background
logotype

Barot Boyqobilov (1937-2006)

 Barot Boyqobilov 1937 yil 14 martda Samarqand viloyatining Urgut tumanidagi Kenagas qishlog‘ida tug‘ilgan. O’zbekiston xalq shoiri (1997). SamDUning filologiya fakultetini tamomlagan (1962). «Samarqand satrlari» (1962), «Visol» (1965), «Seni izlayman» (1968), «Samarqand ushshog‘i» (1969), «Afrosiyob» (1970), «Sonetlar» (1982), «Kim sokin yashaydi O’zbekistonda» (1990) va boshqa she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan «Shukuhli karvon» (1981), «Notinch Xuroson» (1985), «Sokin Xuroson» (1992) va «Qonli Xuroson» (1992) dostonlari, «Hayrat ul-Abror» (1997) she’riy romani ham bor. B. Petrarka, V. Shekspir, P. Neruda, R. Hamzatov sonetlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. 2006 yilda Toshkent shahrida vafot etgan. Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati (1994).


* * *

Yur, chiqaylik sayrga, do‘stim, 
Sog‘inganman Siyob bo‘yini. 
Tark etaylik shaharni bir zum 
Ko‘rmoq uchun ko‘klam to‘yini.

Kapalakday aylab sayri gul, 
Bog‘lar aro kezaylik xurram. 
Sendan faqat iltimosim shul, 
Bizdan rizo bo‘lsin bu ko‘klam.

Qo‘lingdagi chinni piyola, 
Mayli, menga tutmasin sharob. 
Yur, azizim, tezroq Siyobga, 
May o‘rnida ichaylik gulob.

Yoshligimiz o‘tgan gul bog‘lar 
Har bahorda bizni so‘roqlar.

* * *

Urgut chinoridan mening qalamim, 
Qalbimning sofligi - buloqlaridan. 
Odamlarin mehri - o‘tli kalomim, 
Qaddim rasoligi - alp tog‘laridan.

Ko‘klam xandasidan - tabassum, kulgim, 
She’r bitgan qog‘ozim - saxiy dalasi. 
Kimyo tuprog‘idan to‘lgan iligim, 
Nafasim - shifobaxsh subhi sabosi.

Bedor soylarida - umrim kemasi, 
Charx urgan kaptari - o‘y-orzularim. 
Tilidagi g‘azal - sevgim shevasi, 
Cho‘qqiga ketgan yo‘l - mening izlarim.

Tarjimai holim - Urgut qissasi, 
She’rim - urgutliklar oltin bo‘sasi.

* * *

Mevali daraxtga tosh otar, 
Toshlardan butog‘ing sinmasin, 
Shoxingga kalxatlar qo‘nmasin, 
Qismating o‘ylasam bosh qotar.

Ko‘zimda qurg‘oshin yosh qotar, 
Mayli, tosh otganlar tinmasin. 
Mevangni yeb turib, tig‘lansin, 
Boshingda bir kuni tong otar.

Vale tong otguncha, otib tosh, 
Tutundek o‘rlatsa ohlaring, 
Dardingga bo‘lgandek qayg‘udosh.
Xazondek yonsa gar bog‘laring, 

Sen bo‘lib o‘rtada jon talash, 
Qirqishib ketmasin shoxlaring.

* * *

Ey mening go‘zalim, mening farishtam, 
Senga tushganida dastlab nigohim, 
Yulduzday beshumor balki gunohim, 
Ey mening go‘zalim, mening farishtam.

Qalbingta tutashdir mening jon rishtam, 
Ey mening dilbarim, chashmi siyohim, 
Bu chigal dunyoda sensan panohim. 
Qalbingga tutashdir mening jon rishtam.

Jonim rishtasini uzma qalbingdan, 
Samoni tutundek tutmasin ohim, 
Oftob ham kuymasin sening qahringdan.
Sevmaklik ayb emas, ey mening mohim, 

Ishqimni haydama ko‘ngil qasringdan, 
Qalbingdir topingan mening mehrobim.

MEN SENI SOG‘INDIM 

Kim kashf etmish O‘zbekistonni,
Qaydan paydo bo‘lmish bu diyor?
Sharqqa mayoq bunday makonni
Yaratgandir qaysi bunyodkor?
Kim kashf etmish O‘zbekistonni,
Qaydan paydo bo‘lmish bu diyor?
Sharqqa mayoq bunday makonni
Yaratgandir qaysi bunyodkor?
Boshi uzra kulgan osmonni 
Kim aylamish tongdek beg‘ubor?
Maftun aylab shu keng jahonni,
Kim muncha ham etmish baxtiyor?
Jahon ichra qo‘yib qutlug‘ nom,
Kim o‘pgandir peshonasini,
Saodatga yo‘llab subhu shom?
Bu hayotning koshonasini
Xalqimizga kim etgan in’om,
Oltin aylab ostonasini? 

