background
logotype

Akmal Toshev (1985)

Akmal Toshev 1985 yil 6 aprelida Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani Oqtosh qishlog‘ida tug‘ilgan. 1992-2003 yillar qishloqdagi 41-umumta’lim maktabida o‘qidi. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida jurnalistika fakul’tetida bakalavr yo‘nilishini (2004-2008), magistratura bosqichida (2011-2013) tahsil oldi. Hozirda «Ishonch» va «Ishonch-Doverie» gazetalari tahririyatida bo‘lim muharriri lavozimida ishlab kelmoqda.
A.Toshev badiiy ijod bilan shug‘ullanib keladi. Qator markaziy gazeta va jurnallarda she’rlari chop etilgan. «Mohiyat lahzalari» (2008), «Farishtali kunlari» (2011) nomli she’riy to‘plamlari nashr etilgan. «Qashqadaryo bayozi» (2007), «Yoshlar kitobi» (2008), hamda «Oltin ko‘prik» (2010) almanaxlariga she’rlari kiritilgan.
Этот адрес электронной почты защищён от спам-ботов. У вас должен быть включен JavaScript для просмотра.


Farishtali kunlar

Farishtali kunlar chindan ham shunday,
Ko‘ngilning to‘pig‘iga chiqmaydi g‘ussa.
Tabassum lablari misli qulupnay,
Hushingdan ozdirar birgina bo‘sa.
Teran musavvirning ijodi hassos.
Muz qotgan hislarni sindirar shukuh
Vujudingda qanot ulg‘ayar bexos,
Uzoqlarga chorlar bayramona ruh.
Sibizg‘a tilining ohangi monand,
Yuraklar titraydi ne asrori bor.
To‘lishgan iforni ufurib harchand,
Zulmat sipohini bosishga tayyor.
Kulgu jallodining ko‘lankasi yo‘q,
Qulflar buzilgan qafaslar g‘arib.
Firibgar shaytonning panjasi quruq,
Xushnudlik bog‘ida beiloj bari.
Bir damlik dilxushlik yillarga tatir,
Agar baxt onini his eta olsa.
Xafahol nigohlar, g‘am yuki axir,
Qahqaha ilkidan tutib qololsa.
Jo‘shqin tuyg‘ularni siqmaylik takror,
Qayg‘uga topinmoq, arosat nechun?..
To tushkin ruhingiz qiling zulfiqor,
Shodlik ummonini zabt etmoq nechun!


Ziyoratgoh

Sukunat makoni —
Lomakon mahri,
Havoyi suratlar tumandek g‘oyib.
Dunyoning shaytoniy nafsidan xoli,
Zada ruh nogahon entikdi boyib.
Tek qotgan tulpordek xayollar sokin,
Bo‘g‘izga yopishmas yildirim illat.
Ilgida jo etib samo qudratin,
Mingoyoq hirslarni qamchilar farsat.
Rahmonning nafasi,
Shuurimda to‘lqin,
E’tiqod nigohi chorlaydi birdan.
Sarson ruh dunyodan kechishi mumkin
Voz kechmas boqiylik — abadiy nurdan.

Qabrlar...
Aslida dunyomiz qabr,
Boylik va mansablar sig‘maydigan joy.
Bo‘shliqqa sanchildi bir so‘zki — sabr
Mujdalar karvonin chorlagan humoy.
Jim-jitlik bosqini naqadar achchiq,
Chingizning lashkari ummondan qatra.
Ruhimda uyg‘ondi isyonli og‘riq,
Ayovsiz tebratar ayovsiz zarba.
O‘sh qalqdi,
Tavbaga aylangangan kalom,
Ilohiy qudratni qalbimda tuydim.
Vujudim zabt etdi ulug‘ ehtirom,
Kibrli boshimni sajdaga qo‘ydim.

Qur’on tilovati ilohiy qo‘shiq,
Ajru savoblarni ushlagan sayyod.
Ruhlarni chorlaydi nurli bir chaqriq,
Jannat eshiklari ochilgan zahot.
Duoga aylangan dardli istig‘for,
Yetti qad samoga urildi bir sas.
Vujudlar to‘kildi, ezgulik bisyor
Shamoldek erkin qo‘y ruhingni bir pas.
Bir lahza,
Bir lahza bo‘lsa-da mayli,
Qutirgan jajmanga chap berdik, axir.
Qafassiz borliqning aksi chiroyli,
Iymonning nafasi buyuk ne’matdir.


* * *

Ekinzor yoqasi
Bir juft sigir o‘tlaydi sekin
Tayoqqa suyangan xayolchan bola
Qo‘lida kitob
Ko‘zlarida olovlanar shan!
Kitob bir olam
Borliq bir olam
Sigirlar ham mo‘‘jiza unga.

