background
logotype

Azim Suyun (1948)

 Azim Suyun 1948 yil 22 fevralda Samarqand viloyatidagi Nukurt qishlog‘ida tug‘ilgan. O’zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1997). ToshDUning jurnalistika fakultetini tamomlagan (1977). Dastlabki she’riy to‘plami — «Mening osmonim» (1978). Shundan so‘ng shoirning bir qancha she’riy majmualari («Zarb», 1979; «Zamin taqdiri», 1981; «Xayolot», 1984; «Ziyo yo‘li», 1986; «Javzo», 1987; «Olis tonglar», 1989; «Kuyganim — suyganim», 1992; «Qora ko‘zing sening», 1994; «Saylanma», 1997; «Sharq xikmati», 2000; «Ey do‘st», 2005) va bir nechta dostonlari («Sarbadorlar», 1981 va boshq.) nashr etilgan.

 

EY, DO'ST

***

Ey do’st!
So’nma orzum, tushmagil terga,
Zil umrimni yetaklagil ahd.
Boshin egib qo’ysa ham yerga,
Faqat ko’kka ko’karar daraxt.

***

Ey do’st!
Yuzing qani sening? Yuzing yo’q.
So’zing qani sening? So’zing yo’q.
Yuzing ham, so’zing ham bo’lardi, ammo,
O’zing qani sening? O’zing yo’q!

***

Ey do’st!
Ne uchun ortimdan uzmaysan qadam,
Uzun-qisqa ko’lka singari mudom.
Qo’y, taniyman sening ikki yuzingni,
Tilining tagida tili bor odam!

***

Ey do’st!
Odamni odam odam qiladi,
Olamni odam olam qiladi.
Odamni olam ado qilmagay,
Odamni odam ado qiladi.

***

Ey dos’t!
Bir boqmas bu gulro’, har kun shu sazo,
Qaysi bir gunohim uchun bu jazo?
To’yarmi oshiqlar xilxonasi, ayt,
Tag’in bir oshiqqa yetsa gar qazo?

***

Ey do’st!
O’n to’rt kunlik oyni osmonda uchratdim,
Unga yetmoq orzu, ummonda uchratdim.
Visol debon o’zni otdim quchog’iga,
Har yon sochildi u, har yonda uchratdim.

***

Ey do’st!

Bir qoshiq tuzdirman, taom bo’lmasman,
Bir jonga arzirli in’om bo’lmasman.
Lekin yor taomi mensiz bo’lmagay,
Pok dasturxonida tamom bo’lmasman.

***

Ey do’st!
Ul sanam qoshida hushdan ayrildik,
Jodulandik, tillo qushdan ayrildik.
Bir jilva qilibon uyaldi – ketdi,
Kuppa-kunduz kun quyoshdan ayrildik.

***

Ey do’st!
Oshiqlik degani ko’p qiziq bozor,
Unda hamma bir-biriga intizor.
O’rtada suvlar oqar aylanch-aylanch,
Sotguvchi, olguvchi – birdek xaridor.

***

Ey do’st!
Ovchiga so’zlaydi jonzotlar izi,
Munajjimga so’zlar tunlar yulduzi.
Ne so’zlar ekan deb og’zin poylama, - 
Bu jononning menga so’zlaydi ko’zi.

***

Ey do’st!
Bog’supada uxlab qolibdi bir qiz,
Yoyilib oqibdi – sochlar jamalak.
Hayratdan tek qotdim: g’uncha labiga
Qo’nib bo’sa olar bitta kapalak.

***

Ey do’st!
Garchi liboslari oddiy va odmi,
Orasta ayollar suyumli, dilbar.
Nilufar qavmidan ularning qavmi –
Jo’n bir hovuzda ham gul-gul nilufar.

***

Ey do’st!
Ayol qalbi cheksiz sirlar ummoni,
Tugal bilmoq nasib bo’lmagay oni.
Goho dur axtarsang, tosh bo’lib chiqar,
Tosh kutganingda dur tutar joni.

***

Ey do’st!
Ot kimniki – minganniki,
To’n kimniki – kiyganniki.
Olgan – olganniki emas,
Qiz kimniki – suyganniki.

***

Ey do’st!
Bu na jondir, kuzda izlar bahorini,
Bahorida tiramoh tongotarini.
Hushvaqtlikda suhbat qurar hushtor bilan,
Bemorlikda izlab qolar o’z yorini.

