background
logotype

Bobomurod Erali

http://ziyouz.com/rasmlar/poets/bobomyrod_erali.jpgARAVON

Shavkat Rahmonga

 1. OYDIN XAYOL

Yuraversang, xayol surib, hech kim ko‘rmasa,
Ko‘kda g‘ujg‘on jimirlasa yulduzlar toshib.
Yetib kelsa shamol eski ulfat, tanishdek,
Sokingina dalalaru qirlardan shoshib.

Sukunatning qabosini kiygan daraxtlar,
Hayo bilan yerga qarab uyalib tursa.
Qorovulmi, yo bir otliq shunday go‘zal payt,
Senga o‘xshab yolg‘iz o‘zi aylanib yursa.

Chirildoqlar to‘y qilishar butazorlarda,
To‘yxat berib aytganida sen ham borarding.
Davrasida yuragingni bo‘shatib yozgan
Mehmonlarga she’rlaringdan o‘qib berarding.

Ariqlarda oqayotir suv simobsimon,
Oydinlikda yaltiraydi, tovlanar yal-yal.
Oqayotir tilla yanglig‘, yo kumushsimon,
O‘t-o‘lanlar sukutdayu jonzot bo‘lib lol.

Oyni ichsang, tongga qadar tip-tiniq sutdek,
Ichaversang, toki undan yorishsa iching.
Daraxtlar ham icha olmas sen ichganingdek,
Ichaversang, oy nuriga tutib hovuching.

Yuraversang, bo‘shab yotgan sayhonlar osha,
Seni bunga tashlab ketsa bildirmay shamol.
Qadrdoning ninachilar shoshilganicha,
Jo‘nab qolsa cholg‘usini ko‘tarib darhol.

Yalpizlarning qulog‘ida shoda marvarid,
Kechagina osmon unga taqib qo‘ygandek.
Daraxtlar yaprog‘ini bir-bir tushirar,
Ichga yutgan g‘amlarini so‘ylayotgandek.

Yorg‘uchoqda g‘amni tuyib malham aylasang,
Oy nurini quysang ozroq, qo‘shilsa shudring.
Daraxtlar shiviriyu soy shovullashi,
Bu hayotning achchig‘in ham, bir tatib ko‘ring. 

Nima qilsang, ziyofatga kelmasa hech kim,
Ertagacha aynib qolsa bu tansiq taom.
Do‘stlaring ham xushlamaydi, tanovul qilmas,
Balki, balki uzr so‘ra, pishmaganmi, xom?

Yuraversang xayol surib, hech kim ko‘rmasa,
Tunni, oyni, yulduzlarni qotirib qo‘ysang.
G‘am-qayg‘uga o‘zing botsang, botmasa hech kim,
Yosh go‘dakdek boshqalarga jilmayib qo‘ysang.

 2. CHISTON

Qarab turib o‘ylanaman, g‘amlar yutaman,
Ko‘z oldimda yoqut kabi aylanar anor.
Senga loyiq emasligin ancha kech bildim,
Uzun tunlar mijja qoqmay tikkanim qanor.

Bu hayotning chistoniga javob ham mushkul,
Qiynalasan, o‘ylanasan soching oqarib.
Yuzlariga parda tortgan g‘am-qayg‘ularim,
Yuragimdan chiqib kelar tobut ko‘tarib.

Shu tobutga joylab ana suluv kelindek
Olib o‘tar sevgilimni, ko‘z quvonchimni.
Gulgun yuzi porlab meni asir aylagan,
Halovatim o‘g‘irlagan, olgan tinchimni.

Qancha tunlar yolvordim men, kel deb chaqirdim,
Tushlarimda paydo bo‘lib es-hushim oldi.
O‘z-o‘zimcha yoqarmi deb she’rlar to‘qirdim,
U nozlandi, u yuz burdi, qayg‘uga soldi.

Shamol bo‘lib yo‘llariga chiqib turardim,
Mayli, faqir quling bo‘lay derdim yolvorib.
Oyog‘iga yiqilmoqqa shaylanar edim,
 Zora menga qiyo boqsa holi o‘zgarib.

U yo‘lini boshqa tomon burdi bemalol,
Oh-voh urib qolaverdim, ko‘ngil ham bo‘shab.
Dilraboga borlig‘imni fido etardim,
Afsus, kelmas jonimni ham qo‘ysamda to‘shab.

Bir jilmayish, tabassumi meni zor aylar,
Nima borki bisotimda bermoqqa tayyor.
U to‘xtamas, men bechora aldangan oshiq,
Malikadek bevafo u, makkor va ayyor.

Noz-karashma qilganicha olislaydi u,
Qo‘l cho‘zaman, qo‘lim yetmas, etagin silkar.
U to‘xtamas, qayrilib ham qaramas bir bor,
U hurliqo, u gulsanam, u paripaykar.

Telba kabi intilganim sari qochar u,
Yo‘llariga ko‘z tikkanim behuda bari.
Ko‘z oldimda jilva qilar, istig‘no aylar,
Uzoqlashib boraverar yetganim sari.

Endi esa shu anorga termilaman jim,
Achchiqmi yo shirinmi deb o‘ylayman hanuz.
U hurliqo qayga ketdi, borayin desam,
Izlarini supuribdi farrosh kabi kuz.
 
