background
logotype

Abdulla Oripov (1941-2016)

Abdulla Oripov 1941 yil 21 martda Qashqadaryo viloyati, Koson tumaniga qarashli Neko‘z qishlog‘ida tug‘ilgan. O’zbekiston xalq shoiri (1990). O’zbekiston Qahramoni (1998). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1963). Ilk she’rlar to‘plami — «Mitti yulduz» (1965). «Ko‘zlarim yo‘lingda» (1966), «Onajon» (1969), «Ruhim», «O’zbekiston» (1971), «Xotirot», «Yurtim shamoli» (1974), «Yuzma-yuz», «Hayrat» (1979), «Najot qal’asi» (1981), «Yillar armoni» (1983), «Haj daftari», «Munojot» (1992), «Saylanma» (1996), «Dunyo» (1999), «Shoir yuragi» (2003) singari she’riy kitoblari nashr etilgan. Dostonlar ham yozgan («Jannatga yo‘l», 1978; «Sohibqiron», 1996). «Sohibqiron» (1998) she’riy dramasi respublikaning barcha yirik teatrlarida sahnalashtirilgan. Dantening «Ilohiy komediya»sini, A. N. Nekrasov, L. Ukrainka, T. Shevchenko, R. Hamzatov, Q. Quliev asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. O’zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining matnini yozgan (1992). Hamza (1983) hamda Alisher Navoiy nomidagi (1992) O’zbekiston Respublikasi Davlat mukofotlari laureati. 2016 yil 5 noyabrga o‘tar kechasi Xyuston shahridagi (AQSh, Texas shtati) kasalxonada 75 yoshida vafot etdi.

 

BIRINCHI MUHABBATIM

Kecha oqshom falakda oy bo`zarib botganda,
Zuhro yulduz miltirab, xira xanda otganda,
Ruhimda bir ma'yuslik, sokinlik uyg`otganda,
Men seni esga oldim, birinchi muhabbatim.
Eslab xayolga toldim, birinchi muhabbatim.

O`tdi yoshlik zavq bilan, gohi to`polon bilan,
Gohida yaxshi bilan, gohida yomon bilan,
Ayri ham tushdim ba'zan qalb bilan, imon bilan,
Lekin seni yo`qotdim, birinchi muhabbatim,
Mangu g`aflatda qotdim, birinchi muhabbatim.

Dunyo degan shundayin anglab bo`lmas sir ekan,
Goh keng ekan, gohida tuynuksiz qasr ekan.
Lekin inson hamisha bir hisga asir ekan...
Nechun bilmovdim avval, birinchi muhabbatim,
Parvo qilmovdim avval, birinchi muhabbatim.

Holbuki orzulardan judo ham bo`lganim yo'q,
yulduzday kulganim yo`q, oy kabi to`lganim yo'q.
Erta xazon gul kabi sarg`ayib so`lganim yo'q,
Seni eslab yig`layman, birinchi muhabbatim,
Eslab bag`rim tig`layman, birinchi muhabbatim.

Yo`lin yo`qotsa odam - muhabbatga suyangay,
G`ussaga botsa odam - muhabbatga suyangay.
Chorasiz qotsa odam - muhabbatga suyangay,
Men kimga suyangayman, birinchi muhabbatim.
Faqat eslab yongayman, birinchi muhabbatim.

Nido bergil, qaydasan, sharpangga quloq tutdim,
Sirli tushlar ko`rib men bor dunyoni unutdim.
Tongda turib nomingga ushbu she'rimni bitdim,
Dildagi ohim mening, birinchi muhabbatim,
Yolg`iz Ollohim mening, birinchi muhabbatim.


ONAJON

Onam Turdi Erdona Karvon qizi xotirasiga

I

Necha kunki yo`q oromim
Kelolmayman hushimga.
Onajonim kechalari
Kirib chiqar tushimga.

Qo`llarida oq elpig`ich
Oy nurida yaltirar.
Onajonim imlab meni
Qoshlariga chaqirar.

Keltirarlar goho beshik
Ko`zlarida hayajon.
Yotar payting bo`ldi-ku der,
Kela qol, der, bolajon.

Qaylargadir yuguraman,
Fig`onimdan chiqar dud.
Yig`lama, deb qo`llarimga
Tutqazarlar so`ng tobut.

Tongda ruhsiz ko`z ochaman,
Qovurilar tanda jon.
Onajonim, bunday qilma,
Bunday qilma, onajon.

Axir o`zing der eding-ku,
Silab o`ksuk boshimni:
- Endi senga bersin umr,
Senga bersin yoshimni.

Afsus, o`zing erta ketding,
Erta ketding olamdan.
Ukalarim bag`rim ezar,
Ajradik deb onamdan.

Bevaqt xazon bo`lmay har kim
Yoshab o`tsin dunyoda.
Onajonim, har kim oshin
Oshab o`tsin dunyoda.

Garchi fano har kimsaga
Azaliy bir qismatdir.
Lekin, ona, tiriklik ham
Bilsang, yarim hikmatdir.

Tushlarimda, mayli, boshim
Silab turgin, onajon.
Qolganlarga endi umr
Tilab turgin, onajon.

II

U kun chetda oh chekardim
G`ussalarning dastidan.
Sen otamga pul beribsan
Yostig`ingning ostidan.

Aytibsanki, onasizlik
Kelmasin hech o`yiga.
Sarf qilingiz, menga emas,
Abdullaning to`yiga.

O, o`g`lingga sen shafqatni
Bilarding-ku, onajon.
Bundan ko`ra bag`rim o`ysang
Bo`lardi-ku, onajon.

Zarragina rahm etgali
Sabring menga yo`qmidi?
Onajonim, bundan o`zga
Jabring menga yo`qmidi?

Yo`qmidi hech o`zga gaping, -
Nola qilib so`ylasang.
Nahot, axir so`nggi dam ham
Farzandingni o`ylasang.

Axir orzu qochib ketmas,
Bitkazar-ku tiriklar.
Onajonim, bir kunini
O`tkazar-ku tiriklar.

Unutilar g`ussalar ham,
Orzular ham cho`zar bo`y.
Onajonim, balki bir kun
Aytganingday bo`lar to`y.

Balki sening qabring uzra
Ko`karganda gul, chechak,
Ostonamga qadam qo`yar,
Sen istagan kelinchak.

Kimdir uning yo`llariga
Balki gul ham sochadi.
Balki munis opajonim
Kel, deb, quchoq ochadi.

Balki do`stlar davrasida
Kamim bo`lmas hech qachon.
Lekin seni o`sha damda
Qaydan topay, onajon.

III

Esimdadir, titrar edim -
G`amgin, bolish pastida.
Kitobimni ko`rdim nogoh
Boshginangning ostida.

Toshday qotdim o`shal oni
Bor toqatdan ayrilib.
- Shoir o`g`lim, - deding menga
Sekingina qayrilib.

Onajonim, so`ng bor menga
Nafas qilding u zamon.
Shoir bo`lgin, deya balki
Havas qilding u zamon.

Onajonim, balki men ham
Bir kun shavqqa to`larman.
Balki men ham aytganingday
Bir kun shoir bo`larman.

Kuylay desam hurmatingni
Ushbu kunda tilim lol.
Balki faqat shu sababli
Shoir bo`lsam ehtimol.

Balki sarson-arosatda
Qolib ketmas bu tanim,
Kamolimni ko`rar balkim,
Yurtim, ona Vatanim.

Payti kelib to`lar bir kun
Paymona ham beomon.
Kuzatarlar meni ham so`ng
Senga tomon, sen tomon.

Balki u kun boshim uzra
Do`stlar bosh ham egadir.
O`sha damgi iqbolim ham,
Onajonim, sengadir.

Dilda neki jur'atim bor,
Dilda neki hayajon,
Bari, bari senga bo`lsin,
Senga bo`lsin, onajon.

Senga bo`lsin bor hayotim,
Nomim, shonim bir yo`la.
Xotirangga ushbu she'rni
Yozdi o`g`ling Abdulla.


SHOIR YURAGI

O'tar bu ko'prikdan jamiki jonzod, 
Chumolidan tortib fillar ham o'tar. 
Sultonlar o'tadi goh shod, goh noshod, 
Zanjirlarin sudrab qullar ham o'tar.

Elchilarga o'xshab turfa zamondan, 
Shaloq aravalar, "mers"lar o'tadi. 
Ro'baro' kelishib ikki tomondan, 
Bir-biriga tamom terslar o'tadi.

Suyishganlar o'tar suyab bir-birin, 
Buzuvchilar o'tar, o'tar ustalar. 
Hushyorlar o'tadi tejab ko'z qirin, 
O'tadi emaklab piyonistalar.

O'tib borayotir ana juft guruh, 
Biri sh'o'x, birovin ko'zlarida nam. 
Yetaklab bormoqda birini shukuh, 
Boshqa birovini yetaklagan g'am.

Oliftalar o'tar g'arib siyrati, 
Botirlar o'tadi - qalbida o'tlar. 
Beshiklar o'tadi - dunyo ziynati, 
O'tadi lapanglab, vazmin tobutlar.

Muttasil bu yo'lda keladi to'qnash, 
Nur bilan zulumot, o'lim va hayot. 
Bu ko'prik olamning o'ziga o'xshash, 
Bir farqi - sohibi ixtiyorsiz zot.

Ko'prik ostidagi jo'sh urgan daryo, 
Suv emas - o'tganlar taxir ko'z yoshi. 
Har neni ko'targan bir o'zi tanho, 
Bor na ta'mirchisi, na bir yukdoshi.

Bu ko'prik, bu ko'prik qulasa agar, 
Ne hislar qolardi sarson - sargardon. 
Garchi qismatida bor qancha xatar, 
Har nechuk bariga u balogardon...


SEN BAHORNI SOG'INMADINGMI

Uyg'onguvchi bog'larni kezdim,
Topay dedim qirdan izingni.
Yonog'ingdan rang olgan dedim -
Lolazorga burdim yuzimni,
Uchratmadim ammo o'zingni,
- Sen bahorni sog'inmadingmi?

Uzoqlarda zalvorli tog'lar
Xayolimni keldilar bosib.
Kechdi qancha intizor chog'lar,
Vasling menga bo'lmadi nasib,
Sensiz men ham, bahor ham g'arib,
- Sen bahorni sog'inmadingmi?

O'ngirlarda sakraydi ohu,
Na'matakda sa'va mittijon.
Qorliklardan sipqarilgan suv,
Daralarda uradi javlon.
Nigohimdan faqat sen pinhon,
- Sen bahorni sog'inmadingmi?

