background
logotype

Anvar Obidjon (1947)

 Anvar Obidjon 1947 yil 8 yanvarda Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanidagi Poloson qishlog‘ida tug‘ilgan. O’zbekiston xalq shoiri (1998). ToshDUning jurnalistika fakultetini tamomlagan (1979). Qissa va hikoyalari — «Usta Gulmat g‘azallari» (1974), «Eng yorug‘ kun» (1983), «Akang karag‘ay Gulmat» (1987) va boshqa. «Masxaraboz bola» (1986), «Juda qiziq voqea» (1987), «Yerliklar» (1990), «Alamazon va Gulmat xangomasi» (1992), «Ajoyibxona» (1993, she’riy taqvim), «Tanlangan she’rlar» (2006), «O’g‘irlangan pahlavon» (2006), «Bahromning hikoyasi» (2007) kabi doston, qissalar, she’rlar, pesalar va hajviy asarlardan iborat to‘plamlar muallifi. «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan (1997).

TINCH KUNLAR

Bizlar quraverdik, buzaverdi yov
Qo‘rg‘onu uyimiz, ko‘shku qasrni.
Sha’nimizni depsib ezaverdi yov,
Ko‘rmadik suronsiz biron asrni.

Turon solnomasin o‘qir talaba,
Sahifalar guvlar janglarga to‘lib.
Har bir mag‘lubiyat, har bir g‘alaba
Iz solmish “Tarixiy voqea” bo‘lib.

Fitnaga boy erur har qaysi zamon,
Jim tursang-da cho‘zar qattollar bo‘yin.
Tutmoqlikdan ko‘ra nayzaga qalqon,
El tinchin sog‘ asray bilmoqlik qiyin.

Bir o‘yga chorlagay kitob yakuni:
Ichikamiz yozga faqat qish fasli.
Yurtimning tinchgina o‘tgan har kuni
Mislsiz Tarixiy Voqea asli!

POYEZDDAN TUShGAN QUSHCHA

1978 yil. Umumyotoqdagi sherigim Bikbulat mehmon kutvolamiz deb meni vokzalga yetakladi.

Vagondan qiz, misli par,
Yerga yengil sakradi.
Yuzidagi sepkillar
Ko‘zlarimga sachradi.

Qizmi, qizga do‘ngan qush?
Qumriko‘z-u, sutbadan.
Nahot men-chun yubormish
Tangrim uni Ufadan!

Shirin o‘ydan mastlanib,
Yoyganimda asta pat;
Birdan uchdi pastlanib
Mendan burun Bikbulat.

Bordiyu jon halpida,
Changal urdi sor bo‘lib.
Qushcha uning bag‘rida
Eriyverdi qor bo‘lib.

Perron to‘la odamga,
Ikkov esa yop-yolg‘iz.
Qolmish go‘yo olamda
Bitta yigit, bitta qiz...

Bikbulat-la quchinib
O‘tarkan qiz selkillab;
Ko‘zlarimning ichini
Achishtirdi sepkillar.

TABIB TAAJJUBI

Nechun qarib ham zir-zir
Titragaymiz o‘lishdan?
Asli ketish osondir
Bu dunyoga kelishdan.

MATNSHUNOS

Namxush xona. Mayishgan kursi.
Eman stol. Titilgan kitob.
O‘ngib yotar so‘zlarning tusi,
Matn uzra u emaklar xunob.

Hanuz chayir uloqchi otdek,
Hanuz qorin qo‘ymasdan yashar.
Tegrasida jimlik hayhotdek,
Tanholikka to‘ymasdan yashar.

Vaqt simirdi yillar totini,
Jimlik oxir chaldi qo‘ng‘iroq.
Shunda, birdan odam zotini –
Qo‘msab, ichin silkitdi titroq.

Sezdi, charchoq olgach zaptiga,
Yolg‘izlikdan safolanmasdan;
Yashab bo‘lmas yotlar taftiga –
Bag‘ir tutib davolanmasdan.

Mo‘raladi eshikni ochib,
Yashil baxtdan qamashdi ko‘zlar.
Tarqaldi so‘ng, zax uydan qochib,
Yurtga ko‘hna zarqanot so‘zlar.

