background
logotype

Abdulhay Nosirov (1946)

http://www.ziyouz.com/rasmlar/poets/abdulhay_nosirov.jpgAbdulhay Nosirov 1946-yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent Davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. Respublika radiosining adabiy-dramatik eshittirishlar bosh redaktsiyasida ishlagan.
Uning «Ko‘zgu», «Urug‘lar» nomli to‘plamlari bosilib chiqqan.


*   *   *

Kezmayin ne yurtni — dengiz, bog‘, chaman...
Oy o‘tmay o‘rtaydi sog‘inch jonimni.
Qanot paydo bo‘lar go‘yo
Uchaman,
Intizor qilmay deb mehrnbonimni.

Ko‘z oldimdan o‘tar mushtipar onam,
Nazdimda, qutlaydi oppoq tongimni.
Qanot paydo bo‘lar go‘yo
Uchaman,
Aslo zor qilmay deb onajonimni.

Notinch tushlarimda soy bo‘yi, dalam...
O‘t-xazon qoplamish hovli-tomimni.
Qanot paydo bo‘lar go‘yo
Uchaman,
Hor — mozor qilmay deb gulistonimni.

Orziqib bag‘ringga o‘zni otaman,
Yer, ona, Vatanim, omon bo‘l abad!
Olamga hayqirib ohim aytaman,
Ko‘nglim,
Ayirmagil sog‘inchdan faqat!


O‘TINCH

Beshikka sol, bela, mayli, onasi,
Uxlasin deb qo‘llarini bog‘lama.
Yongan ko‘nglim o‘rtar jindek nolasi,
Bandi aylab murg‘ak bag‘rin dog‘lama
Jonimizning...

Bahor yurib ketsa...
Oydin yo‘llari —
Yorqin istiqbolga olib boradi.
Erkinlikni istar bu kun qo‘llari,
Jonimizning...


*     *     *

Sen tug‘ilding...
Chinor shoxini kesib,
Beshik yasadilar bejirim biram.
Bu yorug‘ dunyoga talpinib kelib,
Yerga qadam qo‘yding, birinchi qadam...

Ulg‘ayding...
Olamning dardlarin sezib,
Qirlarda gul uzib visolga tashna...
Chinorning kattakon butog‘in kesib,
Uy tiklab berdilar... So‘ng to‘y-tomosha...

Umrni soy derlar...
Entikib, jo‘shib,
Keksalik qasriga yetib borgan dam —
Chinorning yana bir navdasin kesib,
Qo‘lingga tutishgay aso xotirjam.


*    *    *

Zamin uxlar — beozor zamin,
Oq ko‘rpasin tortib boshiga.
Zamin uxlar, tush ko‘rib shirin...
Ajab, nelar kirar tushiga?

Oq shu’laga to‘lib quchog‘i,
Yog‘dularga cho‘milib faqat.
Tashvishlarni unutib, chog‘i,
Zamin uxlar, to‘plar kuch-quvvat.

Zamin uxlar, qilmang bezovta,
To‘lg‘onmasin titrab nogahon.
Kuyib yongan jang, suron o‘tda,
Ko‘ngli yarim, yarador, nolon...

Millionlarni bag‘riga olib,
O‘rtanib u, cho‘chib yotibdi.
Odamlar, ha, odamlar tolib,
Yer ko‘ksini quchib yotibdi.

Tiriklarga tutar ne’matin,
Darig‘ etmay rizqu ro‘zini. 
Ona-erim, vali ne’matim,
Fe’li kengim, ochding ko‘zimni...

Zamin uxlar — beozor zamin,
Oq ko‘rpasin tortib boshiga.
Zamin uxlar, tush ko‘rib shirin,
Nelar kirar ekan tushiga?

Balkim ko‘rar tushlarida gul,
Navbahorning tabassumini.
Kurtak bo‘lib barq urgan ko‘ngil
Nurga burkar baxt mavsumini.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.