Mana, bugun navro'zi olam,
Do'stlarimga gullar tutarman.
Qaylardasan, sevgili erkam...
Qo'limda gul, seni kutarman,
Umrim bo'yi chorlab o'tarman,
- Sen bahorni sog'inmadingmi?


O'ZBEKISTON

Yurtim, senga she'r bitdim bu kun,
Qiyosingni topmadim aslo.
Shoirlar bor, o'z yurtin butun -
Olam aro atagan tanho.
Ular she'ri uchdi ko'p yiroq,
Qanotida kumush diyori,
Bir o'lka bor dunyoda, biroq
Bitilmagan dostondir bori:
Faqat ojiz qalamim manim,
O'zbekiston, Vatanim manim.

Yurmasman hech behishtni izlab,
Topolmasam chekmasman alam.
O'tirmasman ertaklar so'zlab,
Musallo deb yo'nmasman qalam.
Ko'klamingdan olib sururni,
Dovrug' soldi ustoz Olimjon,
G'afur G'ulom tuygan g'ururni
Qilmoq mumkin dunyoga doston.
Olis tarix qadamim manim,
O'zbekiston, Vatanim manim.

Kechmishing bor chindan ham uzoq,
Ilg'ay olmas barchasin ko'zim.
Maqtamasman moziyni biroq,
O'tmishingni o'ylayman bir zum.
Zabtga olib keng Osiyoni,
Bir zot chiqdi mag'rur, davongir,
Ikki asr yarim dunyoni
Zir qaqshatdi Buyuk jahongir.
Aytgum, bu kun, u manim, manim.
O'zbekiston, Vatanim manim.

Bobolardan so'z ketsa zinhor,
Bir kalom bor gap avvalida.
Osmon ilmi tug'ilgan ilk bor
Ko'ragoniy jadvallarida.
Qotil qo'li qilich soldi mast,
Quyosh bo'lib uchdi tilla bosh.
Do'stlar, ko'kda yulduzlar emas,
U, Ulug'bek ko'zidagi yosh.
Erda qolgan, o, tanim manim,
O'zbekiston, Vatanim manim.

Ko'z oldimdan kechar asrlar,
Ko'z-ko'z etib nuqsu chiroyin.
Sarson o'tgan necha nasllar,
Topolmasdan tug'ilgan joyin.
Amerika - sehrli diyor,
Uxlar edi Kolumb ham hali,
Dengiz ortin yoritdi ilk bor,
Beruniyning aql mash'ali.
Kolumbda bor alamim manim,
O'zbekiston, Vatanim manim.

Ko'p jahongir ko'rgan bu dunyo,
Hammasiga guvoh er osti.
Lekin, do'stlar, she'r ahli aro
Jahongiri kam bo'lar, rosti.
Besh asrkim, nazmiy saroyni
Titratadi zanjirband bir she'r.
Temur tig'i etmagan joyni
Qalam bilan oldi Alisher.
Dunyo bo'ldi chamanim manim,
O'zbekiston, Vatanim manim.

Bobolardan so'zladim, ammo
Bir zot borkim, baridan suyuk:
Buyuklarga baxsh etgan daho,
Ona xalqim, o'zingsan buyuk.
Sen o'zingsan, eng so'nggi nonin
O'zi emay o'g'liga tutgan.
Sen o'zingsan, farzandlar shonin
Asrlardan opichlab o'tgan.
Ona xalqim, jon-tanim manim,
O'zbekiston, Vatanim manim.

Bosh ustingdan o'tdi ko'p zamon,
O'tdi Budda, o'tdi Zardushti.
Har uchragan nokasu nodon,
Ona xalqim, yoqangdan tutdi.
Seni chingiz g'azabga to'lib
Yo'qotmoqchi bo'ldi dunyodan.
Jaloliddin samani bo'lib
Sakrab o'tding Amudaryodan.
Sensan o'shal samanim manim,
O'zbekiston, Vatanim manim.

Toleingda bor ekan yashash,
Goh qon ichding, gohida sharob.
Etmoq bo'lib yurtim xomtalash,
Bosh ustingga keldi inqilob.
Chora istab jang maydonidan
Samolarga uchdi unlaring,
Shahidlarning qirmiz qonidan
Alvon bo'ldi qora tunlaring.
Qonga to'lgan kafanim manim,
O'zbekiston, Vatanim manim.

Lekin oftob poymol o'lmas,
Kavaklarda qolmas oy nuri,
Odil hakam - haq bor, beg'araz,
Mazlumlarning buyuk g'amxo'ri.
Qilich serpab tole tongida
O'zligingni tanib qolding sen.
O'g'lonlarning qatra qonida
O'zbekiston nomin olding sen.
Nomi qutlug' gulshanim manim,
O'zbekiston, Vatanim manim.

Tinch turarmi bu ko'hna olam,
Tinch turarmi dog'uli zamon.
Oromingni buzdi sening ham
Fashist degan vahshiy olomon.
Qonim oqdi Danoigda manim,
Sobir Rahim yiqilgan chog'da.
Lekin, yurtim, kezolmas g'anim.
O'zbekiston atalgan bog'da.
Sensan nomus va sha'nim manim,
O'zbekiston, Vatanim manim.

Kech kuz edi, men seni ko'rdim,
Derazamdan boqardi birov.
U sen eding, o, dehqon yurtim,
Turar eding yalangto'sh, yayov.
- Tashqarida izillar yomg'ir,
Kir, bobojon, yayragil bir oz.
Deding: - Paxtam, qoldi-ku axir,
Yig'ishtiray kelmasdan ayoz.
Ketding, umri mahzanim manim,
O'zbekiston, Vatanim manim.

Sen ketarsan balki yiroqqa,
Farg'onada balki, balqarsan.
Balki chiqib oqargan toqqa,
Cho'pon bo'lib gulxan yoqarsan.
Balki ustoz Oybekdek to'lib
Yozajaksan yangi bir doston.
Balki Habib Abdulla bo'lib,
Sahrolarda ochajakson kon.
Tuprog'i zar, ma'danim manim,
O'zbekiston, Vatanim manim.

Mayli, yurtim, kezsang ham dunyo,
Fazolarga qo'ysang ham qadam,
O'zligingni unutma aslo,
Unutma hech, onajon o'lkam.
Bir o'g'lingdek men ham bu zamon
Kechmishingni qildim tomosha.
Iqbolingni ko'roldim ayon
Istiqlolning ufqlari osha.
Iqboli hur, sho'x-shanim manim.
O'zbekiston, Vatanim manim.

Zavol ko'rma hech qachon, o'lkam,
Zavol bilmas shu yoshing bilan.
Muzaffar bo'l, g'olib bo'l, o'ktam,
Do'stu yoring, qardoshing bilan.
Asrlarning silsilasida
Boqiy turgay koshonang sening.
Ulug' bashar oilasida
Mangu yorug' peshonang sening.
Mangu yorug' maskanim manim,
O'zbekiston, Vatanim manim.


DUNYONI QIZG'ANMA

Dunyoni qizg'anma mendan, azizim,
Men sening ko'changdan o'tmasman zinhor.
Mening bu olamda o'z aytar so'zim
Va o'zim sig'inar mozorlarim bor.

Dunyoni qizg'anma mendan, azizim,
Sen ichgan buloqdan ichmasman aslo.
Sen yurgan tog'larda qolmagay izim,
Sen kechgan daryodan kechmasman aslo.

Dunyoni qizg'anma mendan, azizim,
Qalbingni yoqmasin shubha va so'roq,
Men o'zga manzilga tikkanman ko'zim,
U sening kulbangdan juda ham yiroq.

* * *

U qo‘shiq kuyladi yor sha’niga mast, 
Sho‘xchan she’rlar aytdi sevgi nomidan. 
Hammani kuldirdi, qiz esa faqat 
Beparvo jilmayib o‘tdi yonidan.

U qo‘shiq kuyladi yor sha’niga mast, 
Yig‘lab, faryod chekdi sevgi nomidan. 
Hammani yig‘latdi, qiz esa faqat 
Beparvo jilmayib o‘tdi yonidan.

U qo‘shiq kuyladi yor sha’niga mast, 
Na kuldi, na qatra to‘kdi yoshini. 
U kuyladi mag‘rur, qiz bo‘lsa shu vaqt 
Huzuriga keldi egib boshini.

«MUNOJOT»NI TINGLAB

Qani ayt, maqsading nimadir sening, 
Nega tilkalaysan bag‘rimni, ohang, 
Nechun kerak bo‘ldi senga ko‘z yoshim, 
Nechun kerak, rubob, senga shuncha g‘am!

Eshilib, to‘lg‘anib infanadi kuy, 
Qaylardan kelmoqda bu ohu faryod. 
Kim u yig‘layotgan, Navoiymikin, 
Va yo may kuychisi Hayyommikin, dod!

Bas, yetar, cholg‘uchi, bas qil sozingni, 
Bas, yetar, ko‘ksimga urmagil xanjar, 
Nahotki dunyoda shuncha g‘am bordir... 
Agar shu «Munojot» rost bo‘lsa agar.

Agar aldamasa shu sovuq simlar, 
Gar shul eshitganim bo‘lmasa ro‘yo. 
Sen beshik emassan, dorsan, tabiat, 
Sen ona emassan, jallodsan, dunyo!

Eshilib, to‘lg‘anib ingranadi kuy, 
Asrlar g‘amini so‘ylar «Munojot». 
Kuyi shunday bo‘lsa, g‘amning o‘ziga 
Qanday chiday olgan ekan odamzod!

DORBOZ

Bulutlarga yondosh, osmon ostida, 
Kiprikdagi yoshday turibdi dorboz.
Qilichning damiday arqon ustida, 
Ko‘zlarini yumib yuribdi dorboz. 

Odamlar, odamlar, uni olqishlang, 
Qarang, u naqadar epchil va o‘ktam, 
Biz-chi, eh.. ba’zi bir ko‘zi ochiklar 
Eplab yurolmaymiz katta yo‘lda ham.

* * *

Bahor kunlarida kuzning havosi, 
Tanimni junjitar oqshom shamoli. 
Nega buncha g‘amgin nayning navosi, 
Nega qalbim to‘la o‘kinch va malol? 

Barglar orasiga tinmasdan sira 
Oshno yulduzlardan to‘kiladi nur.
Bilmayman, qiynaydi qaysi xotira, 
Titroq yulduz kabi muzlagan shuur. 

