background
logotype

Akram Usmon (1966)

1966 yilda tug‘ilgan. Toshkent Davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetida tahsil olgan. “Iqrorlik”, “Yurak maktublari” (hammualliflikda) she’riy to‘plamlari, “Kuz anhori” ocherklar kitobi chop etilgan. Hozirda “Namangan haqiqati” gazetasining bosh muharrir o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritmoqda.

1

Ikki fasl –
inoyat fasli,
Uchinchisi
ijobat bo‘lar.
Bahor,
yozni
bilmagan asli,
Qishga yetmay
kuzida so‘lar.

2

Ko‘klamda gul ekayotib
yo‘qotgan
qalamimni
kuzakda
topib oldim
xazonlar orasidan.
Chiriy boshlagan ekan,
qolgan ekan nam tortib,
Yonolmay,
tutar edi
barglar alangasida.

3

Hovlimizga tutash paxtazor,
huv, narida shitirlar g‘o‘za.
Kim ekan u, yolg‘iz paxtakor,
bosh ko‘tarmas, tinmas, kim o‘zi?
Chaqiraman:
g‘o‘za chayqalishdan to‘xtaydi,
bir bolakay beradi ovoz.
Ovoz menikiga o‘xshaydi,
mayinligin aytmasa biroz.
Bilsam:
o‘zim qidirar edim,
paykallardan bolaligimni.

4

Sevgi fasli
bahor emas,
kuz ekan,
Kuzda sevgan
asal bilan
tuz ekan.
Bahor sho‘xliklari tinib qolar-u,
kuz – alamga to‘lgan qari qiz ekan.

5

Xazonrez bog‘ mening yuragim –
barglari
sarg‘arib,
to‘kilayotgan.
Aqlim,
armonlarim,
ko‘zyoshim –
bog‘ning etagidan oqayotgan.
Endi, u,
sokin va tip-tiniq,
kuzgi anhorday.

6

Kuz oqshomi:
horg‘in va mahzun,
osmon dardga to‘liqqan yurak.
Xotiramda yig‘laydi bu kun,
isming o‘yib yozilgan terak.

Yoshligimdek yiroqsan, endi,
u terak ham ketgan kesilib.
Bu jafokash yurak ham ko‘ndi,
hijronlarda kuyib, ezilib.

Sevgi fasli – bahor olisda,
kimlargadir baxt ulashadi.
Muhabbatdan so‘z ochma kuzda,
vujudimda qon uvushadi.

Tun ham cho‘kdi.
Bo‘ldi, uxlayman –
erta tongda turishim kerak,
O‘ngimda-ku, ko‘rmayman seni,
hech yo‘q, tushda ko‘rishim kerak.

7

Bahorgi o‘ylaring – kapalak,
so‘zlaring dard bo‘lib to‘qilar.
Uch oy yoz ming yoshga kirasan...
So‘ng...
Kuzda falsafa so‘qilar:
“Har bahorda shu bo‘lar takror...”
Va...
Har kuz ham shunday o‘tadi...

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.