background
logotype

Abdulla Sher (1943)

 Abdulla Sher (Sherov Abdulla) 1943 yil 5 avgustda Toshkent viloyatining Chinoz tumanida tug‘ilgan. ToshDUning jurnalistika fakultetini tamomlagan (1970). Ilk she’rlar to‘plami - «Ko‘klam tabassumi» (1973). Shundan keyin shoirning «Alyor» (1977), «Atirgul soyasi» (1979), «Roz» (1980), «Kuz hiloli» (1983), «Qadimgi kuy» (1987), «Nuqtadan so‘ng» (1989), «Toqat» (1997) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan. «Axlokshunoslik» (2003) o‘quv ko‘llanmasi ham bor. Bayronning «Don Juan» she’riy romani, K. Kaynening «Olmoniya» dostoni va «Qo‘shiqlar kitobi»ni, A. S. Pushkin, A. N. Nekrasov, A. Axmatova asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

ERK

Qog‘ozga aylandi soxta romanlar,
Qochdilar yasama qahramonlarim.
Qaytadan tirildi yaxshi-yomonlar,
Ahuramazdayu ahrimanlarim.

Qaytadan yangragan qadim ohanglar,
Eslatar yurakning tug‘ilgan kunin.
So‘zim yerga tushsa — tuproq jaranglar,
Osmonga chiqsa u — olovli junun.

Asrdan-asrga silkitib qanot,
Erkinlik Humoyi boshimga qo‘ndi.
“Men!” degan so‘zimga baxsh etib hayot,
Qadimiy g‘ururim bug‘doydek undi.

Kufr ko‘zoynagi yitib ko‘zimdan,
Beg‘ubor tomonga yana tikildim.
Yana hikmat yangrab erkin so‘zimdan,
O‘zimni olamga xalifa bildim.

Va lekin bu baxtga yetmadi, hayhot,
Qanchalab arslonim, qanchalab alpim!..
Bugun pok ruhlarni aylagancha yod,
Asrga qo‘shilib yosharar qalbim!

TARJIMAI HOLIMDAN PARCHA

Asrni asrga ulab bir qatim —
Umr deb atalgan chayir ip bilan,
O‘zni ayamadim, so‘zni ayadim,
She’rni gul deb bildim, kitobni — chaman.

Zamondan zamonga o‘tarkan, yo‘lda
Qullikdan, hurlikni farqlab ololdim.
So‘zdan o‘stirganim har bitta gulda
Bahorning rangini saqlab qololdim.

* * *

Men qayta tug‘ildim Oybek o‘lgan kun,
Va “Cho‘li iroq”ni yig‘lab eshitdim.
Jonim charsilladi, sachradi uchqun,
Umrimni olovga ilk bor esh tutdim.

Shu-shu bir manzara tinch qo‘ymas hamon,
Oybekni ko‘raman cho‘li iroqda.
Shom qo‘nar. G‘urubda tashnalab karvon,
Daryoni qidirib yurar qirg‘oqda.

Chayqalar, chayqalar sarbonsiz to‘da:
Tovush va lekin yo‘q erur so‘zlar.
Tun jimjit. Sahro jim. Olam uyquda.
Oybekda to‘xtaydi ilohiy nazar.

Shu zam bulut ochar oyning yuzini,
Yulduzlar jaranglab aytadi takbir.
Qumga tushib qolgan Oybek izini,
Avaylab silaydi qudratli taqdir.

* * *

Ulug‘ baxtdir, do‘stim, yashamoq,
Quvonch bir yon, qayg‘ular bir yon.
Goh quyoshdan chiroq yorug‘roq:
Goh sargardon, gohida giryon...

Tark etmaydi seni tuyg‘ular,
“Duk-duk” urmas ularsiz yurak:
Goh orzudek kuylaydi suvlar,
Goh umiddek shildirar terak.

Goh chiroqning boshini egib,
Chaqirasan yulduzni, oyni:
Mangulikning jig‘iga tegib,
Ulug‘laysan oniy chiroyni.

