background
logotype

Botirjon Ergashev (1975)

http://ziyouz.com/images/poets/botirjon_ergashev.jpgBotirjon Ergashev Yo‘ldoshali o‘g‘li 1975-yil 12-dekabrda Farg‘ona viloyati, Beshariq tumanidagi Qashqar qishlog‘ida tug‘ilgan. Mannon Uyg‘ur nomidagi Toshkent Davlat San’at institutini tamomlagan. Hozirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi bo‘lib ishlab kelmoqda.


GAR NOLISAK...

Zulmat ichra o‘tar mening tunu-kunim
Men ham sizday ko‘rgim kelar oy-quyoshni
Lek Taqdirdan nolimasdan yashayman jim
Faryod solib toshga urmam aziz boshni.
 
Shukur deyman oyoq-qo‘lim salomatdir
Gar nolisam, bu Xudoga malomatdir.
 
Ming bor shukur ko‘kka yetar bo‘ylarimiz
Har kun to‘yga ulanmoqda to‘ylarimiz
Tirik jonni rizqin berar Qodir Xudo
Elga tinchlik so‘rar duogo‘ylarimiz.
 
Ne’matlarning eng yaxshisi halovatdir
Gar nolisak bu Xudoga malomatdir.
 
To‘rt yonimda topganim chin yoru-do‘stlar
Bilinmaydi uncha-muncha kamu-ko‘stlar
Farzandlarim kulgusini eshitsam bas
Xotirjamman ko‘rmasa ham mayli ko‘zlar.
 
Qalbing bilan ko‘rish ham bir karomatdir
Gar nolisam bu Xudoga malomatdir.
 
Kimga erta, kimgadir kech kelgay davron
Kimlargadir bu kunlar ham bo‘lgan armon
Sinovlarga sabr qilmoq qanday go‘zal – 
Shunda o‘zi qo‘llar bizni Buyuk Rahmon. 
 
Shukur qilmoq mo‘minlikdan alomatdir
Gar nolisak bu Xudoga malomatdir.
 
Taqdirim shu, ne qilsa bosh egadirman
Noshukurga balki toshday tegadirman
Ko‘zim ojiz bo‘lsa hamki, mehnat bilan – 
San’at ichra o‘z o‘rnimga egadirman.
 
Ko‘rmay turib dunyo kezish – tarovatdir
Gar nolisam bu Xudoga malomatdir.
 
Rozi bo‘ling do‘stlar go‘zal hayot uchun
Bu dunyoga yechim bo‘ling, bo‘lmang tugun
Dunyo shunday oqshom ko‘rgan odamingni,
Qaytib ko‘rmay qolishlik ham mumkin bugun.
 
Tiriklikning o‘ziyam zo‘r mukofatdir
Gar nolisak bu Xudoga malomatdir.
 
 
O‘ZIM HAQIMDA...
 
Zahmatlarda sha’nimni,
Yillab yiqqan Odamman.
Gapi rostdir g‘animning – 
Changdan chiqqan Odamman.
 
Qo‘ymasa ham shum armon,
Oxir topdim shuhrat-shon,
Asli yuzi za’faron – 
Rangdan chiqqan Odamman.
 
Tortmay hech kimning ta’bi,
Joyim edi jar labi.
Keraksiz buyum kabi – 
Zangdan chiqqan Odamman.
 
Kecha edim yolg‘iz, toq,
Bugun-chi har yon o‘rtoq,
Men bir qismati cho‘loq – 
Langdan chiqqan Odamman.
 
Baxt sabrimga berdi tan,
Omadlar aytdi o‘lan,
Tinmay yo‘qchilik bilan,
Jangdan chiqqan Odamman.
 
Mening kechgan umrim shu,
Endi kenglik davrim bu,
Botir bo‘lsam ham toru – 
Tangdan chiqqan Odamman. 
 
 
MENI SEVIB QOLSAYDING

Sen bog‘dagi yelday sho‘x, 
Bir dam orom olsayding. 
Derlar orzuga ayb yo‘q, 
Meni sevib qolsayding.
 
Yoy nishonga yetmasdan, 
Fursat mag‘lub etmasdan, 
Umrim o‘tib ketmasdan, 
Meni sevib qolsayding.
 