***

Ey do’st!
Ko’z berding, olamning ko’rdim suratin,
Aql ato etding, ochdim siyratin.
Til berding va lekin u shuncha ojiz –
Sharhi yo’qdir hamon ko’ngil hayratin!

***

Ey do’st!
Mehringni ber bugun g’uncha, kurtakka,
Ertaga muhabbat bo’lib qaytadi.
Haq so’zing ayt bugun murg’ak go’dakka,
U ham ertan senga haq so’z aytadi.

***

Ey do’st!
Yashasin adolat – azaliy daraxt!
Yashnasin adolat – abadiy daraxt!
Kimdir beshik yasar go’dakka undan!
Kimdir undan yasar jallodga kunda!

***

Ey do’st!
Bir xursand qilay deb o’z egasini
Soat ildamlatdi yurish tusini.
O, buni ko’rdiyu titradi jon-tan, -
Dedi: “Vaqt insonga yagona dushman!”

***

Ey do’st!
Uchmoq, parvoz qilmoq – ilohiy ne’mat,
Alloh qudrat bersa, uchgaydir namat.
Parvozdan voz kechdi tuyaqush – yalqov,
Alaloqibatda duch kelganga – ov.

***

Ey do’st!
Na sir qoldi Osmon ichinda,
Na sir qoldi Ummon ichinda.
Va lekin moziydan tinglaganim bor:
“Barcha sirlar erur Inson ichinda!”

***

Ey do’st!
Bir daraxtda turli qushlar oshyoni,
Bir tog’da jonzotlar alvon-alvoni.
Qasd bilan yashaydir buncha odamzot,
Garchi bor har kimning rizqi, makoni.

***

Ey do’st!
Ko’zlari tillodan, tirnoqlar tillo,
Sulton saroyida yashar bir tulki.
Yemaklar tillodir, yaloqlar tillo,
Lekin tovuq poylab el-yurtga kulki.

***

Ey do’st!
Odamzot chidamas issiq, sovuqqa,
Gap topib yurgaydir yiroq-yovuqqa.
Ko’kdagi burgutni tutmoq bo’lar goh,
Don bera olmay goh yerda tovuqqa.

***

Ey do’st!
Cheksiz-chegarasiz koinot aro
Uchib yurar sonsiz daydi sayyora.
Yerga urilmoqdan saqlar-ku Alloh,
Odam balosidan saqlarmi ammo?

***

Ey do’st!
Kafolat bermayman, rostdir yo yolg’on,
Bu gapni aytgandi bir dashtlik cho’pon.
Bir ovchi qiziga ilon uylanmish,
Mehmon bo’lib ketar emish har zamon.

***

Ey do’st!
Miqqiqushga sichqon qoldi chuv tushib,
Va nima deydi de, bu sichqon faqir:
- Meni qo’y, qorningni yuborgum teshib,
Devorlarni teshib yurganman axir.

***

Ey do’st!
Uyquchi ukkiqush rangin dunyoni
Faqat oq va qora rangda ko’rgaydir.
Va hatto patlarin tusi – jiloni
Qalbi ko’r kimsadek bilmay o’lgaydir.

***

Ey do’st!
G’alat qush – dunyoning bir chekkasida,
Don-dunlar to’ladir gir chekkasida.
Lekin o’z axlatin yashaydir titib,
Nimadir axtarib, nimadir kutib.

***

Ey do’st!
Ne jonzot mavjudkim katta o’rmonda,
Bir-birini poylar, ovlar har onda.
Bu holni kuzatib, o’ylab qoldim men – 
Ovchi bo’lmagan zot bormi jahonda?!

***

Ey do’st!
Jahon sahnasin tab’ rangga bo’yarlar,
Insonmi, zamonmi kular, kuyarlar.
O’qidim, ko’rdim: ne ulug’larni
Avval o’ldirarlar, keyin suyarlar.

***

Ey do’st!
Bu olam, bilgilki, bir xonadondir,
Dini yor yo dinsiz – bari bir jondir.
Bunda mezbon yo’qdir, zafarbardor yo’q,
Bari bir-biriga mag’lub mehmondir.

***

Ey do’st!
Bu osmon, kattakon mozor bu osmon,
Bu ummon, kattakon mozor bu ummon.
Qabrlar ularda do’ng bo’lib turmas,
Azaliy qabriston, abad qabriston.

***

Ey do’st!
Abadiy muzliklar qa’rida – asror,
Balki mamlakatlar, shaharlar poydor.
Inson – fikri jumboq. Bilmaysan aslo,
Men o’zim aytmasam, qalbimda ne bor!

