngliga eng yaqinsan...

Ko‘zlaringga cho‘kkan dard...

1995 y.

SO‘FIYONA

Men dunyoga aslida 
sevmoq uchun kelganman,
Ishqsiz o‘tgan har lahza 
tushdir menga, Xudoyim.
Sevilmasam, sevmasam, 
evoh, nechun kelganman,
Jon kirsin bu yurakka, 
ishq ber menga, Xudoyim.

Yaqinlarim yiroqdan 
tinmay meni yomonlar,
Ko‘ngil tashna, to‘lg‘onar, 
tushunmaydi nodonlar,
Ishqsiz holimni xarob 
ko‘rdim allaqachonlar,
Rahm et, joni halakka, 
ishq ber menga, Xudoyim.

Kapalakday beqo‘nim 
yillar o‘tdi nechalar,
Yuragimda egib bosh 
qon yig‘laydi g‘unchalar.
Yulduzlarni sog‘inib 
talpinar dil kechalar,
Uchay so‘ngsiz falakka, 
ishq ber menga,Xudoyim.

Ko‘nglimdagi kemtikni 
dunyo aslo to‘ldirmas,
Farishtasiymo malak, 
xushro‘y zebo to‘ldirmas,
Halovatim angladim, 
ishqqa bog‘liq chambarchas
Yetkaz yolg‘iz tilakka —
ishq ber menga, Xudoyim.

1994 y.

BIR KUNI

Tunlar titroq turib 
tomirlarimda,
Tilagim tiladim, tilim tilinib.
Ko‘zimni yummadim — kipriklarimda,
Uzilgan umidim undi ilinib.

Shudringlar shipshidi: -Sen o‘sha, tongning
Qo‘ynida qo‘y boqqan bola...
...Esladim.
Oh, bu kun bularning baridan tonib
Men kimga shunchalar yoqmoq istadim?!

Tog‘u tosh yig‘laydi dardimni aytsam,
Tog‘ningda bag‘ri tosh emasdir menday.
Bir kuni o‘zimga, uyimga qaytsam,
Vodiyga adashib kelgan samumday...

Bir kuni onammi quchog‘in ochgan?
To‘n bichib sabrdan, ko‘nmagan g‘amga?
Vo darig‘, ne qildim jabrdan boshqa, 
Karaxt vujudimni quchgan onamga?!

Qaysarlik qon bilan kirgandir, ammo
Mulzam nigohimni netay yashirib.
O‘lsam armonim yo‘q, pushaymon aslo -
Onamning ko‘zida ko‘z yoshday to‘lib,
Bir kuni...

1994 y.

TAVALLO

Bir dard bor dilimda ohorli,
O‘zingga aytaman, o‘zingga.
Oh, dunyo bunchalar ozorli,
O‘zingga qaytaman, o‘zingga...

Shunday keng olamda yolg‘izman,
Kundan kun o‘zdan-da olisman.
Yolg‘iz sen riyodan xolissan,
O‘zingga qaytaman, o‘zingga.

Ismingni tilimdan qo‘ymasman,
Kuylayman, kuylayman to‘ymasdan...
Lutf ayla eng so‘nggi nafasda,
O‘zingga qaytaman, o‘zingga...

Gunohim olamga teng meni,
Avf etgil karaming keng seni.
Dunyolar topsin o‘z tengini,
O‘zingga qaytaman, o‘zingga...

1996 y.

O‘ZIMGA

Ey,do‘st, unut g‘amingni,
In’om bil har damingni.
O‘lchab bos qadamingni,
Guvohingni unutma!

Ey, do‘st, qo‘rqma yomondan,
Yo hiylagar shaytondan,
Shart shuki, har zamonda
Panohingni unutma!

Ey, do‘st, andak ko‘kdan tush,
Kelmagay Tangrimga xush.
Savobingni qilmay pesh
Gunohingni unutma!

Ey, do‘st ber bir qultum may,
Ko‘ngling yig‘laydi tinmay.
Kimsam yo‘q deb xo‘rsinmay
Hamrohingni unutma!

