background
logotype

Alisher Nazar (1976)

A lisher Nazar 1976-yili Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida tug'ilgan. 1998-yili Xalqaro Gumanitar akademiyasini tamomlagan. "Bizga atalgan tonglar" she'riy majmuasi (1999) va "Xolislik ehtiyoji" publitsistik to'plami (2012) chop etilgan. Ayni paytda "Yoshlik" jurnalining she'riyat bo'limi mudiri lavozimida xizmat qilmoqda.

 

OJIZ ODAM HAQIDA

Bu odamga alam qiladi,
Qarshisida mudom bir tilsim:
Nega uning dushmani yo‘qdir,
Nega unga qarshimas hech kim?

Nega unga hasad qilishmas?
Yoki hech kim kelib urmas do‘q?
Ko‘chalardan karvoni o‘tar,
Huradigan birorta it yo‘q!

Uzun-uzun rejalar tuzmas,
Uyqu qochmas olis tunlari.
Sochlarida birorta oq yo‘q,
Yuragida yo‘q sanchiqlari.

Alam qilar unga shunisi,
O‘tib borar beg‘alva, besas.
Kurashgisi kelar uning ham,
Lek arzirli g‘anim topilmas.

* * * 

Sizga nima bo‘ldi, buncha baxtlisiz,
Nega boshingizdan bahorlar ketmas?
Zaminning farzandi emasmisiz yo,
Bunchalar yuksaksiz, ovoz ham yetmas.

Biroq har parvozning qaytajagi bor,
Qarzga olgansiz-ku axir bu jonni!
Tutib qolay desa biror qo‘l yetmas,
Shuncha yuksaklardan qulash osonmi?


YOLG‘IZLIK

Yolg‘izlikdan juda qo‘rqaman,
Yolg‘izlikda adolat yo‘qdir.
Ko‘zlaringga tikilib turib,
Haqiqatni aytar birma-bir.

Ovutmoqchi bo‘lasan o‘zni,
Samolarga tikasan ko‘zing.
O‘ksib-o‘ksib yig‘laging kelar,
Negaligin bilmaysan o‘zing.

Olislarga termulasan jim,
Shamollarga ko‘ngil yorasan.
Ketging kelar bosh olib, biroq
Bu bosh bilan qayga borasan.

Hech narsadan to‘lmaydi ko‘ngling,
Yuragingni nimadir o‘rtar.
Yuzlaringda siniq tabassum,
Kulgularing yig‘idan battar.

Yolg‘iz qolgan odamga qiyin,
Yengib bo‘lmas sukunat yukin.
Yolg‘iz qolgan odam hattoki,
Sen haqingda o‘ylashi mumkin.

* * *

Ishonmang bu ko‘ngil ertaklariga,
Unda xiyonatning ko‘p nishonasi.
Shu ma’yus termulgan nigohlar asli,
Qancha nigohlarning og‘riqxonasi.

Uning yuragiga achinasiz siz,
Ko‘nglingizni yulib "ol" deysiz - malham.
Aslida bu yurak bir mozorxona,
Bitta lahadida yotibman men ham.

* * * 

Ortiq sevolmadim, meni kechirgin,
Garchi qurbon etdim oqliklarimni.
Endi o‘rtamizda tog‘lar ko‘kardi,
Men yirtib tashladim og‘riqlarimni.

Sensiz bugunlarga o‘rganib qoldim,
Ko‘nglimni tark etgan u kunlar tafti.
Seni yuragimdan sug‘irib oldim,
Sensiz ham tong otib, kun botayapti.

Muhabbat so‘zining rangin unutdim,
Endi so‘nggi ilinj tilayman sendan.
Faqat ko‘zlarimga osilib qolgan,
Masrur kunlaringni olib ket mendan.

* * *

Sizdan ketish qanchalar oson,
Ketish mumkin besado, beiz.
Dunyo qadar ketish ham mumkin,
Ketish mumkin hatto ko‘z yoshsiz.

Erta uchgan turnalar misol,
Ketsa bo‘lar mutlaqo beg‘am.
Sizdan ketish shunaqa oson,
Ketolmayman shuning uchun ham.

* * * 

Nega sizning buncha boshingiz egik,
Saraton taftida ko‘zlaringiz — muz?
Ayting-chi, qoldimi bisotingizda,
Birorta hayqiriq, biror tirik so‘z?

O‘rningizga birov yashayotganday,
Chiqib ketolmaysiz nega bu izdan?
Buncha tinch uxlaysiz to‘shagingizda,
Cho‘chib tushing axir, iltimos sizdan! 


ILTIJO 

Qachon yerga yiqilib tushdim, 
Ko‘nglim buncha lat mani.
Rutubatli tumanlar aro,
Yo‘lim qani, osmonim qani?

Yurolmayman... bilmam yelkamga,
Buncha og‘ir nimalar ortdim.
O‘zing yaqin kelmasang osmon,
Bo‘ynimgacha zaminga botdim.


TAVALLOLAR

Har neki so‘radim, berdingu faqat... 
Sen menga o‘zimni juda oz berding.
Yashashdek jazoni bergan Xudoyim,
Kuyini bermasang, nega soz berding?

* * * 

Keldim... ketmog‘imning nishonasi bu,
Ketar yo‘llarimni ko‘rsatgin, Jabbor!
O‘zim bu yo‘llarda bosh uray desam,
Na devor bor menda, na peshona bor.

* * * 

Bo‘m-bo‘shman, kel, O‘zing to‘lg‘az,
Ko‘ksimga kir, ko‘nglimga kirgin.
Tangrim, axir yashashim uchun 
Yo‘qotishga nimadir bergin.

* * * 

Shundayin dard bersang, shunday tashnalik,
Dunyoni bir qultum suv kabi yutsam.
O‘zimga kirsamda sarhadlarimda,
Seni izlaverib yo‘qolib ketsam.

* * *

Qo‘llarim duoda, hovuchim to‘lmas,
Samon yo‘llarida o‘ltiraman jim.
Ilhaqman, intizorman, lek imdod bo‘lmas,
Sabrim to‘lib borar, to‘lmaydi ko‘nglim.

* * * 

Bukun bozorimiz qizib borodur,
G‘addor dunyo bizdan o‘zib borodur.
Ro‘yoga xaridor nafsi balomiz,
Ikki dunyomizni buzib borodur.

* * * 

Gohida sig‘maydi yodimga yoding,
Bir og‘riq boshlanar bag‘rimda sim-sim.
Axir Senga qanday baxshida etay,
O‘zimga yetmagan o‘zimni, Tangrim?

* * *

To‘lib bormoqdaman, to‘kilmay turib,
Allohim, qalbimga nazzora et bir.
Axir sahroyingda tashna bir qulman,
Musofirman, musofirman, musofir!

* * * 

Charchadim, nazar sol bu yo‘llar aro,
O‘zimni yo‘qotdim, Seni yo‘qotdim.
Ishon, yo‘lsizlikdan qiynalmadim men,
Yo‘lim ko‘pligidan qiynalib ketdim.

* * * 

Umrimni besamar kunlarga sotdim,
Bunda topganlarim hammasi — ro‘yo.
Sening omonating asray olmadim,
Qimmatga tushdi-ku menga bu dunyo!

* * * 

Ko‘nglimda yig‘laydi ming yillik firoq,
Sen menga yaqinsan, men Sendan yiroq.
Saharlarda turib sasing izlayman,
Ey do‘st, ayriliqdan bag‘rim ming quroq.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.