background
logotype

Adiba Umirova (1980)

 Adiba Umirova 1980-yili Qarshi tumanida tug‘ilgan. 2003 yilgi Zomin seminarida bosh sovrinni qo‘lga kiritgan. Oliy Adabiyot kursini bitirgan. «Oila va jamiyat» gazetasida xizmat qiladi. «Ruhimning ovozi»,«Yashil tushlar» she’riy to‘plamlari muallifi.


* * *

Sizni suydim boshim turar dor ustina,
Xaridorman o‘zim xaridor ustina.
Ne g‘am bo‘lsa rozidurman yor ustina,
Bahorlarim azonlarda xazon bo‘lg‘ay.

Xush diydorlig‘ so‘raydirman osmonlardan,
Bir bor ichib, ming bor kechdim sayxonlardan,
Bir «huv» desam kelsa o‘sha tomonlardan,
Ozorlari dardlarimga darmon bo‘lg‘ay.

Nadur yulduz, yuragimga o‘t yoqmasa,
Nadur dengiz, to‘lqinida gul oqmasa,
Nadur bu ishq, yonimda yor bir boqmasa,
Gar ohimdan dunyo tomi vayron bo‘lg‘ay.

Dog‘ingizda kuyganlarim sarob emas,
Xudoyimning dargohida xarob emas,
Ichib o‘lay desam dunyo sharob emas,
Orzularim endi bir-bir armon bo‘lg‘ay.

Siz qaydasiz? Men o‘zimga begonaman,
Dunyolardan chiqib ketgan devonaman.
O‘zim yoqqan shamga o‘zim parvonaman,
Bu holimga zamonlar ham hayron bo‘lg‘ay.


OTA

Bu dunyoning bosh-oxiri g‘ammi, ota?!
Bormi o‘jar Adibadek devonasi?
O‘n sakkizning ko‘zlariga ishongandim,
Buncha meni xor qiladi ostonasi.

Otam bo‘lib hayqiradi anov dashtlar,
Shamol kabi tentirayman, qarorim yo‘q.
Siz ketasiz mayxonami, g‘amxonaga,
Xudoyimdan boshqa yerga bororim yo‘q.

Baxt berardim agar menga ko‘ngil bersa,
Ishq degani boshdan-oyoq ozor ekan.
Bir gul edim daryolarni behush qilgan,
Ota, dunyo savdosi yo‘q bozor ekan.

Har ko‘ngilni ko‘ngil deya xato qildim,
Dalli dunyo, yasholmagan armoningiz.
Siz tuproqni, men yurakni panoh bildim,
Kechirmasin dashtda qolgan choponingiz.
Bu dunyoning bosh-oxiri g‘ammi, ota?..


UNDA GUNOH YO‘Q

Yig‘lamayman... sevmayman ortiq,
O‘lgim kelar uni eslasam.
Gulim, buncha ayanchli borliq,
Shuning uchun ko‘zlarimda g‘am.

Men tushundim... hammasi jafo,
Bu dunyosi ko‘zidek ertak.
Unutmayman, xayr, Bevafo,
Menga afsun... shamolga ermak.

Gulim, bizni kutmoqda yo‘llar,
Buncha g‘amli, iztirobli qish.
Yana kelar telba maktublar,
Sevmoqlikka yo‘q menda xohish.

Shundan beri dunyolar becho‘g‘,
Ko‘zlarida qolmishdir baxtim.
Gulim, gulim bizda gunoh yo‘q,
Unda gunoh yo‘q edi balkim.


O‘N TO‘QQIZNING SOCHLARI OPPOQ

Nigohlarim turar za’faron,
Guldoningiz gullar chamani.
Men boshqacha sizni sevaman,
G‘unchalarga ko‘milgan kabi.

Osmonlardan tushib keldim men,
Bog‘laringiz armonga to‘lig‘.
Ko‘zlarimga o‘t istayapman,
Borlig‘im ishq... o‘n to‘qqizim ishq...

Olmalardek adashib oqqan
Ko‘ngilginam sizga ko‘ndimi?
Ko‘zingizga olovlar yoqqan
Yulduzlarim erta so‘ndimi?