Ey, do‘st, xushlaring qayda?
Izg‘ivermay har joyda,
Otangdan qolgan uyda
Chirog‘ingni unutma!...

Ey, do‘st, sezmaysan, esiz!
Ortingda yo‘q bitta iz...
Kim bo‘pti Abdulaziz,
Ollohingni unutma!...

1996 y.

ORZU

Shunday yashash menga azaliy orzu,
Quyunday qamragan xayolotimni:
Sabotim sinashdan tolmasa suluv,
Battarroq xo‘rlasa sadoqatimni...

Do‘stlarim xiyonat aylasa tortiq,
Minnat o‘qi bilan teshsa ko‘nglimni.
Akam ham suyanchiq bo‘lmasa ortiq,
Mehridan yuz burib ketsam singlimning...

Yodimdan ketmasa otamning yodi,
Aslo qarimasa qabri onamning.
«Chaqmoqchalik bormi qolgan hayotim,
Kamalakka tengmi umri tanamning?!»

Shu o‘y yuragimga solgancha g‘ulu,
Har bitta nafasda yo‘qlasa o‘lim.
Yomg‘irday to‘kilsa gunohim duv-duv,
Osmonday yig‘lasa ko‘kparast dilim,

O, hu!!!
Yashaganday bo‘lardim!...

1996 y.

UYG‘ONISH

G‘aflatlarga berib qadr tonglarini,
Tinglamabman muazzinlar bonglarini.
Yig‘lolmadim, ko‘zim shuncha zangladimi?
Qanday yuvay osiy dilning changlarini?!

(Ko‘zlarimni yulib otsam, shart,
Kirlaridan og‘irlashar yer...
Osmon, menga yig‘lashni o‘rgat,
Osmon, menga ko‘z yoshingdan ber!...)

Vo, darig‘o, ko‘zim qiymay ishratlardan,
Kecholmabman shaytonnusxa ulfatlardan.
Yuz o‘girib ulamoi ummatlardan
Sazo bo‘ldim nurdan qochib zulmatlarda.

(Mador ketdi, ingradim faqat,
Vujudimni bosdi sovuq ter...
Chaqmoq, menga yonishni o‘rgat,
Chaqmoq, menga shiddatingdan ber!...)

1996 y.

SOG‘INCH HAQIDA QO‘SHIQ

Qor yoqqanda qo‘msagayman kuzlarimni,
Xazon fasli bahorlarni sog‘inaman.
Menga nima, kimlar o‘par izlarimni,
Mendan bezor diydorlarni sog‘inaman.

Kuyar edim suygan sari dildorimni,
Suyar edim kuygan sari ozorini.
Oh, dog‘daman bosolmasdan xumorini,
Dil oromda, ozorlarni sog‘inaman.

Dunyo — makkor, yolg‘on bari yallalari,
Qaerlarda qoldi onam allalari?!
Ne sinoat jondan bezgan pallalarim,
Beshiknimas mozorlarni sog‘inaman?

Tulkimijoz do‘stlarimning davrasida
Cho‘chib xatto kapalakning sharpasidan;
Ko‘nglim xavfda minnatlarning zarbasidan
Arslonkelbat ag‘yorlarni sog‘inaman.

Qancha manzil, qancha dilni tutdim maskan,
Lek tark etdim qancha go‘zal, qancha ko‘rkam...
Otam Odam qachonlardir ayro tushgan
Behisht otlig‘ diyorlarni sog‘inaman.

1998 y.

SIZNI SOG’INAMAN

Guldan gap ketganda tuyib uforin,
G‘unchani o‘ylayman xazon deganda.
Ko‘klarda hayallab qolgan dildorim,
Sizni sog‘inaman osmon deganda.

Xatolar izlashga yaratib ko‘zni,
Gina yiqqani dil bergan ekanda!
Qushyurak yoronlar, ezilmaysizmi,
O‘lgingiz kelmasmi vijdon deganda?!