Dunyo sinovli, shartli, 
Ham quvonchli, ham dardli, 
Orzuyim bo‘lmay gardli,
Meni sevib qolsayding.
 
Qadru-qimmatim bilib,
Biroz nazarga ilib, 
Ko‘nglimga shafqat qilib, 
Meni sevib qolsayding.
 
Keldi mehring fursati, 
Bo‘lay vasling ulfati, 
Botirligim hurmati, 
Meni sevib qolsayding.
 
 
OTAMDIRSIZ
 
Suyanganim, tog‘im derdi sizni onam
Yashnab turgan bog‘im derdi sizni onam
Bu dunyoda hatto aziz otamdan ham –
Mening yaxshirog‘im derdi sizni onam.
 
Siz men uchun beminnat bir olamdirsiz
Onam shunday bino qo‘ygan otamdirsiz.
 
Siz yonimda boyligimsiz, kimdan kamman
Duoyingiz bilan elda mukarramman
Xonadonim chirog‘isiz, shul sababdan –
Ko‘cha-ko‘yda yurganimda xotirjamman.
 
Goho shodon, goho dardli nolamdirsiz,
Onam shunday bino qo‘ygan otamdirsiz.
 
Ota desam yayragaydir zabonlarim,
Siznikidir surgan davru-davronlarim,
Sizni quchib bobom deya erkalasa –
Quvonaman jonim qizim, o‘g‘lonlarim.
 
Onam, onam, onam suygan odamdirsiz
Onam shunday bino qo‘ygan otamdirsiz.
 
 
KIM BO‘LDIM?
 
O‘zingsan azaliy, abadiy borim,
Taqdiring oldida faqat jim bo‘ldim.
Marhamating cheksiz, Parvardigorim –
Kecha kim edim-u, bugun kim bo‘ldim.
 
Qancha qilganlarim bo‘lgach besamar –
Hatto yaqinlarim hazar qildilar,
Sen nazar qilganding, nazar qildilar
Kecha kim edim-u, bugun kim bo‘ldim.
 
Mehnatim ro‘yobga oshib turibdi,
Do‘stlar, qirg‘og‘idan toshib turibdi,
Nigohlar men tomon shoshib turibdi,
Kecha kim edim-u, bugun kim bo‘ldimj.
 
Tunlar o‘tmishimga bo‘ylab qolaman
Goh farzandlarimga so‘ylab qolaman
Yo shirin tushmi deb o‘ylab qolaman
Kecha kim edim-u, bugun kim bo‘ldim.
 
Qudrating oldida taslimman, qulman,
Himmating oldida bir hovuch kulman
Sen qo‘llab turmasang bir chaqa pulman
Kecha kim edim-u, bugun kim bo‘ldim.
 
Adashtirib qo‘yma to‘g‘ri yo‘limdan
Noming ushlab yursin ikki qo‘limdan
Shukur, omad berding o‘ngu-so‘limdan
Kecha kim edim-u, bugun kim bo‘ldim.
 
Sen berding ilkimda tutgan borimni
Endi dog‘lab qo‘ymay sha’nim, orimni
Unutib qo‘ymayin poydevorimni
Kecha kim edim-u, bugun kim bo‘ldim.
 
Boshim osmondadir, mehrim shu yerga
Nomardlik xos emas ismi-ki erga,
Nafim tegib qoldi ming shukur elga
Kecha kim edim-u, bugun kim bo‘ldim.
 
Menga xurmat berding, ob qo‘ymasang bas
Hadikda yuraman har zum, har nafas
Bugun ko‘plar menga qilmoqda havas
Kecha kim edim-u, bugun kim bo‘ldim.
 
Boshimni egaman sening poyingda
Bir umr turayin aytgan joyingda
Mastman bugun shunday baxt saroyingda
Kecha kim edim-u, bugun kim bo‘ldim.
 
Tangrim man-manlikni mendan uzoq qil
Iymonni nafsimga har dam tuzoq qil
Shu so‘zni bir umr menga so‘roq qil –
Kecha kim edim-u, bugun kim bo‘ldim.
 

KUNDAN, KUN YAXSHI 
 
Kunsayin chiroy ochar dil naqshi,
Hayotni kuylab bo‘ldim men baxshi,
Har yonga boqib, qilamiz shukur –
Ko‘z tegmasin ko‘z, kundan kun yaxshi.
 