Yashaymanmi guldek sarg‘ayib,
Hovlingizga xazon to‘ladi.
Yelkangizga boshimni qo‘yib
Bir chiroyli o‘lgim keladi.

Osmonlardan balandroq edim,
Ishqingizga ko‘mildim shu chog‘.
Bog‘ingizdan ketib borar jim
O‘n to‘qqizning sochlari oppoq.


SHOIR VA MEN

Biz she’r o‘qirdik osmonga uchib
O‘lim tuyulardi hayotdek mangu.
Zaminning yuragi yotardi qonab,
Ko‘zlarin bosgancha asriy g‘am, qayg‘u.

Vijdon – eng muqaddas sajda shubhasiz!
Nohaq posanggilar kelganda g‘olib.
O‘yimiz bir edi muhabbat bilan,
Bu dunyo she’r bilan o‘zgaradi deb.

Dunyo dunyo emas – bevafo sahna,
Jirkanch niqoblarda chirkin xayollar.
Qaydadir nadomat, qaydadir fitna,
Go‘daklar ohidek ingrar shamollar.

Boqaman ko‘zimda hadik, xavotir,
Nogahon yiqilsang suyamas yo rab.
Bitta so‘z topmoqlik naqadar og‘ir,
O‘lgisi kelmagan mahbusga qarab.

Tushimga kiradi Navoiy nega,
Mashrab xayol surar doriga borib?
Bitta bevafodan qolgan g‘am nima,
Agar Vatan tursa yuragi og‘rib!

Qarsaklar cho‘g‘ida qovrilar tanim,
Meni tashlab ketgan kemalar qayda?
Do‘stim, ayt, shoirlik nima degani,
Bir mehribon qo‘llar kerak paytida.

Mangulik sahnamas – mangulik mangu,
So‘z – abadiy, men-chi yo‘lovchi odam.
Menga bir she’r kerak, yo‘qolsin qayg‘u,
Gullar, chechaklarga to‘lsin bu olam.

Gullar, chechaklarga to‘lsin bu olam...

 

BAG‘RIM ERUR BU LOLARANG QIR 

Sening izmingdadir jonu jahonim,
Yurakman, isyonman, ishqman bor-yo‘g‘i.
Nega ko‘zlarimdan izlaysan xato,
O‘zi bu dunyoning qaeri to‘g‘ri?
Kelsayding...
ismingga to‘lsa ko‘zlarim,
Hushingni o‘g‘irlab ketsam manguga.
Hali tanimasdan, topmasdan o‘zim,
Shivirlab oqsaydim tomirlaringda.
Ruhing samo bo‘lsa, topinsa quyosh,
So‘nsam ham hech kimga bermayin sevsang.
Bag‘ringga otilsa shu palahmon tosh,
Ko‘ksiga boshingni urib yig‘lasang.
Hiylasi o‘tmasa jodugar dunning,
Yomg‘irga to‘kilsang, eksang yuraging.
Gunohlar oqlasa gunohligini,
Haqning dargohini yoritsa ishqing.
Sensiz nur sochmasa bu yeru samo,
Abadiy g‘amlarim quchib yashasang.
Kelsayding...
aylansa to‘xtagan dunyo,
Ko‘zlarimdan kechib keta olmasang.

DASHT

Dasht. Qizil qum. So‘nggi saraton.
Gulxanlaring so‘ng da’fa yoqib,
Ko‘z oldimdan sollanib chunon,
Mag‘rur qizdek turasan boqib.
Hadigingmi, Sharqning shamoli,
Kuzatarsan, beizn, beso‘z.
Xayrlashuv chog‘idek g‘amli,
Har ne menga tuyular aziz.
Ufq sendan boshlangan ey, cho‘l!
Barxanlaring kechardim yalang.
Chaqirardi olis, nurli yo‘l,
Olis sukut... boshoqrang dalang.
Qanday go‘zal edi... Qirlaring
Qir-tepalar va... issiq mehring.
Tomirimda oqar shiviring,
Tortar edi hayajon, sehring.
Cho‘pon qizning hasratlariga
Yuragingni berganmiding yo.
Dovul bo‘lsang darbandlarida
Qum zarrangga aylanar dunyo!
Odam bo‘lay devdim, bu hayot
Shoir qildi bazmlarga o‘ch.
Chorlayverding sog‘inganing payt,
Unutdilar, unutmading hech.
Orzularim qanoti ulkan,
Osmon emas g‘amlarni quchdi.
Haq — yagona. Sen haq ekansan,
Ruhim yaydoq bag‘ringga uchdi.
Sen mangusan. Men esa hamon
O‘z so‘zimda turdim lovullab.
Senda bitta qolgandi imkon,
Bitta yo‘l bor — kutar huvillab.
U men uchun yaralgan ka’ba,
Asrlarning evrilar toshi.
U men uchun tavbadir, tavba,
Kezar gumrohlarning ko‘z yoshi.
To‘zonlaring ko‘zimga kirib,
Bag‘rim erur bu lolarang qir.
Faqat senda shon-shuhrat mag‘lub,
Taqdirimiz, manzilimiz bir!
Dasht. Qizil qum. So‘nggi saraton...