Bulut suzar
Osmonga sanchilgan tog‘larni osha
Quyosh mizg‘imoqning taraddudida
Shafaqqa ko‘milgan mag‘rib
Bola qalbi ochilgan eshik
Sahifalar sho‘ng‘iydi asta
Bir juft sigir o‘tlaydi beg‘am.

Kitoblarning ketidan kitob...
Umr shiddat...
Fasllar lahza...
Shirin horg‘inlikni tuygancha bola
Shafqatsiz VAQTning ustidan kular
Bir juft sigir o‘tlaydi hamon...


Mohiyat lahzalari

O‘tov...
Poyonsiz adir...
Qadim moziyning jajji suvrati

Do‘mbira dardim...
Baxshiyona kuy...
Borliq vujudiga shimilib ketgan

Chevar barmoqlar...
Gullaydi o‘rmak...
Tabiatga uyg‘un jilolar

O‘choqda olov
Biqirlar qumg‘on
Zamonlarni hadlagan tovush
Alamlar hadsiz...

Chanqovuz...
Yig‘laydi.
Ishqni opichlab,
Peshonasi yorilgan navo...

Jo‘ngina nigoh...
Paykonga terilgan mehr...
Shunchalar mo‘lki...tasavvur ummon!

Sibizg‘a
Chorlaydi cho‘ponni ...
Tayog‘i singan cho‘pon...
Sochilgan suruvni izlaydi.

Qadim ostona
Eng oddiy umrga
Eng buyuk umrga
Asliyat gullari qoplagan zamin

Sof dunyo...
Oq ko‘ngil...
Pok sevgi...
Sog‘inib yashaydi hali odamlar!

Sabrlar sabit...
Kelajak shoshqin...
Muvozanat-chi...to‘kiladi
O‘pirilgan jardek mutasil...


Shamollarga aylangim keldi
(turkumdan)

* * *
Erka shamollarni erkalay derdim,
Dunyoga sig‘magan jajji tasavvur.
Endi-chi,
Shamollar erkalar edi,
Va’dani xaydagan betakror huzur.
Huzurki,
Halovat eshildi sarmast,
Tabiat kaftida ulg‘aydi biram.
Mastona holimdan miriqib kuldi
Kenglik iforini tutgancha sanam.
Xijolat bo‘ldim.


* * *

...Shovullaydi tashvish yuklangan shamol,
Og‘iz juftlangan-u
So‘zlanmagan roz.
Zulmatga o‘qtalgan sham nuri kabi,
Beimkon qopqaga yopishgan xolos.
Ko‘chkini yelkada tutib turgan dard,
Bo‘g‘zimga tiqildi ezilgan zug‘um.
Qayta yutdim bexol
So‘ngsiz qo‘zg‘olon,
Nayzaga sanchilgan chorasiz hukm.
Isyonga muhtoj...


* * *

...Sahroda ro‘yolar yasab charchamas,
G‘azabkor to‘fondek qutirgan shamol.
Qudrat timsoliga aylanib zumda,
Dengizni osmonga otar bemalol.
Gohida  nozanin sochini tarab,
Ko‘ngilni chorlaydi
                                oltin ko‘shkiga
Tug‘yonlar xurjinin ko‘tarib ma’yus,
Ishonib yuradi ulkan tushiga.
Sodda yurak —
Daydi shamol.


Iztirob

U faqat jilmayib qo‘yadi xolos,
Moyillik ramzimi, yoxud xayrixoh.
Noxush, shum tumanlar o‘rlaydi noxos,
Gumonlar qamchilar qalbimni, e voh!
Yillar o‘tar ammo hamon o‘zgarmas,
Hamon jilmayadi,
Tuyular mazax.
Zulmat uzayadi, tong-chi bo‘zarmas
Bunchalik azobli mashaqqatli baxt.
Balki...
          Ro‘yomikan totli tilagim,
Betimsol ko‘zlaring bunchalar betinch.
Qiynama!
Rostin ayt, nozli malagim,
Mayli hamroh bo‘lsin armon va o‘kinch.
Tinglagil ko‘ksimni,
Chekmoqda faryod.
Dardli iztirobdan chekinmoq kerak.
Biroq muhabbatdan ayrilib, hayhot
Huvullab qolsa-chi devona yurak!?
Kechir...
         Xohlamasang abad aytmagil,
Bu tuyg‘u dilimda turgani yaxshi.
Unga ishonadi milyonlab ko‘ngil,
Rangin yo‘qotmasin muhabbat naqshi.

