background
logotype

Abdulhaq (1971)

Abdulhaq 1971 yil 14 yanvarda Qirg’iziston Respublikasi Jalolobod viloyati Bozorqo’rg’on tumanida oddiy kasb oilasida tug’ilgan. 
1978 yili Andijon Davlat universiteti filologiya fakulteti o’zbek tili bo’limiga o’qishga kirib, 1995 yili mazkur universitetni tamomlagan. 
1995-1999 yillari Bozorqo’rg’on tumanidagi Z.M. Bobur nomli maktabda o’zbek tili va adabiyotidan dars bergan. 1999-2004 yillari Jalolobod davlat universitetining o’zbek tili va adabiyoti kafedrasida o’qituvchilik qilgan. 2004 yildan shu kungacha Olim Botirov nomli Xalqlar Do’stligi Universitetida katta o’qituvchi bo’lib ishlab kelmoqda.
U 2000 yilda bo’lib o’tgan “Qirg’iziston Respublikasi yosh yozuvchilar festivali” laureati, 2006 yilda Qirg’iziston o’zbek milliy-madaniy markazi va O’zbekiston yozuvchilar uyushmasi hamkorligida o’tkizilgan Shavkat Rahmon xotirasiga bag’ishlangan anjumanda “Shavkat Rahmon” mukofoti sovrindori bo’lgan. 
U “Yashil armon”, “Chayqalib oqmoqda dunyo” kitoblari muallifi. 
Oilali, 3 nafar farzandi bor.
 

* * *

“CHAYQALIB OQMOQDA DUNYO”
 
Abdulhaq – ko’ngil shoiri, armon va hayratlarning nozikta’b nazmiy musavviri. Har bir so’z, har bir ifoda ruhiyat chaqmoqlariday guldiraydi, so’ng hazing yomg’irga aylanadi. 
Aslida yurak va vujud munosabatlari shunday: goh portlaydi, goh mungraydi.
Ushbu to’plamga kirgan she’rlar tushungan o’quvchisini o’zi bilan etaklab olib ketadi, o’zgaga shukuh baxsh etadi. 
 
 
* * *

Erkam, bir kun ma’yus ko’nglim shodlarmisiz?
Xayolingiz xayolimga otlarmisiz?
Bilmam, o’ksib eslarmisiz, yodlarmisiz
Majnuningiz yiqilsa, ishq cho’llarida?
 
Labimizga keling labni gulob aylab,
Ismimizga yuragingiz a’rof aylab.
Dilkushoim, diydamizni xunob aylab,
Kulga cho’kdik ayriliqning yo’llarida.
 
Hayotimdir loyqalangan suvga mengzash,
Afg’onli, ham nolali bir kuyga mengzash,
Yig’larmisiz, kuyarmisiz Siz hun talash – 
Jon bersag-ey Sizdek jonon qo’llarida?
 
Keng dunyoning davroniga sig’madim men,
Shundan qalbim tirnadim men, tig’ladim men,
Kelarmisiz, kelmasmisiz, bilmadim men,
Abdulhaqning qirqlarida, yillarida?
 
* * *

Gulim, bukun uzildi arqon,
Tegdi o’tkir tig’ rishtalarga.
Sevgimiz ham bukun begumon
Aylandi pok farishtalarga.
 
Sog’inch go’dak bolalar kabi
Betin ingrar dillarimizda.
Alvon-alvon lolalar kabi
Armon o’sar yo’llarimizda.
 
* * *
 
Tikonlar bir kuni siz gul bo’larmisiz?
Muhabbatga egilgan qul bo’larmisiz?
 
* * *
 
KIPRIK HAQIDA DOSTON

Ko’zimga sanchilgan har kiprik – 
Vasling-chun qurilgan bir ko’prik.
 
* * *
 
Ko’zim – anhor, diydang cho’milgan.
 
* * *
 
Qalbim – qabr, vasling ko’milgan.
  
