background
logotype

Abdusaid Norov (1971)

http://ziyouz.com/images/norov.jpg

Norov Abdusaid Murodovich, 1971 yil 2 fevralda Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi Qorabayir qishlog‘ida tug‘ilgan.
1989-94 yillar Buxoro Davlat universiteti fizika-matematika fakultetida tahsil olgan.
1994 yildan beri Qarshi Davlat universiteti fizika-matematika fakultetining “Amaliy matematika va informatika” kafedrasida o‘qituvchi, 2006 yildan shu kafedraning katta o‘qituvchisi lavozimida ishlab kelmoqda.
2006 yilda “Tavajjuh” nomli she’riy to‘plami chop etilgan. Ushbu she’rlar mazkur to‘plamdan olingan.


SO‘Z SEHRI

Shoir  yozdi  sarflab  umrin  yarmini,
Elakdan  o‘tkazib  har bir satrini.
Kimdir  o‘qib  ko‘rmay  otdi  g‘ijimlab,
Go‘yo  yerga  toptab  shoir  qadrini.

Shoir  yozdi  sarflab  umrin  yarmini,
Elakdan  o‘tkazib  har  bir  satrini.
Kimdir  o‘qib,  yig‘lab  ko‘ziga  surtdi,
Go‘yo  topganidek  so‘zda  qadrini.


USTOZ OTANGDAN ULUG‘

Umr yo‘li uzun naqadar,
Ko‘p dovon bor, sog‘-u so‘llarda.
Farzandini yetaklab padar,
Qolib ketar yarim yo‘llarda.

Yo‘lning qolgan qismidan balkim,
Ustoz eltar manzilga to‘lug‘.
Shu sababdan bo‘lsa kerakkim,
Derlar: Ustoz otangdan ulug‘.


SHUKRONA

Vaqt yetib chiqarkan, bir nafasda jon,
Orzular ushalmay qolgani yomon,
Taningda oqarkan, so‘nggi qatra qon,
Ollohga shukr qil, nafas kirgan on,
Shukr qil, nafasing chiqqani zamon.

O‘ylab ko‘r! Insonsan. Toleingdandur,
Fikr qil! Mavjudlik va yo‘qlik nadur?  
Fikrlash ham asli borligingdandur,
Ollohga shukr qil, nafas kirgan on,
Shukr qil, nafasing chiqqani zamon.

Dunyoda hech narsa tasodif ermas,
Ajal payg‘omchisi bemahal kelmas,
Ikki dunyo aro yo‘l – bitta nafas,
Ollohga shukr qil, nafas kirgan on,
Shukr qil, nafasing chiqqani zamon.


TUSH

Tushimda g‘oyibdan kelgan bir ovoz, 
Menga she’rlaringni ber deyotganmish.
Umrim bo‘yi yozgan soz hamda nosoz,
She’rlarim imtihon qilayotganmish.

Qaytgan she’rlarimni birma-bir sanab,
Peshonamdan chiqib ketdi terlarim.
Qarang… imtihondan o‘tibdi... Yo Rab...
Onamni sog‘inib yozgan she’rlarim.


QARISH FALSAFASI

Tana  undar  ekan  insonni,
Kirmoq  istab  taxt as saroga*.
Ozod  kezmoq  uchun  jahonni,
Ruh  talpinar  ekan  samoga.

Tana  u  yon  tortar,  ruh  bu  yon,
Arosatda  qolar  ko‘ngil  ham.
Bu  kurashdan  toliqib  chunon,
Oxir  qarib  qolarkan  odam.

* Taxt as saro – yer osti (A. Yassaviydan).


U – MUHABBAT DARDI

Nega,  men  qo‘rqaman  bevaqt  o‘limdan?
Nahot  mangu  zabon  ketsa  tilimdan.
Ortimdan  kimlardir qolar kuyinib,
Axir  kuydirish  ham  kelmas qo‘limdan,

Agar  u  bo‘lmasa, g‘am  bodasini,
Sipqorib  so‘ng  o‘zim  o‘tga  otardim.
Subhda  quyosh  birla  boshim  ko‘tarib,
Shomda  qizg‘ish  rang-la  yerga  botardim.

Agar  u  bo‘lmasa,  qo‘rqmay  o‘limdan,
Ajalning  domiga  bo‘lardim  asir.
Shul  sabab  xokini  o‘g‘irlab  zimdan,
Unga  yuragimda  qurganman qasr.

Udir  har  yaxshi-yu  yomonning  hamki
Qalbini  zabt  etgan samoviy  xilqat.
Udir bu  dunyoning mazmuni balki,
Udir  men  ishongan  ilohiy  hikmat.

U – g‘arib dilimga  taskin  beruvchi,
Udir  paymonamga  to‘siq  bo‘lgan  dard.
Meni  bu  dunyoda  ushlab  turuvchi,
U  muhabbat  dardi,  muhabbat  faqat.


ARMON MUHABBAT

Nega  uchrashmadik  sevgilim  barvaqt,
Nechun  soya  solmish  ishq  degan  daraxt.
Dilimni  yemirar  beomon  bir  dard,
Kechikkan  muhabbat,  armon  muhabbat.

Uchrashib  qolganda  tasodif  damda,
Yuraklarda  toshar  alamlar  qat-qat.
Men  ma’yus  ketaman. Qolar  orqamda,
Ichikkan  muhabbat, armon  muhabbat.

Bag‘ri  dilim  o‘rtar  bir  savol  har  dam,
Netay,  armonlarga  berolmam   barham.
Emish,  majnuntolning  boshin  etgan  xam,
Ko‘zikkan  muhabbat,  armon  muhabbat.


SODIQ DO‘ST

To‘ymay  boraversa,  dunyoga  ko‘zing,
Bir  siqim  tuproqni  olib  yur  birga.
Qancha  balandda  ham  bo‘lsa  parvozing,
Eslatib  turadi  qaytmog‘ing  yerga.

Sig‘may  boraversa,  dilingda  gaping,
O‘zing-la  olib  yur,  qalam  va  qog‘oz.
Ko‘tarolmay  qolgach,  toshib  yuraging,
Bir  pas  yig‘lab  ol-da, so‘ngra  yozgin, yoz.

Gar senga tor  kelib  qolsa,  bu  olam,
Qo‘yaver  tuproqni,  yozma  biron  so‘z.
Qalbing  yarasiga  bo‘lguvchi  malham,
Axtarib  top  faqat  sodiq  biror  do‘st.


SOG‘INCH

Necha yilkim, men  sening ishqingda  behad  yonaman,
Na firoq dashtidaman, na ishq mayingdan  qonaman, 
Kelmasang gar, ko‘zlarim yo‘lingga zor,  hayronaman, 
Senki sham’i shu’ladursan, men senga  parvonaman, 
Men muhabbat  nazmida  bir  shoiri  devonaman.

Tinglayurman  jon  ila  jonga  malhamdir  so‘zing,
Ko‘kragimga  tig‘  urar  ul  qaro  ikki  ko‘zing,
Bu  fano  dunyosida  bir-u  borimsan  o‘zing,
Ey sanam, hajringda afgor bir dili vayronaman,
Men muhabbat nazmida bir shoiri devonaman.   

Kel, go‘zal, bir zumga o‘ltir, ketma yonimdan  yiroq,
Yuragim  o‘t  ichra  qoldi, seni  bir  ko‘rgandayoq,
Bu  g‘arib  o‘ksik  dilimga  yoqqil  endi  sen  chiroq,
Qiynama, kel endi mahvash, bir g‘arib g‘amxonaman,
Men muhabbat nazmida bir shoiri devonaman.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.