Mag‘lub bahodirning nayzasi misol 
Ma’yus egiladi terak uchlari, 
Barglar soyasida o‘ynaydi behol 
Uyqudagi qizning bedor tushlari. 

Atrofimda yotar garib bir viqor, 
Bilmam, nega uchdi qalbim safosi. 
Nima ham qilardim, na ilojim bor. 
Bahor kunlarida kuzning havosi.

UMR

Qalbimda goh g‘urur, gohida farah, 
Shu uchqur dunyoni turfa ko‘ribman. 
Yurtma-yurt, elma-el, farsax-bafarsax 
Umrim dovonlarin o‘lchab yuribman.

Umr-ku o‘tadi gulduros solib, 
Uning o‘tganini kim ham ko‘ribdi? 
Vo ajab, qay bir zot, o‘z umri qolib, 
Mening qadamimni o‘lchab yuribdi...

INSON QALBI

Inson qalbi bilan hazillashmang Siz, 
Unda millat yashar, unda til yashar. 
Unda ajdod faxri yashaydi so‘zsiz, 
Unda istiqomat qiladi bashar.

Inson qalbi bilan hazillashmang Siz, 
Unda ona yashar, yashaydi Vatan. 
Uni jo‘n narsa deb o‘ylamang hargiz, 
Hayhot! Qo‘zg‘almasin bu Qalb daf’atan!!.

TILLA BALIQCHA

Tuxumdan chiqdi-yu, keltirib uni 
Shu loyqa hovuzga tomon otdilar. 
Tashlandiq ushoq yeb o‘tadi kuni, 
Xoru xas, xazonlar ustin yoptilar.

Dunyoda ko‘rgani shu tor hovuzcha 
Va mudroq tollarning achchiq xazoni. 
Menga alam qilar, tilla baliqcha 
Bir ko‘lmak hovuz deb bilar dunyoni...

RUHIM

Vujud deganlari asli nimadir? 
Dayr dengizida yurgan kemadir.

Bir kun bir qoyaga urilgay kema, 
Ruhim, sen vujudni g‘amini yema.

Yuksak fazolarda aylagil parvoz, 
Senda na ohang bor va na bor ovoz.

Senga na bo‘ronlar kor qila olur, 
Seni na yo‘qotib, bor qila olur.

Sen misli kamalak - yuksak va so‘lmas, 
Kamalakni esa parchalab bo‘lmas.

* * *

Yondimu va lekin hijon tunida 
Senga ahvolimni etmadim bayon. 
Sokin kechalarim ko‘zim o‘ngida 
Munis qarashlaring bo‘ldi namoyon.

Na sen nazar qilding holimga bir bor, 
Na men ayta bildim senga biror so‘z. 
Shunday o‘tib borar umrimiz bekor... 
Oramizda sarson bir juft qora ko‘z.

MEN ANGLAB YETGAN FALSAFA

Bozorga o‘xshaydi asli bu dunyo, 
Bozorga o‘xshaydi bunda ham ma’ni. 
Ikkisi ichra ham ko‘rmadim aslo, 
Molim yomon degan biror kimsani.

* * *

Oqar daryoga ham kimdir band bergan, 
Hayot kimga zahar, kimga qand bergan. 
Ey, g‘ofil, sarkash deb, meni kamsitma, 
G’anim senga emas, menga pand bergan.

* * *

Deydilar it hurur - o‘tadi karvon, 
Ranju balolardan yonmasin joning, 
Lekin alam qilar bir umr giryon 
Itlar orasidan o‘tsa karvoning.


KETMOQDAMAN

Yaxshi qol, ey, dilbarim, dilda kadar, ketmoqdaman, 
Ishq aro endi holim zeru zabar ketmoqdaman.

Na ishonchu na quvonchu na ko'ngildan gapni och, 
Barchasidan ushbu kun yo'qdir samar, ketmoqdaman.

Men quyosh yuzlimga deb, tun-kechalar berdim yurak, 
Oqibat otganda tong qondir jigar, ketmoqdaman.

Necha kunlar o'tdi, lekin so'rmading holimni bir, 
Oxirida hol so'rab kelsang magar, ketmoqdaman.

Kelganimda dedilarki, bu yigit koni zarar, 
Ketmagimdan, oxir ayt, bormi zarar, ketmoqdaman.

Bilmadim, hech bormikin asli dardimga shifo, 
Xasta bu Abdulladan olgin xabar, ketmoqdaman.


“HAJ DAFTARI TURKUMIDAN:

SHAYTON

La’natlab bo‘lsa ham, qarg‘ab bo‘lsa ham 
Har kun tilovatda aytilar nomi. 
Uning bosh suqmagan joyi kamdan-kam, 
Ichilgan har qadah uning ham jomi...

Deydilar, norasta go‘dakni hatto 
Uyquda qitiqlab kuldirar emish. 
Salgina g‘aflatda qolsang mabodo 
Qilmagan ishingni qildirar emish.

Shaytonning hunari chindan rang-barang, 
Sallani paytava qilib o‘ratgay. 
Agar sidqidildan ko‘rsatsa nayrang 
Nodonni shoh qilib, yurtni so‘ratgay.

Minoda Shaytonni qildik toshbo‘ron, 
La’natga ko‘mildi badbaxt u lain. 
Dedik, shuncha yukning ostidan Shayton 
Ming yillar chiqolmay yotmog‘i tayin.

Shodumon yo‘l oldik Vatanga qarab, 
Shayton qoldi, deya chuqurda-choxda. 
Manzilga qaytgandik, Shayton, voajab, 
Bizni kutib oldi tayyoragohda.


ALLOH DARGOHI

Necha ming musulmon tunu kun uyg‘oq, 
Ka’ba atrofini tinmay aylanar, 
Murodi tabarruk maskanni o‘pmoq 
Sajdaga har biri har zum shaylanar.

Olam ummon bo‘lsa, girdobi shu joy, 
Olam osmon bo‘lsa, mehvari bunda 
Milliard martabali jahon haynahoy 
Kemadek qalqadi bitta to‘lqinda.

Yer bo‘ylab tariqday sochilgan inson, 
Bir qushning oldiga kelib tizilmish. 
Abasdir bu joyda millat, irq, lison 
Zamin yo‘riqlari bunda buzilmish.

Bu joyning bor erur na Qorabog‘i, 
Na O‘zgan, na O‘shu Farg‘onasi bor 
Allohning o‘zidir yolg‘iz charog‘i, 
Charog‘ning hisobsiz parvonasi bor.

Hatto nafrat mushti bunda tugilgay, 
Axir yagonadir bu yerda maqsad. 
Sig‘insang gunohing duv-duv to‘kilgay, 
Iymonsiz bandaga yo‘q lekin shafqat.

Shunchalik mukammal Alloh dargohi, 
Mag‘firat qil, deya dilni tig‘ladim. 
Har yonda taralar mo‘minlar ohi, 
To tongga qadarli yum-yum yig‘ladim.


INSON

Oldiga kelganni qaytarmay yemoq,
Aslida, akli yo‘q hayvonning ishi. 
Og‘ziga kelganni qaytarmay demoq, 
Notisu befahm, nodonning ishi.

Tavajjuh ayladi tangri taolo, 
Muqaddas sanaldi inson degan nom.
Insonni e’tirof etmagan asno 
Iblis ham quvildi Arshdan batamom.

Ko‘zingning o‘ngida o‘sgandek ekin 
Rabbim ham ogohdir har zum har ishdan. 
Ro‘zayu parhezda muddat bor, lekin 
Hamisha hazar harom-harishdan.


ONA

Kimdir savol berdi:-Aytgil, Muhammad, 
Yolg‘iz sen Rasulsan butkul olamga. 
Kimga ko‘p yaxshilik aylay, o‘zing ayt, 
Ota-onamgami? Yoxud bolamga?

Rasul javob qildi: - Tingla birodar, 
Gapimni uch bora quloqqa ilgil. 
Imkon topa olsang dunyoda agar 
Eng avval onangga yaxshilik qilgil.

Bu hikmat sharhini o‘yladim uzoq, 
Rostdan ona erur qiblai olam. 
Garchi barchamiz ham padarmiz, biroq 
Onadan tug‘ilgan payg‘ambarlar ham.


FARZAND

Bir kuni ranjitdi otani farzand, 
Ota o‘z uyidan bosh olib ketdi. 
Lekin Alloh mehri bo‘lib sarbaland, 
Ota Makkatulloh vasliga yetdi.

Ota fig‘on chekdi Ka’ba qoshida, 
Go‘yo unut bo‘lgay alamlar bari. 
Najot charx ursa ham garchand boshida, 
Sira ketolmadi bir gapdan nari.

Ka’baga sig‘inar ekan keksa chol
Armonin oshkora aytdi olamga. 
Dedi:-Ibodatim bo‘lsa ham uvol, 
Faqat saodat ber o‘sha bolamga.


KIBR

G‘alati zotlar bor yorug‘ olamda, 
Deylik, salomingga alik olmaydi. 
Salomin aliksiz qoldirgan damda 
Bu holni malomat qilmay qolmaydi.

Ular bu dunyoning guyoki naqshi, 
Jim boqar, savlati qo‘rquvga solar. 
Ularning gapirmay yurgani yaxshi, 
Chunki nodonligi bilinib qolar.

Ular tashlab yurar yelkaga to‘nni, 
Kibr belgisidir bu ham begumon. 
Demishlar, -hoy banda, kiyib ol uni, 
Yo‘qsa tuynugidan kirgaydir shayton.


TAVBA

Sen gunoh qildingmi, bechora banda, 
Sen shayton makriga uchdingmi nogoh, 
Tinching qolmadimi ruh ila tanda, 
Endi nadomatlar bo‘ldimi x,amroh.

Endi chora izlab, axtarib najot, 
Kezursan, dastingda na imkon, na erk. 
Gunohkor kimsaning qoshida nahot, 
Qopqalar yopilgay, ostonalar berk.

Yuk, hali olamda mavjuddir shafqat, 
Yo‘q, hali tebranur mehr beshigi. 
Tavba qil, tavba qil, tavba qil faqat, 
Senga ochiq faqat tavba eshigi.

HASAD

Dunyoga kelganda Inson mukarram, 
Qavmlar shodlikda chuvvos soldilar. 
Baxtiyor go‘dakka aylashib karam, 
Albatta momiqqa o‘rab oldilar.