Farzandlarimiz quvnoqdir, sho‘xdir,
Orzulari ko‘p, armoni yo‘qdir,
Kelajakdan ham ko‘nglimiz to‘qdir,
Ko‘z tegmasin ko‘z, kundan kun yaxshi.
 
Ota-onalar duo bilan band
Duolar bilan boshimiz baland
Baxt bor, omad bor, go‘yo asal-qand
Ko‘z tegmasin ko‘z, kundan kun yaxshi.
 
Dunyolar ko‘rdi – bo‘ylarimizni
Ro‘yobga chiqqan – o‘ylarimizni
Adog‘i yo‘qdir, to‘ylarimizni
Ko‘z tegmasin ko‘z, kundan kun yaxshi.
 
Hurlik narvonin har pog‘onasi – 
Nurli manzilning, bir koshonasi
Hali bu baxtning, ilk nishonasi
Ko‘z tegmasin ko‘z, kundan kun yaxshi.
 
To‘rt fasli to‘kis, Xudo suygan joy
Har on, suluvdek ochmoqda chiroy 
Kunduzin Quyosh, tunin bezar Oy,
Ko‘z tegmasin ko‘z, kundan kun yaxshi.
 
Bu yurtda tinchlik, eng oliy talab,
Bunga elparvar Yurtboshi sabab!
Boshlarin omon aylagin Yo Rab!
Ko‘z tegmasin ko‘z, kundan kun yaxshi!
 
Ey do‘stlar, bizga bo‘ylayveringlar!
Shoirlar, rostin so‘ylayveringlar!
Xofizlar, tinmay kuylayveringlar!
Ko‘z tegmasin ko‘z, kundan kun yaxshi!
 

TILAGIM SHUDIR
 
Bolalarimning onasiga
 
Kim uchundir bu dunyo rohat, kimga qayg‘udir,
G‘am ko‘rmadim hech buni mayli, butun el bilsin.
Shu hayotda sen bilan yashab, tilagim shudir – 
Seni menga tanishtirganlar, jannatga kirsin.
 
Sen-la o‘tgan har lahzamda xush – navodadirman,
Men faqat baxtli inson yashar – dunyodadirman,
Sochlaringni silab har kuni, duodadirman – 
Seni menga tanishtirganlar, jannatga kirsin.
 
Quvonaman senday dildorga, yor bo‘lganimdan,
Yana seni gul hayotingda, bor bo‘lganimdan,
Kuymam endi o‘z sevganimga, zor bo‘lganimdan,
Seni menga tanishtirganlar, jannatga kirsin.
 
Taqdiridan kim rozi bo‘lsa – o‘sha men yorim,
Kimni baxtdan pardozi bo‘lsa – o‘sha sen yorim,
Ko‘zlaringga qarab aytaman, so‘nggi iqrorim – 
Seni menga tanishtirganlar, jannatga kirsin.
 

YOLG‘IZ AYOLLAR
 
Hech kim o‘z joniga yomonlikni ravo ko‘rmaydi, ammo bilibmi, bilmaymi, o‘zlarini azoblar qa’riga otayotganlar ham talaygina. Ayol, bu mashaqqatlar chigilini yechuvchi, kerak bo‘lsa bu yo‘lda jondan kechuvchi, ulkan matonat egalardir. Biroq shunday muqaddas nomni xiralashtirayotgan, bir erni ko‘ngliga yo‘l topa olmay, qaynona-qaynotani kelinim ham qizim-ku deb bergan tanbehini xazm qila olmay, jondan aziz oilasidan ,turmushidan, shirin-shirin farzandlar oromidan kechib, o‘zini ko‘nglini ko‘chasida yurgan ayollar har qadamda uchrab turibdi. Ularning biriga aka, biriga uka, yana boshqasiga do‘st sifatida insof so‘rab aytaman... Ko‘zingizni oching, yaxshi kuningizni oldindan izlamang, uni ortda qoldirib ketyapsiz, tez
 
Ortingizga...Oilangizga...Farzandlaringizga qayting.
Unutmang yot, begona sherdan, yomon er afzal.

 
Qalbimni cho‘qiydi, quzg‘un – savollar
Nahotki sizda yo‘q, shirin xayollar
Chaqinning umricha dunyoda, sizga – 
Yolg‘izlik yaxshimi, yolg‘iz ayollar!?
 