* * *
 
Tumanlar tizilar, tunlar tizilar,
Yashashdan asragan malakday go’yo.
Qo’rquvdan chopaman, tushim ezilar,
O’ngingda yurakni ezganday ro’yo.
 
* * * 

Ichimga yutgancha bor sog’inchimni,
Yotibman shiftlarga otib tinchimni.
Sen tomon jo’natib qo’yib nogohon
Xokisor xayolim – sovchim, elchimni.
 
* * *
 

...Faqat sen meniki emassan, jonim.
M. Kenjabek


Quyunlarda qolgan qalb menikidir,
Qalblarga cho’g’ solgan qalb menikidir,
Bor dillarni olgan qalb menikidir,
Faqat sen meniki emassan, jonim.
 
Ishqni ko’kka eltib, tug’lagan yurak, 
Tug’larga bosh qo’yib, yig’lagan yurak.
Yig’lab bori korin tig’lagan yurak,
Faqat sen meniki emassan, jonim.
 
Dillarda gullagan, so’lmagan chechak,
Xayollarga hokim – chirmashgan pechak,
Ertaklar meniki, meniki – cho’pchak,
Faqat sen meniki emassan, jonim.
 
Shirin so’zga o’chim, nozik ninachim,
Qomati xush bichim, salga ginachim,
Bag’rimda “oh” chim-chim, go’zal “ta’na”chim,
Faqat sen meniki emassan, jonim.
 
 
NEKI BO’LSA...


Tebranib yig’ladim, yig’ladim to’yib,
Xo’rsinib yig’ladim, bardoshim – zada.
Siz ham bag’ringizdan yubormay qo’yib,
Yig’ladingiz menga qo’shilib, dada!
 
Bizni ko’rib sabru sog’inch yig’ladi,
Ko’nikishlar hamda ovunch yig’ladi.
Sukunat yig’ladi, yig’ladi jimlik,
Neki bo’lsa bari notinch yig’ladi.
 
Qiynadimi qalbim qiynoqlari yo?
Ezilgan yuragim o’ynoqlari yo?
Tirnadimi bilmam ko’ksingiz bu kech,
Mangu ayriliqning tirnoqlari yo?
 
Sog’inib chopdimi ruhungiz, bilmam,
Yo ozor topdimi ruhungiz, bilmam,
Bu dunyoga sig’may qiynalganlarim
Sezib-ilg’abdimi ruhingiz, bilmam...
 
Oqdi yuzimizga sog’inch tomchilab,
Nihoyat tong otdi, tunni qamchilab.
Dod solib uyg’ondim, dodlab uyg’ondim,
Dilimni tashladi o’ksish qaychilab.
 
Ayriliq ko’ksiga boshimni qo’yib,
Tebranib yig’ladim, yig’ladim to’yib.
 
* * *
 
Tun bo’yi kezdim dil to’la g’am,
Har kunim shundayin o’tadi.
Ahvolim ko’rgach, oh, tunning ham
Ranglari oqarib ketadi.
 
* * *
 
Yurak chirs-chirs yonar anduh o’chog’ida,
Dil tilinar foniy dunyo pichog’ida.
Ham ko’ksida uxlar bu kun xasta ruhim
Va tunar g’am xasta ruhim quchog’ida.
 
* * *
 
O’tdi yoshlik, qoldim g’am – tog’ ustida,
Seni o’ylab dilim dog’-dog’ ustida.
Vasling umidida o’tarman bedor,
Tunlari tanlarim tirnoq uchida.
 
* * *
 
Tun.
Uxlaydi barcha-barcha jim,
Shod-xurramlik tun ichra g’ijim.
Faqatgina men uyg’oqdirman
Va uyg’oq xun – qasoskor inim.
 
* * *
 
Jimlik rishtasi-la bog’lab tilimni,
O’tkazdim umrimni, yoshlik yilimni.
Tasbeh yanglig’ o’tdi kunlarim toshi,
Berkilgan ko’chaning ocholmay boshin…
 
Qiynar portlamagan isyonlar bari,
Ko’zin yorolmagan kurtak singari.
Yurak qulog’iga g’amlar nay chalar,
Behudaga ketgan damlar nay chalar.
 