O‘SPIRINCHA

Beg‘am dilim shum qizning
Tuzog‘iga ilindi.
Ko‘zim zarko‘z yulduzning
Nigohiga ilindi.
Jabr ayladim jonimga.

Chehrasida charsillar
Ishvalarin uchquni.
Qo‘lga qo‘ngan go‘l kaptar
Menman, bo‘ldim tutquni,
Jabr ayladim jonimga.

Joduga lim cho‘g‘ ko‘z-la
Quchog‘iga tortqilar.
Jonginamni o‘t hislar
O‘chog‘iga tortqilar,
Jabr ayladim jonimga.

O‘z-o‘zimni qiynayman,
Do‘zaxchamda kuygancha.
Doshqozonda qaynayman
O‘tyoqarni suygancha...
Jabr ayladim,
Jabr ayladim,
Jabr ayladim jonimga!

IGNABARG SHE’RLAR

– Hamma chivin xushtordir menga!
* * *
Oshga ketib, qirq yil qaytmadi...
* * *
Qo‘li issiq, qarashi sovuq.
* * *
 – Bo‘tqagayam tillo qoshiqmi?!
* * *
Uni asrar tanish mikroblar.
* * *
Chiroq o‘chdi. Yorishdi kelin.

XOTIRA GIRDOBI

Tushmay qoldi qalamim izga,
Toliqtirdi to‘liqib yashash.
Og‘ir kechdi, xayolan Sizga
Kunda yuz bor yo‘liqib yashash.

Chalg‘itar na sayl, na gurung,
Topolmasman axtarib pana.
Mendan birpas berkinib turing,
Kichik bir she’r yozvolay, ona.

OTA O’GITI

Har bitta so‘z - suvdek aziz, 
Har bitta so‘z - nondek uvol. 
Til boyligin bog‘ deb bilsak, 
Har bitta so‘z - bitta nihol.

Biron so‘zni isrof qilmoq 
Bir ko‘chatni yulmoqlikdir. 
Bora-bora, otameros –
Bog‘ni xarob qilmoklikdir.

E bolam, yot yurtga borsang, 
Ne atalur eling, derlar. 
Qay millatning vakilisan, 
Bormi ona tiling, derlar.

Shunda, mening qutlug‘ tilim –
Navoiyning she’ri, degil. 
Yurtim - Ulug‘begu Bobur, 
Amir Temur yeri, degil.

Ayt g‘urur-la Beruniylar, 
Farg‘oniylar ajdodim, deb. 
Koshg‘ariylar darsin tinglab, 
O’tkirlangan savodim, deb.

Maqtanma hech qimmat kiyim, 
Oltinlaru qasring bilan. 
Faxr et doim qudratli yurt, 
Boy til, nasab-nasling bilan.

Obro‘yingni baland tutmoq, 
E bolam, o‘z qo‘lingdadir. 
Sening olamdagi narxing 
Vatan, millat, tilingdadir.

BULBULNING SALOMNOMALARI

Qo‘rqoqlarning ko‘rqog‘i g‘ilay Quyonga salom, 
Yo‘qdir yaqin o‘rtog‘i, sho‘rlik Chayonga salom.

Shoxdan shoxga yugurgan, dumida uy supurgan, 
Yong‘oq chaqib tupurgan sho‘x Olmaxonga salom.

Arg‘amchidek buralar, yantoqlarga o‘ralar, 
Qo‘ng‘iz o‘tsa mo‘ralar, bo‘g‘ma Ilonga salom.

Ho‘kizlarni yiqitgan, Qashqirlarni qo‘rqitgan, 
Bor jonzotni hurkitgan shoh Arslonga salom.

Xo‘tikchaning qondoshi, ochlikka zo‘r bardoshi, 
Kamroq bo‘lsa ham oshi, erkin Qulonga salom.

Xumbosh hamda xirqiroq, oziq tishi oshnichoq, 
Ochko‘zligi sap chatoq, xasis Qobonga salom.

