background
logotype

Abdusaid Ko‘chimov (1951)

 Abdusaid Ko'chimov 1951 yil 15 mayda Samarqandning Urgut tumanida tugilgan. Toshkent Davlat pedagogika institutining ozbek tili va adabiyoti fakultetini tugatgan (1968-1972).  Ilk kitobi-”Kashfiyotchi bolalar” 1975 yilda chop etildi. Shundan so’ng uning “Halqa”, ”Qiyofa”, ”Mening yulduzim”, “Umid darahtlari”, ”Chanoq”, ”Ikki bahor” kabi she’riy va nasriy kitoblari nashr qilindi. “Baland tog’lar” (2002)saylanma kitobiga yozuvchining qissalari, dostonlari, she’rlari kiritilgan. A. Ko’chimov Halqaro YUNESKO mukofoti, G’afur G’ulom nomidagi mukofot bilan taqdirlangan. Unga “O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan jurnalist” unvoni, ”Shuhrat” medali, “Mehnat shuhrati” ordeni berilgan. 

VATAN

Boshingda osmonu, qoshingda quyosh,
Tasviring chizolmay musavvir halak.
Shoir so‘z axtarib qotiradi bosh,
Buloqday qaynaydi oshufta yurak.
Parivash jamolin qiladi ko‘z-ko‘z,
Bag‘ringda barq urgan har gul, har qiyoq.
Faqat shoiringga yetishmaydi so‘z,
Faqat musavvvirga yetmaydi bo‘yoq.

HAVAS

Ulgu olib yasha doim havasdan,
Bulbuldek sayrashga intilsin qumring.
Faqat soya bo‘lib qolma havasga,
Havasga ergashib o‘tmasin umring.
Yarqiroq yulduzdek charaqla sen ham,
Izingdan gullasin sirli tilsimlar.
Kimgadir ibrat bo‘l, havas bo‘l har dam
Senday bo‘lmoqlikni havas qilsinlar.

SIR

Fosh qilding, deb sirimni
O‘rtog‘ingga aytasan.
Aytarmidi siringni
Unga o‘zing aytmasang?

BOBOLARI

— E, bu falonchining nabirasimi?
Bobosi mard edi, bag‘ri keng, o‘ktam.
Unisinikini... eslayolmadim,
Biz ham qarib-churub qoldik-da, bo‘tam.
Qarang, ketganiga yuz yil bo‘lsa ham
“Falonchi” bobomiz o‘lmagan edi.
“Unisi” dunyoni tark etganiga
Hali ikki yil ham bo‘lmagan edi...

O‘ZBEK NEGA UXLAMAYDI?

Hazil

O‘zbegimning tantanayu to‘ylari ko‘p:
Yugur-yugur shomu sahar to‘xtamaydi.
Yarmi bedor — elu yurtga osh beray deb,
Yarmi esa — osh yeyman deb uxlamaydi.

KO‘ZA

Muzeyda ko‘zani sindirib qo‘yib,
Alamdan terakday titrandi faqir:
— Ketsa bo‘lmasmidi uyginam kuyib,
Ming yillik ekan-a, ming yillik, axir...
Baxt ham bamisoli bir noyob ko‘za,
Qadriga yetganning tolei bekam.
Asrolmay, sindirib qo‘yganning esa
Ko‘rpasi alamdir, to‘shagi — tikan.

MEHR

Uzoq elga jo‘nashdan avval,
Bozorni xo‘p aylanib boqdi.
Topolmagach sovg‘a mukammal
Eski tanishiga sim qoqdi:
— Sen tomonda eng tansiq nima,
Nima aziz, nima muqaddas?
— Hammasi mo‘l. Faqat ozgina,
Ozroq mehr olib kelsang, bas.

TILAK

Toabad porlasin ko‘zing — yulduzing,
Hamisha bek bo‘lgin o‘zingga o‘zing.
Mayli, bu dunyoga to‘ysang to‘y, faqat,
Faqat go‘zallikka to‘ymasin ko‘zing.

UYQUDAGI SHER

Bahaybat bir sherni uxlatib qo‘yib.
Sayyohlar suvratga tushardilar jim.
Men ham to‘rxaltamni bir chetga qo‘yib.
To‘qay sultonining yoniga bordim.
Vujudni bir titroq qopladi shu dam,
Bilaman, bu qo‘rquv o‘tkinchi edi.
Lekin yoldor yirtqich uxlab yotsa ham
G‘oyat vahimali, qo‘rqinchli edi.

