background
logotype

Alisher Narzullo (1967)

http://ziyouz.com/images/stories/alisher_narzullo.jpgAlisher Narzullo 1967 yilda tug‘ilgan. Oliy ma’lumotli. "Rangin olam", "Yashil daraxtlar", "Bolalikning so‘nggi kuni" singari kitoblar muallifi. O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi.


* * *

Gullashi mumkin oh, bodomlar,
Tog‘larning boshida hali qor.
Bir yengil shabboda esadi,
Qaydadir bir ko‘ngil yig‘lar zor...

Bodomlar gulladi o‘ngurda
Sen g‘amgin o‘ylarga botibsan.
Ilonlar g‘imirlay boshlagan
Zaminda nega sen yotibsan?..


* * *

Qopog‘on itmidi
yo‘limdan
to‘satdan chiqdi, o –
yoqmadi.
Bir burda non tutsam
na qiyo...
hattoki,
qayrilib boqmadi.
Dedim:
ey, yonimda bori – shu...
Bilmadim,
sho‘rlik gap uqmasmi?
indamay
jim o‘tib ketsam gar
oldimdan boshqa it chiqmasmi?..


* * *

Ko‘zlarim ichida qalqidi
Dilimda qo‘zg‘algan unlarim.
Qarshimdan o‘tyapti indamay
Ham shirin, ham achchiq kunlarim.

Kun kelib eshikdan
bir zarba,
Tanimni ko‘chaga otmasmi?..
Dunyoning hasrati
banogoh
Suyakka pichoqdek botmasmi?..


* * *

Kechir, dedim
Sen: zinhor, deding,
Qarg‘amoqni qilmading kanda...
Oyog‘ingga yiqilmoq bo‘ldim
Eslaysanmi, o‘ksib... o‘shanda.
Ammo,
endi...
Ko‘ngul ozurda,
yayramoqqa qolmagan holi.
Menga endi do‘st  ham kerakmas,
suyansam bas
Bo‘lsa... chumoli.


SAHRODA

Shamollar kezinar begona
Yomg‘ir savalaydi qumlarni.
Junjikib sanayman
men bu dam
Har lahza, har soat...
kunlarni.
Shamollar qaytmaydi ortiga
Bu dayri dunyoda
kenglik  yo‘q.
Men yo‘lga chiqqanman
bilaman...
Bilaman
hech qachon tenglik yo‘q...


* * *

Bu gaplarni shivirlab ham
aytsam
senga yetardi,
Ammo, dildan tomirlar
uziliblar ketardi.
Ichkaridan bir vulqon
otiladi, qaramas.
Otilmasa bugun u,
bir chaqaga yaramas...
Ko‘zlarimni yumaman
ruh uyg‘oq –
so‘lmaganman.
Nechun shivirlay axir
men hali o‘lmaganman...


* * *

Nima edi bu talash,
kim edi u,
ayt, bebosh?
Peshonamga qarsillab
tekkan
nahot... edi tosh?
Endi bir qadam nari
yursam men yurak sari,
kimdir shu dam atayin
ketib qolsa teskari...
Qon silqigan boshimni
boshlayman
xush damlarga.
Mening gapim bor axir
hali bu odamlarga...


* * *

Parvoyi palakmi
bu odam,
– Borman, deb qo‘yishni
Ko‘zlamas...
O‘zining borligi haqida
shivirlab bo‘lsa-da
so‘zlamas.
Qushlar:
– Bormiz, deya
jar solar,
bir tongda
o‘rik ham gullaydi...
Uyg‘onmasa agar shunda ham,
Tangrim uni
qanday qo‘llaydi?..


* * *

Chumchuqlar chug‘urlar shoxlarda
don sepib qo‘ymabman
negadir,
Yomg‘ir, so‘ng
maydalab yog‘ar qor
achchiq qilgandayin
samo kimgadir.
Qop-qora qarg‘aning
hurpaygan
vujudin qor lekin
ko‘mmaydi.
Bu oppoq kenglikda
neki bor,
Negadir ketishga ko‘nmaydi.
Chumchuqlar shoxlarda
vaqtincha,
Vaqtincha
dillarda bir xuruj...
Atigi bir kunga cho‘zilar
e’lon qilinmagan
bu urush...


* * *

Senga qaray olmadim
bu dam,
Balki yetar,
bo‘ldi, yetgani...
Ammo
kimga men achchiq qilib
Cho‘g‘landim, o, u kun
ketgani...
Ochdim, mana – yurak
zormanda
Ichkariga kirdi
do‘st, ham yot...
Bir dunyo g‘am-anduhlar
ichra
Tanidingmi, meni o, hayot...


* * *

Yuzlarimga boqmagil endi
Qilma endi zarra andisha.
Men o‘zgarib ketganman butkul,
Sen-chi, hamon farishta – o‘sha...

Sen olovning yolqinidansan
Chiqishmaysan bu olam bilan.
Nega axir yashayapsan jim
Nari borsa bir odam bilan.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.