Oyday chiroyingiz dardlarga malham
Lek unga quvonib yurmang sira ham
Me’yoridan oshsa yoqmas shira ham
Yolg‘izlik yaxshimi, yolg‘iz ayollar!?
 
Sizlar asli baxtning – poydevorisiz
Butun bir millatning sha’ni, orisiz
Nechun dilingizning – dilozorisiz
Yolg‘izlik yaxshimi, yolg‘iz ayollar!?
 
Hamma ro‘zg‘orda ham kamu-ko‘st bo‘lar
Shul dam dono ayol, shirin so‘z bo‘lar
Shunda baxt sizlarga doim do‘st bo‘lar
Yolg‘izlik yaxshimi, yolg‘iz ayollar!?
 
Erni er qilguvchi, mushfiq yor bo‘ling
Biroz og‘ir bo‘ling, xokisor bo‘ling
Umringiz o‘tmoqda tez xushyor bo‘ling
Yolg‘izlik yaxshimi, yolg‘iz ayollar!?
 
Atrofga bir boqing naqd ko‘rinadi
Turmushli ayolda ahd ko‘rinadi
Yig‘lasa yoshida baxt ko‘rinadi
Yolg‘izlik yaxshimi, yolg‘iz ayollar!?
 
O‘zingiz bir yonda, yoringiz bir yon
Aro yo‘lda qolgan farzandlar giryon
Hatto yolg‘izlikni suymaydi chayon
Yolg‘izlik yaxshimi, yolg‘iz ayollar!?
 
Yolg‘izlik birgina – Yaratganga xos
Sizdan qizingizga baxt bo‘lsin meros
Yolg‘izlikka ko‘nib qolmang iltimos.
Yolg‘izlik yaxshimi, yolg‘iz ayollar!?
 
Hech yoqmadi demang yozgan bu bayting
Turmush deb atalgan baxt tomon qayting
Ko‘zlarimga qarab rostini ayting
Yolg‘izlik yaxshimi, yolg‘iz ayollar!? 
 
Yolg‘izlik yaxshimas, aziz ayollar!!
 

SINGLIM
 
Bu jonimning bor dardiga malham o‘zing
Onajonim so‘zlariga o‘xshar so‘zing
Seni ko‘rsam qolmagaydir sog‘inchlarim
Onajonim ko‘zlariga o‘xshar ko‘zing.
 
Sening o‘rning bosolmaydi zinhor hech kim
Onajonim o‘rnin bosib yurgan Singlim.
 
Onam kabi to‘rimdasan, to‘ylarimda
Sening mehring bordir baland bo‘ylarimda
Yuragimga borligingni o‘zi taskin – 
Avj pardada bo‘lding ko‘ngil kuylarimda.
 
Ruxsoringdan yorishgaydir zulmat ko‘nglim,
Onajonim o‘rnin bosib yurgan Singlim.
 
Har yo‘qotgan bir nedan, ming ibrat oldim
Aka degan bir so‘zingni qadri oltin
Baxtimga sen dard neligin bilmay yasha
Ne bo‘lsam ham men bo‘layin sendan oldin.
 
Chamanimda barcha guldan xushbo‘y gulim
Onajonim o‘rnin bosib yurgan Singlim.
 

BAXT
 
Muhabbatim topmoqda yakun 
Quvonchimga berildi barham
Diydam qotdi hayotdan bu kun – 
Ko‘zlarimga yosh bo‘lgin Shabnam.
 
Tomirimda oqadi armon
Tanamda qon qolmadi bu chog‘
So‘nggi damda ko‘taray isyon
Menga qon bo‘l Lolaqizg‘aldoq.
 
Ishqning tafti kuydirmadi hech
Yor istamas bo‘lmoqqa sirdosh
Kel, falakdan jilovingni yech
Meni kuydir, yondirgin Quyosh.
 
Sevgi mendan o‘girmoqda yuz
Bo‘lsam hamki bu tuyg‘uga qul
Bahorimga chang solgin ey Kuz
Bundan ko‘ra so‘lganim ma’qul.
 
Ey Shamollar bo‘lmangiz bahil
So‘nggi bor bir orzuga yetay
Chang-to‘zonlar ko‘taring og‘ir,
Men tuproqqa qo‘shilib ketay.
 