YUTQAZDIM

Hamroh bo‘lib qo‘rqoqqa,
Ko‘p vaqtimni o‘tkazdim.
U yutqazdi.
Men ahmoq,
Undan ham ko‘p yutqazdim.

NOSHUKUR

Muso payg‘ambarga berdilar savol:
— Bormi Fir’avndan yovuz, arzanda?
 Hazrat javob berib dedilar darhol:
— Noshukur banda u, noshukur banda... 

JAVOB

Bir nihol ekdingmi Vatan bog‘iga,
Mehringni to‘kdingmi cho‘l, yantog‘iga,
Gullarga chang-g‘ubor qo‘ngan chog‘ida
Arta biloldingmi chang-u g‘uborni –
Desalar, yurtdoshim, javobing bormi?

Bitta g‘isht qo‘ydingmi maydonlariga,
Bir vassa o‘ydingmi ayvonlariga,
Bir misra qo‘shdingmi dostonlariga,
Kurab tashladingmi tomlardan qorni –
Desalar, yurtdoshim, javobing bormi?

Kimdir uzib ketsa dilbar gullarni,
Kimdir buzib ketsa sarvar yo‘llarni,
Kimdir ezib ketsa muztar dillarni,
Duosin oldingmi mehrga zorni –
Desalar, yurtdoshim, javobing bormi?

Urush-janjallarga xamirturushlar,
Illatfurushlar-u, millatfurushlar,
Afif osmoningga qilsa xurujlar,
Hosud haqirlarga tikdingmi dorni –
Desalar, yurtdoshim, javobing bormi?

Javobing bo‘lmasa mumtoz-mukammal:
Qo‘lingda zulfiqor, belingda kamar,
Duldul tulporingga yor bo‘lsa qamar —
Yo‘ldoshing sab’ai sayyor bo‘ladi,
Muqaddas javobing tayyor bo‘ladi.

TANTI O‘ZBEK

Saxovatli saxiy kuzdek
Saodatli eldir o‘zbek,
Buqabo‘yin – man-manlarga
Parvo qilmas janda-bo‘zdek.
Jahondagi biron millat,
El-ulusdan yo‘qdir kami.
Yulduzlardek boqiy qudrat –
Ajdodlarin qutlug‘ sha’ni.
Bobolarin qancha xalqlar
Bizniki, deb talashadi.
Bunday sharaf – shoyon taxtlar
O‘zbekka xo‘p yarashadi.
Azal-abad sochar yog‘du
“Avesto”dek bo‘stonlari.
Jasoratga jasur ko‘zgu
“Alpomish”bek dostonlari.
Do‘stlariga mehri quyosh,
Do‘stlariga qurbon joni.
Pashsha kabi ezar, bebosh
Allop-qallob, bevafoni.
Havas bilan boqar dunyo
Tog‘day ko‘rkam savlatiga.
Dur mahliyo, nur mahliyo
O‘zbekiston davlatiga.
Ne-ne fotih, ne-ne hoqon
Sinab achchiq omadini,
Ega olmay tutdi motam
O‘zbekning alp qomatini.

MIRZO ULUG‘BEK HAYKALI QOSHIDA

Yulduzlarni sanash mumkindir balkim,
Hisoblash mumkindir sayyoralarni.
Sanab sanog‘iga yetolmas hech kim
O‘zbekzamindagi allomalarni.
Mana, ming yillarkim hayratda bashar
Beruniy, Navoiy, Kubrolarimga.
Yana ming asrlar ta’zimga shoshar
Mirzo Ulug‘bekdek daholarimga.

