background
logotype

Barnobek Eshpo‘latov (1963)

http://ziyouz.com/rasmlar/adib/barnobek_eshpolatov.jpg1963 yili Buxoro viloyatining Navoiy tumanidagi Ko‘hnamachit qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDU jurnalistika fakultetini bitirgan. 



* * *

Ayolni quchoqlab yig‘lashing xushdir,
Arziydi artmasang ko‘zda yoshingni.
Ayol — hasad bilmas bokira qushdir,
Bag‘ringga mehrday ketadi singib.

Kapalakday munis, armon, tashvishi
Hurkinib qo‘narkan kiftingga bir-bir
Ayolni quchoqlab yig‘lar er kishi,
Baxtin ato etsa ustivor taqdir.

Qari yoz jon berar uning poyida
Ochun ataganin aylaydi ro‘yob.
Ayol qimtinadi. Ko‘char joyidan —
Bilinar-bilinmas kuz solgan ro‘yo.

Uning xayolidan qushlar aslida
Begona yurtlarga ketmaslar bir kun.
Izillab yig‘laydi bahor faslida
Kaytmagan qaldirg‘och juftligi uchun.

Ardoqlagin, yutgin ko‘zlarda yoshin,
Ayol to‘dasidan ayrilgan qushdir.
Hayot g‘urbatlari egarkan boshing,
Ayolni quchoqlab o‘kinmoq xushdir.


* * *

Chechaklar ismini izlaydi qalbim,
Olamni poklaydi quyosh toshqini.
Qo‘nar borlig‘imga kapalak kabi
Ko‘shig‘u armonu hayrat yolqini.

Ko‘milib yotaman maysalarga jim
Ulug‘vor dunyoning girdobi aro.
Ming yillar taftida ovunar tanim
Bu oydin kunlarning husniga qarab.

Oppoq qor cho‘kadi ko‘chalarga jim,
Daraxtlar yuksalar oydinlik aro.
Nafasi iliqdir sirli dunyoning,
Ko‘zlarim nurlanar — etgum iltijo.

Oydin kechalarning sargardonligi
Yuragim qa’rini qitiqlaydi xush.
Suluvni o‘ylayman ko‘zlarim tinib,
U-da uzoqlarda meni ko‘rar tush.


* * *

Nastarinlar, olchalar suhbatga imlar
O’rtar
o‘riklarning xushbo‘yi,
tongda qari chorboqlarga qochib ketarkan,
Izillayman muhabbatning armonligidan.


* * *

Bolalar-chi, sizlarga
G’ururdan ishtoncha tikmak,
Aqldan gul ko‘ylak kiydirgach,
unga qadamoq kerak
Saxovatning yorqin tugmachalarin.


* * *

Bu ayolni juda uzoq
chordoqlar,
hasrat oydinligi,
umid yagonaligiday
Aqlingni tanigach, seva olgansan.


* * *

Ko‘nmayman, aslida shunday emasdi,
Izzalar uyg‘otar yarim tunda ham.
Bir zamon yuragim qoniqqan yupanch
O’tkir tirnoq kabi bag‘rim timdalar.

Ko‘nmayman, adadsiz devorlar aro —
yashirib ko‘zlardan muborak tanim.
o‘zligim ishonib sovuq qulflarga,
eshigim yopaman — ilojsiz g‘anim.

Ko‘nmayman, bu osmon, horg‘in turnalar
sarg‘ayib borguvchi bog‘larning uchi
Bir-biriga dalda berib kuylarkan,
qo‘shig‘i uning-chun,
qo‘shiq—men uchun.

Qaydadir,ul o‘g‘lon Yeru Osmonning
Qoq belida nurga burkanib olib—
muhabbat baytidan boshini egmish,
Shamoldan, o‘zidan, mendan-da g‘olib.

Ko‘zalar qornida tinib borar suv —
barmoqday loyqadan tuyasan g‘ashlik.
Sog‘inchdan tinirkan ko‘ngil o‘ylari
chorlaydi o‘ziga tundlik, sarkashlik.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.