Sen baxtlisan, baribir, do‘stim:
Yonginangdan yozu kuz o‘tar.
Shamol bilan shivirlashgan sim,
Havas bilan seni kuzatar...

* * *

Ko‘nglim mening quyoshdek yorug‘,
Ko‘nglim mening oy kabi go‘zal.
Men qorga ham sepaman urug‘,
Qadamimdan uyg‘onar hamal.

Bu dunyodan sizlab olganim,
She’r atalgan qadim navodir.
Yulduzlardan tilab olganim —
Osmon isi misramga jodir.

Asli osmon o‘g‘liman. Shunday.
Lekin yerda tug‘ildim, do‘stim.
Ko‘kdan tushgan qutlug‘ uchqunday,
Gulxan bo‘lib zaminda o‘sdim.

YOR VISOLI

Dunyo keng-u ko‘pdir yo‘llari,
Bir yo‘ldamiz, lekin ikkovlon.
Yo‘l boshida bahor gullari,
Imlab turar bizni baxt tomon.

Visol shavqin yonib totamiz,
Bo‘ron turar har bir mushakda.
Ikki quyosh bo‘lib yotamiz,
Oy nur to‘kkan oppoq to‘shakda.

Tongda sayrab uyg‘otar qushlar,
Bir juft qush deb ikkovimizni.
Kunduzdagi sovuq tovushlar,
O‘chirolmas olovimizni.

Tunda yonib boqamiz tag‘in,
Vujudimiz aylanar ko‘zga.
Yaqinmizki, shu qadar yaqin,
Oramizda joy qolmas so‘zga.

NILUFAR

Eh, nilufar! Yashaysan nek baxt,
Suvni sevib, suvga botmasdan.
Qulf urasan yuzada har vaqt,
Bir chuqurroq tomir otmasdan.

Senga o‘xshash men sevgan barno,
Kuydirmajon — kuydirar har kech:
Qulf urar-u qo‘ynimda, ammo
Yuragimga kirib bormas hech.


* * *

Men shoirman, Yegishe Charents... 
Charents


Men shoirman, men - Abdulla Sher, 
Barloslarning sarkash farzandi. 
Aytgil Osmon, aytgil ona - Yer: 
O’z asrimga menmi asrandi?!

Dedilarki: «Zo‘rdir ganj kuchi, 
Egilib ol, unda shon, mulk bor!» 
Egildimu, qalamim uchi 
Yuragimga qadaldi ilk bor.

La’nat aytib bunday ustozga, 
Tutdim, shunday, yo‘llar baridan. 
Ko‘klamlarni yetaklab yozga, 
Chiqmoq bo‘ldim Vaqtning qa’ridan.

Yuksaklar deb yondim oshufta, 
Somon yo‘li hushimni oldi. 
Ammo kiprik sanchilgan shiftda 
Chatnab ketgan yosh yulduz qoldi.

Qah-qah urdi umr bo‘shlig‘i 
O’t qo‘yganda orzuga armon. 
Yallig‘langan yillar qo‘shig‘i 
Yondiradi bo‘g‘zimni hamon.

Men yonaman: na yov, na do‘stim 
Qoraytolgan ufqimni yerda. 
Men olovman: zulmatni to‘sdim, -
Vatanim deb cho‘g‘landim she’rda!

QADIMIY KUY

Men olis chorlovga tutaman quloq, 
Ohanglar ruhimni charxlab yashaydi. 
Ular, go‘yo bizga ishonib, bir choq 
Bobolar qoldirgan nomga o‘xshaydi.

CHANG

Men ham tuproq edim,
Yer edim:
Baxtliman, ulug‘man, zo‘rman,
Der edim.
Va lekin
Odamlar bosdilar, ezdilar,
Tariximni buzdilar;
Endi ijirg‘anib quvarlar
Mashriqdan, Mag‘ribdan,
Machitdan, mehrobdan,
Artarlar, chertarlar, yuvarlar 
Qoshlardan, kiprikdan, uydan, kitobdan; 
Meni quvadilar - tinim yo‘q menda, 
Qanotsiz uchaman - qo‘nim yo‘q menda, 
Holbuki Tuproq edim, Yer edim... odamlar...