U faqat jilmayib qo‘yadi xolos..


Manzara

Maysalar tebranar daf’atan,
Silkinar dengizdek ko‘k bo‘yoq.
To‘lqinlar qatida namoyon
Binafsha, lal, sariq, oq bo‘yoq.

Zovlarning ko‘rimsiz oq-qora,
Betlari alvonga burkangan.
Zaminga tiralgan gavdasi,
Yam-yashil gilamga o‘ralgan.

Bog‘lar ham kelindek yasangan,
Bezanib turfa xil bezakka.
Daraxtlar o‘rangan harirga,
O‘xshaydi suluvga, malakka.

Osilib falakning toqiga,
Bahoriy bulutlar o‘ynaydi.
Quyoshning beminnat nurini,
Qiymalab-qiymalab qo‘ymaydi.

O, bahor vujuding gullabdi,
Yelasan qirlarga ey, pari.
Holimni bir bora so‘rsang gar,
Xayolim tegrangda sarsari.


Sog‘inch

Onajon!
Taftingizni sog‘indim.
Sehrli ko‘zlaringizga termulib
Dunyoni unutsam deyman.
Bilasizmi?
Ilk esimni tanigan paytlar...
Chanqovuz chalardingiz
Labingizdan kuylar uchardi.
Beixtiyor yig‘lashdan to‘xtardim
Kulishdan-da to‘xtardim hatto
Hayratlarga esh bo‘lib faqat
Bag‘ringizga singib ketardim!
Yana bir bor chaling, iltimos..
Sog‘inchlarim duv-duv to‘kilsin.

Onajon!
Siz bilan dardlashgim keldi
Bunda masofalar ahamiyatsiz.
Axir, tunda bedor xayolan
Bizning dardlar-la
Kurashishdan charchamaysiz-ku.
Buni sizdan o‘rgandim
Qanday baxtliman!
Xohlasangiz xayol ustida
Shiddat-la yetaman, Ona!
(Har qalay Alpomish avlodiman-ku!)
Tushingizda ko‘rsangiz faqat
Xavotir olmang
Chunki sizni sog‘inganimda
Tushingizga kirib yuraman.

Onajon!
Bo‘z boladek quchog‘ingizda
(Bobom yasab bergan sibizg‘a)
Kaftda tutib chalib yursam
Chalaversam charchagunimcha
Kimlargadir erish bo‘lib
Tuyular bu gap.
Axir, men ham
Tuyg‘ularim yashirgim kelmas
Yana o‘sha mehringiz istab, uloqtirib
G‘uborlarga to‘lgan umrimni
Jajji farzand bo‘lgim kelyapti!..


* * *

To‘zib-to‘lg‘onadi eplolmay o‘zin,
Ismsiz vajohat — qopqog‘i sukut.
Yashirmoq bo‘ladi yosh qalqqan ko‘zin
Suzayotgan bulut...

Hammasi tugadi. Armon esa och,
Og‘ir tamshanadi umidsiz titroq.
Ma’yus erkalanib qo‘yar noiloj
Tushayotgan yaproq...

Nadomat sirtmog‘i, nafs-chi jallod,
Lahzaning poyiga bosh urgan so‘qir.
O‘zini yo‘qotgan jismdir, nahot
O‘tayotgan UMR...


* * *

Ko‘p qavatli binodan g‘amgin
Uzoqlarga termulib boqar.
Sun’iylikdan bo‘g‘ilgan ko‘ngil
Qaylardandir halovat istar.

Doston bo‘lgan ulkan shaharga
Sig‘masdi hech jo‘ngina ruhi.
Nigohida tosh qotib qolgan
Oddiygina dashtning shukuhi...

Osmonlarga sapchidi tuyg‘u
Xira yulduz
Sovuq, bir parcha.
G‘ir shabada, ko‘kka tikilib
Yulduz sanash gashti boshqacha.

Devorlarga sapchidi tuyg‘u
Boshi g‘o‘rra xursinib qo‘yar.
Sog‘inchlarni tutqazib ketdi
Ertaklarga aylangan tog‘lar.

Xayol yolg‘iz suronga tobe
Sim to‘siqqa urildi behol.
Qani endi kenglikni quchib
Gul bargida o‘ynasa xayol.

Ko‘nikmadi... boshqalar kabi
Vujud sudrat ketsa qayoqqa.
Kelajakni yolg‘iz qoldirib,
Jo‘nab ketdi olib qishloqqa...


