background
logotype

Axtamquli (1964)

Axtamquli (Axtamqul Karim) 1964-yil 20-mart kuni Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani Shotirut qishlog‘ida tug‘ilgan.
O‘zbekiston Milliy Universiteti qoshidagi qoshidagi Oliy adabiyot kursini tugatgan.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
"Bodomginam", "Qarochiqda asraganimsan", "Bahorimdan kechikkan gul", "Qirq g‘azal" she’riy to‘plamlari, “Ibratli hayot”, “Baxt izlagan odam” biografik qissalari, “Tog‘lar ham qariydi” hikoyalar to‘plamii (2012) nashr etilgan.
Ayni paytda “Tong yulduzi” gazetasida bo‘lim muhararri lavozimida mehnat qilmoqda.

XOTIRAMNING MUNGLI OHANGI

Kuz... Otamning ko‘hna kitobi,
Sarg‘ayibdi o‘tgan umrlar...
Tun... Ko‘zlarim yig‘gan javobi,
Quyoshini izlagay ular...

Oy...
Onam quvlab ado bo‘lgan non,
Oqarmadi qismat tandiri.
Bizlar esa yo‘ldamiz hamon,
Bo‘ynimizda hayot zanjiri...

Osmon...
Osib qo‘yilgan qozon,
Qaynamaydi quyosh taftidan.
Yangrayapti qaydadir azon,
Tahoratsiz qoldik aftidan...

Dala...
Bobom topib bergan yo‘l,
Dehqon undan chiqib ketmagan.
Nihollarni e’zozlagan qo‘l,
Chanoqlarni chetlab o‘tmagan.

Yo‘l...
Qarang yana qancha olomon,
Tomoshadan zavqlanib qolar.
“Ov” qilishga chog‘langan juvon,
Gunohiga ko‘milib borar...
Qishloq...
Darvozaning qoshida chollar,
Quvonchini kutishdan tolgan.
Bulutlarni mingan shamollar,
Yalpizlarning ko‘rkini olgan...

Zamin...
Yelkasida hayot to‘rvasi,
Yuzlarining tanobi qochgan.
Tiriklikning yovg‘on sho‘rvasi
Bag‘ridagi sirlarni ochgan...

Xotiramda mungli ohanglar,
Tirnayverar nuqul yaramni.
Qog‘ozdagi pinhona janglar,
Ado qilgan unsiz qalamni...

Gullab ketdi, bildirmay shahar,
Dilxush kezdim, qushlar bazmida.
Quvonchlarga to‘lib har sahar,
Bayt to‘pladim qalbim nazmiga.

Imoratlar boshi falakda,
Quruvchilar, sizga qoyilmiz.
Biz uy qurdik mudom yurakda,
Ijarada turgan shoirmiz...

Charchab qoldim jumboq yechishdan,
Minib keldim shijoat otin.
Nima foyda tinmay ko‘chishdan?
To‘nimni ol, ketaylik, xotin!..


 * * *

Keldim, meni qutlar tog‘u toshlarim,
Yillar peshonamga g‘ildirak surdi.
Dardimni uqmagan qarindoshlarim,
Dunyo ayvonida dardsiz yugurdi.

Osmon osilibdi borliqni quchib,
Cho‘qqilar kaftida titraydi najot.
O‘tdim so‘qmoqlardan burgutdek uchib,
Dilni sog‘inchzorga bog‘ladi hayot.

Onam olib ketdi sarg‘aygan kuzni,
Qog‘ozlarda g‘amgin baytlarim undi.
Otam quvlayapti qaltirab yuzni,
So‘nggi tanholikka sirdosh tutindi.

Quvnoq bolalikning totli damlari,
Meni xotiralar domiga otdi.
Oqizgan kulchamning shirin ta’mlari,
Topgan halovatim zavqin yo‘qotdi.

Hanuz balandlarda yuribman bepo,
Shamol uvlayapti qayrab izimdan.
Yulduzlar yo‘limda yog‘ilgan duo,
O‘zib ketayapman so‘zsiz o‘zimdan.

Qog‘ozga to‘kaman tunning rangini,
Oymomo o‘ylovdan ozib ketadi.
Qalamning she’r so‘rab qilgan jangini,
Falak manglayimga yozib ketadi!


 SIRLI BULOQ

Dardlarimni maydalaydi tun,
Oy mo‘ltirab turar qoshimda.
Osmon ko‘nglim ko‘tarmoq uchun,
Yulduzlarni sochar boshimga.

Qog‘ozlarga muhrlangay so‘z,
Misralarga tizib jonimni.
Atrofimda behisob dilso‘z,
She’r qurshadi to‘rt tomonimni.

Qo‘rg‘onini buzib ketar dil,
To‘siqlarga bo‘y bermas mutloq.
Xayolimni aylaydi chil-chil,
Olislardan imlagan qishloq.

Suyunchiga oshiqar shamol,
Tinchin buzib uxlagan bog‘ning.
Ko‘z oldida tursa ham hilol,
Qabog‘idan qor yog‘ar tog‘ning.

Sog‘inchimga sog‘inch qo‘shadi,
Bobom bilan sirlashgan buloq.
Xarsanglarim qalbga ko‘chadi,
Vujudimga to‘ldirib titroq.

Cho‘qqilarni quvib izimdan,
Orzularim uchar falakka.
Borliq buni kuzatib zimdan,
Vatan mehrin qo‘shar yurakka.

Nihondara quchoq ochadi,
Quvonchlarim boshlab borar yo‘l.
Tun chodirin sudrab qochadi,
Otam deydi: – Bolam, hushyor bo‘l!