* * *

Men may ichdim, paydar-pay ichdim, 
Gunoh qildim, kattakon gunoh. 
Men Yot gulni quyundek quchdim 
Yot to‘shakdan elanib panoh.

Netay, axir, zada bo‘ldim men 
O’zim chiroq yoqqan vatandan; 
Men er bo‘ldim, ota bo‘ldim men, 
Endi esa - gunoqkor banda!

Tuproqlarga belab g‘animni, 
Shoirman deb, uchib osmonga, 
Men bilmabman aylanganimni 
Asta-sekin tirik hamyonga.

Hamyonlikdan dilim og‘ridi, 
Men gul quchdim, ichdim gulgun may, 
Yot maskanning yorug‘ bag‘rida 
Yorug‘ she’rlar aytdim paydar-pay.

Kechir Yot gul, sen yot, yot, gulim, 
So‘ng bor quchib yo‘lga shaylandim. 
Tuni bo‘yi ikkala qo‘lim 
Seni silab gulga aylandi.

Xush qol endi yorug‘ maskanda, 
Men zulmatga qadam tashlayman. 
Rahmat. Endi o‘lgim kelganda 
Qo‘llarimni hidlab yashayman.

* * *

Dengiz mavjlariga qo‘naru o‘ylar, 
Oy solgan yo‘lakdan ketar ufqqa. 
Sog‘inchli bir ohang dengizni bo‘ylar, 
Moviy sath aylanar oydin qo‘shiqqa.

Qoratog‘dan oshib, ul ohang tinar, 
Chotqol nafasiga aylanar havo: 
Qordek oq choyshabda meni sog‘inar 
Bir latif, bir shirin, bir momiq dunyo.

* * *

Qo‘llaringdan ushlab, labingdan tishlab, 
Men olib ketaman seni olisga. 
Bir kunlik umrni baxtga bag‘ishlab, 
Biz yetib boramiz kuzgi polizga.

Tashlandiq chaylada yozib dasturxon, 
Bir qultum sharobdan sarxush bo‘lamiz. 
Senu men, muhabbat, orzu - to‘rtovlon 
Kimsasiz chaylaga zumda to‘lamiz.

So‘ng o‘tib qizilo‘t bosgan roshlardan 
Yayraymiz kichraygan daryoga kirib. 
Chopamiz mox bosgan qayroqtoshlardan 
Kuz kechib, suv kechib, kulib, qiyqirib.

Tizzangta yetmagan daryo quchoqlar 
Qanotsiz baliq deb boldirlaringni. 
(Olisda, bilmayman, yig‘armi-bog‘lar 
Shaharlik sayyohlar chodirlarini.)

Sentyabr quyoshi silaydi iliq 
Yuzimiz, yelkamiz, qo‘llarimizni. 
Dunyo muncha go‘zal, muncha xush qiliq, 
Tangri uzun qilsin yo‘llarimizni!

RUBOIYLAR

1. 
Munchalar o‘xshashmiz ey charxi falak, -
Men ham odam shaklin olgan g‘ildirak; 
Ne qilay, men - bitta, dunyo ikkidir, 
Ikki dunyo aro chopaman halak.

2. 
Gohida o‘xshayman omadsiz mastga: 
Chinorga suyansam - aylanar xasga. 
Erk istab olamga bulbuldek qo‘nsam, 
Qanotim sig‘maydi bu tor qafasga.

3. 
Dunyoning o‘yinin ko‘rib yashadim, 
O’yindan hikmatlar terib yashadim. 
Zamonam mayini ichdimu, lekin 
Xayyomning kayfini surib yashadim.

4. 
Umrimni sarf etdim - pul qildi zamon, 
Gulxanlar yokdim men - kul qildi zamon. 
Men baxtni madh etib yozgan she’rimni 
Qog‘ozdan yasalgan gul qildi zamon.

5. 
Ey Qur’on, Hadisdan bebahra dinboz, 
Bor-yo‘q e’tiqoding soqoling xolos. 
Meni benamoz deb qilma nadomat, -
Butun O’zbekiston menga joynamoz.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.