Hasratni bas qiling, qismatdoshlarim,
Armon nima qilsin tirik yurganda.
Nechchiga kirdiykin qabrtoshlari?
Otamni eslayman armon deganda.

Qaydanam aksirdim!.. 
Sog‘ bo‘l, deganlar
Ortgan riyo toshi mangu yelkamda.
Yaxshini madh etsam ko‘krak kerganlar,
Meni ko‘rsating «kim yomon» deganda.

Ahli mashoyih haq, bu dunyo bozor,
Xudo ham sotilar aksar do‘konda,
Ey, dil, dardlaringga kutma xaridor,
Sirni tushunaver arzon deganda.

Yo‘lovchim safaring xatarli, qaltis,
Sanoqsiz sarbonlar yolg‘iz karvonda.
Aqlingga ergashma, ko‘ngilga —hargiz.
Sarbonim deb sig‘in iymon deganda!

1998 y.

AFSUS

Quyosh qadrim edi, tundan asrolmadim,
Allaqachon unut bo‘lgan tilakdayman.
Yaxshilarning xotiridan o‘chdi yodim,
Endi faqat yomonlarga kerakdayman.

Shikasta dil, ovozimu ro‘yim shikast,
Tosh ostida unib-o‘sgan chechakdayman,
Gullar nasim og‘ushida to‘lg‘onar, bas,
Endi faqat tikonlarga kerakdayman.

Hamon hijron sahrosida sarson Layli,
Qaysning Majnun bo‘lgani g‘irt cho‘pchak, deyman?
Dilrabolar dardli dilni mensimaydi,
Endi faqat dostonlarga kerakdayman.

Cho‘qqilardan cho‘qqilarga uchar burgut,
To‘rga tushgan qushday — jonihalakdayman.
Yerda kun yo‘q endi menga, yuzim shuvut,
Endi faqat osmonlarga kerakdayman.

Bildim bugun hayotimda nimadir kam,
Bilolmadim qaydan uni daraklayman.
Yig‘lamayman, faqat menga qilar alam
Endi faqat armonlarga kerakdayman.

1998 y.

GO‘ZALLARGA

Go‘zal bo‘lishingiz mumkin chindan ham,
Netay, husningizga taraf bo‘lmasa?!
Naylayin, yuzingiz yorug‘ kundan ham,
Shunchaki, shunchaki qarab bo‘lmasa?!

Poyingiz o‘pmoqqa oshiqib dengiz,
Naylayin, toshlarga bosh ursa tinmay?!
Netay, qattiq bo‘lsa toshdan diydangiz,
Sizga tushgan ko‘ngil qolmasa sinmay?!

G‘uncha dudog‘ingiz muqallididir?
Netay, nigohingiz jodudir, jumboq?!
Naylayin, tishingiz injudir, yo nur,
Ko‘kka kiprigingiz ko‘prikdir, qarmoq?!

Vasfingiz ehtimol bundan-da uzun,
Naylayin, sig‘masa ta’rifga, so‘zga?!
Netay, go‘zal ko‘ngil tilasa ko‘zim,
Ko‘ngil o‘zgasini ilmasa ko‘zga?!

...Go‘zal bo‘lishingiz mumkin chindanam...

1998 y.

AROSAT

Iqbol akaga

Hech kim ko‘zlarimga boqolmaydi tik,
Hech kim mushugimni «pish» deyolmaydi.
Faqat dil burjida qandaydir hadik,
Meni o‘z holimga qo‘ymaydi...

Hamma g‘animlarim do‘st bo‘ldi oxir,
Hamma ko‘zlarimga kulib qaraydi.
Faqat sharpa yanglig‘ bitta xavotir,
Meni o‘z holimga qo‘ymaydi.

Har qanday qarorim qilichday keskir,
Hech qanday ahdimdan qaytib bo‘lmaydi.
Faqat bu shubhaning matlabi nadir,
Meni o‘z holimga qo‘ymaydi?!

Har qaysi kun menga, shubhasiz bayram,
Hech qaysi judolig‘ motam bo‘lmaydi.
Faqat o‘lim kabi tahdidda bir g‘am 
Meni o‘z holimga qo‘ymaydi...