***

Ey do’st!
Chayonni qaragil, ko’rkli, nozikdir,
Ushla, tomosha qil, juda qiziqdir.
Mamont ajdodidan ajdodi qadim,
Lekin tuzalmagay – fe’li buzuqdir.

***

Ey do’st!
Bu olam tilsimdir, odamzod tilsim,
Ular sirin ochmoq bo’ladi har kim.
So’nggi darvozaga yetganda, biroq,
Umri tugar, tag’in barchasi jumboq.

***

Ey do’st!
Teng yarmi tuproqqa ko’milgan oq Tosh, -
Yonidan o’tardim, so’z qotdi yuvosh:
- Tangri yarlaqagur, duo o’qib o’t,
Ostimda ajdoding, men-chi, qabrtosh.

***

Ey do’st!
Menga der sayyoh do’st: “Ha, kengdir olam,
Lekin bor har joyda taqdir yozig’i.
Qurbaqa ilonga eng totli taom,
Ilondir laylakning shirin ozig’i.”

***

Ey do’st!
Alam bilan g’ozga dedi qurbaqa:
- Baliq bo’lolmaysan suvda suzsang ham,
Qirg’iy bo’lolmaysan ko’kda uchsang ham,
Yerda esa mendek yirtasan yoqa!

***

Ey do’st!
Qulog’im kar erur, ko’zlarim – bedor,
Tog’dami, sahroda – bo’ri bo’ridir.
O, kimki u kabi bo’lsa hukmdor,
Bitta suruv emas, el-yurt sho’ridir.

***

Ey do’st!
Yovni kam ko’rmagil, sust ko’rma uni,
Boshingga yetmog’i mumkin bir kuni.
Sahroda ko’rdimki, mitti qoraqurt
Tuproq tishlatibdi katta yilqini.

***

Ey do’st!
“Qoplon o’ldirganman...” – menga bir ovchi
Yosh paytim maqtanib qilgandi bayon.
Kecha xabar aytdi bitta yo’lovchi:
Chaqib o’ldiribdi uni bir chayon.

***

Ey do’st!
Bir qush uchib kirdi xonamga o’zi,
So’ng zarbdan qizardi deraza yuzi.
Nahotki sig’madi bepoyon ko’kka,
Jon berdi kulbamda kuppa-kunduzi.

***

Ey do’st!
Men bir gap eshitdim dashtlik tulkidan,
O’zimni tiyolmay qoldim kulkidan:
“Tovuq zoti borki, meniki erur,
Itingiz quvlaydi nechun mulkimdan?”

***

Ey do’st!
Qo’llaringda bir cho’p ko’rdim bir kuni,
Chayonlar iniga tiqding sen uni.
Cho’p holing tasavvur qildim men g’arib,
Cho’pday o’ynatmog’ing mumkin-ku meni.

***

Ey do’st!
Qalqon bo’lay deya qo’ylar umriga
Qopqon qo’ygan edim bitta bo’riga,
Bu falak dastidan kimga aylay dod,
Bir kiyik tushibdi bo’ri o’rniga.

***

Ey do’st!
Tomchiman, daryo bilan oqmoqdaman,
Yulduzman, ko’k toqidan boqmoqdaman.
Bordirman o’n sakkiz ming olam ichra,
Odam ichra, shodlik ichra, g’am ichra.

***

Ey do’st!
Otash qum ummoni – Sahroi Kabir,
Kunduz tuxum pishar, tunda muzlar u.
Ayol muhabbati shu o’t kabidir:
Pishirar, muzlatar – sir erur mangu.

***

Ey do’st!
Birinchi amalim – sabr-qanoat,
Ikkinchi amalim – harakat, g’ayrat.
To’tiqush emasman Olam qasrida,
Hayotim asosi – tafakkur, ibrat!

***

Ey do’st!
Mardikor bozorga bordim. Qanaqa?
Bir jigit qoshimga keldi. Shunaqa!
Bahoying qancha deb so’ragan edim,
Odamning bahosi, dedi, bir chaqa!

***

Ey do’st!
Dev kabi bahodir bo’lsayu xoqon,
Donolik mulkidan bo’lsa mosuvo,
Demak, vayrona u taxt tutgan makon,
Demak, pishiribdi bo’yrachi halvo.

