background
logotype

Azizbek Anvar (1983)

 Azizbek Anvar (Turdiyev) 1983 yilda Farg‘ona viloyati Rishton tumanida tug‘ilgan. 
O’zMUning jurnalistika fakulteti magistratura bosqichini tamomlagan. 
2006 yilda “Seni yaxshi ko‘raman juda” kitobi nashr etilgan. 
Ayni paytda “O`zbekiston” teleradiokanali “Assalom, O’zbekiston!” studiyasida bosh muharrir o‘rinbosari vazifasida ishlab kelmoqda. 
“O’zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni sohibi.   

 

SIZ MENI ESLAYSIZ

Siz meni eslaysiz, la’li labingiz
Toza tabassumni sog‘inganida.
Qizg‘aldoq bargidan nozin qalbingiz
Dilozor so‘zlardan og‘ringanida,
Siz meni eslaysiz.

Quloqqa aylanib jonu jismingiz,
Qadrdon tovushga zor bo‘lganida,
Mening lafzimdagi go‘zal ismingiz
Ishqsizlar tilida xor bo‘lganida,
Siz meni eslaysiz!

Qalbingiz tubida qolgan so‘zingiz
Tunlar uyqu bermay qiynaganida,
Nogoh suratimga tushib ko‘zingiz
Bedor yuragingiz o‘ynaganida,
Siz meni eslaysiz.

Shirin xotiralar yodingiz buzib,
Xumor etganida erkaligingiz,
Chidolmay, sadoqat rishtasin uzib,
Unutib bir uyga bekaligingiz,
Siz meni eslaysiz.

Men unda ertakka aylangan bo‘lib,
Ketaman eng uzoq tushdan-da olis,
Ko‘r va kar tiriklar nazdida o‘lib,
Uchaman eng baland qushdan-da olis.
Siz meni eslaysiz.

 

 
Azizbek Anvar. Osmonning oxiri



Muallif: Azizbek Anvar
Hajmi: 183 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
 Saqlab olish
Online o'qish

YOSHINGIZNI AYTIB TURAR KO‘ZLARINGIZ

Bo‘ylarimiz bo‘ylagani yoshman, deysiz,
Birovlarni o‘ylagani yoshman, deysiz,
Ishq kuyiga o‘ynagani yoshman, deysiz,
Yoshingizni aytib turar ko‘zlaringiz.

O‘n sakkizda barchinoylar bo‘yga yetar,
Boychiborli Alpomishni orzu etar.
Sevgi yo‘q, deb ovozingiz titrab ketar,
Yoshingizni aytib turar so‘zlaringiz.

Kecha to‘ptosh o‘ynagan qiz erta kelin,
Momolari tilab qolar oydin yo‘lin.
Jamolingiz o‘n besh kunlik oydan to‘lin,
Yoshingizni aytib turar yuzlaringiz.

Jon rishtasi sochingiz har tolasida,
Suratingiz ko‘zlarimning qorasida.
Yurakdek qon atirgulzor orasida
Yoshingizni aytib turar izlaringiz.

Yod bilasiz ming noz ila karashmani,
Arazlaru achchiqlaru har nimani.
Yoshman hali, deb aldaysiz buncha mani,
Yoshingizni aytib turar hislaringiz...


SHAHARDA

Oyoqlar ostidan yemish qidirib,
Shovqindan qo‘rqmaydi shaharlik qushlar.
Olomon ichiga o‘zini urib,
Pista po‘choq bilan vaqtini xushlar.

Asfalt yo‘laklarning chokini so‘kib,
Isyon ko‘taradi nozikqad maysa.
Qo‘ysang ham ustidan toshlarni to‘kib,
Baribir ko‘tarib chiqadi nayza.

Ortiq tinglamaydi birovni-birov,
Har kim o‘z holicha yashashni o‘ylar.
Ozod bulutlarning yo‘llarida g‘ov –
Tinmay kim o‘zarga bo‘y cho‘zgan uylar.

Shaharda fursat ham shoshqaloq juda,
Olifta qizlardek ortiga boqmas.
Yonib kuyishlaring bari behuda,
Mudroq ko‘ngillarga muhabbat yoqmas.

Qadim qonunlari qat’iy makon bu –
Hammani bir ko‘yga solib qo‘yguvchi.
Aldovga farovon turmush beraru
Dillardan shafqatni olib qo‘yguvchi.

Men ham shu muhitda ulg‘aydim, ona,
Garchi bolaligim beg‘ubor o‘tgan.
Yoningizga qaytgim keladi yana,
Afsus, u tuyg‘ular meni unutgan.

Singlim, deb kuyardim qizg‘aldoq uchun,
Bugun kiprigimda eski yosh qotgan.
Yuragim o‘rnida mushtdek bir tugun,
Darddoshlik yo‘qolgan, diydam tosh qotgan.

Ammo men asroldim tanish tuyg‘uni,
Bolalik zavqlari yodda qolarkan.
Umrim adog‘ida axir bir kuni,
Kapalak qanoti qarshi olarkan.