1998 y.

ARAZ

Bir kam derlar, nahotki, yo‘q kaming boshqa,
Senga qarab hasratlarim haddan oshgan.
Mehr kutib boshim uray chag‘ir toshga,
Sendan rohat tilaymanmi, kemtik dunyo?

Xazonzordan chechak izlab yursam mayli,
Yo‘qotganim - tilak, izlab yursam mayli,
Dilga darddosh kerak, izlab yursam mayli,
Sendan rohat tilaymanmi kemtik dunyo?

Chayon menda bol bor desa ishonaman,
Tikonda yo‘q ozor, desa ishonaman,
Senga nima g‘am bitilsa peshonama,
Sendan rohat tilaymanmi, kemtik dunyo?

Jayronlarning joni xavfdan omon deysan,
Yaxshilarga javru jafo tamom deysan,
Nima desang deysan, vale yolg‘on deysan,
Sendan rohat tilaymanmi, kemtik dunyo?

1999 y.

FERUZAXON MARSIYASI
Ikrom akaning she’ri

Qo‘qqis bir yulduz uchdi,
Osmonda sindi chaqmoq.
Jala tekkanday o‘chdi,
Ko‘nglimdagi shamchiroq.

Singlim, so‘ng bor ko‘zingga
Botinib qarolmadim,
Kerakmidi o‘zimga 
Jonimni berolmadim?!

Endi dardim ziyoda,
Yupanch kerakmas, menga?!
Sen sig‘magan dunyoda,
Quvonch kerakmas menga!

Birdan bir yorug‘ uchdi,
Qarsillab sindi chaqmoq,
Xayolimdan shu kechdi—
Alam, ayriliq, firoq...

Feruz, Feruzajonim,
Yuragim yig‘layapti,
Orzularim, armonim,
Tilagim yig‘layapti.

Musichaday beozor,
Qorday beg‘ubor eding.
Qalbing misoli gulzor,
Hamishabahor eding.

Nogoh bir yulduz uchdi,
Boshimda sindi chaqmoq,
Yurakni armon quchdi,
Qandoq chidayman, qandoq?!

Bu dunyo-ku aslida,
Hammamizga mezbondir,
Lekin bahor faslida
Gulday joning xazondir.

Gul aylanar xazonga,
So‘lmaydi tikan, dodey.
Yaxshiga kun, yomonga
O‘lim yo‘q ekan, dod-ey.

Yolg‘iz seni eslayman,
Qo‘l ochgan choq duoga,
Yolboraman, yig‘layman,
Egam qodir Xudoga:

«Eng yorug‘ yulduz uchsin,
Sinsin, mayliga, chaqmoq.
Singlim rizvonga ko‘chsin,
Iloho, omin, Olloh...»

1996 y.

TAROZU

Ey, siz!!!
To‘rt faslda turfa xil,
Turlanib, tuslanuvchi,
Topib yerning bo‘shini 
Yuhoday yamlayotgan
Ildizlari yalmog‘iz,
Karaxt dilli daraxtlar!...
Qarang,
mag‘rur tog‘ ko‘ksida ilinib, arang,
Yil bo‘yi ko‘kni ko‘kka bo‘yayotgan archaning
poyiga bosh urar
Bo‘ronlar,
Qarang!!!

1995 y.

HAQIQAT HAQIDA QO‘SHIQ

G‘ijinib o‘tyapman g‘irrom ochundan,
Ko‘nglimni to‘ldirmas chopgan omadim.
Oh, nurlar taralgan chog‘da sochimdan,
Umrim kabi uchqur saman topmadim.

Jonimni hovuchlab olaman nafas,
Bir kun toq bo‘ladi, axir, toqatim,
Bog‘i eramlaring aslo kerakmas,
Onam quchog‘iday maskan topmadim.

Qancha g‘amlar bilan egilmadi bosh,
Dilda qo‘rg‘oshinday qotdi hasratim.
Nima ham qilardi yov bo‘lgan sirdosh,
O‘zimga o‘zimday dushman topmadim.