***

Ey do’st!
Qabriston yonidan o’tar edik jim,
Nogahon tabassum qildi sherigim.
Dedi, go’ristonga qilib ishora:
“Uning to’lganligin ko’rganmi hech kim?”

***

Ey do’st!
So’z so’zga so’zsizsan, dedi,
Ko’z ko’zga ko’zsizsan, dedi.
Tuzdondan bir shivir eshitdim:
Tuz tuzga tuzsizsan, dedi.

***

Ey do’st!
It aytmish, shu qishdan chiqsam gar omon,
Yozda suyaklardan quraman makon.
Yoz kelar, makon yo’q, o’tib ketar yoz,
Qish kelar, bizning it matal aytar boz.

***

Ey do’st!
Do’st! Har kim yashab o’tar o’zin umrini,
Benuqson do’st axtarma, topmaysan uni.
Bog’imda daraxtlarim ko’p erur, aytsam,
Birin hosili mo’l, biriniki kam.

***

Ey do’st!
Bu yo’l oxirida saodat bormi?
Bu yo’l oxirida sadoqat bormi?
Barcha tushib olgan shu bitta yo’lga,
Bu yo’l oxirida adolat bormi?

***

Ey do’st!
Daryolar zaminga tushar osmondan,
Va qaytar osmonga ko’lu ummondan.
Men asli senman-ku, sen esa mensan,
Izlamoq joizmi tog’u yobondan?

***

Ey do’st!
Nurtog’da yashardi yetim qiz yolg’iz,
Kashta tikar edi sehrli, tengsiz.
Kamalakrang ilon ustozi ekan,
Unga erga tegmish shu kashtachi qiz.

***

Ey do’st!
Shar ustida qumursqa yurar aylanib,
Qulab tushmas, qandaydir yurar boylanib.
Yo’lin na boshi bor, na oxiri bor,
Beqaror mangulik, barqaror asror.

***

Sigir o’tlab yurar yashil o’tloqda,
Odam Ato boqqan bu sigirni.
Sigir kavsh qaytarib yotar yotoqda,
Momo Havo soqqan bu sigirni.

***

Ey do’st!
Jon bermish bir iffatli juvon,
Yechintirmish yuvg’uvchi otin.
O, bir zum murdaga qaytmish jon,
Qo’li bilan yopmish avrotin.

***

Ey do’st!
Cho’pon qizni sevardi cho’pon yigit – dov,
Va bir ayiq ham sevmish cho’pon qizini.
Qiz ayiqni sevmish, qochdi toqqa ikkov,
Yigit qizni o’ldirdi, ayiq – o’zini.

***

Ey do’st!
Sulton gado bo’ldi, gado boy bo’ldi,
Baland cho’qqi qulab, bir gum – soy bo’ldi.
Boshingni chayqama tushunmadim deb,
Bahri ummon qurib, sahrojoy bo’ldi.

***

Ey do’st!
Uchmoq uchun qanot kerak, qanot kerak,
Qanot kerak, lekin uni qoqmoq kerak.
Qoqmoq kerak osmonlarni quchmoq uchun,
Quchmoq uchun sabot kerak, sabot kerak.

***

Ey do’st!
Yoz ochiq kunlari. Doira yasab
Burgut parvoz qilar o’z odaticha.
Uni tutmoqlikni orzulab, istab,
Soyasini quvlab yurar bir laycha.

***

Ey do’st!
Men kim, qanotiga ishongan qushman,
Aqli – g’olibdirman, aqli – behushman.
Uzoq yashamadim, lekin ko’p ko’rdim:
Oldimdagi do’stim, ortimda dushman.

***

Ey dos’t!
Tumon. Tumoning bilan nima ishim bor.
Bo’ron. Bo’roning bilan nima ishim bor.
Abadiyat yo’lidaman, adashdimmi?..
Zamon. Zamoning bilan nima ishim bor.

***

Ey do’st!
Tog’lar bo’ronida qolganman omon,
Sahro bo’ronidan chiqqanman eson.
Meni qo’rqitmagin dengiz bo’roni,
Odam bo’ronidan qo’rqaman yomon!

***

Ey do’st!
Cho’qqining cho’qqisi erur – nayzatosh,
Darakchiqush unga qo’nib turibdi.
Poyida baqirdim: - Ne yangilik, xo’sh?
U dedi: - Bu yerda ko’knor unibdi.

***

Ey do’st!
G’ayb begonadir, ilm – begona,
O’zicha “oh” urdi bir cho’pon bola:
“Kimga suyanayin?...” Bir nido keldi:
- Tayog’ingga suyan, hoy, sulton bola!