SHU QIZCHAGA MEHRIM BO‘LAKCHA

Yorim bilan yonma-yon yuray,
Uzayaqol qisqa yo‘lakcha.
Uzun-uzun suhbatlar quray,
Shu qizchaga mehrim bo‘lakcha.

Ko‘rgim kelar ko‘rganim sari,
Jonni qiynar hijron xatari,
Aynitmasin dugonalari,
Shu qizchaga mehrim bo‘lakcha.

Dunyo gulzor – chiroyi to‘kin,
Unga nigoh tashlasang sekin,
Go‘zallar ko‘p, go‘zallar, lekin
Shu qizchaga mehrim bo‘lakcha.

Oshiq uchun visol kun – bayram,
Doim birga shodlik va alam.
Achchiqlari shirinki biram,
Shu qizchaga mehrim bo‘lakcha.

Kelar takror ismin so‘ragim,
Barmog‘imga zulfin o‘ragim.
Tars yorilar hozir yuragim!
Shu qizchaga mehrim bo‘lakcha.


ALDOVLAR BAS ENDI

Mening g‘ururimni osmondan so‘ra,
Lekin ishq boshimni egdi gulijon.
Yig‘loqi shoirlik sendan ham ko‘ra
O‘zimning jonimga tegdi gulijon.

Quyoshdan charog‘on jamoling ko‘rib,
Junun sahrosida aqldan ozdim.
Qo‘lingdan bir bora tutmasdan turib,
Qaynoq bo‘salaring haqida yozdim.

Yolg‘on biaytlarimda men chalolmagan
Zulfing qo‘ng‘irog‘in jaranglari bor.
Oshiqlar takrora aytib tolmagan
Sevgi iqrorining ohanglari bor.

Tugal baxtli edim yana she’rimda,
Bog‘larni kezganmiz yonma-yon, sarhush.
Bugun og‘riq turdi mushtdek yerimda,
Nahot umrim bori xayol ila tush.

Aldovlar bas endi, muhabbat aro
Farhodu majnunlar menga dars emas.
Qo‘limga qo‘lingni bergin diloro,
Yolg‘onsiz yashayin hech yo‘q bir nafas.


ARMON

O‘ynab o‘sdik, ey pariruxsor,
Muhabbatga yetdi yoshimiz.
Sen erka qiz, men erkin shunqor –
Bog‘lab bo‘lmas bizning boshimiz.

Bolalikdan o‘jarman o‘zi,
Qaytarim yo‘q aytar so‘zimdan.
O‘pib olsam, tarsakchang izi
Ketgani yo‘q xamon yuzimdan.

Chopar edim qo‘lingdan tortib,
Yoqar edi hamma sho‘xligim.
Sochingdagi oroyish tartib
Anglatardi mening yo‘qligim.

Injiqliklar o‘rniga nozlar,
Bolalikning rishtasin uzdi.
Kundan-kunga nozik pardozlar...
O‘yinimiz balog‘at buzdi.

Hadiksirab yuragim qurg‘ur,
Ketib qoldim yoningdan ko‘chib,
Ey erka qiz, seni bir umr
Arazlatib qo‘yishdan cho‘chib.

Yashayapman sendan olis lek,
Muhabbatim haddan ziyoda.
Ishon seni hech kimsa mendek
Sevolmaydi ikki dunyoda!

O‘ynab o‘sdik, ey pariruxsor,
Muhabbatga yetdi yoshimiz.
Sen erka qiz, men erkin shunqor –
Bog‘lab bo‘lmas bizning boshimiz...


QO‘RQUV

Ey raqiblar, biling hech naf yo‘q,
Yuragimga qutqu solishdan.
Bor qo‘rquvim – ko‘nglimdagi cho‘g‘
Olovlanmay o‘chib qolishdan.

Isyon bilan hamnafas yashash
Meros Mashrab bobodan menga.
Taft oladi dildagi otash
Mudroq qalbi muzlarni yenga.

Saodatga birinchi raxna –
Indamaslik, rozilik jimlik.
Tomoshangni bas qil ey sahna
Jonga tegdi tomoshabinlik.

Dardlari ko‘p dil daftarining,
Koshki barin bayon etolsam...
O‘lganim shu – ilhom parining
Shivirini anglolmay qolsam.

Ado etar kim mening farzim
Bosh ko‘tarmay yotsam bolishdan?
Qo‘rqaman ko‘p dunyodan qarzim
Uzmay turib ketib qolishdan.


ILTIJO

Azon. Bomdod ibodatga ibtido,
Albatta ijobat neki tilasang.
Ey barcha asrordan xabardor Xudo,
Sendan nima tilashimni bilasan:

Taqdir kulib, tolening eng yorug‘i,
Hamroh bo‘lsin dehqon bobo yo‘lida.
Yulduzdek sochilsin bug‘doy, tarig‘i,
Hilol oltin o‘roq bo‘lsin qo‘lida.

Maydon ichra ot chopganda chavandoz
Chaqmoq otsin tulporining tuyog‘i.
Davralarda ko‘krak kersin qaddi g‘oz,
G‘urur bo‘lsin er yigitning bayrog‘i.