ETYUD

Zangor tog‘lar orasida
Nurkapalak galasiday,
Oy nurida jilolanar
Oqqushlarning bolasiday.
Sadafmi yo shakar qaymoq,
Yo jom to‘la kumush tanga.
Yo bir etak, yo bir quchoq
O‘rik guli – oq alanga.
Patir-putir qilar go‘yo
To‘rga tushgan baliqchalar.
Ipakmi, oqilonmi yo
Mildiragan ariqchalar.
Taqsimchada chosh balxitut,
Qaynab toshgan bir kosa sut;
To‘dasidan ajrabmi, yo
Chopayotgan nuqra bulut.
Oyisiga solmay quloq
Tepalikdan misli yelday
Uchayotgan sho‘x qizaloq
Emasmi bu – mitti buloq?
Yugurganda qiqir-qiqir,
Qiqirlaydi qoyayu qir.
Yo‘llariga to‘shaladi
Yashil dala, o‘ru adir.
Oh, buloqcham, oq buloqcham,
Kokillaring taram-taram,
Nurga to‘lsin oydin yo‘ling,
Aslo ko‘rma tashvish, alam.
Sinovlarning o‘chog‘idan
Sog‘-salomat o‘tib olgin.
Nahru ummon quchog‘iga
O‘ynab-kulib yetib olgin.

FIZIKLAR FALSAFASI

Bir-biriga muhabbat 
Bo‘lmasa bu dunyoda,
Sayyorayu qit’alar
Aylanardi ro‘yoga.
Mehr nuri olamga
Mangulikni baxsh etdi.
Nyuton shu mehrdan
Buyuk qonun kashf etdi.

LOLAZOR

Cho‘qilaydi yaproqlarini
Shamollarning zaxcha — qushlari.
Tig‘day botar dudoqlariga
Kapalakning so‘yloq tishlari.
Har epkindan muruvvat kutib,
Har larzadan chekmas nolalar;
G‘ussalarin ichiga yutib,
Yashnab turar qirmiz lolalar.
Ma’ruf Jalilning so‘zi
Hayotda birovga bermadim ozor,
Hayotda birovning yo‘lin kesmadim.
Balki, shuning uchun qadru e’tibor
Topolmay yashadim,
unib-o‘smadim...
Birovni qo‘llashga yetmadi kuchim,
Do‘stlar quvonchiga qildim havaslar.
Ammo, izlarimdan malomat-piching
Toshini otdilar ko‘p yaramaslar.
Doimo tislanib, aylanib qochdim,
Ular-chi, soyadek chopdi izimdan.
Kimga mehrim sochdim – quchog‘im ochdim,
Jolalar oqizib ketdi ko‘zimdan.
Qismatim shul ekan, 
Tangrim, netayin,
Ezib-yancholmadim nokas - kaslarni.
Endi o‘zimga ber, olib ketayin
Dunyodagi barcha yaramaslarni.

O‘ZBEK NEGA UXLAMAYDI? 
(Hazil)

O‘zbegimning tantanayu to‘ylari ko‘p:
Yugur-yugur shomu sahar to‘xtamaydi.
Yarmi bedor – elu yurtga osh beray deb,
Yarmi esa – osh yeyman deb uxlamaydi.
BAXT (Ozod Sharafiddinovning o‘giti)
Baxt qani, qayda deb, chopma, og‘ayni,
Shoyon o‘ylaringni etmagil karaxt.
Chinni piyolangga quyilgan choyni
Bitta ho‘plamoqning o‘zi oliy baxt.

QISMAT

U orzu qilardi burgutdek kezib,
Hammadan balandda turishni.
Kimnidir oyog‘i ostida ezib,
Kimningdir ustidan yurishni.

Qismat tirigida qilmadi vafo,
Mana, niyatiga bugun yetishdi:
Xaloyiq uyidan qabrgacha to,
Yelkada ko‘tarib ketishdi.


 SHIVIR-SHIVIR

Yomg‘ir, do‘lga qilmayman parvo,
Cho‘chimayman g‘ovur-g‘uvurdan.
Hayiqaman tomchidan ammo,
Va qo‘rqaman shivir-shivirdan.


 SHAMOL

Yengil narsalarni izlaydi shamol,
Yengil narsalarni poylab yotadi.
Yengil narsalarni topdimi, darhol,
Ko‘kka olib chiqib, yerga otadi.


 O‘RMONDAGI QOIDA

Yovvoyi o‘rmonning qonuni buldir:
Muqim turaverar mayda pattalar.
Katta daraxtlar-chi, kesilar “shir-shir”,
Kesilib ketadi doim kattalar.


