background
logotype

Abdulla Vahshivoriy

“Sizni yaxshi ko‘raman”, “Ishq daraxti” kitoblarining muallifi. Shoirning yangi, “ Jannat yurtim”, she’riy to‘plami nashrdan chiqish arafasida.
Toshkent teleradiokompaniyasida katta muharrir bo‘lib ishlaydi.

O‘ZBEK  ELIM

Eshikdan kelganga to‘rini bergan,
Mehmon, deb qalbining qo‘rini bergan,
Topgan-tutganini, borini  bergan—
Himmatli el bo‘lsa, shu — o‘zbek elim!
Hurmatli el bo‘lsa, shu — mening elim!

Birovning poyiga urmagan tikan,
Borini do‘st bilan bo‘lishib yegan,
O‘g‘il-qizlarining kamoli uchun,
Og‘zi qonasa ham tinchlikni degan —
Himmatli el bo‘lsa, shu — o‘zbek elim!

Davlat, deb bolasin sho‘xliklarini,
Xudoyimdan so‘rab yo‘qliklarini,
Osmonga bo‘y cho‘zgan chinor singari —
Qudaratli el bo‘lsa, shu — mening elim!
Qudratli el bo‘lsa, shu — o‘zbek o‘zbek elim!    

Ajdodi Chin-mochun, farangni kezgan,
Lojuvard yuduzdan yerda bog‘ tuzgan. 
To‘rt marta tugalib, besh marta o‘zgan,
Himmatli  el bo‘lsa, shu— o‘zbek elim!
Qudratli el bo‘lsa, shu — mening elim!

Bu mening yurtimdir, bizning elimiz,
Sohibqiron bobom bizga qoldirgan,
Asrab kelayapmiz ko‘zlarimizda,
Mustaqil elimni jahon oldi tan...
Qudratli el bo‘lsa, shu—  o‘zbek elim, 
Hurmatli el bo‘lsa, shu — mening elim...


RAQIBGA

Yaxshidan yomonni izlab ko‘rdingiz,
Tirnoqdan qaro kir izlab ko‘rdingiz,
Esli-hushlilarni yo‘ldan ozdirib —
Rost qolib yolg‘onni so‘zlab ko‘rdingiz,
Asli muddaongiz qanaqa o‘zi?

Cho‘loq aqlingizni peshlasangizchi,
Ter to‘kib, bir joyda ishlasangizchi!
Duch kelgan sullohga safsata sotmay —
Noningizni katta tishlasangiz-chi,
Asli muddaongiz qanaqa o‘zi?

Gij-gijlab yurasiz, kovlab yurasiz,
Sodda quloqlarni ovlab yurasiz,
Barchaga ayon-ku, noshudligingiz,
Aybni yana elu-xalqdan ko‘rasiz,
Asli muddaongiz qanaqa o‘zi?

Bilaman niyatu-maqsadingizni,
Berib qo‘yardim-ku, adabingizni...
Barcha laganbardor atrofingizda — 
Qo‘li ko‘p uzun-da, mansabingizni...
Asli maqsadingiz qanaqa o‘zi?


                 ***

O‘zbek degan chinorning tanasini chopdilar,
Kundalarga aylandi o‘zak bo‘lgan tanalar.
Ildizlarin sug‘urib, har tomonga otdilar —
“Arrakash”lar ter to‘kmay, ishdlab oldi tangalar.

O‘zbek degan chinorni quvdilar dalasidan,
O‘tqazdilar o‘rniga allam-balo cho‘plarni.
Momo zamin ayrildi, mushtipar bolasidan —
Sibirga ham parchinlab haydadilar ko‘plarni...

O‘zbek degan chinorni yoqdilar, kul bo‘lmadi,
Asli o‘zbek ming norni chopsalar ham o‘lmadi.
Tangrining karomimi, yo ona yerning mehri —
Istiqlol qo‘yoshidan cho‘ng kurtaklar gulladi.