Oylar, yillar o‘tdi, o‘tdi ko‘p sana, 
Go‘dak ham mo‘ysafid yoshiga yetdi. 
Kuni bitganida ul banda yana 
Bir parcha momiqqa o‘ralib ketdi.

Hasadguy kimsalar - Iblisga hamkor, 
Momiqqa cho‘zdilar faqat qo‘llarin. 
Egasin kafanga ayladilar zor, 
Do‘zaxga burmoqchi bo‘ldi yo‘llarin.


QIYOMAT

Bir kun Muhammadga berdilar savol:
- Ayo, Rasululloh, aytib ber buni. 
Qachon foniy dunyo topgaydir zavol, 
Qachon sodir bo‘lgay Qiyomat kuni?

Garchand Biru Borga somedir Inson, 
Iblis qutqusi ham har qayda bordir, 
Kimningdir dilida sobitdir iymon, 
Kimgadir shaytoniy vasvasa yordir.

Rasululloh dedi: - Umid qil, banda, 
Ko‘chmasin dunyodan insof, diyonat. 
Nopok odamlarga kuning qolganda, 
Bilgilki, o‘sha kun kelgay Qiyomat!


G‘IYBAT

Do‘zax yo‘llaridan o‘tarkan Rasul, 
Atrofga ko‘z tashlar edi damodam. 
Kimdir faryod solib yig‘lardi nuqul, 
Otashda yonardi o‘zga bir odam.

Yo‘lning kanorida-shundoq sarhadda 
O‘limtik yer edi allaqanday zot. 
Nogoh Rasululloh, boqib hayratda, 
Jabroilga dedi: -Bul kimdir, hayhot!

Jabroil aytdikim: -Bunda har kimsa, 
Jazosin olgaydir qilmishiga xos. 
O‘limtik yeguvchi bul banda esa, 
Umrin g‘iybat bilan o‘tkazgan xolos.


HADIS

Bu ulug‘ dargohda mehmonman men ham,
Mening ham dilimda oshiqlar ohi.
Hadischi bobolar degandek u dam,
Tavbamni qabul et o‘zing, Ilohi.

Ulg‘aydik va lekin oldda ko‘p gap bor,
Davr shamollari esib o‘tgaydir.
Inongum, e’tiqod o‘zi bo‘lib yor
Bizning ham qo‘limiz bir kun tutgaydir.

Ibodat bor edi, u etgay davom,
Qirq bilan yopmasmiz bu uyning tomin.
Bizni tinglaganga hamisha salom,
Yana ko‘rishguncha sog‘ bo‘ling! Omin!


XATO QILISHINGNI KUTARLAR

Shundaylar bor, senga lutf aylab,
Do'stman, deya qo'lin tutarlar.
Lekin har zum qadaming poylab,
Xato qilishingni kutarlar.

Xato qilsang, ularga bayram,
Yo'qsa, zahru zaqqum yutarlar.
Mayli, jindek, zarra bo'lsa ham,
Xato qilishingni kutarlar.

Xatolaring kerak ularga,
Shox-novdangni darhol butarlar.
Tag'in kunni ulab tunlarga,
Xato qilishingni kutarlar.

Axtarurlar hamisha illat,
Etti pushting go'rin titarlar.
Faqat unma, ulg'ayma faqat,
Xato qilishingni kutarlar.

Ular senga bir umr yo'ldosh,
Sodiq hamroh kabi o'tarlar.
Qabring uzra egsalar ham bosh,
Xato qilishingni kutarlar.


ARSLON CHORLAGANDI...

Erkin Vohidovga

Biz ham yuksaklarga tikkandik ko'zni,
Bizda ham bor edi matonat, bardosh.
Arslon chorlagandi qoshiga bizni,
Lekin qumursqalar bo'ldi safardosh.

Jami tiriklikka tanish shu xatar,
Qumursqa yaralgan yoppa talarga.
Do'stim, alam qilar, arslon bexabar,
Em bo'lib ketsak shu qumursqalarga.


OHU

Makoning bo'libdi tog'lar orasi,
Sensan go'zallikning asli, sarasi.
Ma'yus yuragingda ishqning yarasi,
Sen ham oshiqmisan yoki, ohujon.

Daralar qo'ynida neni istarsan,
Nechun doim g'amgin, doim mustarsan.
Latif shijoating qayga qistarsan,
Sen ham oshiqmisan yoki, ohujon.

Yo'q, sen axtarmassan tog'lardan makon,
Va na go'zalliging uchun shuhrat-shon.
Sayyod jabri senga bermaydi imkon,
Sen ham oshiqmisan yoki, ohujon.

Qo'y, jonim, ko'zlaring to'lmasin yoshga,
Tongda oyog'ing qo'y baland bir toshga.
Seni quyosh o'zi ko'targay boshga,
Sen ham oshiqmisan yoki ohujon.


G`ANIM BO`LOLMASMIZ

G'anim bo'lolmasmiz ikkimiz sira,
Do'st ham bo'lolmasmiz balki hech qachon.
Balki emasdirsan sen ham bokira,
Balki emasdirman men ham pokdomon.

Ikkimiz uchun ham yolg'iz shu oftob,
Ikkimiz uchun ham yagona zamin.
Men ham sening uchun bitmadim kitob,
Sen ham shuhratimni etmassan ta'min.

Kimga nima kerak? Nechun soxta shon?
Nechun mangulikdan behuda talab?
Axir ikkimiz ham so'ng manzil tomon
Ketmasmiz dunyoning yukin orqalab.


MEN BORMAN

Bu ishq sirrin kitob etding, kitobing ichra men borman,
O'qurman deb xitob etding, xitobing ichra men borman.

Yarashgaydir, ajab, senga ajab nozu tamannolar,
Keturman, deb shitob etding, shitobing ichra men borman.

Yuzing hajri bilan oqqan labolab chashm selobin -
Ichurman, deb sharob etding, sharobing ichra men borman.

Umid uzgil, deding oshiq, muhabbat rishtasin uzgum,
Uzurman, deb azob etding, azobing ichra men borman.

Qayon qoldi o'shal so'zkim muhabbat ko'shkini, ey yor,
Tuzurman, deb sarob etding, sarobing ichra men borman.

Dilimda qolgan ushbu har na manzil kulbai ishqni -
Buzurman, deb xarob etding, xarobing ichra men borman.

Muhabbat gulshani ichra olib Abdullaning qalbin,
Chalurman, deb rubob etding, rubobing ichra men borman.


IKKI SONIYA

Uyda tinchi bo'lsin yigitning avval,
So'ngra butun bo'lsin do'stning imoni.
Inson Yuragini tilkalar azal,
Shu ikki narsaning buyuk armoni.

Biridan boshlanar shu yorug' olam,
Dunyoga qo'yilgay ostonadan ot.
Uydan boshi egik chiqdimi odam,
O'sha kun tor unga butkul koinot.

Yigitning bir umri do'st bilan butun,
Do'st bilan shirindir zaqqum hayoti.
Do'stdan pand egan chog' ne bor uning-chun!
Bad unga hattoki bor inson zoti.

Buyuk shiddat bilan jo'sharkan hayot,
Shu ikki narsaga biz goh beparvo,
Shu ikki soniya hamdam bo'lgan zot,
Mening nazarimda, eng aziz siymo.

SOG'INCH

Parchagina bulut,
Cheksiz osmon,
Adir ortidagi yolg'iz oyoq yo'l.
Barch tashvishlarni unutib, shodon,
Qaytgim kelayotir qoshingga butkul.

Qismat mayin ichdim - achchiq va taxir,
Tuydim ehtirosning samoviy kuchin.
Dunyoda odamzod yashamas, axir,
Faqat irodasin sinamoq uchun.

Parchagina bulut,
Cheksiz osmon,
Adir ortidagi yolg'iz oyoq yo'l.
Barch tashvishlarni unutib, shodon,
Qayta olsam edi qoshingga butkul.

O‘ZBEK GENERALLARI

Ikki generalim turar yonma-yon,
O‘tli ko‘zlarida jasorat zohir.
Ular Temurbekning naslidir shoyon,
Biri Alisheru biri Bahodir. 
Yovqur sarkardalar — qo‘rquv bilmagan,
Tinchlikka mas’uldir o‘lkalarida.
Ikki amakimga1 nasib qilmagan
Yulduzlar chaqnaydi yelkalarida.
Olis o‘rmonlarda qaysi bir zamon
Daraxt kesar edi o‘zbek askari.
Jalolni2 e’tirof etmagan davron
Uning avlodin ham surgandi nari.
Sadag‘asi ketay hurlik so‘zining,
O‘zbegim sochilgan gardlarin topdi.
Bobolarin eslab, yana o‘zining
Qo‘mondonin topdi, mardlarin topdi.
Hech kim orzu qilmas shamshirni, biroq
Uningsiz dunyoni asrash ham qiyin.
Men nechun quvonib she’r aytmay bu choq
O‘g‘lonim general bo‘lgandan keyin.

14.01.2008 y.
1.Shoirning ikki amakisi Ikkinchi jahon urushidan qaytmagan.
2. Jaloliddin Manguberdi.

INSON OMILI

Samolyotlar qular,
Kemalar cho‘kar,
Poezdlar izidan chiqib ketadi.
Bu holning sababin qancha izquvar,
Qancha idoralar tahlil etadi.
Mayda murvatgacha axtarib topib,
Tekshirar ilmning necha komili.
Oxiri besamar daftarin yopib,
Deydilar: sababchi inson omili.
O, inson omili, so‘nggi sababkor,
Tangri qoshidagi yolg‘iz dalolat.
O‘zingning dardingga o‘zingsan aybdor,
O‘zingga yuklaysan o‘zing malomat.
Hatto nadomating o‘zingga tortiq,
Cho‘kkan kema bilan cho‘kkaymi zoring.
Baridan ortiqdir, baridan ortiq
Sening bir-biringga bergan ozoring.
G‘alva chiqarmoqqa sen doim shaysan,
Buraysan tinch turgan boshning murvatin.
Umring o‘tib borar, sen-chi yashaysan
Bir shumlik qilishning poylab fursatin.
Ne-ne zakiy zotlar sening dastingdan
Shaytonga koranda bo‘lgani ham rost.
Sening makringdanu sening qasdingdan
Kimlardir beajal o‘lgani ham rost.
Ulug‘ kashfiyotlar seniki garchand,
O‘zingsan falakning tengsiz olimi.
Bir kuni mehvarida zamin yesa pand,
Sabab bo‘lmasmisan, inson omili.
23.12.2007 y.