Tasbeh yanglig’ o’tdi kunlarim toshi,
Berkilgan ko’chaning ocholmay boshin…
 
* * *
 
Qiynamoqda telbalik yomon,
Tutmoqdadir ilhom jomini…
Oh, bir zo’r she’r tug’ilsa shu on,
Yashil umid qo’yay nomini.
 
Mana, zolim ilhomim yomon,
Qalbga otdi to’lg’oq domini…
Tug’ilmasa gar zo’r she’r shu on,
Yashil armon qo’yay nomini.
 
* * *
 
Hayotning har achchiq kuniga ko’nib,
Yashadim men o’ksib, yana o’ksinib…
Ko’zlarim o’ngida bormoqda asta
Bu rangli dunyoning ranglari so’nib.
 
Yigirma besh yil uxladim,
Tush ko’rdim men shuncha yil, oh!
Uyg’onishga ko’pdir hali,
Tug’ilishga ancha uzoq.
 
* * *
 
O’rtamizda tumanli g’amlar,
Ko’rolmaymiz bir-birimizni.
Gulim, mana, o’tmoqda damlar,
Har kun qarg’ab taqdirimizni.
 
Tegirmonning sangidek ezar
Hayotning ko’p chig’iriqlari.
Vujudimiz tinchini buzar
Yurakning har bir og’riqlari…
 
Orzuimiz ro’yobi qani?
Faqatgina qoldi xayolot.
O’rtamizda qayg’u tumani
Tarqalmadi bir umr, hayhot!
 
* * *
 
Chechagim, chehrangiz hamon o’shadir,
Chehrangiz chamanga chiroy qo’shadir,
Intilib, sarg’arib, g’arib bo’ldik biz,
Suygan ko’nglimiz-chi, singan shishadir.
 
Olib ketar Sizga xayol – oqizoq,
Biroq bul yo’llarda armondir tuzoq.
Bilsangiz, binafsham, mushkul chidamoq.
O’ksishlar dilimda ipin eshadir.
 
Qanoti qayrilgan qushmikan sevgi,
Bilmam etib bo’lmas tushmakin sevgi,
Nishonga yaralgan to’shmikan sevgi,
Bir-bir otilgan o’q to’shim teshadir.
 
Oh, nigohingizda qotil o’q yashar,
Shundanmi, ko’nglingiz doim to’q yashar,
Bizning yurakda-chi, o’chmas cho’g’ yashar,
Bul cho’g’lardan vujud yonib pishadir.

* * *
 
Yuzlarimda qolgan oyoq izi bor,
Majruh yuragimda tirnoq izi bor.
Bul barmoqlarimni yondirguvchi, oh,
Eh, barmoqlarimda barmoq izi bor.
 
Yillar olib ketdi hushlarimni-ey,
Ardoqlagan nozik qushlarimni-ey.
Tilkalab, poralab ruhlarimni-ey,
Ko’ksimda abadiy pichoq izi bor.
 
Suhbatingni tinglab qonmadim o’zim.
Talpindim, topmadim, tonmadim o’zim…
Ko’kka etdi, senga etmadi bo’zim,
Ko’zlarimda tiyron qaroq izi bor.
 
To’kilar ruhim har sayragan naydan,
Ishqni qayta-qayta qayragan naydan,
Xayolimni betin haydagan naydan,
Naylaram, abadiy chaqmoq izi bor.
 
Yo’llaringni poylab, karaxt bo’ldim men,
Suvlaringga tashna daraxt bo’ldim men,
So’qmoqlarda qolgan bebaxt bo’ldim men,
Qalbimda toptalgan bayroq izi bor.
 
Yuzlarimda qolgan oypq izi bor,
Majruh yuragimda tirnoq izi bor.
Bul barmoqlarimni yondirguvchi, oh,
Eh, barmoqlarimda barmoq izi bor.
 