Yomg‘ir

Rauf Parfi xotirasiga

Yomg‘ir yog‘di,
Qayg‘ulardan og‘ringan ayol,
Pana joyda dardlarini to‘kkandek oxir.
Yuraklarni ezib-ezib yig‘laydi behol,
Noxushlikni anglagandek izlar kimnidir.
Kaftidagi tomchilarga termulib g‘amgin,
Hasratini baham ko‘rgan
Huv o‘sha habib.
O‘sha ko‘zlar nigohiga intizor, betin
Yetib keldi yaxshi kunlar tarxini tuzib.
Ko‘rinmasdi u!
Shamollarning quchog‘ida aylanar bir g‘am,
Tutun misol o‘rlaydi o‘t,
Qorovlandi moh.
Zamin uzra do‘nib chiqar qip-qizil motam.
Shodlik talab kurtaklarning lablari yumuq.
Shunda nogoh portlab ketdi,
Yorildi chaqmoq!
Titrab turgan tuyg‘ular ham seskanib birdan.
Saroblarni hatlamoqchi, istagi mayoq,
Xavotirdan taroshlangan xassasi bilan.
Achchiq-achchiq yig‘lab berdi, tinmasdi birrov,
Faryodlarning quchog‘ida bo‘g‘ilgan inkor.
Oh, urganda otiladi qilichdek olov,
Yaralangan yo‘lbars kabi tishlanar takror.
Endi yomg‘ir kimga yig‘lasin?!
Ammo... bir kuy ulg‘ayardi siyrati ma’sum,
Qanot qoqdi samoviy kuch
Olovli nafas!
G‘unchalardan balqib chiqdi mungli tabassum,
Matonatning yelkasidan tutdi zabardast!
“Men o‘lmayman!
Avval yomg‘ir kaftlarimga to‘kilgan bo‘lsa,
Endi yomg‘ir tomchilari qo‘nog‘im bo‘lgay.
Xayolimni yomg‘irlarga topshirdim
Ular
Ko‘ngillarning mehvariga insin paydar-pay.
Men tirikman!”
 ..Hamon yog‘ar
Chil-chil bo‘lgan umidin to‘kib,
Iztirobdan anchagina xorigan ko‘ngil.
Endi uning qalbidagi yonib, orziqib,
Bitib ketgan dardlarining kaftiga to‘kil!
 “Yomg‘ir yog‘ar shig‘alab yog‘ar,
Asta meni asir etar ul.
Yomg‘ir yog‘ar shig‘alab yog‘ar,
Yog‘a boshlar qog‘ozga ko‘ngil.”


* * *

Xayolimga she’rlar yozaman,   
Kurtaklardan otilgan iqror.
Erta bahor nafasi kabi
Ko‘ngillarni tebratgan ifor.

Guldirosning shiddati baland
Tiriklikni quchgan tomchilar.
Isyonlarni uyg‘otib yubor,
Sog‘inganim, dardim — qamchilar.

Kaftim tutib samoviy mehr
Qoqa boshlar tog‘lar boshini.
G‘unchalarda balqiy boshladi,
Yashirsa-da sevinch yoshini.

Ufqlarga qochgan tasavvur
Yaproqlardek ulg‘ayar asta.
Go‘zallikka to‘yingan shabnam
Uchray boshlar har bir nafasda.

Kengliklarni istagan ruhim,
Shamollarga ergashgan ko‘ngil.
Gullar bilan do‘stlashib olib,
Uzoqlarga ketamiz yurgil!


* * *

Bola xayolida chizar manzara,
Yuksak kashfiyotlar debochasi bu.
Jajji orzularin qilmang mazxara,
Porlok kelajakni kuzlamoqda u,

O, mitti yurakcha guldek bokira,
Ranjitmang qunmasin oq kalbiga kir.
Kichik tashabbusni bug‘mangiz sira,
Ot bosmagan joyni toy bossin axir.


* * *

Yig‘layotgan yomg‘ir
Shalobbo zamin,
Yalangoyoq bola
Tor so‘qmoq — yo‘lak.
Hayratli juft ko‘z odimlar sekin
Ertakka aylanib
Portlagan kurtak.

Ko‘kdagi bola uchmoqda biram,
Qoqqigul ustida o‘ynagan ko‘nglim.
Yaproqqa osilgan xotira - shabnam
Yig‘layotgan yomg‘ir...
To‘yib yig‘ladim...


Taassurot

Tuyg‘uni tortqilab yog‘adi,
Borliqqa to‘shalgan tilsimot.
Majnunvash hislarga boqadi,
Vaslini baxsh etgan parizod.

Uyg‘ondi ajoyib xotira,
Bir shaffof lahzalar parvona.
Mo‘‘jiza yaratar ohista
Xassasin tutgancha afsona.

