background
logotype

Anvar Suyunov (1983)

Tavallud kunim:  1983-yilning 29-apreli.
Men tug‘ilgan yurt: Samarqand viloyatining sharqiy tegrasi, mamlakatimizning dengiz sathidan eng baland hududi, G‘o‘bdintog‘ adirlaridagi Eshmonto‘b qishlog‘i.
Men ilk tahsil olgan maskan: Bulung‘urning 25-o‘rta umumta’lim maktabi.
Keyingilari: SamDU qoshidagi litsey-internat, O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti.
Birinchi kitobim: “Qushlarga to‘la osmon” (she’riy to‘plam).
Yozmishlarim: She’r, hikoya, esse, ocherk va hakozo...


BAHODIR LAHZALAR

Boshida Quloqchin – uvada telpak,
Shunqor ko‘zlarida yonar shijoat,
Davrasi giryonu shashti jonsarak,
Chavandoz uloqni yerdan uzdi dast.

Hayqiriq, urho-ur tutdi osmonni,
Otlar to‘dasida sapchidi tulpor,
Yelkasiga tashlab eski choponni
Polvonning padari turar beviqor.

Duldullar pishqirar, bosar g‘alayon.
Burgutlar galasi talashar go‘yo,
U-chi, bir chekkada shivirlab har on.
Yo, Haq madad bergil – derdi, – iloyo!

Qamchi chatib o‘tdi raqib oldidan,
Ketdi oybotarga qarchig‘ay kabi.
“Sen, mening umrimni yashading shu dam,
Barakalla!” – derdi padarin labi.

Siltab tashlab o‘tdi toyning ulog‘in,
Kuch bermay shamoldek uchadi bedov.
Bu, dongli hayotning shonli sabog‘i,
Had bilmas umrning jig‘asi – asov!

Maydon terchilaydi,
 loylanar har yon,
Bahodir lahzalar etadi davom!
 
 
 CHO‘L TASVIRI

Sahroning qo‘ynidan ketdi chang, to‘zon.
Shamollar ham tindi izsiz, bedarak.
Yulg‘unlar ortiga inganday bo‘ron,
Qushlar charx urmoqda samoda yuksak.

Kengliklarda suzar muattar havo,
Dilgir xayol misol sahroyi o‘lan.
Chanqovuz puflaydi kayvoni momo,
Ketgan lahzalarning hasrati bilan.

Nizom torlarini chertmoqda shamol,
Qumliklar bag‘ridan kelmoqda chorlov.
Nimjo‘sh nurlarini qayraydi hilol,
Cho‘pon yuragiga qalay,- deb olov.

...Hali tong otadi ko‘rinar oftob,
Olislarga ketar tanbal bulutlar.
Soyaki davronlar chekinar shu tob,
Chekinar maydondan sohibsukutlar.

Yillar o‘taverar sarkash va shoyon,
Sarobiy davronlar emas mangulik.
Diltang lahzalarni do‘stu qadrdon!
Sahroyi shamolga qiyos etgulik.


 TUN MANZARASI

Oqshom cho‘ka boshlar, junjikadi et.
Hokim bo‘lib kezar muzlar nafasi,
Umrdan ham o‘tdi bir sahfa, bir bet,
Bir kunlik g‘urbatning o‘chmoqda sasi.

Mov mushuk tinchidi, itlar uxladi.
Tun zabtiga oldi ko‘hna daryoni,
Unda tashvishlar ham sokin oqadi,
Allalagan kabi telba dunyoni.

Ulug‘ maqsadlar ham tin olar bir pas,
Ezgu g‘oyalar ham xurrak otadi.
Hatto bolalikda uyg‘ongan havas,
Bu chog‘da dong qotib uxlab yotadi.

Ko‘kda mayus kezar besaru somon,
Bulutlar ortida qo‘rg‘onlagan oy.
Sherik topolmasdan suzadi hamon,
O‘lik mavjudotdan ranjib hoynahoy.