Qushlar xayolday hur, qafaslar singan,
Qullik zamonlari— qadimdan qadim
Ko‘nglim bandilikka jimgina ko‘ngan,
Muhabbatdan qattiq kishan topmadim.

Ko‘nglimdan haqiqat joy oldi illo,
Har bitta daldasi—temir qanotim.
Ko‘nglimga ketyapman xayru xo‘sh, dunyo,
Ki, undan-da go‘zal gulshan topmadim.

DUNYO

Hayot izlarimga uvol to‘ldirdi,
Ko‘zlarimga achchiq savol to‘ldirdi,
Bo‘m-bo‘sh quchog‘imni shamol to‘ldirdi,
Ko‘nglimni to‘ldirib ber, dunyo...

Chuchmomo boshini yomg‘ir ko‘tardi,
Oftob yer bag‘ridan hovur ko‘tardi.
Toptalgan maysalar bag‘ir ko‘tardi,
Ko‘nglimni ko‘tarib ber, dunyo...

Olovning tilini topib oldi suv,
Bolari ko‘nglin gul ovuntirdi-ku,
Sen yig‘lab ko‘zingning kirlarini yuv—
Ko‘nglimni kuldirib ber, dunyo...

Bas, endi o‘limni suyib yashayman,
Ne deysan, jonimdan to‘yib yashayman...
Ko‘nglimni joyiga qo‘yib yashayman,
Ko‘nglimni qaytarib ber, dunyo...

1998 y.

SIZ

Qor yog‘may qahraton bo‘ladi goh-goh,
Ko‘klam kelaverar hatto chechaksiz.
Gulni hidlamay ham yasharman, biroq
Siz menga keraksiz...

Oysiz ham binoyi aylanar zamin,
Yulduzlar yashaydi balki falaksiz.
Kunsiz bir kunimni ko‘raman, lekin
Siz menga keraksiz...

Yomg‘irsiz amallab ko‘karar sahro,
Shamol darkor emas bulutga shaksiz.
Yillab tashnalikka chidayman, ammo
Siz menga keraksiz...

Qanotsiz Marsgacha uchmoqda uchoq,
Kemalar suzmoqda, qarang, eshkaksiz.
Suv yo havo bo‘lsam... qaniydi... e, voh,
Men sizga keraksiz...

OSHIQONA

Dil hayronlig‘ qa’rida
Abgor bo‘lib o‘tyapman.
Hijronning qo‘llarida,
Dutor bo‘lib o‘tyapman.

O‘t ketsin dunyosig‘a—
Nafsim muddaosig‘a,
Oshiqlik balosig‘a
Duchor bo‘lib o‘tyapman.

Kechdim jonim tinchidan,
Bardoshim ovunchidan...
Diydoring sog‘inchidan,
Bedor bo‘lib o‘tyapman.

Ne xushxabar oldinda —
Boshimga dor yo kunda?!
Nayrangboz dahri dundan,
Bezor bo‘lib o‘tyapman.

Bayram — qabog‘im uchsa,
Baxt — sendan kelgan g‘ussa.
Tanho o‘zing azizsan
Men xor bo‘lib o‘tyapman.

SADOQAT

Qara, siring kabi sorig‘ yaproqlar,
Rangin umidimday uzildi bir-bir...
Yelga dil ochadi xazon o‘ynoqlab,
Dillar ochiladi — ochilmaydi sir.

Qara, siring kabi soqov bu daraxt,
Ko‘kka qo‘l cho‘zadi – tilaydi nedir.
Kimgadir taxt kerak, yana kimga baxt,
Qo‘llar ochiladi — ochilmaydi sir.

Qara, ko‘k ko‘ksidan yo‘l ochdi chaqmoq,
Ko‘z ochib-yumguncha to‘kildi yomg‘ir,
Ko‘z ochib, dengizga yo‘l soldi buloq,
Yo‘llar ochiladi — ochilmaydi sir.