Ko‘z yoridi ildizlar, novda otdi, bo‘y cho‘zdi,
Besh barmoqdek birlashib, biri biridan o‘zdi.
Chinorlaring yuksaldi, tomiri yuraklarda —
Hanuz “arrakash”lar bor, kattaroq ochgin ko‘zni!

Kattaroq oching ko‘zni, shirin aldovlar ko‘pdir,
Shirasiga aldanib, qolmangiz nadomatga.
Nafsingizga  qul bo‘lib, gulbog‘ni g‘orat etmang — 
Sochlari oq Vatanni qoldirmang malomatga!


O‘ZBEK   DEHQONI

Oq pardan osmonga yuksalgan tog‘ni —
Xirmonni xorijda ko‘plar ko‘rmagan,
Buning zavqi bo‘lak, hayrati bo‘lak —
Yuraging qinida o‘ynar g‘ururdan.

“Muz tog‘lari kabi, bahaybat”, deya,
Boshidan qalpog‘in tushirdi mehmon.
Ushoqdek chigitdan hosil bo‘lsa-ya?…
Sirli-sinoatlar axtarib hayron.

Lol bo‘lma, mehmonim, afsun qidirib,
Nigohingda chaqnar hayrat mayog‘i.
Qo‘ymading, yuraqol, senga ko‘rsatay —
Xirmon barpo etgan sirli tayoqni.

Balli, adashmading, bu sirli tayoq,
Dehqonim qo‘sh qo‘llab silagan ketmon!
Yurtim nasibasin zamindan so‘rab —
Ilohiy -qo‘shiqlar kuylagan ketmon!

Men dehqon o‘g‘liman, qo‘lim qavarib,
Ayni saratonda qilganman chopiq.
G‘o‘zaga o‘xshaydi tabiatimiz —
Kulgan chanoqlardek ko‘nglimiz ochiq... 

Bo‘ldi, sinoatlar izlama mehmon,
Izlama paxtamni kamsitmoqqa yo‘l!
Bilsang jahon ahlin kiyintirmoqda,
O‘zbek degan millat, dehqon — qadoq qo‘l!


O‘ZBEKNING   UYI

Derlar, “o‘zbek pul topsa,
Shohona uy quradi”,
Ortganiga do‘stlarin,
Chorlab to‘y ham beradi.

Adolatli hikmat shu,
Nasabimning ko‘zgusi,
Ba’zi birlar pul topsa —
Ichkilikdur qutqusi! 

“Alkash” — mayxo‘r sanalish,
Millatimga or erur!
Mayli, uying zo‘r bo‘lsin,
Og‘u chekma, qasr qur!

Mayxo‘r otadan meros —
Bo‘sh shishaning qopqog‘i...
Sen farzandingga uy qur,
Ganchlarini oppoq qil!

Quravergin, paydar-pay,
Asosini boplab tuz,
Qachon yangisi bitgay —
“Eskisini kiyin buz!”

Chaqir, do‘stingni, chaqir,
Zavq olsin binolardan,
Chaqir, ag‘yorni, chaqir —
Aql olsin binolardan!

Mahobatli uylardan
Qudrating bilaversin,
O‘zicha izza bo‘lib, 
Holidan kulaversin!

O‘zbek topsa — uy qurar,
O‘zbek topsa — to‘y qilar!
Moli chiqmas haromga —
Suruv-suruv qo‘y qilar!

Deb, kulib yuraversin,
Mehmonga kelaversin!
Ulug‘ O‘zbek  xalqini —
Tarannnum qilaversin!



                     ***

Vatanning shavqida sollandi ko‘ngil,
Tillarang qubbadek tovlandi ko‘ngil.
O‘rtandim kechalar tarxingni chizib —
Do‘stim, shamoyilin bir ko‘rib qo‘ygil!

Quyosh nurlariga cho‘milar ayvon,
Qiblaga ochilar derazalari.
Yarqirab turadi ganchkor ustunlar,
Filning suyagidan yo‘ngan singari.