 3. QO‘TOSLAR

Qorli tog‘lar etagida qo‘toslar borar,
Boraverar yoyilgancha kenglik, adirga.
Og‘izlardan ko‘pik toshar, halloslab chopar,
Qorda yurmoq og‘ir, og‘ir, shamol ham birga.

Ko‘z ochirmas oldindagi esgan izg‘irin,
Bir tarafda hidni olib bo‘rilar uvlar.
Bir tarafdan kelayotir qashqirlar o‘rab:
Bazmlarni bezatar deb bunday suruvlar.

Sal orqada oqsoqlanar keksa bir qo‘tos,
Qochmoq istar, qocha olmas, yirtqich chang solar.
Tishlab tortar, tilka-pora aylar loshini,
Osmondagi g‘ajirlar ham qulay payt poylar.

Qo‘toslarni haydar shamol oldiga solib,
O‘nqir-cho‘nqir jardan o‘tar to‘xtamay birpas.
Chor tarafda xavfu xatar, tahlika, vahm,
Uvillashu tish g‘ijiri, vahshiyona sas.

Qorga botar tepalikda qora qo‘toslar.
Qosh qorayar, haligacha oydan darak yo‘q.
Yaydoq cho‘lday huvillaydi bo‘m-bo‘sh daralar,
Qor aralash, qor aralash, tig‘ sanchar sovuq.

Ro‘parada yana dovon, muzlik, shamol, qor,
Hayot-mamot jangi borar, halokat tayin.
Qo‘rquv bilan zabt etilmas yuksak cho‘qqini,
Qo‘toslarning shashti tushar borgani sayin.

Huv jarlikdan chiqib kelar qashqirlar nogoh,
Orqaroqda yura olmas qo‘tos qaltirab.
Bir zarbada tinchiydi u, jon berar afsus,
Yirtqichlarning davrasida osmonga qarab.

Yo‘l ko‘rinmas. Qor bo‘roni qo‘par kenglikda,
Yovvoyi bir qichqirig‘u dahshat va qo‘rquv.
Qor bag‘irlab sudraladi oldinga qarab
Qorong‘ida qo‘toslardan iborat suruv.

Qonsiragan yirtqich gala hamla qilmoqchi,
Munglig‘ shamol ogoh etar burg‘uni chalib.
Goh ko‘rinar, goh yo‘qolar, kutilmaganda
Chovut solar qo‘toslarga yana aylanib.

Baland tog‘lar etagida qo‘toslar borar,
Qor aralash izg‘irinda ko‘zlar yumilib.
Nigohlarda qotib qolgan shashtu shijoat,
Goh yuradi, goh yiqilar qorga ko‘milib.

 4. O‘TOV

Cho‘qqilarning kiyib olgan dubulg‘alari
Olislardan qaraganda turar yarashib.
Oppoq soqol hilpiraydi, taralganida
Daralarga oqib tushar ko‘ksidan toshib.

Qoyatoshlar xayol surar sukutga cho‘mib,
Har bir qadam qo‘yganingda yurgin sen o‘ylab.
Sulaymontog‘ boshidagi toshlarga qara,
Senga ne-ne hikoyatlar beradi so‘ylab.

Xarsangtoshdan silqib chiqqan chashma bir hovuch,
Qanday rohat borib ichsang chanqaganingda.
Cho‘pon bo‘lib yursam deysan tog‘lar bag‘rida,
O‘tov tikib yashasam deb har borganingda.

Kechalari yulduzlarga to‘yib termilsang,
Ruhingni ham tongga qadar yuvib soylarda.
Qoyatoshlar kaftida sen o‘ylanib yotsang,
Go‘dak kabi erkalanib bunday joylarda.

Har tarafdan o‘rab turgan haybatli tog‘lar,
Senga bir ne aytmoq bo‘lar donishmand choldek.
Daralarning tor so‘qmog‘i qayga yo‘l boshlar,
Xayollaring tutqich bermas uchqur maroldek.

Xotirangda iztiroblar qaynar buloqdek,
Kechalari oqib yotar, seni tinch qo‘ymas.
Qanday shirin g‘am-anduhing, undan totganlar
Mazasini bir umrga unuta olmas.

Vodiy sari ko‘z tashlaysan, horg‘in qaraysan,
Ich-ichingda bosh ko‘tarar ojiz bir titroq.
Nahot, nahot, temirchilar bosqonlarida
Haligacha yasayotir chalg‘i va o‘roq.
 
Nahot, nahot, er yigitlar otlar choptirib,
Qilichlarin ko‘kka sermab, oyga qayramas.
Tun quyular, dara yo‘llar qorong‘ilikda,
Nahot, endi u yo‘llarda aslo yurilmas.

O‘tov tomon yaqinlashar tish qayrab dovul,
Kengliklarga entikasan ololmay nafas.
Qancha vaqt ardoqlagan ma’yus qushchani
Tashqariga uchiradi bu ko‘krak qafas.

Yuragingning torlarini kamon ipidek,
So‘nggi marta tortib shayla otayin desang.
So‘zlaringni nayza kabi terib qo‘y qator,
Go‘ringda tinch, bexavotir yotayin desang.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.