 QO‘RQMASANG

U yoqqa o‘tsam ham turtasan,
Turtasan, bu yoqqa o‘tsam ham.
Nimadan bunchalar qo‘rqasan,
Bir urib yiqit-da, qo‘rqmasang.


SHOH EDIPNING ARMONI


O! Kelsaydim dunyoga qaytib,
Shoh bo‘lsaydim yarim jahonga.
Toju taxtga rahmatlar aytib,
Topshirardim Shukur Burhonga.


 O‘ZIMGA NASIHAT

Yomonlarga yo‘lama yaqin,
Yomonlikni unutgin tezda.
Yaxshilikni unutma lekin,
Yaxshilarni har kuni esla.

 
 MAQTOV

Sizni maqtaganni seving, erkalang,
Men ham maqtovchiga murid – firqaman.
Maqtovchi zotlarni suyaman, ammo
Hadeb maqtagandan juda qo‘rqaman.


 MORBOZ

Qir chetida yolg‘iz xonadon –
Ovloq edi qirning bu beti.
Bu tomonda ko‘p edi ilon,
Bu uyda ham ilon ko‘p edi.

Yotar edi bedapoyada, 
Sirg‘alardi tokzor oralab.
Goh qo‘rqinchli, sirli soyaday,
Turar edi shiftda mo‘ralab. 

Ajib ekan, insonda havas
U ham dilda xush sehr tuydi.
Hayvon yoxud qushlarga emas,
Ilonlarga mehrini qo‘ydi.

Ajabsinib qaradi hamma,
Ota-ona norozi bo‘ldi.
Ilonbozlik havasi, ammo
Havaslarning dorozi bo‘ldi.

Birga o‘sdi ilonlar bilan,
Eslamadi xavfu xatarni.
Tunlari bu sovuq maxluqni,
Quchog‘ida olib yotardi.

Odamligin unutdi odam,
Ilonligin ilon unutdi.
Ikki qutb – ikkita olam,
Bir vujudga aylanib ketdi.

Dovrug‘ soldi ilon o‘ynatib,
Dong‘i yulduzlarga qo‘ndilar.
Morbozlarni qo‘ydi o‘ylatib,
Qoyil qoldi hatto hindular.

Ko‘plar unga tashakkur aytdi,
Ko‘plar kuldi, ko‘plar kuldirdi.
Hayhot! Bir kun tomosha payti
Uni ilon... chaqib o‘ldirdi.


 RUBOIY

Oh, oh! Oyda qatra dog‘ni ko‘rmadim,
Oynaday osmonda zog‘ni ko‘rmadim,
Ammo kayfim uchdi zaminga boqib,
Bittayam bag‘ri but, sog‘ni ko‘rmadim.


 TELEVIZOR


Hayotning eng tiniq oynasi edi,
Tomosha qilardik butun dunyoni.
Kurash maydoniga aylandi endi,
Bugun u chinakam kurash maydoni.
Qit’ani qit’adan surishi mumkin,
Osmonning yuzini mumkin burishi.
 Xudo ko‘rsatmasin, boshlashi mumkin
Hatto, navbatdagi jahon urushin.


 SAVOL

 Hargiz iltimosga kuning qolmasin.
 Abdulla Oripov

Men ham iltimosdan to‘yganman, ustoz,
Otarga o‘qim yo‘q, ko‘rarga ko‘zim. 
Ammo qay manzilga bosh urmay, bexos
Yana: “Iltimos...”dan boshlanar so‘zim.

Iltimos qilmasang, qovoqlar uyuk,
Zichlab quloqlarga tiqilgan paxta.
Miq etmas qarshingda o‘tirgan “buyuk”,
Dimog‘dor qarashlar sovuq va soxta.

Iltimos qilmasang, goh yaqin kishing,
Galga solib tursa, qilib tursa noz;
Iltimos qilmasang, bitmasa ishing,
Ayting, ne qilaylik, muhtaram ustoz?


 QUDUQDAGI TOSH

Quduqning tubida miltillagan tosh,
Yolg‘iz odam to‘kkan yoshga o‘xshaydi.
Yolg‘izlik dardiga duchor bo‘lgan bosh,
Quduq tubidagi toshga o‘xshaydi.