***

Ey do’st!
Bugun halok bo’lgan tanish bu inson,
Kecha to’yda edi men-la yonma-yon.
U menga degandi: - Menda yo’q kam-ko’st,
Qiyomat qo’pguncha to’y bergum, inon.

***

Ey do’st!
Tarix menga tunda sir ochdi butkul:
Siyosatdan xoli emas hatto gul.
Sen shoir, o’zingcha qochmoq bo’lasan,
Qazong ham siyosat, buguning tugul.

***

Ey dos’t!
Vatan haqda yozsam, maddoh, dedilar,
Millat haqda yozsam, “qah-qah” urdilar.
Haq, adolat haqida achchiq yozdim,
Dushman bu, dedilar, gumroh, dedilar.

***

Ey do’st!
Boy qashshoqqa dedi baqirib:
- Butkul ko’zlarimdan yo’qol, hoy!
Qashshoq ming’irladi keta turib:
- Bizni yo’qotib bo’lmaydi, Boy.

***

Ey do’st!
Azim Suyun murodi nasihat emas,
Inson qalb ko’ziga ko’zgu tutar, bas.
To’ti o’z tovushi qizig’in bilgay,
Lekin egri tumshug’in ko’rmas.

TUG'DONA

Vatanimning eng yuksak
nuqtasi Hisortog‘da
qoyalarni qoq yorib
o‘sar mag‘rur TUG‘DONA.
Yurtim kengliklariga 
burgut kabi boqar u,
yashil saltanati-la 
yuraklarni yoqar u.
Kunduzi quyosh bilan 
tippa-tikka tillashar, 
Tunlari Zuhro bilan
ishq tilida dillashar.
Shovullaydi shamolda 
tebranaru guvranar, 
Dara ichidan unga 
qashqir qarab uvullar.
O‘n to‘rt kunlik to‘lin Oy 
kirganda quchog‘iga, 
Dersan: yetib bo‘lmaskan 
go‘zallik adog‘iga.
Bulutning parchasidek 
soyasi Ayg‘irko‘lda, 
Uning chayqalishin ko‘r 
Ayg‘irko‘l chayqalganda...
Atrofida morxo‘rlar 
va yana shoxdor kiyik, 
Uning yaproqlaridan 
tatimoqqa turar tik.
Goho Hisorning qo‘ng‘ir 
ayig‘i — mazaxo‘rda 
tanasini quchoqlar 
mevasin ilinjida.
Chaqmoqlar ko‘klam chog‘i 
tug‘donaga qasdlashar, 
Qora bulutlar kelib 
tepasida pastlashar.
Turaverar u mag‘rur 
Kuzda-yu yozin-qishin 
Do‘stlari archalardek 
yashil-yashil, yam-yashil.
Azim Suyun, chiqdim men
besh ming quloch yuksakka, 
Tug‘dona qondosh bilan 
chin dildan sirlashmakka.
Bir tun yonida qoldim, 
qizidi-ey gap-gashtak, 
Ketar chog‘im, bag‘ridan 
menga berdi bir bo‘lak.
Tumor qilib taq, dedi, 
O‘zbegim beshigiga, 
Hatto taqsang yarashar 
Har hovli eshigiga.
Ko‘z tegmasin, dedi u 
Yurtning bolalariga, 
Momolar kabi taqsin, 
Aytgil, onalariga...
Vatanimning eng yuksak 
makoni Hisortog‘da 
qoyalarni qoq yorib 
o‘sar mag‘rur TUG‘DONA!

DILDORLIK

Bir dildorlik havoda 
bel bo‘ylagan gul-giyoh 
sipo sarin shabboda 
oh-oh-oh
Ufqlarga atlasday 
tutash-tutash qizg‘aldoq 
qayda chuldirar to‘rg‘ay 
voh-voh-voh
Yo‘lin qayirma qilib 
gala chug‘urchuq nogoh 
o‘tar ko‘kni to‘ldirib 
oh-oh-oh
Qariqizgul nafarmon 
uzmoqchi edim sershox 
qo‘limga sanchdi tikon 
voh-voh-voh
Yashil yaylov to‘shida 
o‘tlar uyur arg‘umoq 
ayg‘iri tog‘ qushiday 
oh-oh-oh
To‘lqin-to‘lqin qir-adir 
gulqoqi sarig‘u oq 
yurak toshib boradir 
voh-voh-voh
O adashgay kim desa 
hayot doim qayg‘u choh 
bilgay men-la gul tersa 
oh-oh-oh
Yurtim kengliklarida 
sayr et — ko‘ngil bedog‘ 
yuksal erkinliklarda 
oh-oh-oh