HIDOYAT YO‘LI

Islomning muqaddas arkonlari bor,
Haj, ro‘za, namozu zakot va jihod.
Ular bog‘liq erur iymonga poydor,
Bajargan har mo‘min topgaydir najot.
Ro‘za va namoz-ku hamrohdir doim,
Zakot ham topilgay ba qadri imkon.
Imoning to mahshar bo‘lsin but, qoim,
Lekin jihod nedur? Nahot jang va qon?
Qay mo‘min hidoyat yo‘lini bilsa,
Hirsu nafs hujumin etolsin barbod.
Rasululloh demish: — Kimki haj qilsa,
O‘shadir dunyoda eng yaxshi jihod.
19.12.2007 y.

YANGI DAVRA

Bir davrada men o‘zimni begona sezdim,
Go‘yo boshqa sayyoraga kelganday sayyoh.
Turfa nozik buyumlardan qamashib ko‘zim,
Qo‘rqar edim, tegib ketmay deya banogoh.
Ahli davra g‘oyat po‘rim, g‘oyat maftunkor,
Har birining imosida nazokat ayon.
Ular ta’zim qilishardi takror va takror,
Taqib olgan uzuklari yaltirar shoyon.
Men-chi, yolg‘iz o‘ltirardim ko‘rgan kabi tush,
Bo‘yinboqqa mos kelganmi men kiygan ko‘ylak?
Talay sanchqi, qoshiqlarga boqardim xomush,
Qaysi birin qaysi qo‘lga olmog‘im kerak?
Shu on qo‘shiq yangrab qoldi yorug‘ sahnada,
G‘amginmidi, shodmonmidi — bilmasdim, valloh!
May ichmasdan mastday edim o‘sha lahzada,
Mening uchun qadah so‘zi aytilmishdir, voh!
Yangi zamon g‘unchalari, sizlarga salom,
Bitta ko‘hna mo‘miyoni siylamishsiz, bas.
Nabiralar ko‘rsatibdi menga ehtirom,
Demak, ushbu davrada men begona emas.
31.12.2007 y.

YOSHLIGIM

Olis qishlog‘imning ko‘chalarida
Tuproqni changitib yurgan yoshligim.
Janubning yulduzli kechalarida
Uxlamay xayollar surgan yoshligim.
Orzular qaygadir chorladi bir choq,
Ortda qolib ketdi u aziz tuproq.
Kimgadir shogirdu kimgadir o‘rtoq
She’r bilan suhbatlar qurgan yoshligim.
Tanidim yurtimni, qadim elimni,
Alisher so‘zlagan suluv tilimni.
Va lekin yovlarim to‘sib yo‘limni
Ne zabun kunlarni ko‘rgan yoshligim.
Dunyoda birovni kamsitmoq yomon,
Yomondir seniki bo‘lmasa zamon.
Topolmay bir chora, topolmay imkon
Yo‘lin yolg‘izlikka burgan yoshligim.
Shukur, to‘zonlarda qolmadim so‘lib,
Keldi xush davron ham shavqlarga to‘lib.
Endi ro‘paramda nabiram bo‘lib
Mardona qad kerib turgan yoshligim.
25.12.2007 y.

MULK

Sen meni kechirgin gaplarim uchun,
O‘rinsiz so‘zlarim uchun kechirgin.
Sening yuzlaringga boqib tunu kun
To‘ymagan ko‘zlarim uchun kechirgin.
Fikring menikidir, zikring meniki,
Menga taalluqli go‘zalliging ham.
Qolgan barcha mulking, mayli, seniki,
Ayt-chi, nima qoldi o‘zingga, erkam. 
10.01.2008 y.

IBRAT

Dunyoning ajoyib ibratlari bor,
O‘sha boshqaradi umr kemasin.
Do‘stiga mehrini etganda izhor,
Hech kim ko‘kragidan tepki yemasin.
Qanchalik balandga chiqmasin odam,
Aslo unutmasin Halloq — egasin.
Mayli gunohiga iqror bo‘lsa ham,
Savob ishin esa qildim demasin.
10. 01. 2008 y.

VAFO QILURMISAN, BAHORIM

Ruhimda yo‘qoldi qarorim,
Tanimda qolmadi madorim.
Bizlarni bir yo‘qlab kelibsan,
Vafo qilurmisan, bahorim?!

Yoz o‘tdi, kuz o‘tdi, qish o‘tdi,
Boshlardan sinovli ish o‘tdi.
Yurakka izg‘irin - nish o‘tdi,
Vafo qilurmisan, bahorim?!

Yam-yashil qirlarni sog‘indim,
Chechakzor yerlarni sog‘indim,
U inja sirlarni sog‘indim,
Vafo qilurmisan, bahorim?!

Lolaning lablari xandadir,
Dog‘i ham tubida - andadir.
O‘xshashi ruh ila tandadir,
Vafo qilurmisan, bahorim?!

Intiqmiz do‘st bilan, yor bilan,
She’r bilan, soz bilan - tor bilan,
Diydorlash bizningdek xor bilan,
Vafo qilurmisan, bahorim?!


YUZMA-YUZ

I

Kelingiz, do‘stlarim, keling, bir nafas
So‘zlashib olaylik ochiq, yuzma-yuz.
U yiroq istiqbol mavzumizdir, bas,
Demakkim, istiqbol borasida so‘z.
Kelingiz, do‘stlarim, keling, bir nafas
Shu ko‘hna daftarni ochaylik yana.
Erish tuyulmasin tashbihlarim, bas,
Hozir dabdurustdan deymanki: ana, —
Mamontlar to‘dasi chiqdi o‘rmondan,
Shimol ko‘chkiniday vahshiy va sarmast
Va lekin vahshiyroq to‘da har yondan
Bostirib keldilar guras va guras.
Yana to‘qnash keldi inson va hayvon,
Yana hayot uchun jang ketdi uzoq.
Yana g‘olib keldi vahshiy olomon,
Yana sho‘rlik mamont yengildi, biroq
O‘sha kun buzildi azaliy udum,
Uni inson o‘zi buzib tashladi.
Kunduzgi oshkora o‘g‘rilarday u
O‘ljasin uy-uyga torta boshladi.
Bizning boshimizni bog‘lagan zulmat,
Notiqlar tutaqib so‘kkan zulm, qon,
Dunyodagi neki yomonlik, kulfat,
Barchasi boshlangan edi o‘sha on...
Yo‘q, havas qilmayman maymunga hecham,
Ishtonsiz ajdodni qo‘msamoq nega?
Ammo o‘ljasini talashgan odam
Yo‘ldan adashganday ko‘rinar menga.
Men bir tajribasiz, g‘o‘r yigit, nechun
Adashding deyapman dunyoga, hayhot.
Abdulla, xanjarni o‘zingga urgin,
Sen o‘zing adashmay o‘sdingmi, nahot?!
Ha, yoshlikda men ham bir oz adashdim,
Qotil bo‘lganim yo‘q, ammo har qalay...
Dunyo ham bir vaqtlar mamont talashib,
Adashib ketgandi yo‘lidan menday.
U sho‘rlik ilk bora o‘rmonga qochdi,
Quldorning kaltagi qonatdi burnin,
Spartak bo‘lib so‘ng haqqin talashdi,
Zevs siymosida axtardi o‘rnin.
Mangu ekzotika — Rimni u qurdi,
Biroq tiyolmadi ko‘zda yoshini:
Yuragiga Sezar nayzasin urdi,
Chingizxon cho‘qmori yordi boshini.
Asrlar shundayin tentib o‘tdilar,
Yer uzra hukmron g‘am bo‘ldi faqat!
Kimlarki yaxshilik donin ekdilar —
Yomon deb nom oldi o‘zi oqibat!
Nahotki dunyoda haqsizlik mangu,
Nahotki odamzod qilingandir oq?!
Nahot o‘sha Freyd haq bo‘lsa, yohu,
Nahot qotil bo‘lsa o‘sib chaqaloq?!
Odamlar bir zamon eng buyuk ma’ni —
Yoshlik sofligiga qo‘yganlar sarhad.
Yoshlik sofligiga kim qaytmas, qani,
Adashgan yo‘lidan kim qaytsa, shu mard!
Yer yuzida kechgan zulmatu vahshat
Chekinar-ku oxir chirib va qarib.
Faqat U istiqbol — ul ezgu niyat
Insonga sofligin berar qaytarib.
...O‘jar muxoliflar, sal pastga tushing,
Og‘irroq bo‘ling sal, siz ham, jo‘ralar.
Ey, nozik o‘quvchim, uchmasin hushing,
Buyuk maqsad sari yetsa misralar.
Faryod solmang tag‘in, qizil gap, deya,
Elga farzand inson elning gapin der.
Sizga bir juft savol aylayin hadya:
Mavzuda nima ayb, g‘aliz bo‘lsa she’r?
Oson qutulamiz mavzudan ba’zan,
Xaspo‘shlab o‘tamiz, urra-urralab.
So‘ngra dod solamiz: — Falonu piston,
Quloqqa yoqmaydi deymiz — o‘sha gap.
Holbuki, o‘zimiz axtargan baxtlar,
Bo‘g‘zimizda turgan har ezgu armon —
Barchasi bir so‘zda jamlandi, agar
Yoqmasa topingiz boshqa biror nom!
Ha, men istiqbolni kuylayman, balli,
Unda xalq yo‘liga tugashar yo‘lim.
Biroq urralarni sevmayman hali,
Urra demoqlikka qisiqdir tilim!
Ba’zi odamlarni ko‘rsatib hali
Qiyindir sof inson, deya atamoq.
Garchi inson zoti bo‘lolmas pari,
Biroq hali bordir shaytonga o‘rtoq.
Qora bulut yog‘may ketsa-da magar,
Tiniq ko‘zgularga to‘shab o‘tar nam.
Hali osmonlarda bulutlar uchrar,
Hali nayzalar bor, ba’zan menga ham
Shundayin tikanlar sanchilar goho...
Shunda hamdard bo‘lar shirin mehnatim.
Do‘stlar davrasidan ketaman hatto,
Olis yulduzlarga ko‘char xilqatim.
...Yulduzlar, yulduzlar, siz mening uchun
Soflik va ma’sumlik bo‘lib yondingiz.
Borim shudir, deya jovdirab sekin
Oq ko‘ngil farzandim bo‘lib qoldingiz.
Yo‘q! Yo‘q! Men sizlarga termulib bedor
Falak safarini o‘ylaganim yo‘q.
Yulduzlar, men sizga boqqanda xumor,
Qalbimda yer ishqi bo‘ladi to‘liq.
Yulduzlar, bilmaysiz mening xalqimni,
Bundayin zahmatkash yer yuzida kam.
Yelda tinim bordir, unda yo‘q tinim,
Shunday ishparastdir u munisginam.
Men uni o‘ylayman tun-kechalarda,
Ona xalqim, deyman, mehrim oqar jim.
Ko‘zimga ba’zida ko‘rinsa janda
Ko‘nglim to‘lib ketar, ingrayman, xalqim...
Xalqim, moziy o‘tdi, tole ko‘rmading,
Pishirding o‘zingga benasib taom.
Kiygizding birovga, o‘zing kiymading,
Yulduzni kashf etib nom olding — avom!
O‘tganga achinmoq odatim yo‘qdir,
Behuda motamlar tekkandir jonga
Va lekin tosh otmay ilojim yo‘qdir
Furqatni badarg‘a etgan zamonga.
Meni kechiringiz, oddiy odamlar,
Sizni esga solar har mash’um taqdir.
Orangizda o‘tdi qancha furqatlar,
Bezgakka chalindi qancha Alisher!
Yer yuzida kezgan zulmatu vahshat
Chekinar-ku axir, pok bo‘lar dunyo!
Faqat U istiqbol — ul ezgu niyat
Xalqimga baxtini aylar hadya.

