background
logotype

Bobur Elmurodov (1989)

Bobur Elmurodov 1989 yilda tug‘ilgan. O‘zMUning jurnalistika fakultetini tamomlagan. Hozirda ushbu fakultetning 2-bosqich magistranti. Shu bilan birga, “O‘zbekiston ovozi” gazetasida ishlab kelmoqda. She’rlari respublika nashrlarida e’lon qilingan.

* * *

Bir tosh bo‘lar ekan “Langar ota”da,
Juda ham qadimiy hamda g‘aroyib.
Uni ko‘rolmadim, aytishlaricha,
Bir kechada bo‘lib qolganmish g‘oyib.

Dunyoning ikkinchi bir tomonida,
Bir tosh ko‘pchilikni qilmishdir shaydo.
Uni ham ko‘rmadim, aytishlaricha,
Bir kechada bo‘lib qolganmish paydo.

Taqdirlar ham ko‘chmish toshlar singari,
Bir yerda yaralib, bir yerda o‘chib.
Yuradi qaysidir ajdod qismati
Qaysidir avlodning umriga ko‘chib.

Ko‘chadi mening ham barcha sirlarim,
Shodliklarim ko‘char, qayg‘ularim ham.
Ko‘chadi tuzalmas injiqliklarim,
Ko‘chadi poyonsiz tuyg‘ularim ham.

Ammo qo‘rqamanki, dilgir davomchim
Mening qismatimga qilarmi havas?
Ishqilib, dunyoning bir chekkasida
Bir odam o‘ksinib yashamasa, bas!

 * * *

Bir ko‘ngil o‘stirsang ichingda
Yashasa eng buyuk zotlaring,
Ichkariga kira olmasa
Yomon otliq, yomon otlaring.

Ag‘anasa tuyg‘ularingni
Bosib yotgan ming-minglab xarsang,
Aldamasa quloqlaring hech,
Ko‘zlaringga butkul ishonsang.

Bir ko‘ngil o‘stirsang ichingda,
Ichingda bir ko‘ngil yo‘qlasang.
Ko‘z yumsang...
Qorong‘u bo‘lmasa,
Yop-yorug‘ kunduzda uxlasang...
 
* * *

Qaerga bosh olib ketdi muhabbat,
Axtaring, unga hech ziyon yetmasin?
Axir, ulkan emas biz turgan sarhad,
Tag‘in chegaradan chiqib ketmasin.

Agar shunday bo‘lsa tugar barchasi,
Ko‘ngilning aytgani bo‘lmaydi to‘g‘ri.
Turmushga chiqmaydi sevib Xon qizi,
Baxtli bo‘lolmaydi biror Boy o‘g‘li.

YUK

Biz tomonga kelar ikki zot
Olis tog‘lar bag‘irlaridan,
Biri yoydek egilib borar
To‘rvasining og‘irligidan.

Hamrohining qo‘li esa bo‘sh,
Na yuki bor, na bir nasabi.
Mung‘ayardi, xomush negadir
Yuk ko‘targan sherigi kabi?

Chiqar edi turfa xil nigoh
Sayyohlarning o‘ngu so‘lidan.
Bari bir xil – horigan cholning
To‘rvasini olar qo‘lidan.

G‘amga botar edi bunday payt
Yo‘ldoshining qorachiqlari.
Og‘irlashib borardi uning
Chap ko‘ksida turgan yuklari.

O‘tib borar odamlar to‘p-to‘p,
Ortda qolar tahqirlangan yo‘l.
Nahot, ular bitta ko‘ngilni
Ko‘tarishga uzatolmas qo‘l?!

KIMYOGAR DO‘STIMNING O‘YLARI

Sun’iy gul yasab tongda
Biroz xayolga toldim.
Unda bol izlab kelgan
Arini ko‘rib qoldim.

O‘yladim, moddalarning
Birlashuvi bir chaqa.
Qanday birlashgan ekan
Toshlar bilan toshbaqa.

Ishonmadim muhabbat
Ko‘ngilda yashar desa.
Bilmadim, sevib qolish
Fanda qanday hodisa?

Bag‘ritosh dedi bir qiz,
Oshib ketgandim haddan.
Tuni bilan o‘yladim
Ko‘nglim qaysi moddadan?

Bilmas edim ne uchun
Ko‘zimga yosh to‘lishin.
Bir tomchi yosh qurimay
Qaerlardan kelishin?

Mening gunohim qayda,
Qayda mening savobim?
Gul yasamayman boshqa,
Shudir mening javobim.

Sun’iy gulga termilib,
Yig‘lab, o‘y surib qoldim.
Axir unda jon bergan
Arini ko‘rib qoldim.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.