Kibr ketib ul qiz nafaslaridan,
Yuragini ishq qonida ranglasin.
Bu dunyoning hamma havaslaridan
Yorlik baxti afzalligin anglasin.

Yana ko‘pdir iltijoyim, duoyim,
Tilaklarim buyuk haddi a’losi:
Shu millatga bir dard bergin Xudoyim
Ahillikda bo‘lsin uning davosi.


MUHAMMAD YUSUFNING AYTGANLARI

Chin shoir haq so‘zni aytar,
Agar haqni demassan,
Bitsang hamki sara baytlar
Asl shoir emassan.

Nom topib el orasida,
Xalq g‘amini yemassan,
Baxshida et ming qasida
Xalq shoiri emassan.

Atirgulga kapalakning
Shivirni sezmassan,
Ishqsiz ekan tor yuraging
Demak shoir emassan.

Onang kutsa ertayu kech
Bir yilda bir kelmassan.
Qo‘y mehrdan so‘z ochma hech,
Aslo shoir emassan!

Tinglaganda zo‘r bitta she’r,
Dildan qoyil emassan
Borlig‘ingni baxillik yer
Shoir-poir emassan.


SENI SEVMAY YASHASH...

Ko‘kka termulaman tunda o‘y surib,
Yulduzlar ishqimga guvoh, sevgilim.
Shunday suluvsanki, yoningda yurib,
Seni sevmay yashash gunoh, sevgilim.

Isming Gul, iforing guldan xushbo‘yroq,
Fasllar almashar sen o‘sha-o‘sha:
Shabnamdan pokiza, oydan xushro‘yroq,
Lahzalar o‘tadi senga ko‘rk qo‘sha.

Sen kulsang, chamanlar qo‘shilib kular,
Labing tabassumi – olam quvonchi.
Dunyoning boshiga malomat bo‘lar
Munchoq ko‘zlaringdan tomgan har tomchi.

Hayotga kelganman visoling uchun,
Benavo umrimga mazmun xayoling.
Yurakda avjlanar mehr kundan-kun,
Yangidan sevdirar tildagi boling.

O‘xshashing yo‘q sening, boring boshqacha,
Ne qilay ayt ey GUL NOZing sog‘insam.
Qaysar dil ko‘nmaydi sendan boshqaga,
Ishon tanho o‘zing qalb ardog‘imsan.


SIRDARYO

Senga aytay sharhi dilimni,
Anduhlarim ketgaz Sirdaryo.
Ishqim ramzi – atirgulimni
Suyganimga yetkaz Sirdaryo.

Harirqanot pariday suzib,
Bir qiz ketdi oromim buzib.
Niyat qildim, bitta gul uzib,
Suyganimga yetkaz Sirdaryo.

Sovchim bo‘lib suving oqimi,
Yorga aytsin ko‘ngil ohini.
Gulim olsin dilim sohibi,
Suyganimga yetkaz Sirdaryo.

Garchi yerda tomchi munchoqsan,
Amudan keng haybating, boqsam.
Tohir bo‘lib bag‘ringda oqsam,
Suyganimga yetkaz Sirdaryo.

Umrim o‘tar uning o‘yida,
Yashar emish sohil bo‘yida.
Uchrashaylik visol to‘yida,
Suyganimga yetkaz Sirdaryo.

Yaprog‘iga yozib qatma-qat,
Quchog‘ingga otdim bir gulxat.
Yozganim sir, aytsang ham faqat,
Suyganimga yetkaz Sirdaryo.


TASALLI

Yor qo‘ynida ishq taftidan shu’la ichib,
Oftob ko‘rgan oy misoli to‘l, qizgina.
Munglig‘ onang hamda mening baxtim uchun
Sen hamisha sog‘u omon bo‘l, qizgina.

Quloq tutsam, zarra g‘am yo‘q so‘zlaringda,
Ammo pinhon o‘kinch zohir yuzlaringda.
Bu ne qismat, kulsang hamki ko‘zlaringda
Aduhlaring yulduzlardan mo‘l, qizgina.

Arzir osmon manzil bo‘lsa asli senga,
Munosibdir malikalar qasri senga.
Urmish kimning gunohlarin kasri senga...
Tikonidan ozorlangan gul, qizgina.

Garchi bag‘ri kemtik – nayning navosi bor,
Yaratganning suyganiga atosi bor.
Qayg‘urma ko‘p, har og‘riqning shifosi bor,
Ko‘z yoshidan yostiqlari xo‘l, qizgina.

Ko‘ngil yorsam, keng ko‘nglimga dunyo sig‘ar,
Sening darding sendan ko‘ra meni siqar.
Ishon, bir kun qadamingga peshvoz chiqar,
Toleingda tongdan yorug‘ yo‘l, qizgina.

Go‘dakdayin mas’umginam, hasrat nechun,
Yayrab yasha oy qizgina, gul qizgina.
Sensiz dunyo bo‘lolmaydi baxti butun,
Bu dunyoning baxti uchun kul, qizgina!

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.