Kechmish va kelajak bir sutka bo‘lib,
Qo‘l berib xo‘shlashgan noyob lahza bu.
Balkim, maysa kabi shudringni so‘rib
Ko‘kka o‘rlayotgan yangi sabza bu.

Oqarib keladi kunchiqar falak,
Yulduzlar ortiga ketadi qaytib,
Yana tashvishlardan beradi darak,
Xo‘rozlar har galgi qo‘shig‘in aytib.


* * *

Mana, kirib keldi yana bir bahor,
Muattar iforlar yozmoqda quloch.
Borliq rutubatdan chevrildi takror,
Kiprigini qoqdi, huv, ko‘hna og‘och.

Ulkan cho‘qqilarga jon kirdi go‘yo,
Falakka to‘sh bergan tog‘lar uyg‘ondi.
Koinot qo‘ynida ajib bir ro‘yo,
Ajib saodatning mash’ali yondi.

Samoga o‘rlaydi ko‘k rangli olov,
Va dilgir cho‘ponning mas’um o‘ylari.
Kamalak misoli taralar lov-lov,
Ona tabiatning rangin kuylari.

Saodat qo‘shig‘i yangraydi bu chog‘.
Chiltor qillaridek tebranar yomg‘ir.
Beqo‘nim turnalar tashlar arg‘imchoq,
Umidbaxsh sabodan ko‘pchiydi taqir.

Qizargan kurtaklar qiz yonog‘idek –
Serzavq lahzalarda boqadi mayus.
O, bahor qo‘shig‘i Pomir tog‘idek,
Dunyo tomi bo‘lib ko‘rsatmoqda yuz.

Selgib tomchilaydi muzlar shukuhi,
Oftob qo‘nog‘iga qaytgan palla – Bu,
Kengliklar qo‘ynida tiriklik ruhi –
Qo‘shiqqa yo‘g‘rilgan. Qadim yalla – Bu.

Ochilsa, dimiqqan dili qulf urib,
Chorlab o‘tsa agar yalpiz bo‘ylari –
Shudir tiriklikning zavqini surib,
Ketguvchi Yo‘lchining umr yo‘llari.


QIYOMATDAN AVVAL

Havolanib chopar olamon,
Chopar, bilmay o‘ngu so‘lini.
Jilov burgan marraga tomon,
Changitib ketadi yo‘lini.

Ketmoqdalar shamollardan tez,
Bilmam kimning oshig‘i olchi.
Bamisoli barisi shu kez,
Mahshar kuni yo‘l olgan yo‘lchi.

Goh yomg‘irlar quyadi yum-yum,
Ust-boshlarni etar shallabo.
Goho bo‘ron qiladi hujum,
Lekin ular beishq, beparvo.

Kichik, katta, novcha va yo‘g‘on,
Qora, sariq, bug‘doyrang yuzlar.
Tebranadi tarozi – JAHON,
Muvozanat bilmaydi ular.

Ko‘k yuzida tinch bir makon yo‘q,
Ilma-teshik uning ko‘ksi ham.
Qo‘yib borar ranglari sovuq,
Morofonchi – za’faron odam.

Ne murod so‘nggi marrada?.
Zavq – hayotning kumush jig‘asi!
Ular izi qolgan zarrada,
Urchib yotar Tarix yarasi...


ETYUD

Adirlarda yal-yal yonar saraton,
Oftob qovuradi yeru osmonni.
Sim-sim terlayotir bu chog‘da zamon,
Quchog‘iga olib turfa jahonni.

Toshloq qoyalarda quyosh nurlari –
Toshlarga tirkalgan olovli hanjar.
Shunday lahzada ham tog‘ burgutlari,
Tubsiz samolarda muallaq kezar.

Kovraklar tagida halloslab kaklik,
Soyaki tuproqqa uradi to‘shin.
Darbadar qarg‘alar sezadi hadik,
Bosib kelayotir olovli qo‘shin.

Bosib kelayotir o‘tli harorat,
Turfa mavjudotni pishirgali – U.
Ming yillik archalar ichida faqat,
Najot topa olgay kun urgan ohu.