OQQUSHLARGA QILDIM ILTIJO

Zuhro, meni unutdi osmon,
Boshim uzra qirov sochdi tun.
Yo‘llarimni ayla charog‘on,
Yuqorilab bormog‘im uchun.

Cho‘qqi, tubsiz ko‘nglimni ko‘tar,
Burgutlarga bo‘lay hamsoya.
Dunyo charxi guldurab o‘tar,
Kunlarimni etmay himoya.

Daryo tinim bilmas chavandoz,
G‘amlarimni qamchilab borar.
Yuragimda bong urgan ovoz,
Baytlarimga andoza olar.

Ona, oyni ko‘tardim boshga,
Yulduzlarim uchdilar qayon?
Unib chiqar har tong quyoshga,
Dilni o‘rtab yangragan azon.

Vatan, bobom mehrini yozgan,
Kaftlarimni kuydirgan duo.
Go‘zallikka intilib ozgan,
Oqqushlarga qildim iltijo.

Ota, otdan tushmaganim rost,
Suyaklarim maydonda qotdi.
Shivirlayman qalbimda “Ixlos”,
Izlarimni bo‘ron yo‘qotdi.

Bolam, bedil otangni kechir,
Yuragini yedirdi she’rga.
Sog‘inchimni bildirmay ko‘chir,
Onang quvonch o‘stirgan yerga...

G‘AZALLAR
 
* * *

O‘zbekiston Qahramonlariga

Siz buyuk Sohibqironning sarbaland avlodisiz,
Ezgulik dunyosini zabt aylagan zuryodi siz.

El kurash maydonida Alplarga yo‘l bergay hanuz,
Dong‘i ketgan pahlavonlar maskanin Dilshodi siz.

Tog‘larim ko‘ksida tordek yangratar po‘lat yo‘lin,
Orziqib Hazrat Navoiy kuylagan Farhodi siz.

Nur sochib chiqqan quyosh, bosgay imoratlarga yuz,
Har giyoh timsolidan rang izlagan Behzodi siz.

Avliyolar ruhi pokin shod etib har lahzada,
Kechmagay hech bir kuningiz yaxshilarning yodisiz.

Bebaho tuprog‘imizning tinchligin o‘ylab mudom,
Sheryurak posbonlarimga rahnamo Bunyodi siz.

Dil yozib chopgay g‘azallar zavqidan Axtamquli,
Baytlarim parvoziyu, yurtimni erk, Ozodi siz.

* * *

Bahor ham ertaroq kelgay, bilib jonona Surxonda,
Quyosh dil sirlarin yozgay, chiqib pinhona Surxonda.

Bu kun hur barkamol avlod bo‘lib Shahzodayu, Shahzod,
Vatanni aylagay obod, kezib mardona Surxonda.

Mening ey ona tuprog‘im, sevinchim dilda ardog‘im,
Yurakda bori chanqog‘im qonar biryona Surxonda,

O‘zingsan katta darsxonam, suyangan baxtli koshonam,
Yo‘limga ko‘z tikib onam, yotibdir ona Surxonda.

“Hayot yo‘lovchilarga yo‘l, bolam sen ehtiyotroq bo‘l!”
Duo etguvchi titroq qo‘l, otam parvona Surxonda.

Sevib Axtamquli borsam, o‘zimdan imtihon olsam,
Tanam yayrab ketar qolsam, u pok ostona Surxonda.
 
* * *

Yurak to‘fonida g‘arqi jahon bo‘ldimmi, bilmasman.
Daraxtlar kaftidan uchgan xazon bo‘ldimmi, bilmasman.

Hilol ko‘k toqida oshiq dilimni qiymalab ketdi,
Falak yulduzlariga imtihon bo‘ldimmi, bilmasman.

Halovat izlagan qalbimni qog‘ozlarga sovurdim,
Kamondan otilib ketgan fig‘on bo‘ldimmi, bilmasman.

Tizilgan baytlarim yo‘l olsa oshiqlar makoniga,
Kuyib dil yozmaganlarga ziyon bo‘ldimmi, bilmasman.

Tutib charx ostida boshimni tog‘lardan saboq oldim.
Qalamni qaqshatib goho yomon bo‘ldimmi, bilmasman.

Nechun oy shulasida dardlarimni maydalaysan, dil?!
Hayot xirmoniga tushgan somon bo‘ldimmi, bilmasman.

Quyosh domonidan tutib, mudom yuksakka intildim,
U kun Axtamquli erdim, dovon bo‘ldimmi, bilmasman.

* * *

Tun yoqib yulduzlarin boshimda osmon aylanar,
Ko‘zlarim girdobida dunyoyi sarson aylanar.

Maydalar sog‘inchlarim onamga dil yozgan hayot,
Tomirimda rang yig‘ib turgan kuyuk qon aylanar.

Uyqudan seskandi tog‘ pinhona qasd qilgach hilol,
Borlig‘in aylab ado ko‘ksida vulqon aylanar.

Dardlarimni un qilib yillarning tegirmonida,
Baytlarim bo‘y bermagan ming bitta isyon aylanar.

Ishq, amal savdosida bozorimiz bo‘lgan kasod,
Qismatimni sarhisob etguvchi har on aylanar.

Bog‘larimga o‘t qo‘yib, umrimni quvlab ketdi kuz,
Charx urib kulbam aro unsiz zimiston aylanar.

O‘rtanib Axtamquli kezdim yurak dovonida,
So‘z so‘rab kelgan g‘arib yonimda giryon aylanar.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.