Nafsi o‘lja tilagan, qo‘lin qonga bulagan, 
Asta mo‘ylov silagan pismiq Sirtlonga salom.

Meshkay qorni qavoqdir, burni tappak tovokdir. 
Ikki lunji lavokdir, go‘l Karkidonga salom.

Guldor go‘ni kelishgan, qurtlarni yeb to‘lishgan, 
Daraxtlarda in teshgan Qizilishtopga salom.

Chidab sovuq-ushukka, insof tilab Mushukka, 
Pishloq sudrar teshikka, olg‘ir Sichqonga salom.

O’g‘rilarning ustasi, qushning xunuk tusdasi, 
Ko‘rib qo‘ying nusxasin, sur Zag‘izg‘onga salom.

Tupu kun yer qazigan, zaxda yotib ozigan,
Ko‘p tirishib, oz yegan go‘sxo‘r Yumroiga salom.

Igna-bigiz sotuvchn, kuzda loyga botuvchi, 
Ilon poylab yotuvchi Tipratikonga salom.

Bebahodir po‘stini, poylar hatto do‘stini, 
Sipo demang siz uni, ayyor Qoplonga salom.

Rizqin mag‘rur izlagan, yuksaklarni ko‘zlagan, 
Dushmanlarni tuzlagan botir Tarlonga salom.

Bulbul kabi izillar, tog‘-toshlarda g‘izillar, 
Yirtqichlardan bezillar, do‘stim Jayronga salom.

CHIRMANDA QO’SHIG’I

Yum-yumaloq qosqonim,
Bak-baka-bum.
Bo‘ynimda mis marjonim,
Bak-baka-bum.
Menga tushar shapaloq, 
Bak-baka-bum.

MILTIQCHA QO’SHIG’I

Do‘konlarda sotilaman. 
Paq-puq.
Yelg‘ondakam otilaman, 
Paq-puq.

Yoqtiraman mard o‘rtoqni, 
Paq-puq.
Cho‘chitaman lanj, qo‘rqoqni... 
Paq! Puq!

PARVARDA

Tug‘ilgandi Bo‘richa
Sakkizinchi yanvarda.
Bugun bir yil to‘libdi,
Adashmasa agarda.
Va’da qildi oyisi
Unga quyon go‘shtini.
Va’da qildi dadasi,
Unga kiyik to‘shini.
Bilmasa ham yosh Bo‘ri
Dunyoning keng-torligin,
Eshitgandi dunyoda -
Shirinliklar borligin.
Injiqlandi u birdan:
«Sovga qiling parvarda, 
Hech bo‘lmasa yeb ko‘ray 
Sakkizinchi yanvarda». 
Taskin berdi oyisi: 
«Bolam, adir - do‘konmas». 
Dadasi der: «Shaharga –
Borib kelmoq osonmas». 
Fursat poylab erkatoy, 
Chikdi-yu g‘or - uyidan,
Shahar tomon yugurdi 
Chopqir anhor bo‘yidan. 
Chiroqlarga angrayib, 
Tushib borgan choq pastga; 
Uni ushlab shaharda, 
Qamadilar qafasga. 
Endi uni yosh-qari 
Qilar har kun tomosha. 
U termilar adirga 
Baland-baland tom osha. 
...Yillar o‘tib oradan, 
Sakkizinchi yanvarda, 
Bir qiz yuvvosh Bo‘riga 
Tashlab o‘tdi parvarda.

BEHI

Ikki yuzim burushqoq,
Dema meni urishqoq.
Ishga solib aqlimni,
Sezdirmayman jahlimni.

Agar shirin bo‘lmasam,
Xushomadni bilmasam,
Meni darrov kesishar,
O’rnimga nok ekishar.

KALAMUSHLAR KEMASIDA

Ostki qismin yemangiz, 
Cho‘kib ketar kemangiz!

MAYMUNLAR TELEVIZORIDA

Ko‘rsatamiz bananni, 
Yalamanglar ekranni.

BURGUTLAR DARSLIGIDA

"Tutdik to‘rtta Qarqunoq,
 Yarmin yedik. Juftmi, toq?"

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.