background
logotype

Boltaboy Bekmatov (1958)

Boltaboy Bekmatov 1958 yilda tug‘ilgan. Moskvadagi Gorkiy nomli Adabiyot institutida o‘qigan. Bir qator matbuot, nashriyot, ma’naviyat yo‘nalishlarida ishlagan. Uning she’rlari tuman, viloyat, respublika nashrlarida chop etilgan.

SHAFFOF TO‘LQINLAR
Turkum

1

Mening qayig‘imga o‘tirgin go‘zal
mening qayig‘imga o‘tirsang agar
olib ketajakman seni dengiz sayriga
mabodo zeriksang suhbatlashamiz
Mening qayig‘imga o‘tirsang agar
oshno bo‘lajaksan ajralmas
toza nasim
shaffof to‘lqinlar bilan
Mening qayig‘imga o‘tirsang agar
qaytib kelmas edik balki tonggacha
tomosha qilarding dengiz osmonin
bulutlari chaqmog‘in va yomg‘irini
oydin tunda esa
mitti yulduzni
eshkakka ilashgan oymomani ham
va anglab yetarding shubhasiz
qandayin qayiqchi ekanligimni
Mening qayig‘imga o‘tirsang agar
har qanday noqulay ob havoda ham
ag‘darilib ketmasdi mening qayig‘im
Mening qayig‘imga o‘tirgin go‘zal

2

Yomg‘ir yog‘di
yomg‘irpo‘shing boshimga tutding
yomg‘irpo‘sh ostida borar ekanman
ayol muhabbati
ayol jasorati
abadiy hayot
va yana
o‘zining marhamati haqda o‘yladim
Umrim bo‘yi yoqtirmaganim
yomg‘irli havoni sevib qoldim men
kutilmaganda

3

Sening xayoling bilan uxladim
tushlarimda bo‘ldim sen bilan
sen bilan so‘zlashib uyg‘ondim yana
uyg‘oqmanu xayolimda sen
Sensiz yashab bo‘lmas hayotda

4

Tushlaringga kirsam maylimi
maylimi gap otib chalg‘itsam seni
shirin shirin orzular bilan
aylantirsam yoshgina boshing
maylimi bir tushning umricha faqat
hokim bo‘lib olsam toza qalbingga
maylimi so‘ng tushni tark etib
uchib ketsam daljik asalaridek

5

Agar istasang
daryoga tashna olib borasan
tashna olib kelasan
agar istasang
Agar istasang
yo‘limda lolaqizg‘aldoqlar undirasan
yoki changalzorlar bunyod qilasan
Agar istasang
kunduzimni tunga
tunimni kunduzga aylantirasan
Istagingga bog‘liqdir
hatto
sochlarimning ranggi ham
Xullas
daryoga borishga ham hojat yo‘q
agar istasang

6

Men seni ilohiy ishq bilan sevdim
yuragimga o‘zga tuyg‘u begona
Seni osmonimga bitgan oy dedim
osmonim yagona oy ham yagona
Zulmatda yo‘limni yoritguvchi sen
sen yolg‘iz tunlarda eng yaqin hamroh
Dilimdan dardlarim aritguvchi sen
sen meni ko‘klarga olib chiqqan moh
Men seni ilohiy ishq bilan sevdim

7

Baxt so‘rayotganimda o‘zidan
siz mening abadiy baxtimsiz deding
Men ishqni istadim pokiza bir ishq
sochimdan tirnog‘imgacha siznikiman deding
Menda baxsh etmoqchi bo‘lsam o‘zimni
birgina shart qo‘yding
Biroq
na ishq
na baxt
va na hattoki o‘zi
bajara oladi bu shartni

8

Sen hadya qilganing
bir bog‘lam isvand
bir quchoq gul edi men uchun

Bir bog‘lam isvandda mehr bor edi
bir bog‘lam isvandda sehr bor edi
Sulton Uvays boboning ruhi bor edi

Cho‘qqa tashlamadim
bir quchoq gulni
mehrni
sehrni
bu ulug‘ gulni
Bir bog‘lam isvandni
asrab qo‘ydim men
balki
yarab qolar yaxshi kunimda

9

Muhabbat qoidasini
bilmas ekanman
sevarkanman savodsizlarcha
Rashk nima
injiqlik nima
makr nima
barin o‘rgatding
Xullas
o‘zlashtirib oldim
muhabbat ilmin

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.