Qaragan kishining bahri ochilgay,
Barokatlar ingan yorug‘ chamanim...
Hovlida barq urar anvoyi gullar —
Bu mening maskanim, mening Vatanim! 


YO, VATAN

Mamlakat yuksalmoqda,
Ravon yo‘llar, binolar,
Qudratli imoratlar ,
Bo‘y cho‘zmoqda  minorlar —
Yo, Vatan, yuksal yana!

Qurildi kollej, litsey,
Istirohat uylari.
Arkli saroyda o‘tar, 
O‘zbegimning to‘ylari!
Yo, Vatan, yuksal yana!

Tole, istiqlol gullab,
Berdi asl mevasin,
Har bitta farzandingni
Butin qil nasibasin!
Yo, Vatan, yuksal yana!

Asra yomon ko‘zlardan,
Niyati buzuqlardan, 
Yuragi tosh—muzlaran,
Bag‘ringdan uzuqlardan,
Yo, Vatan, yuksal yana!

Xalqlarimiz baxtiga,
Millatlar inoq bo‘lsin!
Yot ko‘zlarga tavfiq ber,
Do‘st bo‘lsin, o‘rtoq bo‘lsin!
Yo, Vatan, yuksal yana!


BOR BO‘L, VATANIM

Jahonni aylandik, fazoni quchdik,
Goho bulutlardan balandroq uchdik,
Yana qaytib sening bag‘ringga tushdik —
Osuda oshiyonim, bor bo‘l, Vatanim!
O‘zbek xalqimga mangu yor bo‘l Vatanim!

Chamanlarni ko‘rdik, gulzorni ko‘rdik,
Bir el obod, birda abgorni ko‘rdik,
Sening jamolingga nazzora berdik —
Ey, mangu chamanim, bor bo‘l, Vatanim!

Boshingdan o‘tkazding malomatlarni,
Parvardigor bergay barokatlarni,
Jahonga tuhfa et, allomatlarni —
Kashfimiz jahonga kor qil, Vatanim!

Buyuk bobolarim ruhlari haqqi,
Bag‘ringda faravon asragin xalqni,
Jahon ayvonida quyosh bo‘l, balqi —
Dunyoni elimga yor qil, Vatanim!

Ko‘rib hayron qolsin jumla jahona,
Dovrug‘ing har yona bo‘lsin tarona,
Barcha el, elatlar kelsin mehmonga —
Oshino ellarga yor bo‘l, Vatanim!

Osmonga tenglashsin Oq uylaring ham,
Sog‘ bo‘lsin, yurtboshing, haqgo‘ylaring ham,
Baxtingni madh etsin Vaxshivoriy ham —
Baximga omon bo‘l, bor bo‘l, Vatanim!


MUHABBAT   DARSI

To‘xtating, mayda, sur, har xil gaplarni,
Qo‘zg‘amang illatni, o‘tgan dardlarni,
Ulg‘ayting, hur so‘zli, odil, mardlarni,
Sevishga o‘rgating Ona Vatanni!

Fisq-fujur joylamang, murg‘ak qalblarga,
Biling, Vatan quvvat erur alplarga,
Gulob, deb Vatanni tuting lablarga—
Sevishga o‘rgating, Ona Vatanni!

Ildizi zaminda har bir darxtni,
Zamin kechirgaydir nolon, gumrohni! 
Bir siqim tuproqqa tenglang farahni —
Sevishga o‘rgating, Ona Vatanni!

O‘rgating, tanisin bor kechmishini,
Chetda qoldirmangiz biror kishini,
Shunda davom qilgay ota ishini —
Sevishga o‘rgating, Ona Vatanni!

Erish tuyulmasin, sizga bu so‘zlar,
Sevishni o‘rganing Ona vatanni!
Toki ulg‘ayarkan shu qora ko‘zlar —
Sevishga o‘rgating Ona Vatanni!

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.