* * *

Shu xususda o‘yladim uzoq,
Qo‘ndirmasdan sha’niga g‘ubor.
O‘z-o‘zimdan so‘rab necha bor
Xayol ichra g‘arq bo‘ldim biroq. 
Taralganday quyoshdan shafaq,
Bag‘rim bo‘lib ketdi lolazor.
Sham’ qoshida bosh egdim bedor —
Misli dondan egilgan boshoq.
Ammo dilga berib tasallo
Chaqnatdiyu ruhimda chaqmoq,
Ona yerdan keldi bir sado.
Zulmat bag‘rin yoritmish mayoq,
Qodir Olloh farzandi go‘yo
O‘zbekiston yaralmish porloq.

* * *

Shuning uchun qalbida yangrar
Koinotning buyuk xitobi.
Boshin silab har shomu sahar
Parvonadir tole’ oftobi.
Osiyoda tengsiz bu kishvar,
Sharqning oltin mehrobi erur.
Yer qalbiga bo‘lganday mehvar
Toki jahon turguncha turur.
Chunki uni yaratib Xudo
Peshonasin o‘pgan subhidam,
Baxti kunday tug‘ildi a’lo,
Istiqbolin etgali ko‘rkam.
Shuning uchun bu go‘zal diyor
Yuragida Olloh mehri bor.

* * *

Inson bilan birga yaralgan 
Bir chashma bor — mangu muqaddas.
Hayot bog‘i undan ko‘rk olgan
So‘lmoqni ham bilmas bir nafas.
Bu chashmaga tushsa xoru xas
Kiprigi-la terib olar kun.
Yuraklarda qo‘zg‘ab zo‘r havas
Shaydo etgan hayotga butun.
Undan bahra topmagan odam
Tug‘ilmagan onadan hali,
Yonmagandir ko‘zlarida sham’.
Ishq chashmasin sehri tufayli 
Tanidigu hayotni, erkam,
Boshlandi chin muhabbat sayli!

* * *

Muhabbat chirog‘i yonmasa,
Ko‘ngil uyi zulmatdir.
Dunyo bog‘i g‘urbatdir
Muhabbat chirog‘i yonmasa.
Muhabbat chirog‘i yonmasa,
Kechgan umr g‘aflatdir.
Yashash baxtmas, kulfatdir,
Muhabbat chirog‘i yonmasa.
Muhabbat insonga qo‘shqanot,
Dunyoni ko‘rguvchi ko‘zidir,
Avlodlar topingan baxt, najot.
Insonning u aytar so‘zidir,
U bilan go‘zaldir bu hayot,
Muhabbat insonning o‘zidir!

* * *

Tong bilan ko‘rdim yor yuzida xanda,
Ko‘zlarim nurlandi sharorasidan,
Yurak tug‘yon urdi nazzorasidan,
Tong bilan ko‘rdim yor ko‘zida xanda.
Chinnidek jaranglar so‘zida xanda,
Ko‘ngilga bol tomar iborasidan;
Ruhga jon yugurar ishorasidan,
Gul bo‘lib yashnaydi izida xanda.
Bu visol ayyomin aylamay kanda,
Mast bo‘lib ko‘ngilning ishtiyoqidan,
Boshimda charaqlab quyosh kulganda,
Hayratlanib Ishqning ixtirosidan,
She’r aytgim keladi ushbu chamanda,
Yor rozi ersa bas har misrasidan!

* * *

Hayot gulshanida bir umr mastman,
Sevgi sharobidan bir qultum ichib,
Go‘yoki yuribman ko‘klarda uchib,
Zuhro yulduziga joni payvastman.
Farhodu Tohirlar bilan hamdastman,
Qaysdek ovoraman oromdan kechib,
Dardimni she’r bilan toshlarga chekib,
Tog‘ aro adashgan ishqi sarbastman.
Gar qo‘ysam muhabbat jumbog‘in yechib,
Bu chigal hayotning qolmas qizig‘i,
Baxt qushi ketadi boshimdan uchib.
Nishonga olsa-da, ayriliq tig‘i,
Sarxushman, muhabbat parisin quchib,
Yo‘ldan adashma, der, yorning chizig‘i.

* * *

Men seni izladim, sen esa meni
Muhabbat atalmish bir xiyobondan.
Men seni so‘zladim, sen esa meni,
Ko‘ngilga saodat bitgan dostondan.
Men senga gul terdim, sen esa menga
Oshiqlar qadami yetmagan yerdan.
Men senga qo‘l berdim, sen esa menga
Amu bo‘sa olib turgandek Sirdan.
Men seni sog‘indim, sen esa meni,
Hijronda visolga chorladi maktub.
Men seni sog‘indim, sen esa meni,
Tohiru Zuhrodek bo‘loldik mahbub.
Muhabbat bo‘lmasa ikki dunyo ham,
Qovushtirolmasdi bizlarni, erkam.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.