Charsillab yorilar g‘o‘raki bodom,
Bamisli cho‘g‘donga bera olmay tob.
Jizg‘anak borliqning muzdayin oqshom,
Taftini oladi bag‘rikeng mahtob.

Kunlar asrlarga tatiydi bu kez,
Hil-hil soniyalar o‘tar birma-bir.
Olis kengliklarda o‘ychan va yolg‘iz,
Faqat cho‘pon bobo aytadi takbir.

Hali oldindadir qo‘zipishig‘i,
Nurli kelajakning zahmat oni – Bu!
So‘nmas irodaning saraton tig‘i –
Zabtga ololmagan metin joni – Bu!

Turar asosiga suyanib uzoq,
Nigohida kezar yillar jamoli.
O‘ylarin band etgan dafatan shu choq,
Murg‘ak nabiraning jajji xayoli.

Olis manzillarga tikkan u ko‘zin,
Ming bir otashga ham bor unda bardosh.
Hali mittigina avlodi uchun
Avji saratonda turar yelkadosh.

Pildirab uchadi mullato‘rg‘aylar,
Butalar ostidan topay deb panoh.
Kishnab yuboradi lol qolib toylar,
O‘t ichra cho‘ponni ko‘rib banogoh.

Kunlar o‘taverar tebranib sekin,
Yana esa boshlar xazonrez shamol,
Muzaffar chiqadi dunyoda lekin,
Otash lahzalarda toblangan xayol!

Yana zamin uzra taratadi bo‘y,
Kuzak yomg‘irining namxush nafasi.
Qaygadir yo‘qolar ko‘rsatmasdan ro‘y,
Horg‘in saraton ham chiqmasdan sasi.


ESLASAM...

Kunlar uchib ketdi barg, xazon kabi
Yillarga o‘ranib, mayus va xurram.
Barisin jo qilmish umr daftari,
Sarlavhadek xotira qoldi mustahkam.

Quvonchu shodlikning cheki yo‘q biroq,
Va shuncha sitamlar o‘yib yozilmish.
Ko‘zyoshning izlari qatlangan varoq,
Eski albommi yo eski bir o‘tmish.

Oqsoch tog‘lar kabi yaqin va uzoq –
Ovloq o‘ngirlar ham hayotbaxsh onlar.
Umr daraxtidan tushgan bu yaproq,
Mangu uzoqlashgan bolalik damlar!

Ko‘chalar ham torday go‘yo ko‘zimga,
Fayzsiz ko‘rinadi gohida qishloq.
Sertashvish soyalar tushar yo‘limga,
Shunda men o‘zimni sezaman uyg‘oq.

Tunlar ham o‘tibdi misli barg-xazon,
Zulmat ham abadiy hukmron emas.
Yodga olar bo‘lsa insonni inson,
Xotira daftari omon bo‘lsa bas!


OMOCH

Otdan yechib olishib uni,
Tirab qo‘ydi eski oxurga.
Zax tom ichra endi har kuni,
Talpinadi bezavol nurga.

Sog‘ingan u oftob taftini
Idrab ketgan taroqlari ham.
Qo‘msar qaynoq tuproq kaftini
Tishlarida mog‘or bilan nam.

Ot sag‘risin haroratini
Tuyib har kech to‘kadi ko‘zyosh.
Ajratishgan undan otini
U tashlandiq, benavo omoch.
 
Yillar shunday o‘tardi bir-bir,
Eski matoh ortiqcha uyga.
Shunday o‘ylab bir kuni oxir,
Keltirishdi uni muzeyga.

Hozirlashdi oynaband ko‘shkni –
Uning uchun mangulik bir joy.
Aslida ham yillar o‘chini,
Qarilikda olar hoynahoy...

 26.03.2010


TO‘FON
(Afsonadan)

Kuchli shamol turdi
 mag‘rib tomondan,
G‘ozi yo‘q tuproqni ko‘tardi...
Quyun bo‘lib to‘satdan
 afsonaviy jindek yo‘taldi:
Qabohat
 razolat
 qiyomat sari
 yuz burdi zamon.