* * *

Sening izmingdadir jonu jahonim,
Yurakman, isyonman, ishqman bor-yo‘g‘i.
Nega ko‘zlarimdan izlaysan xato,
O‘zi bu dunyoning qaeri to‘g‘ri?
Hammadan qolgan may quyqasi — hayot
Bu telba ruhimni kimga og‘dirar?
Qumning zarrasidan kichik koinot,
Boshimga malomat toshlar yog‘dirar.
Yuksakroq nima bor sening ko‘nglingdan,
Isming lablarimni kuydirgan cho‘g‘mi?
O‘zingni oqlaysan ko‘z yoshlarimda,
Dilkash ko‘zlaringning gunohi yo‘qmi?
Arzimay shu bitta mangu lahzaga,
Tiriklik hikmati bir kuni bitar.
Yuragimni ko‘mib ishqzorlaringga,
Qaqroq lablarimga to‘kilsang netar!

* * *

(Pushkin haykali qoshida)

Tinglayman shamollar marsiyasini,
Viqor-la turasan boqqancha mag‘rur.
Qayinzor oralab kechgan o‘ylaring,
Dilimga soladi ajib bir surur.
Sen — Rusning hech so‘nmas yuragi abad,
Haq so‘zingni aytding eng og‘ir kunda.
Quzg‘un bulutlarni yengib qanday, ayt,
Rusni olib chiqding qora quyundan.
Nega tugamaydi fitnaparastlar,
Vatan deb laxta qon bo‘lmagan qalbi.
Sotqinlar otilmas, otilar mardlar,
Qaygadir nadomat, quvg‘inlik hali.
Qonimda uyg‘onar xayoling, yoding,
Tunlarni tonglarga ulayman yolg‘iz.
Nahot sen so‘z uchun tug‘ilding, o‘lding.
Ko‘zingda hayqirar moviyrang dengiz.
Dilingda, tilingda cho‘kkan so‘zlaring,
Shoirlar she’r o‘qir kelib qoshingga.
Asli shuhratga o‘ch kibor davralar,
Mayda ko‘rinadi sening qarshingda.
Sen faqat Erk uchun tug‘ilgan vijdon,
Qoshingda tursam-da o‘ychan va beun.
So‘ngsiz g‘ussalarim, dardlarim bilan
Sening yuragingga yaqinman, Pushkin.

* * *

Hammasi — o‘tkinchi, hammasi — havo,
Bariga qo‘l siltab, jonimda titroq.
Men uchun sehrga ko‘milgan ma’vo,
Sen uchun yonmoqda yulduzlarga boq.
Qanday yaxshi boring... borligim axir,
G‘amdiyda ichimda ko‘karar havas.
Achchiq ko‘z yosh bilan tugamas taqdir,
Ayriliq dunyoning oxiri emas.
Meni ko‘zlaringda adashtirib ket,
Eng go‘zal armoning bo‘layin o‘zim.
Sevmoq — naqadar baxt, sevilmoqlik — baxt
Gul yoshda sevmaslik gunoh, Azizim!
Hayotda eng so‘nggi choramas xato,
Bir umr so‘nmoqlik faslimas, bilgin.
Qaragin, nur to‘kib turibdi samo,
Hali yashash mumkin, kutish ham mumkin!

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.