Gumbirla ey Momaqaldiroq
Chaqmoq chaqing yirtilsin falak
Elga ayon bo‘lsin bir jumboq – 
Menda ham bor yirtilgan yurak.
 
Ey Yomg‘irlar yog‘ing tinmasdan
Tuprog‘imni suvlarga chaying
Vafosiz yor uchun ham qasddan
Maysa bo‘lib unib chiqayin.
 
Yor yo‘lini bursin men tomon
Ko‘rib mayli bo‘layin karaxt
Mayli qo‘ysin ko‘ksimga tovon
Ezib o‘tsa shuyam menga Baxt!
 

QIYNOQ
 
Xayr Orzu, xayr Maqsadlar
Xayr mayli ey ishqiy Tug‘yon
Bizlar bo‘ldik tiik jasadlar
Kel Loqaydlik, kelaqol Armon. 
 
Kelyapsanmi do‘stim Nadomat
Xo‘rsiniqni haydab bo‘g‘zimga
Yelkamga chiq egilsin qomat
Kishan sol bu o‘tli so‘zimga.
 
Afsuslarga butkul g‘arq qilgin
Baxtni qo‘msab otlangan Dilni
Hijronginam tig‘ing-la tilgin
Sevdim degan bu shakkok Tilni.
 
Azizim Tosh, yuribsan qayda
Menga zarur bo‘lding bu palla
Yuragimni ko‘ksimdan hayda
Va o‘rnini o‘zing egalla!
 
Ey qariya Bardosh, alvido!
Paymonang ham to‘lganga o‘xshar
Shuncha kutdik bo‘lmadi vafo
Muhabbat ham o‘lganga o‘xshar.
 
Bardoshginam o‘laver mayli
Qasd ayladi Sevgi joningga
Shu badkirdor Sevgim tufayli
Ishonchim ham borar yoningga.
 
Loqaydlik kel, ishingni boshla
Kulgumga sanch ayamay bigiz
So‘ng yuzimdan supurib tashla
O‘rniga muz suratini chiz!
 
Rahm-shafqat mendan keting tez
G‘azab kelar, ko‘tarib to‘qmoq.
Ko‘nglimning keng ko‘chasi shu kez
Bo‘lmoqdadir xatarli so‘qmoq.
 
Samimiylik yuzini dog‘lab 
Ey Sohtalik bosing g‘ubor-chang
Ezgulikning qo‘llarin bog‘lab
Oyog‘imning tagiga tashlang.
 
Bevafoning jabri jonimga
Tamg‘a bo‘lib qoldi bosilib
Ayriliq kel mening yonimga 
Kel, bo‘ynimga qolgin osilib.
 
Kelajak, sen o‘chir beshafqat
Xotiramning qora xusnini
O‘tmishdan iz qoldirma, faqat,
O‘chirma bir Uning ismini. 
 

QIZIM SIZGA O‘XSHASIN
 
Payg‘ambarimizning suyukli qizlari, xazrat Alining suyukli yorlari Fotima onamiz hamda qizalog‘im Zaynabga
 
 Tangrimga aytib tahsin,
 Yig‘lay ko‘nglim bo‘shasin.
 Dilimda bir iltijo – 
 Qizim sizga o‘xshasin.
 
 Siz payg‘ambar bolasi,
 Jannatning gul-lolasi,
 Yuragimning tolasi – 
 Qizim sizga o‘xshasin.
 
 So‘zi shirin qandlikda,
 Iymonga payvandlikda,
 Mehribon farzandlikda – 
 Qizim sizga o‘xshasin.
 
 Havas qilganman rosa,
 Sizdan olsin andoza,
 Axir qoningiz toza – 
 Qizim sizga o‘xshasin.

DIL IZHORI

Vatan nima, ko‘ngilning shu savoli ham Vatan,
Javob uchun har yon uchgan xayoli ham Vatan.

Dunyolardan bir lahzaga uzr so‘rab aytay,
Bu Vatanning esib turgan shamoli ham Vatan.

Bu Vatanda inson uchun jondan shirin ne bor?
Jondan shirin farzandlarning kamoli ham Vatan.

Vatan desa, yer maydoni ko‘rinmasin ko‘zga,
Uning fayzi, uning ko‘rku jamoli ham Vatan.