Qara, gul bargiday ochildi qanot, 
Ortiq orzularim tutolmas taqdir.
O‘ninchi guling ham ochilgan hayhot,
Gullar ochiladi — ochilmaydi sir...

1999 y.

BUGUN YURAGIMDA BO‘RONLAR KEZAR

Bugun yuragimda bo‘ronlar kezar,
To‘fonlar bezovta qarog‘larimda.
Kim meni anglaydi, kim dardim sezar?!
Bir darddosh muttasil so‘rog‘larimda.

Haqiqat yamladi hayratlarimni,
(Etak oy yuziga bo‘lolmas parda)
Tishlarim qaritdi hasratlarimni,
Holbuki, tilimning yuragi zada.

Ko‘nglimdan ko‘zimga quyilmoqda nur,
Tashqarida — zulmat, tashqari — ro‘yo.
Og‘zimni poylashdan charchadi oxir,
Dunyo — hasratimga xaridor dunyo.

Hech qanday afsun-la ochilmas dilim,
Dardimni yodingday tutayapman men.
Shaksiz, kiprigingga tutashdir yo‘lim
Shubhasiz, ko‘zingga ketayapman men.

SIRIMNI SAQLAYDI KIM

Sirimni saqlaydi kim,
Kimga qo‘yay, shartimni?
Qaylardasan qudug‘im,
Olgin axir dardimni,
«Iskandarning shoxi bor!»

Oyday to‘ldi paymonam,
Kunday tutildi tilim,
Qaylardasan, begonam?
Rahming kelsin, toshdilim,
Yuragimning ohi bor.

Yelday sarson karvonim,
Ko‘hna so‘qmog‘im qani?
Qaylardasan, sarbonim?
Manzilimga elt mani,
Bu yo‘llarning chohi bor.

Sensiz egildi boshim,
Qara, ko‘nglim ham siniq.
Qaylardasan, dildoshim?
Buncha uzun ayriliq—
Na bosh, na adog‘i bor?!

1999 y.

NARGIS

Nargis,
nigohlarim sarg‘ayib borar,
kelar yo‘llaringga cho‘kkanicha tiz,
hijron yomg‘irlari boshimni yorar, 
Sensiz.

Sensiz 
nigoron dil yig‘idan tinmas,
mungli qo‘shig‘ini kuylaydi unsiz
u desam ovunmas, bu desam ko‘nmas
hargiz.

Hargiz
hasratlarim yetmas poyonga,
Ko‘zingni eslatib termular yulduz.
Meniyam olib ket... osmonga,
Nargis.

Nargis,
iqbolimiz nechun hayallar?
ayt, visol onlari bunchalar olis?!
meni mendan judo aylar xayollar
Sensiz.

Sensiz... 
gapirgim ham kelmaydi, aytsam,
hayot ham ko‘zimga g‘alati, hissiz,
senga baribirmi, nahot mensiz ham?
Esiz!...

1999 y.

KUZGI KAYFIYAT

Rangpar chorbog‘. Daraxtlar
Donishmandday tek qotgan.
Tillo to‘shak— yaproqlar,
Dilda g‘ashlik uyg‘otgan.

Kechagina ko‘zimni
Quvnatgan yaproq qani?
Quchog‘ida ko‘klamlar
Soch yoygan chorbog‘ qani?

Qani, gullagan daraxt—
Oq libosli kelinchak?
Orzumday qanot qoqqan
Oppoqqina kapalak?!

Onamday sochlarimni
Silagan sabo qayda?!
Sabolarni quvlagan,
Bokira havo qayda?!

Zumda bari ta’birsiz
Shirin tushga aylandi.
Orzum — jufti tuzoqqa
Tushgan qushga aylandi.

Rangpar chorbog‘. Bittalab
Jonday uziladi barg.
Balki erta ertalab
Oqtuproq tortar falak.

Tamom, hammasi tamom,
Alvido, bahor endi —
Qara, yuzimda xazon,
Sochlarimga qor indi.

1999 y.