SEVGI

Tog‘ bodomi g‘unchasining 
pushtirang bargidirsan.
Bir nafasdan qoraygaysan —
shunchalar latifdirsan.
Yot-begona bir gard qo‘nsa 
yanog‘ingni so‘ldirar, 
Bu hayotda baxt yo‘q narsa 
agar seni o‘ldirar.
Yo‘q, sen ko‘klam yomg‘irisan 
kamalaktus yomg‘irsan,
Yer qa’ridan maysalarni 
olib chiqqan bag‘irsan.
Yo‘q, sen oyning yog‘dusida 
yaltiragan kuz guli, 
Qahri chaqin ne zotlarning 
ma’yus qilgan ko‘nglini.
Yo‘q, sen yaydoq dala-dashtning 
zamharir izg‘irini — 
sevish sevilish onlari 
palag‘da qilsa seni.
Seni chorbog‘lar bulbuli 
deganlar adashgaydir, 
Sening kuying to‘rt faslda 
yangrasa yarashgaydir. 
Sevgi! Sening qadamlaring 
bog‘chada maktablarda 
sandiqchalarning tubida 
sarg‘aygan maktublarda.
Juft quloqning juft sirg‘asi 
qabrlarda yotasan, 
O‘sha yotgan joyingdan ham 
dillarni uyg‘otasan.
Men bilaman sening qalbing 
tosh ham muz ham emasdir,
Seni tanimay o‘tganlar 
to‘lqinlar surgan xasdir.
Tuban, qaroqchi, sur kasning 
qalbiga kirsang hatto 
aylantirgaysan shoirga 
ilhom bo‘lgay har matoh.
O, sevgi — bu hayot demak,
hayot demak bu sevgi,
hatto umrimga qo‘shmadim 
sevgisiz bir ulgimni.
Kechdi...
senga to‘la shonim
hamon tashna senga qalb
... qani bir kul, tabassum qil
men kuylay alqab-alqab!

OYDALADA

Oydalada jigitlar 
oyqizlarga qo‘shilib 
oqsuyak o‘yin o‘ynar 
oynurlarda eshilib.
Oqsuyakni jo‘rabosh 
otar olis-olisga, 
Uni keltirmoq kerak 
otilgan joy — xolisga.
Oqsuyakning ortidan 
chopar barcha-barchasi, 
Barchasining ichida 
bir qizning kurtak ko‘ksi.
Oydin oydin oydinlik, 
oydinlikda oqsuyak.
Lekin topish osonmas — 
qayda yotar qoqsuyak?
Qayda bo‘lmasin kimdir 
oqsuyakni topadi, 
Topadi-yu shu zumda 
marra sari chopadi.
Oqsuyakni talashar, 
qo‘ldan-qo‘lga o‘tar u.
Kimki kuchli bo‘lsa gar, 
oqsuyakni tutar u. 
Kuchlidan kuchli chiqar, 
kuchsizlar — taraf-taraf.
Bu o‘yinda qizlarni 
unutmoq emas sharaf. 
Oqsuyakni bir yulqib 
jo‘raboshdan olaman, 
ko‘ksi kurtakli qizga 
uzatib yuboraman...
Oydalada jo‘rabosh 
va jigitlar sezmaslar 
oqsuyak kimdaligin 
sho‘rliklar anglamaslar.
Ovchining tozisiday 
meni yulqishar toza, 
Va nihoyat g‘olibni 
oy qiladi ovoza.
G‘olib g‘olib g‘oliba 
chapak urib sakraydi, 
Ko‘zlari cho‘g‘day yonib
menga sirli qaraydi...
Jo‘rabosh hasadiga 
alam qo‘shilar alam, 
Xo‘rozdayin hurpayib 
janjal boshlar rostakam...
O, bargdek uchdi yillar, 
uchib ketdi har yoqqa.
Bo‘rtib chiqqan kurtaklar 
aylandi gul-yaproqqa.
Taqir yerdan chang chiqar, 
bugun yo‘q oydindala.
Oqsuyak bahonasi 
Mazaxo‘rak jigitlar 
meni yulqishar hamon 
unsizgina oh deyman
... qoqsuyak menda emas 
uzatib yuborganman.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.