II

Mezonlar uchmoqda, havo billurdan...
Yana hislarimga kel, deb yolbordim.
Xazonlar to‘kildi, men ham qalbimdan
Badbin o‘ylarimni quvlab yubordim.
Ajoyib fasl bu: o‘ychan, barkamol —
Qizday ma’yusgina turadi kuylab.
Men kuzni sevaman, kezarkan xushhol
Oltin O‘zbekiston tuprog‘i bo‘ylab.
Bo‘g‘zimga hislarim tiqilar yana,
Tanho tentirayman, bilmayman, nechun.
Kuylagim keladi, tunlar jimgina,
Gulgun shafaqlarning sog‘ligi uchun.
Kumushrang yo‘llarda ot surib yursam,
Shimirsam shabnamdan, kuylasam sarmast.
So‘ngsiz vodiylarga termulib tursam,
Beparvo ohuda qo‘zg‘azam havas.
Ammo kechalar men kezsam-da bedor,
Ohular qo‘ynimga kirsa-da qizdek,
Mening nigohimni tortadi takror,
Million egatlarga sochilgan o‘zbek.
Garchand paxtazorga boqaman men ham
Va lekin dilimda tashvish bor mening.
Mayliga, sho‘x qo‘shiq yangrasin tilda,
Rangpar singilginam, o‘ylayman seni.
Kuzgi rayhondayin ma’yus o‘sding sen,
Tabiat bermadi bilagingga kuch.
O‘zingday odamga qalliq tushding sen,
Na sog‘liq, na yordan yalchimading hech.
Men seni o‘ylasam, singlim — rangparim,
Goho to‘lg‘onaman so‘zsiz, hasratda.
Sen unda ter to‘ksang, singlim, jigarim,
Men nechun yuraman axir ishratda?!
Yo‘q, rangpar bo‘lmasin hech kim ham, yo‘q, yo‘q!
Singillar polvonday yursinlar bardam.
Va lekin tabiat bermaydi huquq
Polvon deb ularni unutmoqqa ham...
Sening qatoringda ona xalq bordir:
Sen kabi mehnatkash, sen kabi suyuk.
Uning tashvishini unutmoq ordir,
Uni unutganlar — to‘nkadir, kuyuk.
Singilga — xalqimga boqsam doimo
Ulug‘ kelajakni ayladim orzu.
Dedim: Istiqboldan baxt topar dunyo.
Dedilar: go‘dagim, to‘g‘ri yo‘ling shu.
Ko‘limdan tutdi-yu, shu ulug‘ imon,
Mening ham ko‘nglimda jo‘shdi tilagim,
Ammo ba’zilarga duch kelsam bir on
Achchiq iztirobga to‘lar yuragim.
Rost-da, birovlarni etadi shaydo,
O‘z aybi turganda o‘zga bir chiroy.
Kulgu arimasin lablardan, ammo —
Taqdir erkalatdi bizni har qalay...
Sokin kechalarda kelar yodimga
Qanchalab juvonmarg yigit qismati.
Deyman, qani yonsa avlod qonida
O‘sha otalarning buyuk shiddati.
Xudbin tengdoshimga qarayman g‘amgin,
Ko‘lmak davra ko‘rsam ezilar ko‘nglim.
Xalqim, kelajaging o‘shalarmikin,
Xalqim, shundaylarga qolmasin kuning.
Men o‘zim nimaman? Aslida, balkim
Eng no‘noq odamdan no‘noqman, faqat,
Faqat bir narsani yashirmas qalbim:
Mening yuragimda bordir Muhabbat!
Seni, ona xalqim, sevaman jondan,
Sening tashvishingni tashvishim deyman.
Nima qilolardim? Foydam kam garchand,
Biroq men o‘zimcha g‘amingni yeyman.
Dildan quvonaman, qirlarda poda —
Yag‘rini yaltirab yurganin ko‘rsam.
Dildan quvonaman, toshloq yerlarda
Bug‘doyzor shovillab turganin ko‘rsam.
Suyunib ketaman maktab boladay.
Sonsiz mo‘rilarda ko‘rarkan tutun.
Ana, tanish uyda dog‘ bo‘lmoqda moy,
Shivirlayman: — Singlim, nasibang butun!
Kuylab zamondoshning qaddu kamolin
Erkinning sho‘x sozi taratsa jarang,
Deyman, U istiqbol — ul munis tole
Xalqimga sho‘x qo‘shiq bermoqda, qarang.
To‘yu to‘yxonani ko‘rsam, hamma vaqt
Ulug‘ zamonaga aytdim shukrona.
Ammo inson umri to‘y emas har vaqt,
Olddadir hali eng go‘zal zamona.
Istayman, qora rang qolmasa jinday,
Istayman, botmasa shu rangin quyosh.
Akaning singilga achinganiday
Inson inson uchun to‘ka olsa yosh.
Ona xalq baxti deb har vaqt, har qachon,
Istayman, bir safda tursa odamlar.
Sokin kechalarda qalbni nogahon
Qurshab olganida shunday ohanglar —
Sizga talpinaman, odamlar, yana,
O‘tmish muhabbatga talpinganday jon.
Ammo ba’zi mahal qolaman yakka
Sevgisi rad bo‘lgan yosh Vertersimon.
Yo‘qol, ey behuda mag‘rurlik hissi,
Yo‘qol, ey behuda samoviy damlar.
O‘zimni sizlardan ajratsam, so‘zsiz
Tavajjuh etmangiz deyman, odamlar!
Do‘stlarim, men sizga talpingan damda
Qalbimda bo‘ladi yolg‘iz bir ra’yim:
Xiyonat bo‘lmasa deyman hech kimda,
Do‘stlarning imoni but bo‘lsa doim.
Deydilar: dunyoni kurash aylar bir,
Inson jang-jadalda bo‘lar juftu toq.
Axir qon oqishi shartmikan, axir,
Bu kurash qaysi bir jangdan osonroq?!
Deymizki, olamni bug‘doyzor bossin,
Yer yuzida faqat yangrasin kulgi.
Axir, bug‘doyzorning o‘zi unmaskim,
Dildan kula bilish oson emas-ku.
Ha, buyuk jang bu ham, qoshida xomush —
Ne o‘jar odamlar bosh egmoqda jim.
Shu metin saflarni kim buzolur, xo‘sh,
Shu ezgu kurashdan chetda turar kim?!
Qani, hey do‘stlarim, tinglangiz so‘zim,
Bir so‘zkim, oddiydir, haqiqatsimon.
Deymanki: Istiqbol — tarixning o‘zi, —
Kelmoqda kimga do‘st, kimga beomon.
Hayqiryapman hozir... Ba’zida lekin
Zaif shamollarga bo‘ysunar sozim.
Yuragim, yuragim, mittisan-ku, sen,
Hayqirish aslida sengami lozim.
Bilaman, ortimdan kimdir o‘qrayib,
Qarab o‘tiribdi xuddi shu zamon.
Qani, hey, bu yo‘ldan bo‘lmasin toyish,
Qani, hey, Istiqbol, yangra beomon!
Mayliga sozimni sevmas davralar,
Oshiqlar satrimdan chekmaslar faryod.
Mening xayolimni hozir yetaklar
Faqat Istiqbolni eslatgan hayot.
Ana, yo‘l chetida borar qurilish,
G‘isht teruvchi yigit dorbozday yurar.
Otga qamchi urar kerosinfurush,
Bir kampir engashib ko‘cha supurar.
Ana u tanish joy — anhor qirg‘og‘i,
Pivoga ko‘p xumor talaba do‘stim,
Men sening ismingni bilmayman, soqiy,
Buyur men uchun ham mayli bir juftin.
Ularga boqaman, qalbimda o‘qtin
Bir xushnud hissiyot ko‘tarar yelkan.
O‘zgalarning g‘ami yig‘latsa, nechun,
Nechun iqbollari quvnatmas ekan?!
Axir insof bilan o‘ylasang-ku, rost,
O‘shalardir bugun sohibi zamon.
Hech kimning hech kimdan tili qisiqmas,
Chegaradir faqat insof va vijdon.

* * *

Qani, hey, do‘stlarim, tashlang bir qadam
Shu ezgu Istiqbol himoyasiga.
Men sizni kutaman, ushbu she’rim ham
O‘shanda yetadi nihoyasiga!