SEVGISIZ AYOLDA XAYR YO‘Q

Olamni yaratgan bir hikmat,
Mehrsiz dunyo-yu dayr yo‘q.
Kun kabi ravshan bu haqiqat
Sevgisiz ayolda xayr yo‘q.

Yigitning topgani tillodir,
Kunlari, tunlari yallodir.
Ishvasi shaytoniy hiylodir
Sevgisiz ayolda xayr yo‘q.

Kim yetmas yoriga, kim yetgay,
Sevgi bor toshda ham gul bitgay,
Yorini o‘ttizda qaritgay
Sevgisiz ayolda xayr yo‘q.

Ishonsang, tikonda mehr bor,
Gullarda ishq bosgan muhr bor,
Hattoki ilonda xayr bor,
Sevgisiz ayolda xayr yo‘q.

Sevgisiz hayot ham ermakdir,
Yolg‘ondan to‘qilgan ertakdir.
Sevmagan erkak-ku erkakdir
Sevgisiz ayolda xayr yo‘q.

2000 y.

TILIMGA BITTA SO‘Z KELADI, XOLOS...

Hushimni uchirib, devona aylab,
Qulog‘imda yangrar qo‘ng‘iroq ovoz.
Meni o‘zimga ham begona aylab,
Tilimga bitta so‘z keladi, xolos...

Darmonim quriydi, qariydi sabrim,
bu darddan Luqmon ham etolmas xalos.
Meni ham sog‘inib qolganmi qabrim?
Tilimga bitta so‘z keladi, xolos...

G‘amim ko‘tarolmay sinadi qalam,
Hasratim zahridan bujmayar qog‘oz,
Kimga-yam suyansin, axir, dilginam?!
Tilimga bitta so‘z keladi, xolos...

Xatolarim bisyor, yumolmayman ko‘z
Illo, pushaymonim yo‘lga poyandoz.
Ko‘zlagan manzilim shunchalar olis...
Tilimga bitta so‘z keladi, xolos.

...Nihoyat, dunyodan burildi yuzim,
Nihoyat, hayotim — xayolimga xos.
Bor uchsang uchaver endi, yulduzim
Tilimga bitta so‘z keladi, xolos...

1998 y.

MENGA PANOH BERING NIGOHINGIZDAN

Labbay ham topilmas goho shoshganda,
Dunyo so‘rarmidim, nigorim, sizdan?
Bir qiyo boqsangiz — boshim osmonda,
Menga panoh bering nigohingizdan.

Izimdan izg‘iydi qancha nigohlar,
Qahraton nigohlar, xanjar nigohlar.
Gizli nashtarlarin sanchar nigohlar
Menga panoh bering nigohingizdan.

Qo‘l siltab olifta dunyolariga,
Koshki singib ketsam anvor qa’riga.
Ko‘ngil bermang mayli, ko‘ndim bariga,
Menga panoh bering nigohingizdan.

Bepisand sanamlar yonimdan o‘tdi,
Alamlar, sitamlar jonimdan o‘tdi.
Bir o‘tli hayqiriq qonimdan o‘tdi.
Menga panoh bering nigohingizdan.

Bir keling, bir bora ko‘nglimga qarang,
Eng oxir, eng og‘ir kunimga yarang.
Jon bersam, tanamni tuproqqa bermang,
Menga panoh bering nigohingizdan.

1999 y.

ALAM

Seni yaxshi ko‘rardim,
Hamma yaxshi bilardi.
Seni kutsam, terakzor
Menga panoh bo‘lardi.

Sevgimni tor ko‘changning
Terak, tollari aytsin,
Mendan o‘ch ololmagan
O‘jar bollari aytsin,
Kampir chollari aytsin.

«Til tekizma bu qizga
U meniki bo‘ladi.
Menda ko‘ngli borligin,
Butun qishloq biladi».

Hammasining ko‘zida
Bitta ta’na, bitta do‘q —
Kelgindiga qishloqning
Tushib qolgan qizi yo‘q

Afsus, sen ham boshimni,
Yerga egding oxiri.
Meni ilmay nazarga,
Kimga tegding oxiri.