MAY CHECHAKLARI

Yillar qog‘ozlarda aks etgan taqvim –
Shamollar uchirgan, to‘zigan yaproq.
Umrni katguvchi vaqt erur balkim –
Qo‘nimsiz sarkarda, benishon qozoq*
Ortda qolib ketdi o‘tgan u kunlar,
Dostonlar tug‘ilgan tog‘ etaklari.
Boshim uzra qarsak urar quyunlar,
Shundaylarda sog‘inaman may chechaklarin.
Firiblardan holi, aldov bilmagan
Tepamda zinkiyib qistov qilmagan
Qoltag‘ayligini* yalov qilmagan
Eh, bola kunlarim – may chechaklari!
Yodimga tushagaysiz qish kechalari.
Tashqarida qorli uchqun uchar uchqur
Ichkarida servahm tun – noming o‘chgur
Xayollarim mag‘izi puch, misli tushdir
Va, birdan yaraqlab chaqmoq uradi
O‘ylarim qishloqqa jilov buradi.
Sigirquyruq, bo‘tako‘zlar dala-dala
Kenglikdagi bamisoli qirmiz qal’a
O, bu dashtning boshidagi moviy salla!
Xotiramning qat-qatiga singgan so‘zsiz
Siz otamga bo‘ylashgansiz – teppa-tengsiz!

Nurlarga belangan sharq ertaklari –
Siz – G‘o‘bdintog‘,
 Siz umrimning chechaklari!
_________
* Qozoq – ko‘chmanchi.
* Qoltag‘ay – Ishlamay turib o‘zini ustamonlik bilan ishlayotgan tarzida ko‘rsatuvchi kishi.


SURUR

Polvon, qamchi o‘ynat, bakovul, zot ayt!
Ayt, to‘ychiboboning davlatidan,
Sermastlangan bo‘taloqning savlatidan,
Larza solib gijinglagan G‘irko‘k otning
Bu maydonga tuyoq urgan – dastxatidan!
Ayt, bakovul, “Qur keldi – surur keldi”,
Taqimizo‘r polvon bilan g‘urur keldi,
Ko‘pkaridasht bug‘ ko‘targan lahza bu chog‘,
Mayda odam xayoliga putur keldi.
Chalqayib kerilgan bunda bo‘z yigit
Uzangi eshmoqda, zot ayt, bakovul!
Qirmiz yuz, bodomko‘z, ro‘moli tivit,
Sanamjon kutmoqda, zot ayt, bakovul!
Tuyoqlar tarsillar, yurak gursillar,
Gursillar tog‘larning qozondarasi!
Hey, siz – nazarkarda bakovul ellar!
Bir imo kutmoqda otlar galasi.
Ayting, momolarning qalbidan o‘yib,
Olis kelajakka o‘tli so‘zlarni.
Shu so‘zlar sha’niga mehrobin qo‘yib,
Go‘dak nabiralar eslar sizlarni.
Eslanar nomingiz qalblar tubida
Yod etar shaharlar, eslaydi ovul.
Simday botgan qamchilarning zarbida
Pishqirar bedovlar, zot ayt, bakovul!
Simillagan qahratonning zabtin kesib ayt,
Qo‘chqor, buqa, toy, tuyani eshib-eshib ayt,
Bu davrada uloq bo‘lsin oriyat, nomus,
Hayqir, ey bahodir! Jondan kechib ayt.
Hov, ana tog‘lardan ko‘chgan ko‘chkidek
Bir uyur keladi, bamisli dovul.
Jiyron, to‘riq, buvril – kamon o‘qidek
Uchib kelayotir, zot ayt, bakovul!

Kengliklar qo‘ynida kezar bir tovush:
“Xaloyiq, eshiting! Toy tikdim!” degan,
“To‘ychiboboning borini to‘kdim!” degan,
“Olako‘z, g‘irromingni so‘kdim!” degan,
“Ol! Shunga men bir gilam o‘tdim!” degan!..

Ol-e, chavandozlar! Bakovuling solim aytdi...


KULTEGIN SO‘ZI

Qochgan birov edi...
 quvgan esa biz!

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.