Sening ko‘zlaring ham to‘lgandir yoshga,
Yolg‘izlik dardiga mubtalo boshsan.
Do‘stu yoroning yo‘q o‘zingdan boshqa,
Sen ham quduqdagi bechora toshsan.

 
 TOMCHI

Tomchidan ogoh bo‘l, yomg‘irdan emas,
Tomchi tashvishingga tashvish qo‘shadi.
Bobolar har so‘zni bekorga demas:
Tomchi tomaversa, toshni teshadi.


 JINNILAR

Jinnixonalarda davolar edi,
Aqli noqislarni, esi pastlarni.
Pana-pastqamlarda kimlardir endi,
Tabib qilmoqchimish shunday kaslarni.
Terrorchi niqobda yuzini to‘sib,
Padarkush xudkushlar ustidan kular.
Yo tavba, dunyoni to‘zg‘itib – buzib, 
Qayta qurar emish endi jinnilar. 


 SOYA

Hadeb ko‘kragingga mushtlama, hadeb
Huda-behudaga yirtmagin yoqa.
O‘ziga shunchalar bergan bilan zeb,
Baliq bo‘libdimi biron qurbaqa!

Daryolar oqdimi kiyman – teskari,
Mangudir falakka tutash qoyalar.
Ey, soya, befoyda chiranishlaring,
Axir vaqtinchadir barcha soyalar.

Shu oddiy hikmatni sezmaysan nechun?
Nechun o‘z-o‘zingni sanaysan qoya?
Seni bu dunyodan yo‘q qilmoq uchun,
Ipakdek bir qatim shu’la kifoya.


 HOLAT

Sen beayov yondirding – yondim,
Suyaklarim charsillab yondi.
Tanam laxcha cho‘g‘ bo‘lgandan so‘ng,
Ichimda zo‘r yong‘in uyg‘ondi.
Seni shartta olovga otdim,
Tinib ketdi, ko‘zlarim tinib;
Endi esa labda tabassum,
O‘tiribman cho‘g‘da isinib.

 
         * * *

Shu kasning yo‘lida nega ko‘kardim,
Kim menga duch qildi bu kasni?
Boshidan tillolar to‘kardim.
Shu kasni yo‘q qilgan nafasni.
Bilaman, to o‘la-o‘lguncha,
Aslo tinch qo‘ymaydi bu g‘anim.
Bu badbin kasga teng bo‘lguncha,
O‘lganim yaxshiroq, o‘lganim.


 ELEGIYA

Mitti kurtak, momiq gul bo‘ldi,
Dovchalarga aylandi gullar.
Dasturxonlar mevaga to‘ldi,
Huzur qildik necha o‘n yillar.

Hosil qilmay qo‘ydi qariya,
Guldan qoldi, mevadan qoldi.
Hayot shu-da.
Qismat shu, deya,
Kesib, chopib, o‘choqqa soldik.

Olovida pishirdik taom,
Laxcha cho‘g‘in soldik sandalga.
Erta-indin, xullasi kalom,
Bormoqchimiz kunda kovlarga.


 TUZLAMA

 Hazil
Jonim, menga o‘zga davo izlama,
Jonim, hamma dardga shifo – tuzlama.
Qizg‘anmasang bo‘ldi faqat mehringni,
Jonim, yuragimni faqat tuzlama.


         BAXT

Charx urib gullagan bog‘dir sevgan dil,
Sevilgan qalb esa sehrli olam.
Ammo, baxtlilarning eng baxtlisidir
Ham sevgan, ham sevib, sevilgan odam.


     OSMONIM

Biz tuproq, yer edik,
Siz baland osmon,
Biz qaqroq cho‘l edik, 
Siz moviy ummon.
Qul kabi g‘aribu nolon edik biz,
Shoh kabi kabiru davron edingiz.
Yastanib yotibdi yeru ko‘k aro,
Cheku chegarasiz, betimsol sahro.
Har bahor men Sizga gullar tutaman,
Intizor kutaman, zor-zor kutaman.
Siz hanuz nazarga ilmaysiz, ammo
Men ham suykalishni qo‘ymayman aslo.
O‘tdi, eh-he, qancha bahorlar, kuzlar,
O‘tdi, o‘tayotir kecha-kunduzlar.
Siz esa o‘shasiz, hamon o‘shasiz,
Osmonim, yonimga qachon tushasiz?

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.