* * *
 
Ko’zlaring domiga ilindim, Zebo,
Oh, naqadar teran, naqadar chuqur.
Bundan qutulmoqlik mushkuldir, ammo
Qutulmoq istamas xayolim uchqur.
 
Bundan tortib olma sochlaring bilan,
Yutib yuborsa ham mayliga ko’zing.
Mayliga, roziman bir umrga man
Ko’zlaringda qolsam, bo’lib mahbusing.
 
* * *
 
Qoqar qayg’u qoshimda qanot,
Gunohkorman, gunohkor o’zim.
Bir umrga tig’ bo’lsa, nahot,
Aytolmagan birgina so’zim.
 
Xotiramga toshlarni otdim,
G’am uyasin to’zg’itib nogoh.
Xayolimga mindirdim otlar,
Xayolingga bo’lsin deb hamroh.
 
Armonlarim qa’riga sho’ng’ib,
Yaraladim ming bora dilim.
Yurak bitdi dardlarga to’lib,
Kechir, gulim, kechirgil, gulim.
 
Angladim men barin kechikib,
Chiday olmam endi g’ashlikka.
Sog’inar dil zor-zor ichikib,
Nadomatlar bo’lsin yoshlikka!
 

JIDDIY HAZIL

Vujudimda g’am-g’ashlik
Qo’ydi bu kun bolalab.
Tunlar endi uxlamay,
Chiqar dilni timdalab.
 
Qarang, do’stlar, g’amlarga
Tanbur bo’ldi yuragim,
Beshik bo’ldi yuragim,
Tomirlarim belanchak.
 
Biri kelib o’t qo’yar,
Biri esa o’chirar.
Shunday qilib vujudim
Ne kunlarni kechirar.
 
Birin-ketin ulg’ayar,
Yosh etgani o’larlar.
O’liklarin shunda ham
Jigarimga ko’marlar.
 
O’lat kelgur g’amlarga,
Yo rab, bir kun yutulgum…
Kirib oxir qabrga,
So’ng ulardan qutulgum.
 
* * *
 
Qo’ng’ir oqli qo’ng’iroqli bir ot keldi,
Otni minib g’am atalmish yov-yot keldi,
Tiqilgancha bo’g’zimga-ey faryod keldi,
Qamallarda qoldi qalbim, qoldi qalbim.
 
Vujudimni tilkalamay pichoq tig’i,
Yuragimga tiqilmayin uning tug’i,
Qutqar meni, Ona bug’i, Ona bug’i,
Qiynoqlarda qoldi qalbim, qoldi qalbim.
 
Nega buncha yovlarim-ey yovuq bo’ldi?
Ko’rgan kunim bunchalar ham sovuq bo’ldi?
Quvonch qochdi, yiroq bo’ldi, oh, yo’q bo’ldi,
Qabrlarda qoldi qalbim, qoldi qalbim…
 
* * *
 
Yuzlarimga bosilgandir sog’inch labi,
Bu lablardan yuragimning tirriq ta’bi,
Xazonrezda burglar xazon bo’lgan kabi
Sog’inchlardan kipriklarim to’kiladi.
 
Yllar yuzing xayolimga yo’lladilar,
Ikki ko’zim ko’zlaringga cho’lladilar.
Oxir, mana, yuzlarimni xo’lladilar,
Sog’inchlardan kipriklarim to’kiladi.
 
Yashil umid yashindek, oh, xazon bo’ldi,
Kipriklarim yoshlarimda marjon bo’ldi,
Tomchi sog’inch tomib-tomib ummon bo’ldi,
Sog’inchlardan kipriklarim to’kiladi.
 
* * *
 
Muhammad Yusuf xotirasiga
 
O’tib borayotir bu umr – karvon,
Aylab dil atalmish kulbamni vayron,
Muhammadsiz qoldik, Muhammadsiz-ey,
Nega yig’lamaysiz, ahli Andijon.
 