Bilaman enang qayrab
Seni yo‘ldan urgan-da:
«Boshingga urasanmi,
Shoirni... boy turganda!».

Terakning ta’nasini
Tentagona o‘yardim,
Enangga enasini
Ko‘rsatib ham qo‘yardim.

... Seni qanday sevardim,
Eh, hech kim bilmas edi.
Go‘zalroq bo‘lganingda 
Alam ham qilmas edi.

1994 y.

QAYSARGINAM

Ko‘nglim to‘lib-toshib senga aytay o‘lan,
Soylardan sho‘h, ohularday erkaginam.
Tunday qaro soching menga bo‘lsin gilam,
Yolg‘iz menga atalgansan, dilbarginam,
Qaysarginam, qaysarginam, qaysarginam.

Duo bilan taqdirni-da sindiraman,
Muhabbatim yuragimga singdiraman,
O‘zim borib onangni ham ko‘ndiraman,
Yolg‘iz menga atalgansan, dilbarginam,
Qaysarginam, qaysarginam, qaysarginam.

Umrim o‘tsin termulgancha qarog‘inga,
Aytchi yana qancha chiday qiynog‘inga?!
Kerak bo‘lsa o‘t qo‘yaman qishlog‘inga,
Yolg‘iz menga atalgansan, dilbarginam
Qaysarginam, qaysarginam, qaysarginam.

Arazlaring kiprigingday uzun-uzun,
Senga shafqat, o‘z-o‘zimga tilay to‘zim.
Qaysar bo‘lsang, sendan o‘tgan qaysar o‘zim,
Yolg‘iz menga atalgansan, dilbarginam
Qaysarginam, qaysarginam, qaysarginam.

1995 y.

SHOIR

Qishlog‘imda ko‘cha ko‘p,
Bittasi bor-tor ko‘cha.
Bu ko‘chaning boshida 
Biz turamiz har kecha.

Ko‘kka qarab Bahodir,
Yulduzlarni axtarar.
Huv hovlida bir sanam,
Meni o‘ylab soch tarar.

Qiz sezadi: ko‘chada
Oshig‘ining bag‘ri qon,
Chiqolmaydi bari-bir —
Otasin fe’li yomon.

Zorlanaman do‘stimga:
«Shuncha suyganim kammi,
Otasining izmidan
Chiqolmagan sanamni?!»

Do‘stim deydi: -«Tannoz qiz
Qadringizga yetmaydi.
Bir chiqib qo‘ysa nima,
Asakasi ketmaydi.

Afsus, tajang otasi,
Katta olar o‘zini.
Sizga bergisi kelmas,
Yolg‘izgina qizini».

Alamimdan talqonday
Tuyib tashlayman toshni.
Biz pinakka ketamiz,
Turtib qo‘yib quyoshni.

Shunday kechar har kecha,
Ta’til tugar shu zayl.
«Qiz omonat sizga do‘st,
Toshkentga ketdim, xayr...»

Garchi shaharda mazza —
O‘zimga xon, to‘raman.
Lekin har kunni sanab,
Naq kunimni ko‘raman.

Bir kun bo‘lib boshqacha,
Yig‘olmayman hushimni.
Ovunmoqchi bo‘laman,
Suvga aytib tushimni.

Shu kun do‘stdan keldi xat:
«Sizga katta ta’ziya —
Aza emas, to‘y bo‘ldi,
Erga tegdi Roziya...»

Ko‘z oldimda bir chaqmoq,
Chaqnaganday tuyuldi.
Ishim chappa aylanib,
Tushim o‘ngidan keldi.

Endi menga baribir,
Butkul boshqa bolaman.
Alamimni birgina
She’riyatdan olaman.

Ko‘nib qolgan onam ham
Qaysar o‘g‘il fe’liga
«Qayda bo‘lsang, omon bo‘l,
Kelmasang ham... mayliga».

Uyga qachon boraman,
Endi Xudo biladi.
Shunday qilib Toshkentda
Shoir paydo bo‘ladi.

1994 y.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.