1964

SAROB

Olti oykim, she’r yozmayman, yuragim zada,
Olti oykim o‘zgalarga tilayman omad.
Olti oykim, do‘stlarim ham pana-panada
Iste’dodim so‘nganidan qilar karomat.
Nimanidir axtaraman — she’rdan ham ulug‘,
Nimanidir axtaraman — nondan azizroq.
Dunyo o‘zi bepoyon-ku, ranglarga to‘lug‘,
Biroq mening ko‘zlarimdan ranglar ham yiroq.
Injiq ruhim may istaydi gohi-gohida,
Faqat uning og‘ushida topaman orom.
Xayollarim sarxush bo‘lib kezgan chog‘imda
U bearmon kunlarimga qaytaman tamom.
Ko‘z oldimda kiprikdayin tizilar yillar,
Har biriga marjon bo‘lar achchiq unlarim.
Xira tuman orasida cho‘g‘day miltillar,
Jayron quvib jayron yanglig‘ o‘tgan kunlarim.
O‘shanda ham bo‘lar edi osmonu adir,
O‘shanda ham kezar edik shundoq yalang bosh.
Bilmas edik kitob nima, shahar nimadir...
Enagamiz tunda oyu, kunduzi quyosh,
Quyundayin charx urardik doim to‘zonda,
Chang neligin bilmas edik o‘sha mahali.
Onamizni o‘ylar edik inson deganda,
Ammo ona tanholigin bilmasdik hali.
Balolardan asrar edi o‘zi tabiat,
Boshimizga sochar edi beminnat ziyo.
To‘nkarilgan osmon osti — shu sirli xilqat
Bizning uchun ham kulba-yu ham buyuk dunyo.
Kunlarimiz jilg‘alarday o‘tdilar oqib,
Maktab bordik — og‘ir bo‘lib qoldik daf’atan.
Devordagi arslon yolli kartaga boqib,
Sekingina shivirlashdik: mana shu Vatan!
Vatan! Mening bor qismatim shu bir so‘zda hal,
Balki men ham baxsh eturman unga jon-tanni.
Lekin do‘stlar, rostin aytsam, men o‘sha mahal,
Jondan ortiq sevar edim ona-Vatanni.
Do‘stlik bilan bir butundir, derdilar dunyo,
Men ham mangu do‘stlik uchun ichardim qasam.
Tayyor edim Rahimovday bo‘lgali fido,
O‘ylar edim, do‘stlar uchun jangga yarasam.
Ko‘z oldimda shu qadarli pok edi olam,
Go‘yo nurdan yaratgandi inson degan zot.
Ha, onamni o‘ylar edim inson degan dam,
Yo‘q, maymundan tarqamagan derdim odamzod.
Bu dunyoda alam bo‘lmas, bo‘lmas deb firoq
Dasta-dasta kitoblardan o‘qirdik ta’lim.
Ravon yo‘llar qarshingizda turibdi mushtoq,
Derdi bizga harf o‘rgatgan yosh bir muallim.
Olis janub tortganiday qushcha yuragin,
Yiroqlarga yetakladi meni bir suron.
O, Abdulla, ko‘zlaringni ochib qaragin,
Kim aytadi bu dunyoda yo‘qdir deb bo‘ron.
Yillar ona quchog‘idan oldi-ku yulib,
Savdolarga urdi meni murg‘ak yoshimdan.
Bir mahallar quyundayin yurardim yelib,
Endi bo‘lsa u aylanar mening boshimdan.
She’r izlayman bu kun Toshkent ko‘chalarida,
Sekingina zirqiraydi beorom qalbim.
Men umrimning bu suronli kechalarida
Na bir taskin topa oldim, na she’r topoldim.
Yuragimga bir mahallar kirgan tuyg‘ular
Endi sendan ketgaymiz deb so‘raydi javob.
Meni bir zum hol-jonimga qo‘ymaydi ular,
Qo‘ymaydilar, va’dalaring chiqdi deb sarob.
Ko‘z oldimda sobit turar faqat shu Vatan,
Kulbasi ham kenglik qadar chulg‘aydi meni.
Tuyg‘ularim faqatgina unga berar tan,
Yurtim, men ham umrim qadar sevgayman seni.
Men ham sening quyoshingda o‘sib-ulg‘aydim,
Qarzdorman, tuprog‘ingda qoldirdim izlar,
Ammo ayting, qayda qoldi u yoshlik paytim,
Kayda qoldi men ishongan u o‘zga hislar.
Ta’na qilmay axir sevgim mukofotini
Inson uchun ming otashda kuyar edim men.
O, qanchalar sevar odim inson zotini,
Qanday buyuk muhabbat-la sevar edim men.
Bugun to‘nib, atrofimga qarayman sekin,
O‘t berolmas qalbga endi u yoshlik damlar.
Men insonni bir insonday sevardim, lekin
Nechun ko‘pdir haligacha razil odamlar.
Qaylardadir hamon kezar zulmat timsoli,
Qaylardadir hamon tinmay oqmoqda-ku qon.
Qo‘zlarimga goh ko‘rinar telba misoli
Men bir vaqglar sajda qilgan hazrati inson.
Qaylardadir fisqu fasod, hasad, xusumat,
Insoniyat farzanddarin tortmoqda dorga.
Gar bor bo‘lsang javob ber, ey ilohiy qudrat,
Nahot go‘dak ishonchini yozibsan qorga?!
Olti oykim, ruhim shunday uchmish tanadan,
Olti oykim, meni xayol ezar beomon,
Olti oykim allakimlar pana-panadan
Tosh otadi darvozasiz qalbimga tomon.
Shovqin to‘la ko‘chalarda kezaman tanho,
Yana she’rim yuva boshlar dildan g‘amimni,
Xayollarning girdobida qolganda ammo
Alam bilan xotirlayman muallimimni.
Xazon to‘la bog‘chalarga boraman, tag‘in,
Yana o‘zni xayol ila she’rga tashlayman.
To‘nib qolgan yuragimga berib bir taskin
Yana quvnoq qo‘shiqlarni kuylay boshlayman.
Ne tong, axir farzandmiz-ku shu zamonaga,
Axir ona siynasidan farzand tonolmas,
Qo‘l ko‘tarib bo‘larmidi axir onaga,
Zotan, unga qo‘l ko‘targan — farzand sanalmas.

1966

BAHOR

Yana bahor keldi. Yana olamda
Ajib bir go‘zallik, ajib bir bayot.
Men seni qutlayman shu ulug‘ damda,
Ulug‘ yelkadoshim, muzaffar hayot!
Tashbih axtarmangiz ushbu g‘azaldan,
Naqd joyda nasiya ne kerak asli.
Ayon bir xislating bordir azaldan,
Seni atamishlar uyg‘onish fasli!
Yellar ham uyg‘ondi ishqalab kaftin,
Oftob ham yuksaldi — tik kelar quyosh.
Tog‘lar ham yuk tashlab ko‘tardi kiftin,
Bezavol maysa ham silkitadi bosh.
Tarnovlar bo‘g‘zida lola ham ko‘rkam,
Terak uchlarida izg‘ir mavjudot.
Hattoki tuyg‘usiz, chirik xazon ham
Yashil po‘panakdan bog‘labdi qanot.
Hovliqma jilg‘alar chopar beega,
Qushlar qiy-chuviga to‘lmish dala, bog‘.
Sening visolingdan quvonmay nega,
Bahor, sog‘intirding axir ko‘p uzoq!
Yaldo kechasiday rutubatli qish
Soldi ruhimizga og‘ir bir surur.
Sen kelding, uyg‘ondi yana sho‘x olqish,
Yig‘lagan ko‘zlarga tushgan kabi nur.
Ha, mangu zavollik bo‘lmas olamda
To suyin socharkan abri naysonlar.
Men sizni eslayman ammo shu damda,
Manguga ko‘z yumgan aziz insonlar.
Azaliy hukmini o‘qidi hayot, —
Necha bor samo ham ko‘mdi quyoshin.
Iqboli sajdagoh bo‘lganlar, hayhot,
O‘zlari tuproqqa qo‘ydilar boshin.
O‘n oykim, so‘nmishdir u tanish na’ra*.
Hamon firog‘ida fig‘on chekar Shosh.
Bahor kelayotir, bosh ko‘tar, qara,
O, surur kuychisi, dongdor zamondosh.
Hamsuhbat bo‘lmadim (kim edim zotan),
Tavob ham qilmadim gulshan makoning.
Lekin she’r bahosi muxlisgadir tan,
Qanday cheksiz edi ruhiy poyoning!
Bugun-chi, ne kezar o‘tli qoningda!
Evoh, unda na she’r, na may, na safo.
Bu qanday muloqot? Ne hol? Yoningda
Joy olmish o‘zga bir suyukli daho.**
Baqiyos edi u she’r lochini!
Xayoli bamisli Ko‘ragoniydek.
Gar tarix evrilsa, shuhrat tojini
Unga kiygizardi Sulton Ulug‘bek.
Balxdan horib qaytgan Alisher misol
Endi to‘lg‘izgandi cho‘kkan dovotin.
Ketdi bir pok siymo, teran bir xayol,
Qoldirib dunyoda hech o‘chmas otin.
Baqo-yu bebaqo ayon buyuklik
O‘tdi so‘nggi damda bosh egib quyi.
Faqat bilganidan qolmas tiriklik,
Mana, gulga cho‘mmish Chig‘atoy bo‘yi.
Bu sokin elda ham ivirsir bahor,
O‘chgan xotiralar chirog‘in yoqib.
Qarayman, qabrlar yastanmish qator,
Ma’sum binafshadan sirg‘alar taqib.
Kimningdir ko‘ksiga engashgancha gul
Marmar sag‘anadan o‘qib turar bayt.
Bahor, qatra yoshim aylagil qabul,
Onam boshiga ham bordingmikan, ayt?!
Uning oromgohi bundan olis joy,
Olisda yotibdi mening panohim.
Bugun ketganiga to‘libdi besh oy,
Besh oykim ko‘ksimda yonadi ohim.
Faryod chekkanim yo‘q el ichra taqir,
O‘ch ham olmadim men o‘z qalamimdan.
Onajon, onajon, kechirgil axir,
Shodlanmasin dedim birov g‘amimdan.
Dunyodan ketmasin hech kim bemahal,
Hech kimni bosmasin nogahon o‘kinch.
Ammo o‘z boshiga kelmaguncha gal,
Onajon, tosh qalblar turarmidi tinch.
Kuylarman xotirang balki vaqt yetib,
Bir umr o‘rtanur lekin tanda jon.
Suronlar yo‘limda turibdi kutib,
O‘zing qo‘lla endi meni, onajon.
Bugun atrofingda bahordir balki,
Balki shabnam ichra g‘arqdir hazin tosh.
Maysalar tengrangda qatordir balki,
Lekin sen yotasan ko‘tarolmay bosh...
Bunchalar qattolsan, o sirli olam,
Bunchalar bedilsan, bepoyon xilqat.
Sening hikmatingning so‘ngi-ku odam,
Nahotki shunga ham qilmaysan shafqat.
Maysa ham uyg‘onar qayta qish o‘tib,
Zarracha bo‘lsa ham bir himmat unga.
Nahotki eng ulug‘ farzanding ketib,
Boshin ko‘tarolmay yotsa manguga.
Onamni so‘rayman sendan erta-kech,
Qaytar deb so‘rayman chok etib yaqo.
Lekin mening dardli savolimga hech
Javob berolmassan, o, soqov daho!
Javob olabildi hech kim ham zotan:
Na sulton, na gado, na shoh, na faqir.
Kim qancha quvmasin sening ortingdan
Bir uyum tuproqni ko‘rsatding axir.
Hayot talvasasi tinmagay, ammo
Mangu boqiy qolur Inson va Xayol.
Meros atalmagay barchaga fano,
Kismat atalmagay har kimga zavol.
Faqat o‘tmish bilan yashamas inson,
Garchand bo‘lolmaydi undan hech ozod...
Kechagi g‘amini o‘ylasa obdon
Bukchayib qolardi bugun odamzod.
Ketgan azizlarni xotirlab goho,
Mayliga, chekaylik bir zumgina oh.
Hayot tantanasi boshlanmish, ammo,
Do‘stlar, nur vasliga tashlaylik nigoh.
Shu buyuk oftobning mukofotini
E’zozlab qo‘yaylik aytib shukrona.
Dildan o‘chiraylik g‘amning otini,
Bahor ham baxt kabi axir yagona.
Bu kun she’ri chiqqan shoirday dunyo
Jilmayib qo‘yadi barchaga masrur.
Temurbek gumbazin qo‘ynini go‘yo,
Yoritgani kabi bir lahzalik nur.
Dilbar kelinchakning ko‘ksida g‘ulu,
Zardolu shoxiga tashlar ko‘z qirin.
Barg aro shu’lalar kaftlarmikan u...
Bahor tetapoya go‘dakday shirin.
Yuksak arg‘uvonning uchida hilol
Paxmoq bulutlarni etadi nimta.
Qaydadir shoira kuylaydi behol:
— Ko‘nglim ham bu kecha oyday yarimga...
Uvada kamzulda billur tugmaday
Bulutlar ortidan boqadi yulduz.
Qaydadir yurtini eslab ingrar nay,
Qaydadir qo‘zigul yoradi ildiz.
Qaydadir gulshandan axtarib visol
Yel kezar — tog‘larning go‘zal arvohi.
Shoirning dilrabo baytlari misol
Oh tortib tizilar turnalar gohi.
Qizg‘aldoq bargidek uchar dildan g‘am,
Toshqinlar kiradi qalbimga manim.
Bahoring muborak bo‘lsin ushbu dam,
Mening O‘zbekiston — dilbar Vatanim.
Faqat sen qalbimga cho‘ktirmay malol
Charchagan ruhimga ilhom solursan.
Bahor ham, umr ham o‘tar ehtimol,
Faqat sen dunyoda mangu qolursan.
________
* G‘.G‘ulom ko‘zda tutilgan.
** M Shayxzoda ko‘zda tutilgan.