Ko‘ngil-chi aksiga mahliyo
O‘zini kashf eta boshlaydi.
Po‘stinga o‘ranib bu dunyo
Yalong‘och libosin tashlaydi.

Manzara jonlanar, beg‘ubor
Chorlaydi savlati hayratga.
Qahraton mehrida hikmat bor,
To‘qnashdim haqiqat — siyratga.

Poklangan ilhomning ovozi,
His qildim ruhimda yengillik.
Milyonlab oppoq qor parvozi
Uyg‘otgan taassurot — ming yillik.


Ko‘k

Ko‘kka boqing  – ko‘k yerga tushmish,
Qalqib ketdi entikkancha taft.
Dimog‘larni allalar hovur
Ko‘k martaba orzular bir saf.

Ko‘ngillar ham ko‘k singari keng,
Jo bo‘ladi borliq bir pasta.
Misli ko‘kdan tushgan parilar –
Chechaklarga nigohlar hasta.

O, ko‘ksimga ko‘kning havosi
Bosh qo‘ygancha shivirlar neni?
Nahot, nahot hijron da’vosi
Ko‘klam bo‘lib sog‘inding meni!?

Ko‘k yomg‘iri – to‘kildi dunyo,
To‘kilgancha ko‘karib borar.
Boqaverar nim tabassum-la
Ko‘k quyoshi – kurtak yorilar!

Ko‘klik oling, odamlar, ko‘klik
Har qadamda ezgulik yitsin.
Amallar ham bir amal bo‘lib,
Ko‘k singari ko‘klarga yetsin!..


«Chaqmoqqa aylandim...»

Tafakkur charxini aylantirgan suv,
Ajdodlar dahosi tutgan durdona.
Aslida tillarning sanog‘i yo‘q-ku,
Ammo o‘z kalomim, beshak, yagona!

Kimning lafzi buyuk, kimniki g‘arib,
Taqqoslash fikrida yuritmam qalam.
Dunyoga keldimu, Masih singari
Allaga jo etdi so‘zlarni onam.

Tuyg‘ular farishta qanotin tutib,
Navoiy bo‘ldi-yu qalbimga indi.
Soqiyning lutfidan o‘zni unutib,
Basir nigohimga Arshlar ko‘rindi.

Eng yorug‘ chaqmoqqa aylandim zumda,
Dovuldek pishqirdim, kuy kabi jo‘shdim.
Gulga izhorimni aytdim o‘zimcha
Baxtiyor ruh kabi samoga ko‘chdim.

Goho tovoningga gulmix qoqildi,
Majruh qilmoqlikni istagan g‘anim.
«Alpomish» bo‘ldingu chohlar yiqildi
Oddiygina tilim ­ osmonim manim!


Tun

Tun asta odimlar hayratni quchib,
Sokinlik mujassam g‘aroyib ertak.
Ostona hatlaydi hislarni sepib,
Tim qora harirga chulg‘angan malak.
Harirga zulukdek yopishgan yulduz,
Sochlari to‘lg‘anar misli majnuntol.
Borliqni quchoqlab bedor, uyqusiz,
Shirin alla aytib uxlatar ayol.
Harirning bir chetin ko‘tarar asta,
Zulmatning poyidan yamlar paydar-pay.
Bu porloq chehradan yulduzlar xasta,
Hasaddan yorilib so‘nayotganday.
Nur tunga qorishdi — omuxta tamom,
Hayratdan jilmayar jimgina olam.
Bunga guvoh bo‘lsa, chorasiz rassom,
Ajabmas, qalamni uloqtirsa ham.
Bundayin manzara qayda yo rabbiy,
Tashbehlar ortidan tuyg‘u ot qo‘yar.
Shamol jilovini bo‘shatib, shabiy,
Xayol quchog‘ida aylanib yurar.


Qo‘shiq

Qur-r-r, qur-r-r, qur-r-r...

Yashillikka to‘yingan zamin
Daraxtlarda chechaklar yal-yal
Mu’jizaga to‘lib borayapti...

Dimog‘ingdan tovoningacha
Yuguradi bir chaman,
                      bir shaffof,
                             bir sarin havo
Asablar-da bardoshga to‘ldi...


Shom kuyi ushshoqdek ushalib borar
Tebranada ko‘rmaganing – g‘ujg‘on tuyg‘ular
Seplarini yozgancha sirli...

Ariq bo‘yi.
Qurillar baqa
Dunyo bildi ko‘klamni, suvni –
Nigohida gullaydi Dunyo!

Kulayotir yulduzlar, qarang
Oy pariga aylangan kecha
Oyparining hajri qalqitdi...

Qur-r-r, qur-r-r, qur-r-r...

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.