O‘g‘lim Temur bobosiday mard bo‘lsa, yurti tinch,
Qizginamning onam bergan ro‘moli ham Vatan.

Bu bog‘larni bog‘ qilguncha shaftoliday pishdik,
Tosh otmasdan toting uni, zardoli ham Vatan.

Botir, hurlik peshonamiz terlaridan bunyod,
Shunday ekan, halol elning haloli ham Vatan.

«AFROSIYOB»

Maqsadingu manziling bir ezgulikdir,
Sezilmaydi, yo‘l azobi degan azob.
Elimizga xizmat qilib yo‘ling tikdir,
Asrimizning mo‘‘jizasi — «Afrosiyob».

Sen poytaxtdan Samarqandga uchar oftob —
«Afrosiyob».
Shiddatingda qonimizday bordir shitob —
«Afrosiyob».

Bilsang, elim kunday yorug‘ peshonadir,
Qancha elga hali noming afsonadir.
Elu yurtning qudratidan nishonadir,
Asrimizning mo‘‘jizasi — «Afrosiyob».

Sen poytaxtdan Samarqandga uchar oftob —
«Afrosiyob».
Shiddatingda qonimizday bordir shitob —
«Afrosiyob».

Shamollarni quvib o‘tar karvonimsan,
Orzu sari ko‘targuvchi narvonimsan.
Vaqt yetolmas temir yurak — polvonimsan,
Asrimizning mo‘‘jizasi — «Afrosiyob».

Sen poytaxtdan Samarqandga uchar oftob —
«Afrosiyob».
Shiddatingda qonimizday bordir shitob —
«Afrosiyob».

AXTARARMISH

Oshiqlar visolga imkon axtararmish,
Go‘yoki oyini osmon axtararmish.

Jayronning yo‘lini sayyod poylaganday,
Har oshiq ko‘nglini hijron axtararmish.

Hijrondan bu jonni bardosh asragaydir,
Sabri yo‘q oshiqni gumon axtararmish.

Gumonlar yurakka solar o‘z g‘uborin,
Gard ham o‘z-o‘ziga makon axtararmish.

Yorini izlamoq Odam Atodandir,
Shundan oshiq yorin hamon axtararmish.

Dardga nishon bo‘ldim, yo‘qdir qoshi kamon,
Hanuz nishonini kamon axtararmish.

Jonlar jononini istarmish bir mahal,
Jonlarni ham har on jonon axtararmish.

Hijronlar vahmiga o‘tmas Botirliging,
Ular ishq yo‘lida qurbon axtararmish.

TASHBEHLAR

Boshing Shohimardon tog‘iga qiyos,
Ikki qoshing unda sakragan ohu.
Ikki yuzing biri oy, biri quyosh,
Bir ko‘zing — Sirdaryo, birisi — Amu.

Kipriging to‘riga ilinar har jon,
Dudog‘ing bol qaynar chashmaga sohil.
Zulflaring nigohlar o‘qiga nishon,
Ipak yo‘li misol uzundir kokil.

Ko‘ngling tog‘ havosi kabi musaffo,
Orzuing o‘xshashi — beg‘ubor oq tong.
Yuraging soatday urar bexato,
Toshkent kurantiday ko‘ksingdagi bong.

Qadaming yetgan joy chamanzor, gulzor,
Xayollarim unda maftun kapalak.
Sen yo‘q joylar — sahro, sen yo‘q dam — ozor,
Bor bo‘lsang falakman, yo‘q bo‘lsang — yo‘lak.

SOG‘INCH

Sog‘inch nima o‘zi, ko‘rinmas tog‘mi...
Yelkam uzra menga og‘ir qaraydi.
Sog‘inch nima o‘zi, o‘tkir taroqmi?
Jon tomirlarimni tirnab taraydi.

Yurak yo‘q, ko‘ksimda urgan yurakday,
Bir kunda qadring ming bilinib qoldi.
Daraxtga ilinib qolgan varrakday,
Chehrang xayolimga ilinib qoldi.

Kelmasang bir kunda bo‘laman abgor,
Sevgilim, holimga boqmagin loqayd.
Sog‘inch — dard, bu dardga bitta chora bor —
Uzoq qolib ketma, yonimga tez qayt!

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.