1967


ARMANISTON

Vatanim quyoshga ko‘ksini ochib,
Osiyo qo‘ynida yashnagan bo‘ston.
Men bu kun daryolar, tog‘lardan oshib,
Quchog‘ingga keldim, go‘zal Hayaston.
Bir yoningda turar oqsoch Ararat —
Tog‘lar tasbihining gavhar donasi.
Nima ham der edim, go‘zalsan faqat,
Ey, sen arman yurtin g‘amgin onasi.
Bir yoningda esa Sevanday bahr,
Misoli bulutlar ichida qamar.
Arman hasratlari bari bundadir,
Bundadir Majnunning do‘sti Ohtamar*.
Bunda Sosun o‘g‘li kezib yuribdi.
Otdan tushgan emas hamon fidoyi.
Ming yillik g‘amlardan so‘ylab turibdi
Garni xarobasi, Zvartnots joyi*.
Go‘zal Armaniston, ey qadim diyor,
Ey, Odam Atoning o‘gay bolasi.
Qancha ko‘p darbadar farzandlaring bor*,
Barining ko‘ksida o‘kinch, nolasi.
Uch bo‘ston bulbuli Sayat Navo bu,
Qo‘lida sozi-yu, qalbida alam.
Tumanyan yurtim deb chekkanda qayg‘u,
Arman qismatiga yig‘ladi olam.
Charents ta’nalardan hayiqmay taqir,
She’riyat ko‘kida ko‘tardi yalov.
Hayhot, bu zotni ham yondirdi oxir,
O‘zi muqaddas deb sig‘ingan olov.
Go‘zal Armaniston, meni afv et,
Da’vom yo‘q shuhrating ovozasiga.
Sen bilan turibman bu kun betma-bet
Bosh urib Yerevan darvozasiga.
Buyuk fojiangning guvohi erur
Jahon puchmog‘ida har yetti taraf.
Yo‘l usti senga ham qo‘ngandi Temur,
Seni mutab yotdi necha yil arab.
Afsona oshig‘i buyuk Iskandar
Saroylaring buzdi ermakka faqat.
Dunyoga to‘zg‘iding bamisoli par,
Na Saljuq, na Chingiz qilishdi shafqat.
Toziga chap berib qochgan har tulki
Arman tuprog‘ini bo‘yadi qonga.
Bosqinchi so‘zining ma’nosi shulki,
Nonga to‘yganda ham to‘ymas makonga.
Tarix deb atalgan qismat bu, axir,
Qoshida yuztuban hattoki xudo.
Kimni u kamsitib, etmagan tahqir,
Kimni u yurtidan qilmagan judo.
Mening ham vatanim janglar guvohi,
Mening ham tuprog‘im toptalgandi xor.
Mening ham ruhimda ajdodlar ohi,
Mening ham qonimda qilich zangi bor,
Minorlar emas bu — falakka qasam,
Kasoskor bobolar ketmishlar sanchib.
Men tortgan g‘amni ham bir-bir sanasam,
O‘lik fir’avnlar ketarlar sapchib.
Yaxshiyam necha bir zamonlar o‘tib,
Ko‘rdik vatanimiz ozod, muzaffar,
Go‘yo ta’na toshin sanog‘i bitib,
Tarix sopqonidan tushgan kabi zar.
Yaxshiyam zamonlar dasturxonida
Barobar turibmiz ta’mi bir tuzdek,
Yaxshiyam quyosh bor tole tongida,
Arman may shishasi uzra yulduzdek.
Go‘zal Armaniston, ey qadim diyor,
Ezgu ehtiromim qabul et jondan.
Sen qancha bo‘lmagin suluv va dildor,
Yurt izlab kelmadim O‘zbekistondan.
Men bir kezib yurgan kuychi shoirman,
Ne tong, Hayastonga kelibman bu kun.
Baxtni kuylamoqqa ancha mohirman,
G‘amni kuylamoqqa tillarim tugun.
Tashna bu ruhimga she’r bo‘lib kirdi.
Moviy daralarda asrlik tuman.
She’r meni chamanlar sayriga burdi,
Sargashta etgan ham o‘sha “yosuman”.
Xayr, Armaniston, ey, go‘zal diyor,
Xayr, Nairining tonggi salomi.
Xayr, Sevan ko‘li, pok va beg‘ubor,
Xayr, mangu o‘lmas arman kalomi.
Ezgu tilaklarim sen uchun bo‘lsin,
O‘tmishing qadarli boqiy bo‘l, bor bo‘l.
Yiroq farzandlaring bag‘ringga to‘lsin,
Bariga ona bo‘l, singil bo‘l, yor bo‘l.
Doim mag‘rur tursin Garnida Keg‘art*,
Ohu to‘dalari kezsin mardona.
Menday horg‘in yo‘lchi kelganda faqat
O‘zingni begona tutmagin, ona.
_________
* Ohtamar — majnunsifat oshiq obrazi.
* Garni, Zvartnots — qadimiy ibodatxonalarning xarobalari.
* Arman xalqining katta bir qismi tarix taqozosi bilan butun dunyoga sochilib ketgan.
* Keg‘art — armancha yo‘lbars degani. Garnida shunday haykal ham bor.

1967


YURTIM SHAMOLI

Yo‘llarda yeldirim misoli yeldim.
Yellar vodiysiga boshladi havas.
Yelvagay Hisorning bag‘riga keldim,
Sen esding — taraldi siym tanda atlas,
Sen esding — ochildi yorning jamoli,
O, yurtim shamoli, yurtim shamoli.

Men-ku bu dunyoda bir zori visol,
Karbalo dashtida Majnun sifatman.
Shamollar ichida men ham bir shamol,
Chechaklar atridan men ham sarmastman.
Lekin sen ruhimning mangu xayoli,
O, yurtim shamoli, yurtim shamoli.

Qancha shamollarga yuzimni burdim,
Ulardan esdilar turfa xil nafas.
Ularda goh qayg‘u, goh shodlik ko‘rdim,
To‘xtamay o‘tdilar bari ham bir birpas.
Faqat qayg‘ulardan sen o‘zing xoli,
O, yurtim shamoli, yurtim shamoli.

Shamollar esgandir ushbu dunyoda,
Shamollar goh quyun, gohida dovul.
Ular goh oshkora, goho ro‘yoda
Qancha bo‘stonlarni sovurgan butkul,
Lekin sen bo‘lmagin bog‘lar zavoli,
O, yurtim shamoli, yurtim shamoli.

Esgin, ey, bog‘larning jamoli kulsin,
Moviy nafas bilan to‘lsin etaklar.
Uchqur qo‘shiqlarga bu olam to‘lsin,
Sha’ningga shoirlar aytsin ertaklar.
Esgin, Vatanimning taralsin boli,
O, yurtim shamoli, yurtim shamoli.

Meni chorlayotir oliy bir jamol,
Bilmasman, oh, unga qachon yeturman.
Bu gulshan vodiyda men ham bir shamol,
Shamol kabi kedtsim, shundoq keturman.
Lekin Abdullaning boqiy kamoli,
O, yurtim shamoli, yurtim shamoli.

1969


OLOMONGA

Mashrab osilganda qayoqda eding?
Cho‘lpon otilganda qayoqda eding?

Surishtirganmiding Qodiriyni yo
Qalqon bo‘lganmiding kelganda balo?

Hukmlar o‘qilur sening nomingdan,
Tarixlar to‘qilur sening nomingdan.

Nimasan? Qandayin sehrli kuchsan?
Nechun tomoshaga bunchalar o‘chsan?

Qarshingda hasratli o‘yga tolaman,
Qachon xalq bo‘lasan, ey sen, olomon?!

1980

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.