Bag’ringda bo’y etgan bo’z bolang ketdi,
Burguting ham lochin ko’z bolang ketdi,
O’zgamas, o’zbeging, o’z bolang ketdi,
Nega yig’lamaysan, ahli Andijon.

Yulduzni yig’latgan ash’ori qoldi,
Bag’ri qon qizg’aldoq – alyori qoldi,
Boychechagu jayron, gul – yori qoldi,
Nega yig’lamaysan, ahli Andijon.
 
Yig’lab qoldi bir qiz buloq boshida,
Armon – o’kinchlari ko’zin yoshida,
O’kinib-o’kinib qabri qoshida
Nega yig’lamaysan, ahli Andijon.
 
Uchmoqqa o’ch edi uchmoqqa uchdi,
Ulug’ Ulug’begin ulug’in quchdi…
Osmoningdan yorqin yulduzing uchdi
Nega yig’lamaysan, ahli Andijon.
 
Bu kun yo’lbarslarga edirgum dilim,
Yuragim edirgum, edirgum tilim.
Ko’klamoyning ko’kin so’rab bir chimdim,
Nega yig’lamaysan, ahli Andijon.
 
* * *
 
Jabrlar jonimga baloliq bo’ldi,
So’zlagan so’zlarim bejoliq bo’ldi,
“To’g’ri so’zni” og’zi qiyshiq gapirdi,
Har ishniki qildim xatoliq bo’ldi.
 
Haq deya so’z urdim, so’zim yig’ladi,
Kuduratdan ko’krab ko’zim yig’ladi,
Tanamdan toqatim, to’zim yig’ladi,
Har ishniki qildim xatoliq bo’ldi.
 
Topib, topinganim – so’zga yukindim,
Qaroqchi, ham qotil ko’zga yukindim,
Bo’g’zimni yondirgan bo’zga yukindim,
Har ishniki qildim xatoliq bo’ldi.
 
Oh, mag’lub bir bayroq bo’ldi bul tanim,
Toptaldi, xok-tuproq bo’ldi bul tanim,
Tanim ko’ksingda dog’ bo’ldi, Vatanim,
Har ishniki qildim xatoliq bo’ldi.
 
Armon lashkarlari – g’olib mug’ombir,
Zavqlanib dilimda chaldilar tanbur,
O’kinib qabridan tik turdi Bobur:
“Har ishniki ayladik xatoliq bo’ldi”. 

* * *

Shavkat Rahmonga

G’alayonga to’la vujuddan
Oxir dunyo bo’ldimi xalos?
Er ostida yotibsiz, mana 
Barcha mo’min bandalarga xos.
 
O’ychan ko’zlar o’yadi o’yim,
Lek bu ko’zlar mangu yashaydi.
Sizni yodga olgan chog’larim
Mening dilgir dilim qaqshaydi.
 
Xudo bergan ezgu so’zingiz
Jon atalgan joyga qadalgan.
Qisqa, qora, qiziq qismat-ey
Nahot Sizga, Sizga atalgan.
 
Bo’g’zim bo’g’ar bo’g’iq bo’zlarim,
Ikki dunyo tevaragida.
Siz-chi mungga to’lib yotibsiz
Quloq solib erning tagida.
 
* * *
 
Gulim, gul yuzingiz to’la iztirob,
Oh, ko’zlaringizga sog’inch ilashkan.
Kechalari gohi mung, gohida xob
Kipriklaringizda o’rin talashgan.
 
Tinmayin to’rini tunlar tashlaydi,
Bir nuqtaga nigoh mixlab qolasiz.
O’ksishlar qalbingiz qamray boshlaydi,
So’ng sog’inchni quchib uxlab qolasiz.
 
Sog’inch dilingizda gulday ochilar,
Dimog’ingizda bir ifor tuyasiz.
Ifor etti iqlim uzra sochilar,
Siz ifor ko’ksiga jim bosh qo’yasiz.
 
Bo’g’zingizda esa alamli unlar,
Armon osmonida xayol – muallaq…
Armonlarga qalam botirib tunlar
Satrlar bitadi Sizga Abdulhaq.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.